Istambulda bahor bo‘lmaydi!
Istambulda olti oy qish, olti oy yoz bo‘ladi. Bahor — bu qishga uloqib kirgan yoz zarrasi bo‘lsada, ajabtovur yorug‘lik hamda iliqlikka ega. U xuddi chaqindek qish zulmatini parchalab, qor pardasini supurib tashlaydi, lahzalik baxti evaziga qishga o‘rin bo‘shatib beradi. O‘shanda ham yanada badqovoq kunlar shamol, yomg‘ir va loygarchiligi bilan oldinma-ketin sudralib o‘taveradi.
Istambulda bahor bo‘lmaydi!
Aprelning o‘rtalari edi. Kunduz kundan keyin yozdagidek issiq va nurafshon, bir tutam qish zulmati yanglig‘ qosh qoraydi. Osmonda yulduzlar charaqladi. Istiqlol xiyobonidan avto hamda trolleybuslar oqimi to‘xtovsiz o‘tib turar, ba’zi-ba’zida ko‘cha posbonlarining keskin xushtagi eshitilib qolardi.
Xiyobonning o‘ng tomonidan Taqsim maydoni yo‘nalishida bir yigitcha ketib borardi. U oyoq yalang bo‘lib, chilvir bilan tang‘ilgan shimining julduri chiqib ketganidan pochasi xuddi shokilaga o‘xshab osilib yotardi, Yigitcha bu shimni Harbiya mavzeidagi axlatxonadan topib olgandi. Bunday topildiqdan sevinib ketgan yigitcha dalva-dalvasi chiqib, kalta bo‘lib qolgan shimini yechib, axlatga otib yubordi. Ko‘ylak deb ataluvchi uvadasi esa iflosligidan xuddi klyonkaga o‘xshab ketgandi. Uning yirtiqlaridan o‘smirning qoracha tanasi shundoqqina ko‘rinib turardi. Iigitchaning patila-patila, yuvuqsiz uzun sochlari yelkasigacha osilib tushgandi. U na Boyo‘g‘lidagi dang‘illama uylarga, na avto hamda trolleybuslar oqimi to‘ldirib o‘tayotgan Istiqlol xiyoboniga, na yo‘lka bo‘ylab shundoq yonginasida ketayotgan odamlarga e’tibor berardi. U xiyobonning ikki tomonida xuddi tog‘ tizmalaridek tizilgan bahaybat uylaru nurafshon, ko‘rkam vitrinalarni payqamayotgandek edi. U mushtumiga qisib olgan sigareta qoldig‘ini jon-jahdi bilan chekkancha, mana shu gung, loqayd hamda xudbin olamning bahaybat uylariga, ko‘zni qamashtiruvchi vitrinalariga, mo‘ynayu baxmalga o‘ralgan tamtam ayollariga, benihoya rashk qilgan qiyofada xonimlarining qo‘lidan ushlab xo‘mrayib borayotgan erkaklariga go‘yo tupurmoqchi bo‘lgandek pag‘a-pag‘a tutun chiqarardi.
U qora hoshiyali qimmatbaho sigareta qoldig‘i tutunini ichiga tortgancha o‘zining yalang oyoqlariga qaradida, alam bilan xo‘rsinib qo‘ydi. Uning oyoqlari baquvvat va chayir edi. Agar, hatto Beton og‘aning o‘zi undan mana shu sigareta qoldig‘ini tortib olmoqchi bo‘lsa, oyoqlari uni falokatdan qutqarib qolishi aniq.
Ha-a, Beto-o-on! Bir kalla qo‘yib, ikki musht tushirsa, tamom-vassalom! Bir marta esa Beton og‘a bir musht bilan qandaydir norg‘ul kishini yer tishlatib, qamoqqa ham tushib chiqqandi.
