OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murodboy Nizanov. Reklama (hajviya)

Jo‘ra-yoronlarning bori yaxshi. Qisinsang, maslahat beradi, quvonsang, birga quvonadi. Xafa bo‘lsang, g‘amingni bo‘lishadi. Xullas, do‘sting ko‘p bo‘lsa, yuking yerda qolmaydi.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, baxtimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Bu borada do‘stlarning maslahatiga muhtojlik sezdim. Nega desangiz, ishlarim yurishmay qoldi. Goho pul topmayman, pul topsam uni sarflaydigan yer topmayman. Davosiz dardga yo‘liqqan kishiday sal sirlashadigan odam topilsa unga dardimni to‘kib soladigan bo‘ldim.
– Nega ishlaring yurishmay turganini bilasanmi? – dedi do‘stlarimdan biri.
– Bilmasam. Hisob-kitobga no‘noqroqman.
– Gap unda emas, og‘ayni. Hisob-kitob deganing ikkinchi darajali masala. Birinchi masala ishning ko‘zini bilishdir.
– Xo‘sh, ishning ko‘zi nimada ekan?
– Shuni yaxshi bilginki, ishning ko‘zi reklamada!
– Yo‘g‘-e?
– Ha, shunaqa. Rivojlangan mamlakatlarda reklama, bu – hayot degani. Ishbilarmonlikni reklamasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hali sen tadbirkorlikning nozik tomonlariga, sir-asrorlariga o‘rganolmay turibsan. Shuning uchun ishlaring yurishmay qiynalib o‘tiribsan. Masalan, senda taxta bormi – bor. Bundan kimlar xabardor?
– Sen bilasan, Do‘spanbet biladi. Yerjanning xabari bor. Nurabilla eshitgan edi, keyin...
Do‘stim kulib yubordi.
– Bolaning gapini gapirasan! Mayli, biz har qaysimiz o‘nta odamga aytaylik. Nari borsa ellik-oltmish odam xabar topar. Taxta ularga yo kerak, yo kerak emas. Agar reklama qilsang, bir kunda yuz ming odam eshitadi. Ertasiga yarim million, indiniga esa bir yarim million odam xabar topadi. Ana shundan keyin ko‘rasan savdoni!
O‘ylab ko‘rsam, gapida jon bor. Ikki vagon taxta keltirganimga uch oy bo‘ldi. Endigina besh kubini sotdim, fanerlarim ham nam tortib borayotir. Bola-chaqamni bezor qilib, ularni kunosha shamollatib taxtlaymiz. Shiferlarimning bir qismi xaridor topilavermagach, o‘zining og‘irligi bilan sina boshladi. Shuncha narsam pulga aylanmay turib qoldi. Agar reklama berganimda bularning bari sotilib, firmamning ishlari yurishib ketardi.
Ertasi kuni radioda reklama berdim. Kelasi kuni televizor orqali ma’lum qildim. Uch kundan keyin barcha gazetalarda “Toparmon-tutarmon” firmasida (ya’ni mening firmamda) xohlagan turdagi qurilish materiallari serobligi haqida reklamalar bosilib chiqdi. Reklama xaridor chaqiradi, deganlari rost ekan. Televizorda aytilgan kundan bir kun o‘tib bir yigit keldi.
– Kecha sizning firmangizda taxta bor deb aytganday bo‘lishdimi?
– Ha, shunday, taxta bor.
– Qanday xillaridan topiladi?
– Xohlagan xilingizdan topib beramiz! Shifer qoqtirish uchun stropila kerakmi, pol uchun uchlik-to‘rtlik taxtami yoki oyna-eshik tuzatishga yaraydigan taxtami – xullas, hamma xilidan topiladi.
– Silliq qilinib randalangan kiygizma taxtadan-chi?
– Undan ham bor, usta qidirib yurmasdan o‘zingiz qoqaverasiz.
– Qani bo‘lmasa, shu taxtalaringizning hujjatlarini bir ko‘raylik-chi, – dedi haligi yigit g‘o‘ddayib.
– Qanaqa hujjat? – dedim men. – Bari risoladagiday. Menda hujjatsiz, noqonuniy narsaning o‘zi yo‘q.
