OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Zoshchenko. Kulfat (hikoya)

Gnilie Prudki qishlog‘ilik Yegor Ivanich, familiyasi Glotov, ot olaman, deb ikki yil pul yig‘di. Qorni to‘yib ovqat yemadi, tamaki chekishni tashladi, qo‘lbola aroqning esa ta’mini ham unutdi. Ya’ni xuddi pichoq bilan kesib tashlaganday. Yegor Ivanichni o‘ldirsa ham uning mazasini eslay olmaydigan bo‘lib qoldi.
Bir-bir albatta, uni yodiga tushirgisi kelardi. Ammo erkakligi tutib ketib, irodasini mustahkamlardi. Otning qanchalik zarurligini esa aytishning ham hojati yo‘q.
“Avval otni olay, – deb o‘ylardi, – o‘shanda icharman. Xotirjam bo‘linglar”.
Bu dehqon bolasi ikki yil mablag‘ jamg‘ardi va uchinchi yilga o‘tganda sarmoyasini sanab chiqdi hamda yo‘lga chiqishga taraddud ko‘rishga kirishdi.
Endi ketaman, deb turganda esa qo‘shni qishloqdan bir odam Yegor Ivanichning oldiga kelib, o‘zining otini sotib olishni taklif qildi. Lekin Yegor Ivanich bu taklifni rad etdi. Hatto cho‘chib ham ketdi.
– Yo‘q, yo‘q, otaxon! – dedi u. – Men ikki yil yemay-ichmay pul yiqqanman – ot sotib olaman, deb. Endi esa to‘satdan – “ma, ol otni”. Buni xarid deb ham bo‘lmaydi… Yo‘q, meni qo‘rqitmay qo‘yaqol, birodar. Yaxshisi, shaharga boraman. Shunda hammasi chinakamiga bo‘ladi.
Nihoyat, Yegor Ivanich yo‘lga otlandi. Pulini paytava orasiga tiqib, etigini kiydi, tayoqni qo‘liga oldi va jo‘nadi. Bozorda esa Yegor Ivanich darhol bitta otni yoqtirib qoldi. Bu oddiy dehqon oti edi. Qorni o‘ta shishgan, rangi mavhumroq – qurigan loy va go‘ng tusida.
Sotuvchi uning yonida turar va o‘zini otini sotib olishlari yoki sotib olmasliklari qiziqtirmayotganday qilib ko‘rsatardi.
Yegor Ivanich oyog‘ini etik ichida qimirlatdi, pulni paypaslab ko‘rdi va otga mehr bilan boqarkan, shunday dedi:
– Bu qanaqasi, azizim, otni nima deydi, sotamizmi yoki yo‘qmi?
– Otnimi? – pisand qilmay savol berdi sotuvchi. – Mayli, sotarmiz ham. Albatta, sotaman.
Yegor Ivanich o‘zini otga ehtiyoji yo‘q qilib ko‘rsatmoqchi edi, biroq chidab turolmadi va yuz-ko‘zi kulib, shunday dedi:
– Azizim, ot menga shunday zarurki… Suv va havoday. Kamina, azizim, uni sotib olish uchun uch yil poxol kavshadi. Ot menga o‘ta zarur… Biroq otning narxi qancha? Faqat kelishtiribroq ayt.
Sotuvchi bahosini aytdi, Yegor Ivanich esa bu narx uzil-kesil emasligini bilganidan oldi-sotdi qoidalariga binoan bahsga kirishmadi. U otni ko‘zdan kechirishga tushdi. Tuyqusdan jonivorning ko‘zlari va quloqlariga pufladi. Keyin qoshini uchirib, tilini taqillatib, shundoqqina otning kallasi oldida boshini sarak-sarak qildi va yuvosh otni shunday cho‘chitib yubordiki, u shu paytgacha jim turgani holda asta-sekin, ammo oyoqlarini Yegor Ivanichga tegizishga urinmay, depsina boshladi.
Ot ko‘zdan kechirib bo‘lingach, Yegor Ivanich yana etigi ichidagi pulni paypasladi va sotuvchiga ko‘z qisib, so‘z qotdi:
– Demak, ot sotiladi-a?
– Sotsa bo‘ladi, – dedi sotuvchi birmuncha ranjib.
– Xo‘sh, narxi qancha endi? Necha pul-a bu ot?
Sotuvchi narxni aytdi. Shu zahoti savdolashish boshlandi.
Yegor Ivanich qo‘njiga kafti bilan urarkan, ikki marta etigini yechib, pulni oldi va ikki bor kiydi, cho‘qindi, qo‘li bilan ko‘z yoshlarini artdi, olti yil poxol chaynaganini va ot unga suvu havoday zarurligini aytdi. – Sotuvchi narxni oz-ozdan tushirardi.
Nihoyat, savdo pishdi.
– Bo‘pti, olaqol, – dedi sotuvchi, – Yaxshi ot. Gavdasi ham katta, rangi, e’tibor bergin, juda jozibali.
