OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Najib Mahfuz. Afsungar tovog‘imni o‘g‘irladi (hikoya)

Onam menga dedi: 
– Endi foydang tegadigan vaqt bo‘ldi. Mana bu bir qirsh*ni olginda, borib ful* olib kelgin. Ko‘chada o‘ynab qolib ketmagin. Avtomobillardan nariroqda yurgin.
Tovoqni oldim. Taxta kavushimni kiyib, qo‘shiq xirgoyi qilgan holda, yo‘lga chiqdim. Sotuvchi oldida odam ko‘p ekan. Marmar peshtaxta yonida bo‘sh joy ochilguniga qadar kutib turdim-da, muloyimlik bilan murojaat qildim: 
– Amaki, bir qirshlik ful bering. 
– Fulni o‘zimi yoki o‘simlik yog‘i bilanmi?
Nima deyishimni bilmay qoldim. 
– Joyni bo‘shat boshqalarga. 
Uyga yerga kirgudek bo‘lib qaytib, onamdan dakki eshitdim: 
– Bo‘sh tovoq bilan qaytibsan. Sen to‘polonchi fulni yeb qo‘ydingmi yoki bir qirshni yo‘qotdingmi?
– O‘zi qanaqa ful olish kerak edi: fulni o‘zimi, o‘simlik yog‘i bilanmi yoki mol yog‘i bilanmi, aytmagan ekansiz?!
– Ey yaramas bola, har kuni ertalab nima yeysan? 
– Bilmadim. 
– Ey sho‘rim... Ey sho‘rim. Ful o‘simlik yog‘i bilan bo‘lsin. 
Sotuvchi oldiga qaytib bordim: 
– Amaki, bir qirshlik fulni o‘simlik yog‘i bilan bering.
U qovog‘ini soldi. 
– O‘simlik yog‘i issiq, yoki yaxshi zaytun yog‘i bo‘lsinmi? 
Nima deyishimni bilmay turgandim, baqirib berdi: 
– Joyni bo‘shat boshqalarga.
Jahlim chiqib uyga jo‘nadim.
– Qanday ketgan bo‘lsang, shunday qaytibsan. Nima uchun?
– O‘simlik yog‘imi yoki zaytun yog‘i bo‘lsinmi, menga aytmabsiz-ku?! 
– O‘simlik yog‘li ful deganim, bu issiq yog‘dagi ful bo‘ladi. 
– Men qaerdan bilay? 
– Sen nodonsan. Sotuvchi bo‘lsa, bee’tibor odam. Unga issiq o‘simlik yog‘idagi ful degin.
Tezda yo‘lga chiqdim. 
– Amakijon, menga issiq o‘simlik yog‘li ful bering.
Boshim marmar peshtaxtaga tegar-tegmas turib, shoshilganimdan og‘ir nafas olardim. 
– Amakijon, menga issiq o‘simlik yog‘li ful bering.
Sotuvchi cho‘michni qozonga solib g‘udrandi: 
– Bir qirshni marmar peshtaxta ustiga qo‘y. 
Qo‘limni cho‘ntagimga soldim. Ammo pulni topolmadim. Tashvish bilan uni qidirishda davom etdim. Cho‘ntagimni tagigacha ag‘darib ham ko‘rdim. Ammo undan asar yo‘q edi. Sotuvchi cho‘michni qozondan bo‘sh holda chiqardi.
– Yo‘qotibsan. Sen bolaga ishonib bo‘lmas ekan. 
Oyoqlarimning tagi va atrofga sinchiklab qaradim. 
– Yo‘qotganim yo‘q... Aniq cho‘ntagimda edi. 
– Boshqalarga yo‘lni och. Ey Fattoh, ey Alim* degin.
Onamning oldiga yana qup-quruq qaytdim. 
– Bu qandoq gap bo‘ldi. Sen bola ahmoqmisan?
– Bir qirsh... 
– Nima bo‘ldi? 
– Cho‘ntagimda yo‘q. 
– Nima, shirinlik sotib oldingmi? 
