Vaqt allamahal bo‘lib qolgandi. Shift takkinasidagi birdan-bir lampochka xonani g‘ira-shira yoritardi. Oytan haftalik gazetaga berilgan reklamalarga tikilgan ko‘yi chorpoyada yotardi. U bosma satrlarga qanchalik tikilmasin, bari bir hech narsani ko‘rmas, holbuki, xuddi shu sahifada nomining o‘ziyoq qizlarning yuragini orziqtirib yuboradigan ashyolar reklama qilingan edi. Bunda ip va jundan to‘qilgan, odmi satindan tikilgan, rasmli hamda rasmsiz narxi o‘n beshdan yetmish liragacha bo‘lgan jimjimador qo‘lqoplar; yetmish beshdan uch yuz liragacha bo‘lgan kumush hamda oltin suvi yuritilgan upadonlar; bilaguzugu taroqlar; taqinchog‘u munchoqlar; kechki tufli-yu botinkalar; sumka-yu kechki ko‘ylaklar; chepchigu, orlonu jun hamda neylondan to‘qilgan sviterlar, koftalar; yuzga ishlatiladigan grimu kiprik uchun tushlar; Idish-tovoq, guldonu qanddonlar, keramika xullas, hamma-hammasidan bor.
Oytan ilovani qo‘lida ushlab tursa ham unda nimalar yozilganini ko‘rmasdi. Shunday qilib, boshqa iloji yo‘q: maktabni tashlab ishga kirishi kerak. Hademay pivoxonadan otasi mast-alast keladida, odatdagi diydiyosini boshlaydi: «Jonga tegdilaring, badbaxtlar! Hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi! Axir, necha bor senlarga aytdim: ish yo‘q, senlar bo‘lsa tushunishniyam istamaysanlar! Meni tiriklay go‘rga tiqmoqchimisanlar? O‘lib-netib qolsam bormi, darrov ishga yugurgilab qolardilaring. Senga aytyapman, hoy xotin, ishga kir. Qizimizam ishlasin.
Demak, maktab bilan xayrlashishga uning navbati kelganga o‘xshaydi. Uning ko‘pgina tengdoshlari birinchi sinfga yig‘ilganlarida qanchalik sho‘x-shodon va beg‘am-betashvish edilar-a! ish deya maktab bilan xayr-ma’zur qilishga majbur bo‘lgandilar.
Hamma orzulari chippakka chiqdi endi unga na maktab, na meditsina instituti, na vrachlik diplomi nasib qiladi. Kelajagi noma’lum hayot boshlanadi. Cho‘ntakda hemirisiz, ayanchli, yarim och holdagi tirikchilik. Gavjum ko‘chalar hamda xiyobonlar bo‘ylab daydib yurish. Shundoqqina yonginangdan g‘izillab o‘tayotgan avtomashinalar oqimiga qarash. Bularning hammasi sen uchun emasligini bilasan ham. Orzularingning sarobligini, hech vaqoga haqqing yo‘qligini tushunasan. Och qolmaslik uchun dugonalaringga o‘xshab maktabni tashlab, trikotaj fabrikasi yoki boshqa biron joyga ishga kirishga majbursan. Onasi necha marta ko‘z yoshi to‘kkancha: «Otangga quloq solma, qizalog‘im, maktabni tashlama, xohish va iqtidoring bor ekan, o‘qiyver. Bugun biz bormiz, ertaga xudo podsho!» deb uning qulog‘iga quyardi.
Qiz jahl bilan reklama varag‘ini itqitib yubordi.
Xudoning bergan kuni dadasi onasini qistovga olib qayerga bo‘lmasin kirchimi, yo pol yuvadigan bo‘libmi ishga joylashib olishini talab qilardi. Qiz sho‘rlik behisob janjalu g‘idibidilarni eshitaverib necha-necha kechalarni qon yig‘lab o‘tkazgandi. «Hoy xotin, otang prokurorligi vaqtida surgan davru davronlaring tugadi endi, deb gap boshlardi dadasi ko‘pincha, — sen aytgan tollar allaqachon kesilib ketgan. Xomtama bo‘lma.
Ha, mana shunaqa.» «Hoy, dadasi, hech bo‘lmasa qo‘shnilardan nomus qilsangizchi. Shundog‘am bizlarni butun olamga abtar-daftar qilib yubordingiz!» «Abtar-daftarlaringga tupurdim!» «Men esam tupurmayman! Qizimiz katta bo‘lyapti, axir, hech bo‘lmasa o‘z pushtikamaringizdan bo‘lgan qizchangizning kelajagi haqida o‘ylasangiz bo‘lardi!» «Men to‘g‘rimda kim bosh qotirgandi, xo‘sh? Mening kelajagim haqida kim qayg‘urganiydi? Bo‘ynimga to‘rva xalta osib ko‘chaga haydaganlarida o‘n besh yoshga ham kirmagandim. Menga oson tutasan, shekilli? Yo men odammasmidim? O‘qishni xohlamaganmidim? O‘qib, kasb-hunarli bo‘lib olgan og‘aynilarimni ko‘rsam, ich-etimni mushuk tirnaydi! Menga birontasining rahmi keldimi yo nochor vaqtimda yordam berdimi?» «Unda uylanib bola-chaqa orttirishning nima hojati bor edi?» «G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqa arqonni uzmaydi. Uzingku kitob ichiga o‘ldim-kuydim deb, ishqiy maktublar solib bergan. YO yolg‘onmi?» «Bas qiling!» «Nega bas qilarkanman? YO tag‘in qo‘shnilaringdan cho‘chiyapsanmi?» «Qizimiz hali uxlagani yo‘q, eshitib qoladi! Nomus qilsangiz-chi!» «Eshitsa eshitaversin! Bu uylanish menga qaysi huzur-halovat uchun kerak edi? Tag‘in, kelib-kelib, manman degan prokurorning qiziga uylanishni menga kim qo‘yuvdi! Menga oddiy xizmatchi qiz ham bo‘laverardi! Bir birimizga yordam berardik, uyalib ham o‘tirmasdik, ta’na-malomatlarga ham o‘rin qolmasdi!» «Haqiqatanam yaxshi bo‘lardi. O‘tgan ishga salovat, endi obidiyda qilishning hojati yo‘q!» «Nimasi kech ekan, haliyam tuzatish mumkin. Qizingning o‘qimishli bo‘lishini istasang, pol yuvishgami, kir yuvuvchilikkami, oshpazlikkami yoki xohlagan joyingga borib ishla! Meni unut! Qizing haqida o‘yla!» Xudoning bergan kuni shu ahvol.
