OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murodboy Nizanov. Chiroq yonib turibdi (hajviya)

Yozuvchi Do‘stjon Muhamedovga so‘nggi yarim yilda ilhom kelmay hech narsa yoza olmay yurgan edi. Bir kuni yarim kechasi ilhom keldi-yu, ijod qilishga kirishdi.Oq qog‘ozlar birin-ketin to‘laverdi. Tizilishib kelayotgan so‘zlarni yozib ado qilishning o‘zi mushkul edi. Adib ham yozaverdi, yozaverdi. Xuddi shu paytda lip etib chiroq o‘chib qolganini qarang! Toshib turgan ilhomi ham birdan so‘ndi-qoldi. 
Do‘stjon Muhamedov ana kutdi, mana kutdi, oxiri bo‘lmadi. Shamning yorug‘ida telefon kitobchasini topib naqd GRES boshlig‘ining uyiga telefon qildi! Soat tungi uchlar chamasi edi... 
— Alyo! Bu GRES boshlig‘ining uyimi? 
— Ha.
— Uyingizda chiroq yonib turibdimi?
— Ha.
— Mening uyimda esa o‘chib qoldi.
— Navbati bilan o‘chirilgan bo‘lishi mumkin. Sal kutib turing, yonib qolar. 
— Lekin mening ilhomim sizning navbatingizni tan olmaydi-da. El yotgan payti ilhom kelib yozishga o‘tirgan edim. Men yozuvchi Do‘stjon Muhamedovman! Kelib-kelib men yozayotgan paytimda chiroq o‘chib qolganini qarang-a! Sizning uyingizda tong otguncha bekorchi chiroqlar yonib tursa-yu mening uyimda kerak paytda ham chiroq yonmasa, shuyam adolatdan-mi? 
GRES boshlig‘i Do‘stjon Muhamedovning turar joyini, telefon raqamlarini so‘rab oldida, kechiktirmay chiroq yoqtirib berishga va’da qildi.
Va’dasining ustidan chiqdi! Ammo, yozuvchining boyagi toshib turgan ilhomi endi yo‘q, tinib qolgan edi. 
Ertasiga u o‘tgan oqshom chala qolgan uyqusining hissasini chiqarish uchun kun botmayoq uxlab qoldi. Shirin uyquda yotgan edi, telefonning chirillagan ovozi uyg‘otib yubordi. Dastakni ko‘tardiyu, soatiga qaradi — tungi uch. 
— Alyo, yozuvchi Muhamedovning uyimi? — degan ovoz eshitildi dastakdan.
— Ha.
— Ilhom qalay? Yozayapsizmi u-bu narsa?
— Yomon emas, yozilayotir.
— Chiroq yonib turibdimi? 
— Yonib turibdi. 
— Men... Kecha siz telefon qilgan GRES boshlig‘iman. Sizning uyingizda chiroqning o‘chmasligiga va’da berganimdan keyin o‘zim qo‘ng‘iroq qilib qo‘yay deyapman... 
— Rahmat!
Uyqu bir bo‘lindimi, endi uxlash qiyin. Muhamedov xayolga berilib, yotib-yotib tong oqaray deganda, ko‘zi ilindi. Ertasiga ishda esnay-esnay zo‘rg‘a yurdi.
Ikkinchi kuni tungi uchda telefon yana jiringladi. Avvaliga tush ko‘rayotgandirman deb qimirlamay ancha yotdi. Yotdi-yotdi, telefon jiringlayverdi. Demak, o‘ngi ekan.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi? — degan ovoz eshitildi dastakdan. 
— Ha.
— Ilhom qalay?
— Yomon emas. 
— Chiroq yonib turibdimi?
— Yonib turibdi.
— Men GRES boshlig‘ining o‘rinbosariman. Sizdan ahvol so‘rash, uyingizda chiroq o‘chib qolmasligi uchun ko‘z-quloq bo‘lib turish menga topshirilgan edi.
