Idora xizmatchisi Seryoja Kolpakov bir necha kun aqldan ozganday bo‘lib yurdi.
U shahar telefon stansiyasiga ikka marotaba borib, u yerda telefon apparatining narxi va uni o‘rnatish shartlari haqida vazminlik bilan, erinmay surishtirdi.
Bu juda arzon va hamyonbop edi.
Seryoja Kolpakov shahar stansiyasiga uchinchi marta – shartnoma imzolash haqidagi qat’iy qaror bilan kirib bordi. U aldanib qolmayin, deb ma’lumotlar byurosiga uchinchi marotaba yo‘l oldi va narxlar haqida vazminlik bilan yana surishtira boshladi. Bundan tashqari, Seryoja telefon sohasidagi eng yangi ixtirolar haqida suhbatlashishga ham urinib ko‘rdi, biroq o‘zining qog‘ozlariga o‘ralashib qolgan bag‘ritosh va quruq, xudbin ma’lumotchi xonim ilmiy kashfiyotlarga sovuqqonlik bilan qarab, hatto jamoatchilik ishiga xalal bermaslikni istehzoli ohangda so‘rashga jazm etdi.
Shunda o‘zining eng ilg‘or g‘oyalarini inobatga olmaganlaridan ranjigan Seryoja Kolpakov hamyonini chiqarib, stol ustiga otib yubordi va ovozini balandlatib, o‘zi ham muassasada xizmat qilishini hamda insonga xalaqit berish nima ekanligini yaxshi tushunishini bildirib qo‘ydi. Lekin, baxtga qarshi, u xalal berishi shart.
Shu tobda Seryoja Kolpakovning yuzida mag‘rurlik ifodasi zuhur etdi va zudlik bilan shartnoma tuzish istagida ekanligini bildirdi.
Seryojani mudirning huzuriga yuborishdi va yarim soatdan so‘ng shart-noma imzolandi.
– Faqat, iltimos, hurmatli o‘rtoq, – dedi Seryoja mudirga, ovozi titrab, – shoshilishingizni iltimos qilaman. Men band odamman. Har bir soniyam qadrli.
Ko‘chaga Seryoja Kolpakov boshqa inson bo‘lib chiqdi.
U shoshilmay, vazmin odimlar va o‘tkinchilarga yengil istehzo bilan nazar tashlardi.
– Ro‘yobga chiqdi, – shivirlardi Seryoja Kolpakov. – Uzoq kutilgan orzuim ro‘yobga chiqdi. Va nihoyat, Sergey Ivanovich Kolpakovda telefon bor. Sergey Ivanovich Kolpakov, sakkizinchi razryadli xodim, ta’bir joiz bo‘lsa, hayotning umumiy tarmog‘iga ulandi. Sergey Ivanovich Kolpakov, xizmatchi – madaniy ko‘nikmalar va odatlarga ega bo‘lgan haqiqiy, asl ovro‘palik inson.
Sergey Ivanovich bosh kiyimini yechdi, peshanasidagi terni artdi va telefon sohasining foydali jihatlari hamda umuman, inson dahosi haqida fikrlar ekan, vazmin qadam ila xizmatga yo‘l oldi.
Bir necha kun tushdagiday o‘tdi.
Sergey Ivanovich telefonni qayerga qo‘yishini xayolan tasavvur qilardi. Bir ovro‘pachasiga karavot oldiga qo‘ygisi kelardi, bir qarasang, aksincha, stolga qo‘ygisi kelib qolardi. Seryoja ovoz chiqarib o‘ziga o‘zi e’tiroz bildirar, qizishardi, biroq bir qarorga kela olmadi.
Nihoyat, tantanali kun ham yetib keldi. Uning xonadoniga sumka osgan, apparat ko‘targan kishi kirdi-da, quvnoq ohangda so‘radi:
– Qayerga qo‘ndiray?
Seryoja Kolpakov indamay, qaltiroq qo‘llari bilan karavot yonidagi devorni ko‘rsatdi.
Xullas, telefonni o‘rnatishdi.
Seryoja Kolpakov yangi, yaltillab turgan apparatga zavq-shavq bilan boqarkan, karavotga cho‘zildi. Keyin o‘tirib oldi, go‘shakni qulog‘iga tutdi va qo‘ng‘iroq qila boshladi.
– «A» guruhimi? Sinov...
Telefon malikasi nimadir deb ming‘irladi, lekin Seryoja eshitmadi. U har soniyada qo‘li bilan go‘shakni his etarkan, uni ilgakka ohistagina ildi. U yana zavq bilan yostiqqa suyandi.
Sergey Kolpakov ajoyib qutidan ko‘zini uzmay chamasi ikki soat karavotda cho‘zilib yotdi. Keyin yana qo‘ng‘iroq qilishga tutindi.
U o‘zining tanishlarini xotirasida xayolan birma-bir o‘tkaza boshladi. Afsuski, tanishlar kam bo‘lib, ularning telefonlari yo‘q edi.
Shunda Seryoja Kolpakov qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘lgan har qanday manzilni topish haqida hatto bir oz hadik bilan o‘ylay boshladi. Biroq bunaqa joyning o‘zi ham topilavermadi.
Seryoja karavotdan sakrab turdi, telefon kitobchasini qo‘liga oldi va uni shosha-pisha varaqlay boshladi, baxtga qarshi qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘lgan joy yo‘q edi.
Shunda Seryoja Kolpakov Kolomenskiy o‘t o‘chirish bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildi.
– Nima? – so‘radi kimdir bo‘g‘iq ovozda. – Yonyaptimi?
– Yonyapti, – ma’yus ohangda dedi Seryoja.
U go‘shakni joyiga osdi-yu, to‘shakka cho‘zildi.
Kechqurun Seryoja Kolpakovni bezoriligi uchun qamoqqa olishdi.
Mixail Zoshchenko. Ovro‘palik (hajviya)
Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi