OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Najib Mahfuz. Qalampir (hikoya)

“Baxt” deb atalgan chog‘roqqina qahvaxonada kelgan-ketganning e’tiborini tortadigan narsalar ancha-muncha. Lekin bu yerda chindan ham diqqatga sazovor G’aroyibot “Qalampir”dir.
Qalampir — o‘n ikki yoshlar chamasidagi bolakay. Uning asl ismi — Taha Sankar, ammo qahvaxonada va bu tevarak-atrofda u “Qalampir” laqabi bilan mashhur. Erta sahardan to tun yarmigacha stollar orasida ivirsib, yugurgilab, lov-lov cho‘g‘ tashiydi. “Qalampir” degan laqabni ham unga, hoynahoy, mana shu kashandalar yopishtirishgan. Laqab unga haqiqatdan juda yarashib tushgan edi: chaqqon, ko‘zi o‘tkir, har burchakda hoziru nozir. Iflos qahvaxonaning bo‘g‘iq havosi “Qalampir!”, degan baqiriq-chaqiriqlardan larzaga kelib turadi. 
U qariyb bir yildan beri shu yerda ishlab, kuniga bir qirsh puldan tashqari, nonushtaga va tushlikka bir stakan choyni tekinga ichar edi. Goho esa bironta kashandadan keyin qolgan chilimdan bir-ikki marta qurillab tortishga ham haddi sig‘ardi. Shularning hammasini hisobga olib, Qalampir o‘zini omadi yurishganlardan deb bilardi. Mijozlar ko‘paygan paytda ularga choy tashib, yetkazib bo‘lmaydi, bahslar avjiga chiqib, qahvaxonani boshlariga ko‘taradilar, kimdir kechki gazetani baland ovoz bilan o‘qigan, kimdir qiroat bilan unga sharh bergan... Munozara qizigan sari qahvaxonadagi boshqa odamlarni ham o‘ziga tortib ketadi. Qalampirga xuddi shunaqasi kerak!
Bora-bora odamlar nima haqida bahslashayotganini anglaganday, yaqinroq kelib quloq sola boshlaydi. Bu gal ular pora olgan bir amaldor haqidagi maqolani muhokama qilishayotgan edi.
— Nihoyat qo‘lga tushibdi! — dedi kimdir, — bunaqalardan hali qanchasi yallo qilib yuribdi!
Boshqa birovi gapni ilib ketdi:
— Ayrim mansabdorlargina oladi, deysanmi porani... oddiyroq odamlar-chi, tekintamoq emasmi? E, bu barchaga ayon-ku! Agar adliya xodimlari chinakam odil bo‘lsa bormi, shahar huvillab qolib, qamoqxonalar to‘lib-toshib ketardi, ha!
Shunda hamma gapga aralashib, bir-biriga so‘z bermay, qo‘llarini paxsa qilib, baqirib ketishdi, katta-kichik bir xil kishilarning nomlari ham tilga olindi. “Mana, masalan... falonchi... qaysi yo‘l bilan boylik orttirganini bilamiz!”
Bitta-yarimtasi gapdan chalQib, uni chaqirganida, Qalampirning ahvolini tomosha qilsangiz! Go‘yo cho‘ntagi to‘la pul-u, undan odamlar: “Ishlar qalay? Joyidami?” deb so‘rayotganday, yuziga xotirjam va baxtiyor tabassum yoyiladi. Xo‘jayin unga olov-qo‘r tashishgina emas, chilimning o‘zini eltib berishga, balki xo‘randalarga qahva damlashga ham ijozat beradigan kunlarni orzu qilib iljayadi, shekilli-da! Unday bo‘lsa u o‘zini katta amaldor hisoblardi... O’ozircha esa qahvaxo‘rlarning betinim talabchan imo-ishoralariga “Labbay, hozir!” deb, kekirdakka zo‘r berishga to‘g‘ri kelayapti. Kekirdak ham bu yerda, oyoqni qo‘lga olganga o‘xshab muhim.
