OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Zoshchenko. Yomon odat (hajviya)

Fevral oyida mazam qochib qolsa bo‘ladimi, birodarlar. Shahar kasalxonasiga yotdim. Shunday qilib, shahar kasalxonasida yotibman, deng, davolanyapman va dilim orom olmoqda. Atrofda osudalik va sukunat. Hammayoq saranjom-sarishta, hatto yotishga ham iymanasan. Tuflamoqchi bo‘lsang – ana tufdon. O‘tirging kelyaptimi – mana senga kursi. Burun qoqmoqchimisan – marhamat qilib yengingga qoq, choyshabga esa – zin-hor-bazinhor, bunga ruxsat berishmaydi. Bunaqa tartib yo‘q, deyishadi. 
Nailoj, ko‘nasan.
Ko‘nmay ham ko‘r-chi? Bundan ortiq g‘amxo‘rlik, lutfi karam yana qayerda bor? Faraz qiling, rasvogina bir odam yotibdi, unga tushlik ham keltirishadi, to‘shagini ham tekislab berishadi, qo‘ltig‘iga issiq o‘lchagich ham qistirishadi, hatto sog‘ligi bilan qiziqishadi ham.
Kim qiziqadi, dersiz? Muhimi, ilg‘or kishilar – shifokorlar, shafqat hamshiralari va yana o‘sha feldsher Ivan Ivanovich.
Bu xizmatchilarning bariga nisbatan shu daraja mehrim ortdiki, moddiy tashakkurnoma bildirishga ahd qildim. 
Hammasiga bera olmaysan, xayolimdan o‘tkazdim, uyingni topa olmay qolishing mumkin. Bittasiga beraman, deya o‘yladim. Va kimga berishimni chamalay boshladim. 
Qarasam, feldsher Ivan Ivanovichdan boshqa arzirlik odamning o‘zi yo‘q ekan. Ko‘rib turibman, u kelishgan, basavlat odam va hammadan ko‘proq harakat qiladi, ba’zan hatto oshirib yuboradi ham. 
Mayli, unga bera qolaman, deya o‘yladim. Va uning cho‘ntagiga pulni qanday solish haqida o‘ylay boshladim: qanday qilsam uning ham hamiyatiga tegmayman, ham tumshug‘imdan yemayman. 
Tez orada qulay fursat ham tug‘ila qoldi. 
Feldsher karavotimga yaqinlashib, salomlashdi.
– Assalomu alaykum, tuzukmisiz? Ichingiz kelib turibdimi?
E-ha, o‘yladim men, ilindi. 
– Ha, shukur. Keling, o‘tiring, otamlashamiz.
Feldsher karavotga cho‘kkancha indamay o‘tiraverdi. 
– Endi, – deyman unga men, – ahvollar qalay, nimalar haqida yozishyapti, maoshlar durustmi, ishqilib?
– Maoshlar-ku, uncha katta emas, lekin ziyoli bemorlar o‘lim to‘shagida ham choychaqa qistirish payidan bo‘lishadi.
– Aybga buyurmaysiz-u, o‘lim to‘shagida bo‘lmasam ham, berishga tayyorman. Buni hatto ko‘pdan buyon orzu qilardim. 
Pulni chiqardim va unga uzatdim. U esa minnatdorlik bilan oldi va qo‘llari bilan qulluq qilib qo‘ydi. 
Hammasi ertasidan boshlandi. 
Kamina juda tinchgina va yaxshi yotgan edim, shu vaqtga qadar meni hech kim bezovta qilmagandi, endi esa feldsher Ivan Ivanovich moddiy minnatdorchiligimdan es-hushini yo‘qotgan edi go‘yo.
Mening karavotim yoniga kuniga o‘n yoki o‘n besh marta keladi-yov, o‘ziyam. Bilasizmi, bir qarasangiz yostig‘imni to‘g‘rilab qo‘yadi, yana bir qarasangiz vannaga tortqilay ketadi, ichimni yuritishni taklif etadimi-ey. Birgina issiq o‘lchagichlari bilan qiynab yubordi meni, yashshamagur. Oldinlari kuniga bir yo ikki marotaba qo‘yardi issiq o‘lchagich o‘lgurni. Endi esa o‘n besh martalab qo‘yadi, o‘ziyam. Avvallari vanna ham salqingina bo‘lardi va menga yoqardi, endi esa vannani naq qaynoq suv bilan to‘ldirib qo‘yadi, dodingni kimga aytasan. 
Unaqasiga ham, bunaqasiga ham chap berib ko‘rdim, hech ish chiqmadi. Men unga yana pul tiqishtirdim – meni o‘z holimga qo‘y, baraka topkur deb, u esa yana avvalgidan battar harakat qiladi, deng. 
Bir hafta o‘tdi – qarasam, bu yog‘i endi bo‘lmaydigan. 
Holdan toyib, qattiq charchadim, o‘n besh funtcha vazn tashlab, ozib ketdim, ishtaham ham yo‘qoldi.
Feldsher esa harakat qilgani-qilgan. 
Bir marta esa u ko‘ppak meni qaynoq suvda pishirishiga bir baxya qoldi, deng. Xudo haqqi. Yaramas, meni shunaqa issiq vannaga tiqdiki, oyog‘imdagi qavariq yorilib ketdi va terisi ko‘chib tushdi. 
Men unga:
– Odamlarni qaynoq suvda kuydirishga kim ruxsat berdi, ablah? Moddiy minnatdorlikni endi tushingda ko‘r, – dedim. 
U esa:
– Bo‘lmasa – bo‘lmas. Ilmiy xodimlar yordamisiz o‘lavering, – deydi.
Shunday deb, chiqib ketdi.
Endi esa hammasi avvalgi holiga qaytdi: harorat o‘lchagichni bir marta qo‘yishyapti va boshqa muolajalarni esa – ehtiyoj bo‘lganda. Vanna ham ilgarigiday salqin, kaminani esa boshqa hech kim bezovta qilmay qo‘ydi.
Choychaqalar bilan kurash olib borilayotgani bejiz emas ekan. Ha, birodarlar, bejiz emas ekan!

Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.