Yigitcha yalang oyoqlarini hamon shaxdam tashlagancha ketib borardi. Sigareta qoldig‘i barmog‘ini kuydirgandi, u boloxonador so‘kingancha uni otib yubordi. Zar hoshiyali sigareta qoldig‘i uchqunli yoy yasab shundoqqina yonginasida go‘zal xonimni qo‘ltiqlab ketayotgan oliftaning loklangan tuflisiga borib tushdi. Olifta juldurvoqiga yeb yuborgudek o‘qrayib qaradi. Agar yonidagi hamrohi bo‘lmaganda, juldurvoqining rosa adabini berib qo‘ygan bo‘lardi. Yigitcha qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar qabilida:
—Ha, namuncha ko‘zingni paxtasini chiqarmasang?!— deb o‘shqirdi.
Yo‘lovchi hayratdan dong qotib qoldi: yalangoyoq, pax-moq soch bezori Ollo taolo nomidan sadaqa so‘rash o‘rniga o‘zini hayosizlarcha tutyaptiya!
Yigitcha chirt etib tupurdida:
— Bor, aravangni tort!— deb to‘ng‘illadi.
Mana shu daqiqada u xuddi Beton og‘aga o‘xshab kuchli edi. Bir kalla qo‘yib, ikki musht tushirsa, tamom-vassalom! Keyin nima bo‘ladi? Beton og‘aga o‘xshab qamoqxonaga tushadimi? Undan battari bo‘lmaydimi, unga bari bir. Qamoqxona bo‘lsa nima bo‘pti? Beton og‘a nari borsa uch oy yo olti oy o‘tirdida, yana ayshini qilib yuribdi. Hozir aprelning o‘rtalari, uylarning bug‘ isitgichlari ishlamay qo‘ygan, qamoqxonada esa aytishlaricha, pechkalar mayning oxirigacha yoqilarkan, qorning ham to‘q bo‘ladi. Boz ustiga, Beton og‘a hikoyasicha, u yerda papirosga oshiq o‘ynasharkan. Qamoqda eng muhimi: o‘zingni qanday tuta bilishingda. Shunday qilish kerakki, odamlar sendan qo‘rqib tursin. Betonog‘a nima qilibdi deng? Qameraga olib kirishganda uni aristonlar bo‘lar-bo‘lmasga o‘rtaga olib, turtkilashaverishibdi. Qarasa, bo‘lmaydigan. Beton og‘a bir kalla qo‘yib, ikki musht tushiribdi! Shundan keyin o‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lib olibdi.
Birovning g‘ami erta kirib, kech chiqadi, deganlaridek, u kimning ham esiga kelardiyu, kim ham u haqda qayg‘urardi? Qarindoshlaridanku — he, onasini emsin! foyda yo‘q. Ota-onasiyu xola-tog‘alari, buvi-buvasiyu hammasi bir go‘r, hech kimning u bilan ishi yo‘q. Umuman, hozirgi odamlarga ham hayron qolasan: kuniga besh marta minoradan azon aytib namozga chaqirishadi, cherkovda qo‘ng‘iroqlar chalinadi, odamlar to‘p-to‘p bo‘lib machit, cherkov, sinagoglarga borishadi, yana shunday olomon bo‘lgancha machit, cherkov, sinagoglardan chiqib kelishadi. U yerganimaga borishadi? Ramazon, hayit yoki boshqa bayramlarda odamlar havo shari uchirishadi, bolalarga pushti, binafsha, ko‘k, sariq rangli ko‘ylaklar kiydirib yasantirib qo‘yishadi, bolalar ham rosa yayrab olishadi. Keyin ramazon hamda boshqa bayramlar o‘tgach, yana odatdagi olachalpoq kunlar boshlanadi. Yomg‘ir yog‘ib, shiddatli shamol uy piromonlarini uzibyulqiydi, yomg‘ir aralash parcha-parcha qor yog‘adi, izg‘irin kuchayadi. Qor yog‘ib, izg‘irin zabtiga olgan, diydiragan Istambul shalabbo bo‘lgan vaqtidagi kunlar qandog‘am yaxshi edi! Ushanda hamma uylardagi qozonxonalar yoqilardi pod’ezdlardagi batareyalar ham chunonam issiq bo‘lardi. Hovuri ko‘tarilib turgan batareyaga Beton og‘a savlat to‘kib o‘tirib olardi, keyin esa Erol Uch Qarta, Demir Tvist, Ali Anqov va boshqalar ham papiros qoldig‘iga pirra o‘ynashdan charchaganlarida issiq batareyalarga o‘tirib olishardi. Hozir-chi? Batareyalar sovuq, qozonxonalardagi olov o‘chgan, e, hammasi onasini emsin!