– Masalan, bojxona hujjati bormi?
– Albatta, bor!
– Qani ko‘rsating!
– Nega ko‘rsatar ekanman?
“Xaridor”im cho‘ntagidan xizmat guvohnomasini chiqardi.
– Bojxona boshqarmasidanman. Shubhali mollarni tekshirishga haqim bor.
Sira bu hujjatni birov so‘raydi, deb o‘ylamagan ekanman. Uch oydan beri yotgan hujjatni ag‘dar-to‘ntar qilib zo‘rg‘a topdim. Taxta olar deb o‘ylagan bu “xaridorim” hujjatlarni mudrab-mudrab varaqladi. Taqir yerdan chang chiqaradigan siyog‘i bor. Nihoyat o‘ylaganimday bo‘ldi.
– Manavi ruxsatnomani kim berdi?
– O‘qib ko‘ring, oti-zoti yozilgandir axir?
– Yozilgani uchun so‘rayapman-da! Oriqdan kelgan, uzun bo‘yli yigitmi?
– Esimda yo‘q. Uncha e’tibor qilmagan ekanman.
– E’tibor qilmagan bo‘lsangiz, bilib qo‘ying. Bekjonov degan odam. Hozir qamoqda u.
– Qamoqda?!
Dastlab cho‘chib tushdim. Keyin o‘zimga kelib so‘radim:
– Uning menga qanday aloqasi bor?
U ruxsat bergan materiallarning hammasi hozirgi kunda tekshirilmoqda. U bojxonamizning nomiga dog‘ tushirib, o‘g‘irlik mollarni o‘tkazib yuboravergan.
– Shunda mening taxtalarim ham o‘g‘irlikmi?
– Kim biladi? Balki shunday bo‘lib chiqar? Buni tekshirib ko‘rishimiz kerak!
Ana boshlandi. U “o‘g‘irlik mol” deb gumon qiladi, men hujjat qoldirmay ko‘rsataman. U hech birini tan olmaydi. Uning aytishicha taxtani olgan joyimga borib qaytadan hujjat keltirishim kerak ekan. Shundagina taxtalarimning o‘g‘irlik narsa emasligiga ishonsa bo‘lar emish. Bo‘lmasa bosh-adoq davlat foydasiga musodara qilisharmish. Tekshiruvchi ming‘irlayverib tushgacha jonimni xalqumimga keltirdi. Reklama bo‘yicha kelgan o‘nlab odamlar eshikni ochib, betoqat mo‘ralaydi. Men esa ularning holidan xabar olguday alfozda emasman. Nihoyat pichoq suyakka qadalar holatda tekshiruvchi bilan til topishdik.
– Xo‘p, akasi, bo‘lmasa shunday qilaylik, – degan sado chiqdi undan. – Gilam sotsang, qo‘shningga sot, bir chetida o‘zing ham o‘tirasan, degan gap bor. Elga taxta olib kelgan ekansan, savob ish qilibsan, biroq kesmaguncha qonamaydi, degan gap bor...
Xullas, bojxona xodimi bir so‘m ham bermay uch kub taxtamni olib ketdi. Tushdan keyin boshimni quyi solib ishga zo‘rg‘a keldim. Yetti-sakkiz odam meni kutib turgan ekan.
– Og‘aynilar, sizlar sal sabr qilib turinglar. Men kiramanu chiqaman, – deb bir badbashara kishi izimdan ergashdi. Tushgacha bo‘lgan mojarolardan yurak oldirib qo‘yganim uchun unga gumonsirab qaradim. Unchalik tekshiruvchiga o‘xshamaydi.
– Kecha reklama ko‘rgan edim, – deya u oldimga yaqinroq kelib o‘tirdi. Sizda shifer ham bormi?
– Albatta bor!
Bitning alamini burgadan olganday bo‘lmasin deb haligi tekin ketgan uch kub taxtaning alami ichimni itday tirnab turgan bo‘lsa-da, bu kishiga sezdirmay molimni maqtay ketdim.
– O‘zi juda sifatli shifer. Yetti qobirg‘ali. Singan, darz ketgan joyi yo‘q. Ustiga chiqib to‘p o‘ynasang ham bilinmaydi.
