OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murodboy Nizanov. Pismiq (hajviya)

Direktor meni xonaga boshlab kirib, ish stolimga o‘tqazdi va lavozimim bilan tabriklab, bo‘limning ikki xodimi bilan tanishtirdi. Uning aytishicha, bu korxonaga qanchadan-qancha direktor, bo‘lim boshliqlari, qorovullar kelib ketishgan-u, lekin bu xodimlar o‘zgarmagan ekan. Ulardan biri o‘n yetti yil, ikkinchisi o‘n bir yildan beri shu yerda ishlarkan. Bu oz vaqt emas, demak yaxshi mutaxassislar bo‘lishi kerak.
— Qalay, direktorimiz sizga yoqdimi? — boshliq xonadan chiqib ketishi bilan so‘radi o‘n yetti yildan beri shu yerda ishlaydigan xodim. — Yangi kishining ko‘zi bilan aytilgan fikr to‘g‘ri bo‘ladi. Nima deysiz?
Kutilmagan savoldan noqulay ahvolga tushib qoldim. Bir ko‘rgan odam haqida nima ham deyish mumkin? Lekin savolni bejavob qoldirib bo‘lmaydi.
— Boshliqlar haqida gapirishni yoqtirmayman, — dedim bir zum o‘ylangach va topgan javobimdan yengil tortdim.
— To‘g‘ri aytasiz, — dedi o‘n bir yildan beri ishlaydigan xodim so‘zimni bo‘lib. — Avvalgi mudirimiz, qachon ko‘rmang, direktorni yomonlab yurardi.
Sir bermay to‘g‘ri qilgan ekanman. Yo‘qsa ular meni kim deb o‘ylashlari mumkin edi.
Ko‘p o‘tmay telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘tardim. Direktor ekan. Bo‘limdagi xodimlardan birini huzuriga yuborishimni so‘radi. O‘n yetti yildan beri ishlaydigan tajribali xodimni yubordim.
— Ko‘rdingizmi uni? — dedi ikkinchi xodim hamkasbi xonadan chiqib ketishi bilanoq. — U direktorning yelpatagi. Hash-pash demay ikkalamizni eshakka teskari mindirib qaytadi.
Dovdirab qoldim. Ahvol shunday davom etaversa, meni direktorga bir kunmas bir kun yomon ko‘rsatib qo‘yadi-ku. Bir payt u direktor huzuridan qaytib keliboq, sherigini imlab:
— Sen ham borar ekansan, — dedi va o‘zi xonaga kirdi.
Sherigi “aytmadimmi” deganday menga ko‘z qirini tashlab chiqib ketdi.
— Anovini ko‘rdingizmi? — dedi o‘n yetti yillik xodim sherigi eshikdan chiqib ulgurmasidan. — Unga o‘rgata-o‘ragata o‘zimda qolmadi. O‘n bir yildan beri og‘irning ustidan, yengilning ostidan yurib kelyapti. Qornini yorsangiz alif chiqmaydi, g‘irt savodsiz. Shunga qaramay uchiga chiqqan arazgo‘y. Bir og‘iz tanbeh berib ko‘ring, to‘qson eshikka tanish qiladi. Bir so‘zdan qaytmaydi. Xuddi kiyimga tomgan yog‘ deysiz!
Uning gaplarini eshitib, tepa sochim tikka bo‘ldi. Biri direktorga yelpataklik qilib, chaqimchilik bilan shug‘ullansa, ikkinchisi savodsiz, yana arazgo‘y. Bu yerda ishlab nima obro‘ topish mumkin? Miyam g‘uvillab, tashqariga chiqdim. Qayoqdan ham bu yerga keldim, kim o‘zi meni bu baloga yo‘liqtirdi?
Ana shu xayollar bilan koridorda gangib turgan edim, yaltiroq ko‘ylak kiygan ayol qarshimga kelib, dabdurustdan so‘radi:
— Yangi bo‘lim boshlig‘i sizmi?
— Ha...
— E, attang, juda qattiq adashibsiz, — dedi u bosh chayqab. — Bu direktor bilan bola-chaqasi qanday chiqishib yashashiga hamma hayron. Endi siz bilan... kim biladi...
Bu gap meni battar dovdiratib qo‘ydi. Qarshimdagi xonada telefon jiringladi. Eshik ochiq, xonada hech kim yo‘q. Borib go‘shakni ko‘tardim. Lekin telefon qo‘shni xona bilan parallel ekan, kimdir mendan burun “da” dedi.
— Qalay, yangi bo‘lim mudiri, zo‘rmi? — dedi go‘shakdagi ovoz.
— Jangitovni so‘rayapsizmi? — dedi ikkinchi tomondagi ovoz.
— E qayoqda! Yaxshi bo‘lsa terak bir joyda ko‘karardi... Bizga qachon yaxshi boshliq keluvdi. Bunisi o‘ta ketgan pismiq ekan. Uning na yaxshi ko‘rishini, na yomon ko‘rishini bilib bo‘ladi...
Men qolgan gapni tinglamasdan go‘shakni joyiga qo‘ydim. Sababi, o‘sha “Jangitov” ham, “pismiq” ham men edim.

Qoraqalpoq tilidan Mehmonqul Islomqulov tarjimasi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 27-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.