OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Zoshchenko. Xo‘jalik hisobi (hajviya)

Bayramga hisobchi Goryushkin uyida ziyofat uyushtirdi. Taklif etilganlar ko‘p emasdi. 
Mezbon qandaydir ko‘tarinki kayfiyatda yo‘lakda mehmonlarga peshvoz chiqar va po‘stinlarini yechishga yordamlasharkan, taklif etilganlarni ichkariga boshlardi. 
– Bu kishi, – derdi u, mehmonni rafiqasiga tanishtirarkan, – mening eng yaqin do‘stim va xizmatdoshim. 
Keyin qo‘li bilan o‘g‘lini ko‘rsatib, derdi:
– Bu esa, e’tibor bering, mening tentakvoyim... Lyoshka. Uchiga chiqqan shumtaka, men sizga aytsam.
Lyoshka tilini chiqardi, mehmon esa o‘zini bir oz noqulay sezib, dasturxon atrofidan joy oldi. 
Hamma yig‘ilgach, mezbon birmuncha tantanali ohangda dasturxonga taklif qildi. 
– O‘tiringlar, – derdi u ko‘tarinki kayfiyatda. – O‘tiringlar. Dasturxonga marhamat... Bag‘oyat xursandman... osh bo‘lsin...
Mehmonlar qoshiqlarni baravar jarang-jurung qila boshlashdi. 
– Ha-a, – dedi bir ozdan so‘ng mezbon, – bilsangiz agar, hamma narsa qimmatlashib ketdi. Nimani olmang – narxi chaqadi. Narxlar osmonda.
– E, nimasini aytasiz, – dedi rafiqasi g‘amgin qiyofada, sho‘rvani simirarkan.
– Xudo haqqi, – ilib ketdi mezbon, – haqiqatan ham to‘xtovsiz oshmoqda. Aytaylik, manavi sho‘rvani oling. Shuyam gapmi? Arzimas narsa. Suvdan bo‘lak hech nima yo‘qday. Qani, chamalab ko‘ring-chi, shu suyuqlik qancha turadi?
– H-ha, – deb qo‘ya qolishdi mehmonlar.
– Haqiqatan ham, – davom etdi mezbon. – Boshqa narsa – tuzni oling. Arzimagan mahsulot, ahamiyatsiz narsa, qani, yana chamalab ko‘ring-chi, u qancha turarkin?
– Ha-a, – cho‘zdi tentakvoy Lyoshka, aftini burushtirarkan, – birorta mehmon tuzlab qolsa bormi... 
Hozirgina sho‘rvasiga tuz sepgan pensne taqqan yoshgina yigit qo‘rqa-pisa tuzdonni nari itardi. 
– Sepavering, sepavering, – dedi uy bekasi, tuzdonni uning yoniga surarkan. 
Mehmonlardan sado chiqmasdi. Mezbon ishtaha bilan sho‘rva ichar va mehmonlarga muloyim qarab-qarab qo‘yardi. 
– Ikkinchi ovqat ham keltirildi, – e’lon qildi u ko‘tarinki kayfiyatda. – Yoki bo‘lmasa, janoblar, ikkinchi taom – go‘shtini olaylik. Ijozatingiz bilan sizdan so‘rasam, shu go‘sht qancha turadi? Ayting-chi, qani? Bu yerda necha funt go‘sht bor?
– Sakkizdan to‘rt-besh, – ma’yus axborot berdi xotini.
– Hisobga to‘g‘ri bo‘lishi uchun besh deb hisoblaymiz, – dedi mezbon. – Oltin hisobida ellik tiyindan to‘g‘ri kelyaptimi? Kishi boshiga shunchadan... Necha kishimiz?..
– Sakkiz kishi, – hisobladi Lyoshka.
– Sakkiz kishi, – takrorladi mezbon. – Yarim funtdan... Har bir og‘izga kamida choraktadan.
– Ha-a, – deb qo‘ydi xafa bo‘lgan ko‘yi Lyoshka, – ba’zi mehmonlar go‘shtni xantal qo‘shib paqqos tushiradi.
– Ha-ya, – dedi mezbon, muloyim jilmayarkan, – xayolimdan ko‘tarilayozibdi – xantal... Qani, umumiy hisobga xantalni, uni-buni, anavini ham qo‘shib xomcho‘t qilib ko‘ring-chi. Kishi boshiga bir rubldanga borib qoladi...
– Ha, bir rubldan, – dedi Lyoshka, – Pal Yeliseyevich tirsagi bilan ko‘zguni turtib yuborganida bir so‘mdanga to‘g‘ri kelgandi-yov...
– Eh-ha! – qichqirib yubordi mezbon. – Tasavvur qiling, bir gal mehmonlar uyimizga kelganda ulardan biri, albatta bilmasdan ko‘zguni turtib yuborsa bo‘ladimi. O‘shanda tushlik rosa qimmatga tushgandi. Biz atayin hisoblab chiqqandik.
Mezbon xotiralarga cho‘mdi. 
– Sirasini aytganda, – dedi u, – bu tushlik ham ancha-munchaga aylanadi. Buni xomcho‘t qilish qiyin emas. 
U qalam oldi va yeyilgan taomlarni bitta qoldirmay yozib, xarajatni hisoblay boshladi. Mehmonlardan sado chiqmas, hech kim qimirlamasdi, faqat sho‘rvasiga ehtiyotsizlik bilan tuz sepgan yosh yigitgina daqiqa sayin terlagan pensnesini yechar va uni sochiq bilan artardi.
– Eh-he, – dedi nihoyat mezbon, – besh rubldan ko‘proqqa to‘g‘ri kelyapti...
– Elektr quvvati-chi? – g‘amgin qo‘shib qo‘ydi ayoli. – Uyni isitish-chi? Mariyaga to‘lanadigan xizmat haqi-chi?
Mezbon qo‘lini sermab, peshanasiga shapatilab urdi va kulib yubordi.
– Haqiqatan ham, – dedi u, – elektr, isitish, xizmatkor haqi... Ijara puli-chi? Ma’zur tuting, janoblar, rost-da, xonaning ijara puli! Qani, sakkiz kishi, to‘rt sarjin kvadrat... Har sarjiniga to‘qson tiyindan... Bir kunga, demak, uch tiyin... Hm... Buni qog‘ozda hisoblash kerak...
Pensne taqqan yosh yigit stulda g‘imirlab qoldi va birdan yo‘lak tomon yo‘naldi.
– Qayoqqa ketyapsiz? – qichqirdi mezbon. – Qayoqqa ketyapsiz, azizim, Ivan Semyonovich?
Mehmon hech nima demadi va birovning kalishini kiyib, xayr-ma’zurni nasiya qilgancha chiqib ketdi. Uning ortidan qolganlar ham tar-qala boshlashdi.
Mezbon stolda qo‘lida qalam tutganicha yana uzoq vaqt o‘tirdi, ke-yin dedi:
– Har bir kishiga oltin hisobida beshdan bir miqdorida tiyin.
Buni u xotini va Lyoshkaga aytdi – mehmonlardan esa asar ham qolmagandi. 
 

Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.