— Rahmat. 
Uchinchi kuni tungi soat uchda yozuvchini xotini yulqilab-yulqilab uyg‘otdi. 
Telefonda so‘rashyapti!
— Kim? — dedi u garangsinib. 
— Bilmayman.
Muhamedov gandiraklab borib dastakni ko‘tardi. 
— Yozuvchi Muhamedovmisiz?
— Ha... Nimaydi?
— Ilhom qalay? 
— Yomon emas.
— Chiroq yonib turibdimi?
— Yonib turibdi.
— Men GRESning bosh muhandisiman. Sizdan ahvol so‘rash, chirog‘ingizning o‘chgan-o‘chmaganligini bilish menga topshirilgan edi. 
— Rahmat.
To‘rtinchi kuni dastakni ko‘tarayotib soatiga qaradi, uchdan ikki daqiqa o‘tgan ekan. 
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi?
— Ha. 
— Ilhom qalay?
— Zo‘r!
— Chiroq yonib turibdimi?
— Porlab yonayapti!
— Men GRESning bosh mutaxassisiman. Sizdan ahvol so‘rab qo‘yish, chiroq o‘chib qolmasligi uchun ehtiyot bo‘lib turish menga topshirilgan edi.
— Rahmat.
Beshinchi kuni u tungi uchgacha uxlamay, qo‘ng‘iroq kutib o‘tirdi. Umidi puchga chiqmadi — telefon soat uchda jiringladi.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi? 
— Ha.
— Ilhom qalay?
— Yomon emas.
— Chiroq... 
— Yonib turibdi!
— Men GRESning yetakchi mutaxassisiman. Sizdan ahvol so‘rab qo‘yish hamda chiroq yonib turgan-turmaganligini...
— Rahmat, rahmat!
Oltinchi kuniyam telefon jiringladi. Muhamedov so‘roqni kutib turmasdanoq javobni to‘kib tashladi.
— Bu yozuvchi Muhamedovning uyi, men o‘ziman, ilhom yomon emas, chiroq yonib turibdi. Xo‘sh yana qanaqa ma’lumotlar qiziqtiradi sizni?
— Shu yetarli. Sizdan ahvol so‘rab qo‘yish bugun menga topshirilgan edi. Men GRESning navbatchi ustasiman.
Yettinchi kuni yana shu ahvol. Muhamedov dastakni ko‘tarar-ko‘tarmas:
— Men Muhamedovman, o‘ziman, ilhom yaxshi, chiroq yonib turibdi. Meni tinch qo‘yasizlarmi-yo‘qmi? 
— Uzr, uzr, akajon. Men faqat topshiriqni bajaryapman, xolos. Menga sizdan ahvol so‘rab qo‘yish topshirilgan edi.
— Siz kim bo‘lasiz?
— Men GRESning avariya holatlari bo‘yicha muhandisiman.
Sakkizinchi kuni tungi soat uch bo‘ldi deganda, u endi dastakka qo‘l uzatgan edi, telefon jiringladi.
— Muhamedovning uyimi?
— Xuddi o‘zi. Men Muhamedovman, ilhom kelib turibdi, zo‘r! Chiroqlar yonib turibdi. Yana nima kerak? 
— Hech narsa kerak emas. Sizdan ahvol so‘rash, uyingizda chiroq yonib turibdimi-yo‘qmi, shuni bilish bugun menga topshirilgan edi...
— Kim bo‘lasiz, siz?
— Men GRESning navbatchi operatoriman. 
— O, xudoga shukur, shu bilan tugaydimi bu mashmasha?..
— Bilmadim... Bizga shunaqa topshiriq berilgan.
— Biz deganingiz kim, nechtasizlar o‘zi?
— Biz deganim to‘qson olti operator, qirq sakkiz texnik xodim, ellik olti...
— Nima?..
Muhamedov shilq etib yiqildi... 

Qoraqalpoqchadan Muzaffar Ahmedov tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.