Qalqay bilan Balday qirq yillik eru xotin. Lekin shundan o‘ttiz besh yilini it-mushuk bo‘lib o‘tkazib kelishadi. Cholu kampir hayotlik vaqtida ularning ovozi ko‘pincha deraza tirqishidan yoki dahlizdangina eshitilib turadigan edi. Qariyalar omonatini topshirishdiyu er-xotinning til-zaboni ovoz kuchaytirgichning karnayiga aylandi. Hozir Balday bilan Qaldayning tovushini ko‘chaning boshidan adog‘igacha tanimaydigan odam yo‘q. Biroq ularning janjali bilan hech kimning ishi yo‘q. Baqirishadimi, chaqirishadimi parvo qilishmaydi. Faqat bu atrofga ilk bor qidirib kelgan qo‘noqlarning kapalagi uchib ketadi.
— Bu ne balo, chirog‘im-ay?
— Ey, Qalqay bilan Balday-ku! — deyishadi mezbonlar beparvogina.
— Bu nima deganingiz? Piesami?
— Ha! Qirq yildan buyon sahnadan tushmay kelayotgan piesa!
Qozonda et pishadigan vaqt o‘tguncha shovqinga qo‘noqlar ham ko‘nikib qolishadi. Aeroport yaqinidagi uylarda yashayotganlar bora-bora samolyotning tovushini eshitmay qolisharkan. Qo‘ni-qo‘shnilar ham Qalqay bilan Baldayning to‘polonlariga shunaqa befarq bo‘lib qolishdi.
Yaxshi tomoni shuki — eru xotinlarning urishi dahanaki. Ya’ni, bir-birini yoqavayron qilmaydi, eri musht ko‘tarmaydi, ayoli o‘qlov o‘qtalmaydi. Qalqay haqoratlab so‘kmaydi, Balday yer mushtlab qarg‘amaydi.
— Mening peshonam sho‘r ekan! Er deb erdan yolchimasam!
— Og‘zingni yop! Qaliningga ketgan ikki sigirim bilan bir ho‘kizchamga ichim achiydi. Shu paytgacha bir poda mol bo‘lar edi.
— Nikoh suvini ichkizgan mo‘lla go‘rida tikka tursin!
— Men bilaman, allaqachon tikka turibdi u! Sen bilan mening qarg‘ishim uni tek qo‘yadimi!
— Umrimning oxirigacha ersiz o‘tsam ham ajrashaman.
— Tilingga shakar! Allaqachon sen aytganingday qilishimiz kerak edi.
Mana shunday gaplarni aytmay ovqat ichgan kuni yo birovining labiga uchuq chiqadi, yo birovi uch kungacha tuz totmay og‘riydi-qoladi. Bola-chaqalar ham o‘rganib ketishgan.
Biroq er-xotin oradan qirq yil o‘tgandan keyin bu masalada bir qarorga kelishdi. Ajralishadigan bo‘lishdi. Ertalab yetaklashib sudga borishdi. Arizani Qalqay yozdi, Balday qo‘l qo‘ydi.
— Rost gapirayapsizmi? — deyishdi suddagilar. — Sochingiz oqarganda-ya!..
— Mening sochimni oqartirgan mana shuning o‘zi-ku. Yoshligimda ajdarday sochim bor edi, tavonimga tushardi. Shu er tufayli sochimning yarmi ham qolmadi.
— Menikini to‘kilib ketishiga mana shu sababchi! — dedi Qalqay, — mana, boshimning tepasiga qarang, kunduz quyoshning, tunda oyning surati ko‘rinadi.
— Endi nima qilmoqchisiz?
— Ajrashmoqchimiz.
— Oxirgi gapingiz shumi?
— Oxirgi!
— Bo‘pti! Ajrashtiramiz. Biroq qonunga ko‘ra qayta o‘ylab ko‘rishingiz uchun uch oy muhlat beramiz.
— Yo‘q, muhlat kerak emas.
— Qirq yildan buyon o‘ylanib bo‘ldik.