– Xudo haqi yo‘q. 
– Qanaqasiga yo‘qoldi? 
– Bilmadim. 
– Qur’on bilan qasam ich qani!
– Qasam ichaman...
– Cho‘ntaging teshikmikin?
– Yo‘q, aslo. 
– Balki birinchi yoki ikkinchi safar borganingda sotuvchiga bergandirsan. 
– Balkim. 
– Aniqroq ayta olasanmi? 
– Qornim ochdi!
Onam qo‘llarini qo‘llariga urib xo‘rsindilar: 
– Nima bo‘lsa Xudodan. Senga yana bir qirsh beraman. Ammo uni seni aqchadoningdan olaman. Agar yana bo‘sh tovoq bilan qaytsang, bo‘yningni uzaman...
Yugurib ketdim. Xayolim shirin nonushta orzusi bilan band bo‘ldi. Sotuvchining mahallasiga burilish joyida bir guruh bolalar va o‘spirinlarni ko‘rib qoldim. Xursandchilik va kulgi ovozlarini eshitdim. Oyoqlarim birdaniga og‘irlashib, yuragim ular tomonga talpindi. Hech bo‘lmaganda, bir nazar tashlab qo‘ygim keldi. Bolalarning orasiga kirib olgandim, afsungar meni yoniga chaqirdi. Men o‘zimdan ketib qoladigan darajada baxtiyor edim. Es-hushimdan butunlay ayrildim. Tuxumlar, quyonlar, arqonlar va ilonlar bilan tomoshani maza qilib ko‘rdim. Afsungar pul yig‘ish uchun yaqinlashganida, “menda pul yo‘q”, deya pichirlab, orqaga chekindim. U menga vahshiylarcha qaradi. Zo‘rg‘a qutildim. Qochdim. Mushti orqamga tegdi. Ammo men juda baxtiyor edim. Ful sotuvchining do‘koniga bordim.
– Amakijon, bir qirshga o‘simlik yog‘li ful bering.
Sotuvchi indamay qarab turavergani uchun so‘rovimni qaytardim. 
– Tovog‘ingni ber...
Tovoq! Tovoq qaerga ketdi? Yugurayotganimda tushib qoldimikin? Afsungar olib qo‘ydimikin? 
– Sen bolaning boshingda aqling yo‘q!
Kelgan yo‘lim bo‘ylab yo‘qolgan tovoqni qidirishga tushdim. Afsungar turgan joy bo‘shab qolganini ko‘rdim. Lekin bolalarning ovozi uning qo‘shni mahallada ekanini menga bildirdi. Afsungarni o‘rab olganlar atrofida aylandim. Meni tanib qolgan afsungar baqirib tahdid qildi: 
– Pulini to‘la, bo‘lmasa, bu yerdan ket.
Umidsizlik bilan dedim: 
– Tovoq! 
– Qanaqa tovoq, ey shayton bolasi?
– Tovog‘imni qaytarib bering. 
– Yo‘qol, aks holda, hozir ilonlarga yemish bo‘lasan.