– O‘zimiznikimi yoki Rossiyanikimi?
– Rossiyaniki.
– Sotib olib keldingmi yoki biror narsaga almashtirdingmi?
Asta ko‘z qirim bilan unga qaradim. “Sotib olib keldimmi, qarzga oldimmi yoki biror narsaga almashtirdimmi, buning nima ishi bor ekan?”
– Shifer olmoqchimisiz o‘zi? – dedim qovog‘imni uyib.
– Olamanmi, olmaymanmi bu ikkinchi masala. Siz mening haligi savolimga javob bering. Shiferni sotib oldingizmi yo biror narsaga almashtirib olib keldingizmi?
Ana xolos, yetimning og‘zi oshga yetganda burni qonaydi, deganlari shu bo‘lsa kerak? Reklama bersang ishlaring yurishib ketadi degan gap bekor ekan-da.
Bu xaridorim korruptsiyadan bo‘lib chiqdi. Ikki og‘izgina so‘zlab chiqaman degan bu nusxa kechga yaqin ikki yuzta shiferimni tep-tekinga olib tinchidi.
– Qo‘rqma, inim, qo‘rqsang ishlay olmaysan, – dedi u ketar chog‘ida yelkamga qoqib. – O‘zim ustingdan qush uchirmayman. G‘ayrat qilaver.
Ertasi kun bo‘yi uydan chiqmay yotdim. Kechga yaqin telefonim jiringladi.
– Reklamani berishga berib o‘zing yashirinib yotibsanmi? – dedi birov o‘dag‘aylab.
Ana xolos! Tag‘in kim bo‘ldi ekan?
– Yo‘g‘-e, yashiringanim yo‘q, sal mazam bo‘lmay...
– Egri yo‘l bilan mol topsang, mazang bo‘lmaydi-da!
– Qanaqa egri yo‘l? Hech qanday qing‘ir yo‘l bilan mol topganim yo‘q!
– Xabarimiz bor, ertaga barcha hujjatlaringni olib soliq boshqarmasiga kel. Men Bodikov bo‘laman. 44-xonaga kelasan.
Bodikov degani borganingdan muddaosini ayta qolsa qaniydi. Yo‘q. Ishlarimni kovlashtira ketdi. Firmam ish boshlaganidan buyon hamisha soliqlarni kam to‘lagan emish. Ayrimlarini esa yashirganman. Yasama hujjatlar topganman, endi kelayotgan kvartalga ham soliq to‘lashim kerak emish.
Xullas, quyosh og‘a boshlagach Bodikov degani zo‘rg‘a muddaosini aytdi. Ellik dona shifer kerak ekan.
Reklama berganimdan uch kun o‘tib-o‘tmay qocharga joy topolmay qoldim. Firmamning eshigini ochmayman. Uyda telefonning ham simini uzib tashladim. Shunda ham evini topib uchastka inspektori o‘nta deraza shishasi, prokuratura tergovchisi o‘ttiz dona orgalit, sud ijrochisi esa sakkizta yog‘och olib ketdi.
Arzimni kimga aytishimni bilmay hushim boshimdan uchdi. Shunday vaqtda jo‘ra-yoronlarning bori yaxshi ekan. Tag‘in ularni axtarib topdim.
– Reklama ber! – dedi ular.
– O‘zi reklamadan kuyib o‘tiribman-ku.
– Aytganimizni qilaver, reklama ber!
– Firmamizda hech narsa yo‘q. Hech narsa bilan savdo-sotiq qilinmaydi, deb reklama ber!
Ularning aytganiday qildim. Boshqa ilojim yo‘q.
Rostdanam reklamada gap ko‘p ekan, qulog‘im tinchidi-qo‘ydi.
Endi o‘zimning narsalarimni o‘zim imi-jimida xaridor axtarib sotadigan bo‘ldim. Mabodo sizga ham qurilish materiallari kerak emasmi? Bir joyda bor, aytsangiz topib beraman. Faqat birov eshitmasin. Ts, jim!

Qoraqalpoq tilidan Ismoil Olloberganov tarjimasi

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.