Ish goh yengil, goh og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun gohida sog‘liqqa ham qarab olish kerak, degan xayolda do‘xtirga ko‘rindim. “Asabingiz charchabdi, yigirma kuncha unga dam berib oling”, dedi. Do‘xtir aytgandan keyin jon bormi? Shifoxonaga yotib oldim. U yerda faqat asabni emas, boshqa davolarni ham olishga to‘g‘ri keldi. Shifokorlarning aytishicha, kamina semirishning ikkinchi bosqichidan o‘tib borayotgan ekanman. Qayoqqa qarab, kim bilsin? Bunga hech qanday dori buyurishmadi. Faqat haftaning birinchi kuni bir yarim litr qatiq ichishim, juma kuni bir yarim kilogramm olma yeyishim kerak ekan. O‘sha kunlari boshqa taomlardan qatag‘on qilindim.
Yigirma ikki kun deganda kasalxonadan chiqdim. Davolanishim bekorga ketmagan, shekilli, kamarim ikki teshik beriroqqa surilibdi. Holatim yaxshi, oyoq olishim yengillashgan. Kayfiyat soz. Tezroq bolalarimning oldiga yetay, deb shoshilib boryapman. Kutilmaganda qarshimdan o‘zimizda ishlaydigan Ahmad chiqib qoldi.
— Senmisan?! — dedi u salomlashishga qo‘lini ham uzatmasdan, menga ayanchli tikilib. — Rostdan o‘zimizning Rahmatmisan? Seni tanisam har narsa bo‘lay! Mazang bo‘lmadimi?
U og‘iz ochirgani qo‘ymasdan hovliqib gapiryapti.
— Seni tumov-pumov bo‘lgansan, deb ko‘rgani bormovdik. Kechirasan endi...
— E, kechirasan deganing nimasi? Hech narsa bo‘lgani yo‘q.
— Hech narsa bo‘lgani yo‘q, deydi, manov turqingga bir qara! Kasal jondan o‘tsagina odam shunaqa ozib ketadi! Eting borib suyakka yopishibdi-yu, hech narsa bo‘lgani yo‘q deysan! Qandoq lo‘mbillagan savlating bor edi! Endi sapsim bo‘shagan qopga o‘xshab qopsan!..
Ahmaddan bir amallab qutuldim. Oyoq olishim yep-engil edi, zilday og‘irlashib, qadamni arang bosib borar ekanman, “Do‘xtirlar meni aldashdimikan?” deb o‘ylanaman. Avtobus bekatiga sudralib yetib borganimda bir “Matiz” yonimga kelib “ship” etib to‘xtadi. Hamkasbim Fozil ekan. Yoniga chiqib o‘tirib oldim.
— Mazang bo‘lmadimi? — dedi uyam salomimga alik olmasdan. — Betlaring xalta-xalta bo‘p osilib qopti.
— Ozroq asab charchagan ekan, shunga jinday davolandim...
— Do‘xtirlarning topgan gapi shu-da, — dedi u mashina tezligini oshirar ekan yo‘ldan ko‘zini uzmasdan. — Ular bemorlarning nimaga chalinganini aytib ko‘nglini cho‘ktirmaymiz, deb qasam ichishgan-da! Ertaga jo‘nashib ketadigan bemorgayam “Otday bo‘p, tuzalib ketasan!” deb qulog‘iga lag‘mon osishadi. Osgandayam ishonch bilan osishadi. Darding og‘irligini ranging aytib turibdi! Sening o‘rningda bo‘lsam, vaqtni o‘tkazmasdan Toshkentga borib, professorlarga ko‘rinardim. Jonni supermarketdan topolmaysan, oshna, vaqtni qo‘ldan bermay qamchini bos!
Fozilning gapidan isitmam ko‘tarilib, havo yetishmaganidan, nafas olishim qiyinlashdi. Chiday olmasdan, uydan ikki bekat berida tushib qoldim.
Tanishlar bir duch kelsa, kelaverar ekan. Qarshimdan ishxonamizning farroshi Hammagul kampir chiqib qolsa bo‘ladimi! Kampirni ko‘rib, to‘g‘risi, quvondim, boisi yoshi ulug‘, ko‘pni ko‘rgan odamlarning so‘zi yumshoq bo‘ladi. Yumshoq so‘zni topgan ekansiz!
— Voy-bo‘y, chirog‘im! — dedi kampir salomimga alik o‘rniga tomdan tarasha tushganday qilib. — Bir siqimgina bo‘p qopsan, boyoqish! Og‘riq otni cho‘ktiradi, deyishadi. Bir etak bolang bor. Yurtning hamma borib-kelayotgan katta shaharlarida davolansang bo‘lmaydimi?!
Gapning qisqasi, yo‘l-yo‘lakay, yana ikki-uch tanishim mening “tugab qolganimni” yodimga solib qo‘yishdi.
Endi men chindan ham o‘zimni yomon seza boshladim. Uyga yetiboq tez yordam chaqirsam kerak, degan xayolga bordim.
Ko‘chamiz yuzida Xudoybergan degan qo‘shnimiz uchrab qoldi.
— Betoblandim,— dedim unga birinchi bo‘lib,— Ko‘rib turibsan, betlarim xalta-xalta bo‘lib osilib, butunlay tugadim. Og‘riq otni cho‘ktirar, deganlari shu ekan-da! Bir etak bolalarim nasibasiga ... — shunday deb xo‘rligim kelib yig‘lab yubordim.
— Nimalar deyapsan?! — dedi qo‘shnim negadir jahli chiqib. — Kasal bo‘lmaydigan odam bo‘ladimi?! Eskilarning “Og‘rib turdim — ag‘anab turdim!” degan gapi bor. Ozganing yaxshi bo‘pti. Erkak kishiga qopday qorinning nima keragi bor! Sog‘lomliging ko‘zlaring chaqnashidan ko‘rinib turibdi.
Uh! Dunyoda shirin so‘zli odamlar butunlay yo‘qolib ketgan, deb o‘ylagandim, adashgan ekanman! Qo‘shnimning gaplaridan qushday yengil tortib, uyga kulib kirib bordim.
Qoraqalpoq tilidan Mehmonqul Islomqulov tarjimasi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 27-son