Istambulda bahor bo‘lmaydi!
Istambulda olti oy qish, olti oy esa yoz. Aprelda pechkalarni isitishni to‘xtatishadi, axir, aprelning ko‘p qismi qish qaramog‘ida shamol-bo‘ron, ho‘l qor, yer yaxlaydi. Faqat bu bilan kimning necha pullik ishi bor? Beton og‘a, Erol Uch Qarta, Demir Tvist, Ali Anqovni demasak.
Erdalni «Abidik-Gubidik» filmini ko‘rishgach, O‘zturk—haqiqiy turk deb atay boshlashdi. «Yashasi-i-in!» deya hayqirgancha u kino qahramonlariga xuddi quyib qo‘yganday taqlid qilardi. Tvistga tushgandaku, hammaning og‘zi ochilib qolardi! Axir, bu haqda kinochilar bilishadimi? Eh, agar ular Erdali O‘zturkga rol berishganda edi, u qotirib tashlardi-ya! Tungi pistirmadagi gangster rolini berishganda edi! Masalan, u bahaybat uyning orqasida o‘tirib olib, uch barmoq orasidan hushtak chalsa bormi, hatto politsiya mashinalarini ham izdan chiqarib yuborishi hech gapmas, agar izdan chiqazolmasa o‘zini naq o‘likday yerga tashlaydi!
«O‘lay agar qarsaklardan zal bosib tushmasa!
Lekin bu haqda kinochilarga gapirib ko‘r-chi? Ularga faqat o‘zlarining Oysha hamda Pari kabi go‘zallarini suratga tushirishsa bo‘lgani. Xorijiy filmlar bo‘lsa boshqa gap! Eh, agar Amerikada bo‘lib qolsam edi. Sen nimaga kulyapsan, Uch Qarta! Aldayapti, deb o‘ylayapsanmi? Yoki eshitmasdan, tevarak-atrofga alanglayapsanmi?»
Birdan u kinochilarni ham, xorijiy filmlarni ham, Uch Qartani ham, umuman, hamma narsani unutib to‘xtab qoldi. Uning oldida kattakon tungi restoran, to‘g‘rirog‘i, qandillar shu’lasiga chulg‘angan, atrofida erkagu ayollar o‘tirgan hamda yo‘q yerdagi narsalar uyib tashlangan stol qo‘yilgan restoranning o‘zi ham emas, faqatgina ana shu restoranning vitrinasigina turardi, xolos. Uning e’tiborini jalb qilgan vitrina yo bo‘lmasam, u yerga ko‘z-ko‘z qilib qo‘yilgan ovqatlar ham emas, balki o‘tkir oshpichoq bilan qoq o‘rtasidan ikkiga bo‘lingan ulkan baliq edi. Mazkur baliq dengiz maxluqiga o‘xshardi — u buni yo kinoda, yoki kechasilari Beton og‘a o‘qib beradigan rasmli kitobda ko‘rgandi. Dengiz, yirtqich maxluq, paroxod. Mallasoqol kapitan, matroslar. Bir vaqtlar borliq qanday go‘zal bo‘lgan-a! Qaroqchi kemalar! Qaroqchi kemalardagi yungalar.