Qalampir qahvaxonaga oliy o‘quv yurtlari talabalari yopirilib kiradigan paytlarni xush ko‘radi. Bu suronli, sershovqin to‘dalar qahva buyurib, bahslashgani-bahslashgan, o‘zlari o‘rgangan burchakka g‘uj bo‘lib olib, sigaret tutuni ichida “taxta” o‘ynashadi. 
Bu yerga qatnaydiganlarning ko‘pchiligi singari, bular ham ancha yupun tabaqa-yu, ammo o‘quv yurtlarida olgan bilimlari tufayli ular jamiyatning ko‘zga ko‘ringan qatlami hisoblanardi, ya’ni ziyolilar.
Uchta-to‘rtta bo‘lib kelishganida, qahvaxonadagilarga ancha bepisandlik bilan qarab, chekkaroqqa o‘tirishadi. Lekin ko‘plashib kelib qolishsa bormi, yoshliklariga borib, o‘zlarining qaerdaliklarini unutib qo‘yisharmidi?! “Falonchini ayt! Uyida to‘kin bazm... daromadining manbai... falonchi-chi... haligi-chi...” Nihoyat, kimdir baland ovozi bilan baralla qichqiradi: “Ey, kissavurdan o‘g‘rigacha tap tortmaydi!”
Qalampir bahslarning ma’nosiga yetib qoldi... Endi unga talabalar gapidagi ba’zi ajnabiy so‘zlar ham, ilgari Qashini keltiradigan ilmoqli iboralar ham xalaqit bermasdi. Zap topib gapiryapti: “O’Qrilik rasmga aylangan!”, “O’g‘rilarning oshig‘i olchi!” Qalampir buni yaxshi biladi, yaxshi tushunadi, o‘zi ham o‘Qri emasmi, axir... Onasi ham, pista sotib kelayotganida, tor ko‘chada adashib yurgan jo‘jaxo‘rozni... qo‘yniga joylab qaytadi... Otasi-chi? Kunduzi bodomfurush, kechasi esa tomma-tom sakrab, birovlarning arqondagi kirlarini...
Bu oqshom Qalampir o‘ylaganidek xayolparastlik bilan tugamadi. Hujrasiga qaytsa, onasi siniq kursida, poldagi axlatga tikilib qon yig‘lab o‘tiribdi. Mishiqi ukalari ham g‘ingshib, onalariga biqingancha jovdirashardi. Qalampir, nima gap, deb so‘rab ulgurmadi, “Dadamizni mirshablar olib ketdi!” deyishdi. Qalampir darrov tushundi, kattaroq singlisi voqeani yig‘lab-siqtab gapirib berdi. 
— Ular anchadan beri kuzatib yurishgan ekan dadangni... — dedi ona.
Qalampir dadasini kamdan-kam ko‘rar edi. Odatda dadasi tungi “sayr”lardan qaytganida, u uxlab qolgan bo‘lardi. Ertalab ishga ketayotganida esa, otasi uxlab yotgan bo‘lardi. Lekin, baribir, otasiga rahmi kelib, yuragi siqilib ketdi, yig‘lab yubordi. 
Keyin u qahvaxonadagi suronli gurunglarni eslab, o‘g‘ri ko‘p ekanini, o‘g‘irlik uchun birov qattiq jazolanmasligini onasiga hikoya qilib berdi...
Onasining g‘ashi kelib, “bas qil!”, deya jerkib tashladi. Qalampir esa hayajonda hamon gapiraverdi. Onasidan bir tarsaki yegandan keyingina uyquga ketdi. 
Ertalab o‘rnidan turganida, hech narsa bo‘lmagandek, hammasi esidan chiqib ketgan edi. O’zini tetik sezib, chopqillagancha qahvaxonaga jo‘nadi. Chindan ham, nima bo‘pti, otasi birinchi marta qo‘lga tushayaptimi!..
 

Rus tilidan 
Asqad MUXTOR tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.