U tovog‘imni o‘g‘irlagani aniq. Ammo yovuzligidan qo‘rqib, nari ketdim. Nochor ahvolda yig‘lab yubordim. Yo‘lovchilar nimaga yig‘layotganim sababini so‘rashganida, barini aytdim. O‘z tashvishim bilan ovora bo‘lsamda, “ey tomosha qilinglar”, degan ovozni eshitib qoldim. Orqamga qayrilib qarab, suratlar ko‘rsatadigan qutini ko‘rdim. Uni oldiga yugurib ketayotgan o‘nlab bolalar ko‘z oldimda namoyon bo‘lishdi. Tomosha qutisi oldiga saflandik. Quti egasi suratlarni qiziqarli tarzda tushuntira boshladi: “Mana botir chavandozni ko‘rayapsiz, bunisi go‘zal xonim”. Ko‘z yoshlarimni artib, qutiga katta qiziqish bilan qaradim. Qiziqishimni hech bosa olmasdim. Bir qirsh to‘lab, qutining ko‘zi oldida turdim. Yonimda bir qiz turardi. Ko‘zlarim oldida birin-ketin maftunkor suratlar namoyon bo‘ldi. U sehrli dunyodan o‘z olamimga qaytganimda, bir qirshdan ayrilganim va tovog‘imni yo‘qotganim esimga tushdi. Afsungardan asar ham ko‘rinmasdi. Meni chavandozlik, sevgi va kurash chulg‘ab oldi. Qornim ochligini esdan chiqardim. Hatto uyda meni kutayotgan xavf-xatarlarni ham unutdim. O‘z vaqtida moliya vazirligi va qozixona bo‘lgan binoning tarixiy devoriga suyanib to‘xtab qoldim. To‘laligicha xayolot dunyosiga berildim. Uzoq vaqt chavandozlik, go‘zal xonim va iblisni o‘ylay boshladim. So‘ng xayolimda nayzani uloqtirgandek qichqirdim: 
– Buni sening yuragingga sanchaman, ey iblis.
Mayin ovoz menga javob qildi: 
– Orqasidan go‘zal xonim otda paydo bo‘ldi. 
O‘ng tomonimga qarab, surat tomoshasida yonimda turgan qizni ko‘rdim. U kir kuylak va rangli taxta poyabzalda bo‘lib, uzun tirnoqlarini o‘ynardi. Boshqa qo‘lida “xonim bitlari” oq va qizil tuxumlarining donalari bo‘lib, bir-birimizga qarab qoldik. Yuragim unga talpinardi. 
– O‘tir. Dam olamiz. 
Uyalayotganga o‘xshagani uchun uni bilagidan ushladim. Tarixiy devor eshiklaridan kirdik. Bu zinapoyalar yuqoriga ko‘tarilib, kenglikda tugardi. Uning orqasida ko‘m-ko‘k osmon va minora boshlanardi. Jimgina yonma-yon o‘tirdik. Qo‘lidan ushlab oldim. Jim o‘tiraverdik, nima deyishni bilmasdim. Meni qiziq, yangi va tushunarsiz hissiyotlar chulg‘adi. Undan atir-upanikiga o‘xshagan islar anqib turardi. Lablaridan o‘pdim. Nihoyat, o‘rnidan turishga harakat qildi.
 – Men ketayapman. 
Xafa bo‘lib so‘radim: 
– Qaerga? 
– Doya Umm Ali*ning oldiga. 
Shahar dazmolchisi uyi yonidagi hovliga ishora qildi. 
– Nimaga? 
– Unga tezda borishni aytish uchun.
– Nimaga? 
– Onam uydan baqirdilar. Doya Umm Aliga borib tezda kelishi lozimligini aytgin dedilar...
– Keyin qaytasanmi? 
Boshi bilan rozilik ishorasini qilib ketdi. Onasini eslagani uchun onamni esladim. Yuragim orqasiga tortdi. Tarixiy zinani tark etib, uyga yo‘l oldim. Ovozimni chiqarib yig‘ladim. Bu sinalgan usul bo‘lib, o‘zimni himoya qilish vositasi edi. Onam chiqishlarini kutgandim, daragi bo‘lmadi. Oshxona va yotoqxonani qarab chiqdim. Ammo onam yo‘q edilar. Qaerga ketgan ekanlar? Bo‘sh uyda siqilib qoldim. Birdaniga boshimga bir fikr keldi. Oshxonadan tovoq oldim, aqchadondan bir qirsh chiqardim va ful sotuvchinikiga yo‘lga tushdim. Sotuvchi do‘kon oldidagi divanda uxlab yotardi. Ful qozoni yopilgan, yog‘ idishlar tokchaga terib qo‘yilgandi, marmar peshtaxta yuvilgandi. 
– Amaki... 
Ammo faqat xurrak ovozi keldi. Yelkasidan ushlagandim, jahli chiqib, qo‘lini ko‘tardi. Mast ko‘zlari bilan menga qaradi. 
– Amaki... 