Mana shunday kemalardan birontasida yunga bo‘lishga joni jahonini berishga ham tayyor edi. Qorning to‘q, tryumda issiq o‘rin. Birdan yarim kechada — trevoga chinqirib qoladi! Dushman kemasi! Qaroqchilar ularni abordajga olib, xuddi «Temir niqob» filmidagi kabi barcha komanda a’zolarini xanjar bilan chavoqlashgach, kapitanning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab tryumga tashlashadi. Tun. G‘alabadan mast bo‘lgan qaroqchilar dong qotib uxlab qolishadi. Shunda u, xuddi «Temir niqob»-dagi bola kabi ohista o‘rnidan turib, asir kapitan bog‘lab tashlangan arqonni yechadi. Lekin qochishdan oldin palubaga kerosin shimdirilgan lattalarni tashlab qaroqchi kemani yoqib yuborishadi. Kema qop-qora dengiz qa’rida yorqin shu’laday lovillaydi! Keyin kapitan xazinasini ko‘mib qo‘ygan kimsasiz orolga borishadi. Ular boyliklarni qayiqqa ortib, kattakon portga yetib borishadi. Bu yerda ular kema sotib olishlari kerak. Qapitan xuddi «Temir niqob»dagi kabi uni kemani qo‘riqlashga qoldirib, revolver beradida, o‘zi bayrog‘iga bosh suyak hamda suyaklar tikilgan qaroqchi kemalari sotib olish uchun ketadi. Lekin mana shu vaqt portda qulog‘iga isirg‘a taqqan qandaydir yovuz, mast-alast, qo‘pol, yaramas kishilar o‘ralashib yurishgan bo‘ladi. Ular bu qayiqning oddiy qayiqlardan emasligini fahmlab qolib, bolani tutib olib yashirin zindonga tashlash, hamda qayiqni egallash uchun bostirib kela boshlashadi. U qayiqni o‘rab olishayotganini ko‘rib turadi va qaroqchilardan o‘zini muhofaza qilish uchun otishi lozimligini o‘ylaydi-yu, qo‘lida revolver bo‘lishiga qaramay, qo‘rqqanidan gangib qoladi. Xuddi shu vaqt allaqayoqdan o‘q ovozi eshitiladi. Qulog‘iga isirg‘a taqqan qaroqchilar birin-ketin qop-qora, iflos suvga qulay boshlashadi. Bolani port soqchilari o‘rab olib, qo‘liga kishan solishadi:— qamoq! Xo‘sh, nima qipti, qamoq bo‘lsa qamoqda! Axir, Beton og‘a ham u yerda o‘tirib chiqqanku, bir yeri kamayib qolgani ham, o‘lgani ham yo‘q. Kunlardan bir kuni kechasi issiq batareyada yotib, uyqugaketish oldidan u shunday degandi: qamoqxonada pechkalar butun aprel davomida, hattoki mayning oxirlarigacha yoqiladi, qorinning g‘amini yemasang ham bo‘ladi, oshiqda xohlasang pulga, pul yo‘g‘ida esa papirosga o‘ynasang ham bo‘laveradi.
Yigitcha xo‘rsindi. Uning qarshisidagi restoran vitrinasida — kattakon baliq, tok bargidan qilingan do‘lma, qip-qizil pamildorilar, kuydirilgan qo‘y oyog‘i, buyrak, jigar, ko‘k salat.
U yo‘lkaga tupurdi. «Agar qamoqqa tushib qolsang,— derdi Beton og‘a,— hech narsadan qo‘rqmaslik kerak. Bir kalla qo‘yib, ikki musht tushirsang, tamom-vassalom! Birorta ahmoqrog‘ini boplab adabini berib qo‘ysang, qolganlari o‘z-o‘zidan ipakday muloyim tortib qolishadi. Keyin yeganing oldingda, yemaganing ortingda, deganlaridek, xuddi poshshoday davru davron suraverasan!»
Uning nazari oldingi stolda o‘tirib kattagina bo‘lak go‘shtni saranjomlayotgan dumaloq bag‘baqali, baqaloq amakida to‘xtadi. «Mana buni go‘sht desalar bo‘ladi! Nega menga ko‘zini olaytiryapti, bu baqaloq? Kostyum bilan galstugini yechib, sochini tap-taqir qilib olib, qulog‘iga isirg‘a taqib, qaroqchilarga o‘xshatib kiyintirib qo‘ysang, tap-tayyor «Temir niqob»dagi qaroqchi bo‘ladi-qo‘yadi. Eh, yunga rolini o‘ynashni menga topshirishsa edi, o‘lay agar!— zal qarsaklardan qomatga kelardi.»