— Ajrashtiravering, qaynilarim. Men ham betimning qizili borida birovni topib olayin.
Suddagilar ularni aldab-suldab, yaxshi gapirib, ostonadan kuzatib qo‘yishdi.
— Ariza berganim yaxshi bo‘lgan ekan, — dedi Balday ko‘ngli yayrab.
— Gap yo‘q! Ilgariroq nega shunday qilmagan ekanmiz?
— Birinchi bo‘lib bu fikr mening aqlimga keldi-ku.
— Qo‘ysang-chi! Senda aql nima qiladi. Erkak buzoqning boshi ortiq deydilar. Men...
— Tavba! Buzoqman deb yuribsizmi, ho‘kizsiz-ku!
— Kim ho‘kiz?
Sal bo‘lmasa ular ko‘chadaliklarini unutib, uydagi qiliqlarini boshlab yuborishgan edi, yaxshiyamki muyulishda ko‘tarilgan g‘ala-g‘ovur er-xotinning shovqinidan balandroq chiqdi. Qarashsa, usti ochiq yuk mashinasida suv soladigan katta flyaga sotishmoqda. Qachondan buyon xuddi shunday flyagani izlab yurishgandi.
— Shu idishdan bitta olib ketaylik, — dedi Balday.
— Pulimiz yetadimi?
— Qopchiq-popchig‘ingizni qarang-chi!
Shunday qilib, ikkisi bir-biridan yashirib yurgan pullarini chiqarishgan edi bitta flyagaga yetdi.
Endi ikkisining ham og‘zi qulog‘ida.
— Shu flyagani olganimiz zo‘r bo‘ldi-da.
— Bunga solingan suvga chivin-pashsha tushmaydi.
— Bir to‘ldirib olsak, ikki kunga bemalol yetadi.
— To‘y-po‘y qilsak, ichiga moy solib qo‘ysak ham bo‘ladi.
— Keyin moy yuqini qanday tozalaymiz?
— Kul bilan yuvamiz.
— Qo‘ysang-chi! Keyin suvdan kulning isi chiqib turadi-ku.
— Chiqmaydi.
— Chiqadi.
— Siz xotinmi, menmi? Siz qaerdan ham is bilardingiz? Isbilmas!
— Kim isbilmas?
— Siz!
Ularning tortishuvi tobora avjga minib bormoqda edi, birdan Qalqay to‘xtatdi.
— Eh! — dedi u tizzasiga bir urib, — esdan chiqib ketibdi-ku!
— Nima?
— Buni qanday bo‘lamiz?
— Nimani?
— Flyagani-da!
— Nima uchun bo‘larkanmiz?
— Ertaga sud ajrashtirgan vaqtda o‘zi bitta flyaga bo‘lsa, kimga tegadi?
— Voy-bo‘y! Bu gapni o‘sha flyagani olayotganimizda nega aytmadingiz? Erkakka o‘xshab ro‘zg‘orning ertasini ham o‘ylasangiz-chi. Burningizdan narini ko‘rmaysiz. Sizga tegmay men o‘lay. Umrimni ado qildingiz-a!..
— Ovozginang o‘chsin-a! Agar qaytadan tug‘ilganimda edi er yetmay turib boshqa yurtlarga ketib qolardim.
— Haliyam ketavering! Ko‘zim uchib turgani yo‘q.
— Men ham senga zor emasman.
Ular bir oz janjallashgach, bosilishdi.
— Bu yerda gap sotib turgandan ko‘ra qaytib borib yana bitta flyaga olsak bo‘ladi-ku, — dedi Qalqay.
— Pul yo‘q-ku.
— Qarz olar edik-da! Shu atrofda tanish-bilishlarimiz uchrab qolar.
— Bo‘pti, ketdik...
Ikkisi bir flyaganing ikki qulog‘idan ko‘tarishib qaytib borishganda haligi mashina allaqachon savdosini tugatib, ketib qolgan ekan. Noiloj boshlarini quyi egib uyga qaytishdi.