Menga tikilib qaradi. Taniganidan keyin ko‘pollik bilan so‘radi: 
– Nima kerak? 
– Bir qirshga issiq yog‘li ful bering...
– Nima? 
– Pul va tovoq o‘zim bilan. 
Sotuvchi o‘shqirdi: 
– Sen bola jinnisan. Yo‘qol bu yerdan, bo‘lmasa, boshingni yoraman. Joyimdan qo‘zg‘almagandim, qo‘li bilan meni qattiq itarib yubordi. Orqam bilan yiqilib tushdim. Og‘riqdan qiynalib turdim va yig‘lab yubormaslik uchun o‘zimni zo‘rg‘a bosdim. Qo‘llarim band edi: birida bir qirsh va boshqasida tovoq. Sotuvchiga g‘azab bilan qarab, tovog‘imni otdim. Tovoq uchib borib, boshiga tegdi. Hech narsaga qaramay yugurib ketdim. Chavandoz iblisni o‘ldirgani kabi men ham sotuvchini o‘ldirib qo‘ydim, deb o‘yladim va tarixiy devorning yaqinida to‘xtadim. Nafasim tiqilganicha orqamga qarab, hech kim ta’qib qilmayotganiga amin bo‘ldim. O‘sha yerda nafas rostladim. Keyin nima qilish kerak, deb o‘zimdan o‘zim so‘radim. Ikkinchi tovoqdan ham ayrildim. Nimadir meni to‘g‘ri uyga qaytishdan tiyib turardi. O‘zimni yerga urishlariga qo‘yib berganimdan hafa bo‘lib ketdim. Baribir o‘z haqimni qo‘ymasligimni bilardim. Uyga qaytishni esa ma’lum vaqt kechiktirib turish kerak. Mana, qo‘limda bir qirsh bor. Bir amallab kunimni ana shu pulga ko‘rsam bo‘ladi. Qilgan jinoyatimni esdan chiqarishga qaror qildim. Ammo afsungar qani? Suratlar qutisi qaerda? Ularni u yoq, bu yoqdan qidirishimning foydasi bo‘lmadi. Befoyda qidirishdan charchab, tarixiy zinaga qaytdim. O‘tirib olib, haligi qizni kuta boshladim va bo‘lajak visolni xayol qildim. Xushbo‘y xidlar anqigan jismini yana quchgim keldi. O‘sha qiz menda avval bo‘lmagan hissiyotlarni paydo qilganini e’tirof etdim. Men kutib, orzularga berilib turgan paytimda orqa tomondan pichirlash eshitildi. Sekin o‘rnimdan turdim. Zinaning tepasiga chiqib, chalqanchasiga yotib oldim va u tomonda nima bo‘layotganini hech kimga sezdirmay ko‘rishga intildim. Baland devor bilan o‘ralgan xarobani ko‘rdim. U ham moliya vazirligi va qozixonadan qolgan bino qismi ekan. Zina tagida bir erkak va ayol o‘tirganini ko‘rdim. Pichirlash o‘sha tomondan kelayotgan ekan. Erkak boshpanasiz kishiga o‘xshardi. Ayol esa qo‘y boqib yuradigan lo‘lilar toifasidan edi. Ularning lablari boshqacha qimirlardi. Qarashlari va ko‘zlari boshqacha edi. 
Nihoyat yonma-yon o‘tirib olishdi. Ancha vaqt o‘tgandan keyin erkak gapirdi: 
– Pul.
Ayol jahli chiqib qizishdi: 
– Sen hech to‘ymaysan. 
Erkak noma’lum nuqtadan ko‘z uzmasdi: 
– Sen jinnisan. 
– Sen o‘g‘risan... 