Kunduzgi chiroq bilan yoritilgan restoran derazasining ro‘parasida o‘tirgan baqaloq amaki juldurvoqiga baqrayib qarab turardi. Bir vaqtlar uning o‘zi ham mana shunday bezori bo‘lib, aprelning sovuq kunlarida tosh ko‘chalarida oyoq yalang yurar, kiyimlari ham xuddi shu yigitchanikiga o‘xshardi, restoran oynasi orqali kavshanayotgan xo‘randalarga och ko‘zlari bilan tikilib qarardi. U ham otasiz, onasiz hamda xola-ammasiz o‘sdi-yu, lekin bari bir odam bo‘lib yetishdi. Suv, qandolat sotdi, dastyorchilik, hammolchilik qildi. Sultonaxmatda yong‘in bo‘lganda esa, Rasim Cherkeshli bilan o‘g‘irlik qildi, keyin o‘g‘irlangan mollar bilan Machki, Shishli, Hamalboshida berkinib yurdi. Bu yerda uni tutib olib, boplab adabini berishdi. Shundan keyin o‘ylay-o‘ylay gardanini qashidida, katta yo‘lga chiqib oldi. U yo‘lto‘sarlik qilib odamlarni tunar, bosqinchilik qilardi, ba’zan o‘zi ham biqinidan pichoq yeb qolardi-yu, lekin o‘z ulushini qo‘ldan boy bermasdi. Qayerda? Qanday qilib? «E-e, o‘tgan narsalarni kavlashtirishning nima hojati bor? Asosiysi, hozir nufuzli odamman, pudratlarim bor, kontoram hattoki Savdo palatasida ham qayd qilingan!»
Xo‘randa bir ko‘tarishda qadahni bo‘shatdi-da:
— Garson!— deb baqirdi.
Boshdan-oyoq qora kiyingan ofitsiant yugurib keldi:
— Xizmat, beyim?
— Hov anavi yaramasni haydab yubor! Ko‘ryapsanmi, oyna oldida qaqqayib turibdi.
«Yaramas? Hali shunaqami? Xo‘sh, agar yaramas bo‘lgan taqdirda ham, unga nima? Unga nima yomonlik qildi, aybi nima?»
— Hoy, yigitcha, qani, tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi «Nega? Nima uchun? Men axir sizlardan ovqat so‘ramayapman-ku? Manavi nusxani qulog‘ida isirg‘ali qaroq-chi sifatida tasavvur qilganim bilan osmon uzilib yerga tushmadi-ku?»
— Senga aytyapman, jo‘na bu yerdan!
— Nega haydayapsan, og‘a? YOKI men uning go‘shtini yeb qo‘ydimmi?
— Ko‘p valdirayverma!
Ofitsiantning kulgisi qistadi. U endi bolaning oldiga bormoqchi bo‘lib turuvdiyamki, uni boshqa odam oriq, qizil galstuk taqib, silliq tarangan erkak/ chaqirib qoldi:
— Garson!
— Labbay, beyim?
— Bolani nega haydayapsan?
Savdo palatasida qayd qilingan sobiq o‘g‘ri uning jig‘iga tegib javob qildi:
— Xohishim— shu!
— Shu? Shunaqa deng! Nega endi?
— Uning ko‘rinishi ko‘nglimni aynityapti!
— Ah-ha, demak, uni ko‘rsangiz ko‘nglingiz ayniyaptimi?
— Nima, senga yoqmayaptimi, to‘nka?
— Nima-a-a? Siz to‘nka dedingizmi?
— Bo‘lmasa kimsan, bema’ni?
— Sen otangni sansiragin, tentak! Mening kimligimni bilasanmi?
— Naq Ollo taoloning o‘zimasmisan, ishqilib? Menga desa xudo bo‘lmaysanmi, bari bir chumolidek ezib tashlayman!