– Rangimi… Azizim, men otning rangini zo‘r deya olmayman, – so‘z qotdi Yegor Ivanich. –
Rangi unchalik emas… Narxni yana tushir.
– Rangi senga nima qilib berardi? – dedi sotuvchi. – Rangida yer haydarmiding?
Bu dalil Yegor Ivanichni tamoman mot qildi, u otga nazar tashladi, telpagini yerga urdi, oyog‘i bilan tepkiladi va qichqirdi:
– Bo‘pti, bor baraka!
So‘ngra tosh ustiga o‘tirdi, etigini yechdi va aqchani chiqardi. U pulni uzoq va afsuslanib sanadi hamda sotuvchiga boshini sal chetga burgan holda uzatdi. Uning pullarini akashak barmoqlar bitta-bitta sanayotganligini ko‘rib yuragi ezildi.
Nihoyat, sotuvchi pulni telpagi ichiga yashirdi va unga “siz”lab murojaat qildi.
– Ot sizniki… Olib ketavering…
Yegor Ivanich jonivorni yetakladi. U tantanavor odimlar, tilini taqillatar, otni Maruska deb atardi. Maydonni kesib o‘tgandan va yondagi ko‘chada yurib ketayotgandagina o‘zining hayotida qanday voqea yuz berganini angladi. U tuyqusdan boshidan telpagini oldi va qanday quvlik bilan hamda oqilona savdolashganini eslab shodligidan uni oyoqlari bilan depsiy ketdi. Keyin xursandligidan qo‘llarini silkitganicha po‘ng‘illadi va yo‘lida davom etdi.
– Sotib oldim!.. Otni-ya… Voy onajonim-ey!.. Aldadim-a… Sotuvchini-ya…
Xursandchiligi biroz pasaygach, Yegor Ivanich miyig‘ida kulganicha yo‘lovchilarga ko‘zini qisib, ularni o‘z xaridiga nazar tashlashga taklif etardi. Ammo yo‘lovchilar parvo qilmay o‘tib boraverardilar.
“Birdamlik uchun biron hamyurtimni uchratsam ham bo‘lardi… Birdamlik uchun biron hamyurtimni…” – xayolidan o‘tkazdi Yegor Ivanich.
To‘satdan u uzoqroq qishloqdagi ko‘zga yaqin bir odamni ko‘rib qoldi.
– Qarindosh! – qichqirdi Yegor Ivanich. – Qarindosh, tezroq bu yerga kel!
Qoracharoq odam istar-istamas yaqinlashdi va salomlashmasdan ham otga boqdi.
– Mana… men shu otni sotib oldim, – dedi Yegor Ivanich.
– Ot, – dedi u odam va nimani so‘rashni bilmay qo‘shib qo‘ydi: – Demak, avval sening oting yo‘qmidi?
– Hamma gap shunda-da, azizim, – dedi Yegor Ivanich. – otim yo‘q edi. Agar bo‘lganda vaysab o‘tirarmidim… Yur, seni mehmon qilgim kelyapti.
– Erirkansan-da, demak-a? – so‘radi hamyurti jilmayib. – Mayli. Qarshiligim yo‘q, boramiz. Qaerga, “Yagodka” qovoqxonasigami?
Yegor Ivanich bosh silkidi, qo‘njiga shaloplatib urdi va ortidan otni ergashtirdi. Hamyurt oldinda borardi.
Bu voqea dushanbada yuz berdi. Chorshanba kuni ertalab esa Yegor Ivanich qishloqqa qaytmoqda edi. Yonida ot ko‘rinmasdi. Qorachadan kelgan kishi uni nemislar yashaydigan qasabagacha kuzatmoqda.
– Sen xafa bo‘lma, – derdi u. – Avval oting yo‘q edi, bu ham ot emas. Sotib, pulini ichib qo‘yibsan – shunga nima bo‘pti? Evaziga, birodar, xaridingni yuvding. Endi bir umr eslab yurasan.
Yegor Ivanich uzun sarg‘aygan shalog‘ini tuflaganicha jim borardi.
Qasabaga yetgandan so‘ng hamyurti xayrlasha boshlagandagina Yegor Ivanich ohista tilga kirdi.
– Men esa azizim, ikki yil behuda poxol yebman-da…
Hamyurti achchiqlanib qo‘l siltadi va ortga qaytdi.
– To‘xta! – to‘satdan qattiq va dahshatli ovoz bilan o‘kirib yubordi Yegor Ivanich. – To‘xta! Amaki… azizim!
– Senga nima kerak? – jiddiy so‘radi u.
– Amaki… azizim… inim, – dedi kipriklarini pirpiratib Yegor Ivanich. – Bu qanaqasi? Axir ikki yil behuda poxol yebman-da… Nega… Nega endi… vino sotishadi?
Hamyurti qo‘l siltadi va shaharga yo‘l oldi.

Nurbek Abdullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.