Oradan ularga berilgan uch oy muhlat ham o‘tib ketdi. O‘sha kunni kutib yurishmagani uchun ular vaqtni unutib qo‘yishgan edi. Suddan chaqiruv qog‘ozi kelganida Baldayning miyasiga ajabtovur bir fikr kelib qoldi. Ertaga sudga kiyib boradi deb eriga yangi kostyum-shim, ko‘ylak, umrida hech taqib ko‘rmagan galstuk xarid qilib keldi.
— Ha, bu nima? — dedi Qalqay hayron bo‘lib.
— Kiyib oling! — dedi ayoli. — Suddagilar ko‘rib qo‘yishsin qanday odamni pisand qilmay ajrashayotganimni.
Qalqay ham yaxshi-yomon kunga deb berkitib yurgan pullari bor ekan, ayolini bozorga olib borib, cho‘g‘day qilib yasantirdi. Go‘zallik salonida sochini zamonaviy qilib turmaklattirgan edi Balday o‘n sakkiz yashar qizning o‘zi bo‘ldi-qoldi.
Ertalab yo‘lda ketishayotib bir-biriga suqlanib qarashdi.
— Rostdan ham ajrashamizmi? — dedi Balday sal unutilayozgan nozi bilan. — Suqsurday yigit ekansiz-ku.
— Men ham seni suluvliging uchun tanlagan edim...
Sudda ulardan qayta so‘rashdi.
— Rostdan ham ajrashasizmi?
Ular biroz indamay ikkilanib turishdi-da, so‘ng ko‘z oldilariga o‘choq boshidagi janjallashganlari kelib, cho‘qishayotgan xo‘rozday hurpayishdi.
— Rostdan! — dedi Qalqay birinchi bo‘lib.
— Bunday erni yelkamning chuquri ko‘rsin! — dedi Balday.
Sud majlisi vaqtni ko‘p cho‘zmay masalani tezda hal qildi. Ularni ajrashtirdi.
“Bir haftadan so‘ng ijrochi borib, mol-mulkingizni bo‘lib beradi”, deyishdi.
Ular suddan juda mamnun qaytishdi. Lekin ikkovi ikki tomonga ketishi kerakligi xayollariga ham kelmadi. Bir-biriga yelka tirashib ketaverishdi. Yo‘lma-yo‘l bozorga kirib o‘tishdi. Maslahatlashib to‘ng‘ichiga ko‘ylak, kenjatoyiga poyafzal olishdi.
Kech kirganda yana odatdagi janjal boshlandi.
— Bu hayotda erdan yolchimadim-ay!..
— Yolchimagan senmas, menman...
Ertalab esa bir yigit salom berib kirib keldi.
— Qalqay aka bilan Balday opa shu uyda turadimi?
— Ha.
— Qani ular?
— Mana, bizmiz.
— Mol-mulkingizni bo‘lib berayin, deb kelgan edim.
— Iya, nega bo‘lasiz?
— Sizlar ajrashganingiz yo‘qmi?
— Nima ishing bor?
— Kim aytti senga ajrashdi deb! Ajrashish o‘yinchoqmi? Qirq yildan buyon urishib-tortishib o‘rganib qolgan odamim bo‘lsa... Ertaga jinim tirishgan paytda alamimni kimdan olaman! Kim mening nozimni ko‘taradi? Mening ajrashadigan erim yo‘q.
— Hoy kallang ishlaydimi! Men ham keksayganimda kampir izlab yuramanmi?
— Eshitdingmi? Eshigimda nima qilib turibsan! Ket!
Xullas, ijrochi o‘qlov yegan mushukday uydan otilib chiqdi. Balday qaytadan sut choy damladi, Qalqay yonboshiga yana bir yostiq qo‘shdi. Sudning qarorini qaytarib olib borib beramiz, deb izlashdi, topisholmadi.
Kechki tomon Qalqay bilan Baldayning janjali yana yetti mahallaga eshitildi.
— Mening peshonam sho‘r ekan-ey! Er deb erdan yolchimasam...
— Og‘zingni yum! Yig‘lab ketgan ikki sigirim bilan bir ho‘kizimga ichim achiydi!..
Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi