Kecha, azizlar, bizning kommunal kvartiramizda anchayin muhim voqea sodir bo‘ldi.
Shu desangiz, rafiqam bilan endigina kinodan qaytgan edik. O‘zimning xonamda o‘tiribman. Kalavotda. Poyabzalimni yechyapman.
Bir etigimni endi yechgan ham edimki,tashqaridan ayanchli qichqiriq eshitildi. Aytish mumkinki — chinqiriq.
Xotinimning rang-ro‘yi oppoq oqarib ketdi va shivirlab dedi:
— Xudo haqqi, Stepanidani tunashyapti! Boyaqishning do‘rilloq ovozi... Bosqinchilar...
Stepanidani qutqarish uchun yo‘lakka chiqmoqchi edim, xotinim yo‘limni to‘sdi.
— Eshikni tambala. Jinoiy ishga bosh suqishga balo bormi. Sen har holda oilali odamsan.
Men esa:
— Rost, birovlarning ishiga suqulib nima ham qildim. Eng muhimi, poyabzalimni yechib qo‘ydim — shamollab qolishim mumkin, — dedim.
Biz eshikni buyumlar va kiyim-kechak solinadigan javon bilan tambalab, og‘irroq bo‘laversin deb ustiga jimgina o‘tirib oldik.
Birdan yo‘lakda nimadir gursillab ketdi. Keyin jimlik cho‘kdi.
Xotinim dedi:
— Ketishdi, chog‘i.
Ayni shu payt bizning derazamiz sindi va kaska kiygan o‘t o‘chiruvchi taqillatib ham o‘tirmay xonamizga suqulib kira boshladi.
— Kvartirangizni alanga qurshab olgan, sizlar esa javonda salqinlab o‘tiribsiz.
Qizig‘i shundaki, nafaqat bizni, balki hamma ijarachilarni derazadan chiqarib olishga to‘g‘ri keldi. Stepanidaning chinqirig‘ini eshitgach, hamma eshigini qulflab, buyumlar bilan tambalab olgan ekan. Va biror kimsa ham o‘z xohishi bilan chiqib kelmagan. Stepanidani istisno etganda, albatta. Bu tentak ayol o‘t ketishiga sabab bo‘lgan, dod-voy solgan va hovliga yugurib chiqqan ekan. Zarar to‘qson rublni tashkil qildi.
Abduvohid Umr tarjimasi