Salfetkalar g‘ijimlanib stolga tashlandi. «He, onangni seni! - Hoy, qumkapiliklar! Yenikapliklar! Oqsaroy, bu yoqqa kel! Samatya! Yedikule!..» «Qani, Atika, Yavuzsalim Edirnekanlarning adabini ber-chi, biznikilar bilan o‘ynashib bo‘lmasligini ko‘rsatib qo‘yinglar-chi!» «Malta, Fotix, Unkapi, Shishxona buyoqqa!»
Havoda mushtlar do‘laydi, stollar to‘nkarildi, bokallar, stakanu grafinlar sindi, vilkayu qoshiqlar polga uloqtirildi
— Shveysar!
— Politsiya! Shveysar!Politsiya!
Hammasi xuddi kinodagidek bo‘ldi. U restorandagi mushtlashuvni qandaydir, nomini esdan chiqarib qo‘ygan kinoda ko‘rayotgandek his qilardi. U xursandligidan nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qolay derdi: «Ur, ursang-chi!
Voy anavini-ey, bo‘shashma! Sol uni, og‘a, boplab ada-bini bersang-chi! Eh, bir vaqtlar Oyxon Ishik qanday mushtlashardi-ya! E yo‘q, o‘shanda Eshref Kolchak edi, shekilli. Ana mushtlashuvu mana mushtlashuv bo‘lgandida, o‘ziyam!»
Politsiyachilar, kvartal qorovullari chopib kelishdi mushtlashganlar hamda restoranning boshqa xo‘randalari, ofitsiantlari — hammadari birgalikda politsiya uchastkasi tomon yo‘nalishdi. Yigitcha ham ularga ergashdi. Axir, mushtlashuv u tufayli kelib chiqdida! Hozir uchastkaga borishgach, haqiqatanam hammasi shunday bo‘ldimi, deb so‘rashadi, shunda u g‘ururla ko‘krakkerib: «Ha» deb javob beradi. Shundan keyin uni qamab qo‘yisharmikan? Ishqilib, qamab qo‘ysinlarda. U yerda pechka mayning oxirigacha yoqiladi, xohlaganingcha ovqat yeysan, oshiq, qarta. Xudo beraman desa hech gapmas, endi yashasa bo‘ladi! Bugunku ko‘cha issiq, ertaga qarabsanki, ob-havoning avzoyi buzuq. Uylarning isitgichlari ishlamaydi, batareyalar sovuq, ularda isinib bo‘psan. O-o-oh! Qamoq, qamoq, qamoq.
Lekin, mushtlashuv ishtirokchilari politsiya uchastkasiga kirishayotganda politsiyachi bolani qo‘lidan ushlab qoldi.
— Sen qayoqqa ketyapsan? Qani, jo‘na bu yerdan!
— Axir, og‘ay.
— Tezroq jo‘na, kimga aytyapman?
«Axir, bu qanaqasi bo‘ldi, og‘a? Nahotki, shu adolatdan, qonunan bo‘lsa? Axir, men maygacha maza qilib qamoqda o‘tirib chiqishim mumkin ediku! Issiq ovqat, oshiqlar. Papiros qoldig‘i bo‘lsa ham mayli, men roziman. Tfu, jin ursin, yana omadim kelmadi-da!»
Politsiya uchastkasi eshigi oldida yana boshqa politsiyachi paydo bo‘ldi. Bola boshini egganicha unga yaqinlashdi.
— Politsiyachi amakijon, hoy, politsiyachi amaki.
Axir, mushtlashuv men sababli chiqdi. Meni qamoqqa o‘tkazib qo‘ying!
Politsiyachi uning yonidan beparvo o‘tib kyotdi. U bolaning gaplarini eshitdimi yo o‘zini eshitmaganga soldimi — xudo biladi.
— Tfu, jin ursin, hammasi qo‘shmozor bo‘lsin! Nahotki, bu mamlakatda hech qanday qonun qolmagan bo‘lsa! Hattoki, qamoqqa tushishga ham imkon berishmaydiya! O‘sha yerda hech bo‘lmasa qishni o‘tkazib olsaydim!
O‘rxon Kamol. Bezori (hikoya)
Hikoyat Mahmudova tarjimasi