Erkak ayolga qattiq tarsaki urdi. Ayol yerdan tuproq olib, sochib yubordi. Yuzlari ifloslangan erkak barmoqlari bilan ayolning bo‘ynidan ezishga kirishdi. Og‘ir kurash boshlandi. Ayol bo‘ynini uning qo‘llaridan ozod qilishga intildi. Ingrab ovoz chiqardi, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi, muallaq oyoqlari havoni tepardi. Burnidan ip kabi qon chiqayotganini ham ko‘rdim. Birdaniga baqirib yubordim. Erkak boshini ko‘tarmasidan orqaga emaklab ketdim. Zinadan tikkasiga uchib tushdim va telbalardek duch kelgan tomonga yugurdim. Nafasim tiqilib qolguncha chopdim. Shunchalik charchab qoldimki, atrofimdagi hech narsani ko‘rmay qoldim. O‘zimga kelib olganimda, qandaydir chorraha tagidagi yerosti yo‘liga kirib qolganimni angladim. Bu joyga birinchi bor kelishim edi. Shuning uchun mahallamiz yo‘lini topolmay adashdim va ko‘zi ojiz odamlarni uchratdim. Ular ham har xil tomonga yurib, bir-birlariga e’tibor bermasdilar. Yo‘lni qanday topaman degan xayolda qo‘rqib ketdim. Birorta yo‘lovchidan so‘rab olsammikan? Ammo taqdir yana ful sotuvchisi yoki xarobadagi erkak kabi kishilarga ro‘baro‘ qilsa-chi?! Mo‘‘jiza yuz berib, onamni uchratsam, unda butun vujudim bilan oldiga yugurarmidim? O‘zimcha yuraversam, balki yo‘l ko‘rsatadigan birorta belgiga to‘g‘ri kelib qolarman? 
Tezroq hech ikkilanmay biror qarorga kelishim lozim. Hademay kunduz tugab, atrofni qorong‘ilik qoplaydi. 
 

Arab tilidan Bobur G‘IYOSOV tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.


Taniqli va ardoqli Misr yozuvchisi Najib Mahfuz 1911 yilda Qohirada tavallud topdi. Uning ilk asarlarida an’anaviy, milliy qadriyatlar tarannum etildi. 1950 yillar oxirida chop etilgan “Qohira trilogiyasi” (“Bayn al-Qasrayn”, “Qasr osh-Shauq” va “as-Sukkarida”) jahon adabiyotida keng e’tirofga sazovor bo‘ldi va kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Iste’dodli qalam sohibi 60-yillardan e’tiboran jamiyat evolyutsiyasi va umuminsoniy qadriyatlarga oid hikoyalar yoza boshladi. “Taqdir o‘yinlari”, “Yangi Qohira”, “Nil ustidagi safsata”, “Toshoyna”, “Muhtaram janob”, “Ming kechaning tunlari”, “Xeopsning donoligi” nomli romanlari hamda “Xudoning dunyosi”, “La’natlangan uy”, “Soyabon tagida” singari novellalari nodir durdona asarlar sirasidan joy oldi. 1988 yilda butun insoniyat uchun ahamiyatga molik bo‘lgan realizm va arab hikoyanavisligini boyitganligi uchun Najib Mahfuz adabiyot sohasida Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Arab nasrining yorqin vakili 2006 yilning 29 avgustida vafot etdi.
Adabiyot darg‘asining talaygina asarlari bir qancha xorijiy tillarga tarjima qilingan, ko‘pgina asarlari esa ekranlashtirilgan. 

Tarjimondan

_____________
  * Qirsh – Misr va boshqa bir qator arab mamlakatlarida mayda pul birligi. Voqea sodir bo‘lgan paytlarda bir qirsh katta pul sanalgan (tarj). 
  * Ful – dukkakli ekin mevasidan (nisbatan loviyaga yaqin turadi) tayyorlanib, misrliklar tomonidan sevib iste’mol qilinadigan taom. (tarj).
  * Fattoh, Alim - Allohning ismlaridan (tarj).
  * Umm Ali - Misr va boshqa bir qator arab mamlakatlarida ota-onalarning ismlarini aytmasdan falonchining otasi yoki onasi deyish keng tarqalgan. Bunda katta o‘g‘ilning ismi olinadi. Umm Ali degani Alining onasi ma’nosini anglatadi (tarj).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.