Oytan ko‘rpaga o‘ralib yum-yum yig‘lagancha, bu janjallarni eshitib yotardi. Ko‘chada qor yog‘ar, bo‘ron quturar, shamol oynalarni taraqlatardi. Keyin bahor boshlanardi. Uyda esa har kech dahanaki jang davom etardi. Onaning bo‘zargan yuzi jiddiy tus olgan, xuddi isitmalayotganday yiltillagan ko‘zlari ostida teran qora ko‘lagalar paydo bo‘lgandi. Bod va yurak xastaligidan zaiflashib qolgan ayol birovlarnikida pol yuvuvchi, kir yuvuvchi, oshpaz yoki tikuvchi bo‘lib qanday ishlay olsin?
Eshik taqilladi. Oytan o‘rnidan sakrab turib, eshikni ochishga shoshildi. Ostonada jahldor, xom semiz, qip-qizil yuzlari shishgan otasi turardi. U hatto qiziga qiyo ham boqmay uyga kirib keldi. U o‘zining butun turq-tarovati bilan shu tarzda gapirayotganday bo‘lardi: «Nahot, unga, pensionerga, pivoxonada o‘tirish huquqi man etilgan bo‘lsa? Uydagilari ro‘zg‘orni tebratib turganda bormi!»
— Bundan buyon ishlar pachava, deb necha bor aytdim, deya u odatdagi diydiyosini boshlardi.
— Nafaqa yuq ham bo‘lmaydi. Eh, qani endi hamma oila a’zolaringni, o‘g‘il-qizlaringni yig‘ib tergab ishga jo‘natsang! Uyga ham darhol qutbaraka kirardi. Ha, eng muhimi, non!
U allaqachon dastlabki sariq rangini yo‘qotgan, yirtiq-yamoq, loybalchiqqa belangan botinkasini yechdida, og‘ir qadam tashlagancha zinadan ko‘tarila boshladi.
— Avval taom, so‘ngra kalom! Bilim olish, hunar yegallashning o‘zi bo‘lmaydi. Bir tovuqqa ham suv, ham don kerak. A, labbay? Ha, avvalo non, undan keyin har xil maktablar. Hamma bilan murosa qiladigan, har qanday gapga ha, barakalla, deb turgan davrlarim o‘tib ketdi. Endi ikki qo‘limni burnimga tiqib o‘ltiravera-man. Yo rabbim! Pichoq borib suyakka taqaldi-ku. Ortiq bu tarzda yashashga qodir emasman. O‘lganimdan keyin qizim vrach bo‘lganidan menga nima foyda? O‘ziga o‘xshash vrach yoki aptekachiga tegadi-ketadi-da?! Uh! Darmonim qolmadi-ya!
U hozirgina qizi yotgan chorpoyaga cho‘zildi. Oytan bir paytlar, kichkintoyligida qiladigan odati bo‘yicha uning yoniga kelib o‘tirdi. U qo‘lini otasining yelkasiga qo‘ydida, muloyimgina suykaldi. Birdan otaning ko‘ngli yumshab, qizning quyuq qo‘ng‘ir sochlaridan siladi. Uyga qaytayotib yangi janjal chiqarish uchun butun dunyo-ni, shu jumladan, xotini, oilasi va albatta, xotinining otasi prokurorni ham astar-paxtasini ag‘darish niyatida diliga tugib quygan barcha dag‘al so‘zlariyu haqoratlari ham esdan chiqdi.
— Dadajon, men maktabdan ketmoqchiman.
U xuddi shapaloq yeganday birdan boshini silkitdi.
— Nega endi ketarkansan?
— Ishga kiryapman.
— Qayerga?
— Trikotaj fabrikasiga. U yerda dugonalarim ish-lashadi. Aytishlaricha, avvaliga maosh ozroq bo‘larkan, keyinchalik, ish o‘rganib, tajribam ortgach esa. Bilasizmi, ular bilan birga ishlashimni eshitib, shunaqayam suyunib ketishdiki! Ertaga ertalabdan boradigan bo‘ldim.
Ikki gapning birida, ona-bola ishlashgandagina uyda farovonlik bo‘lishi mumkin, deb ta’kidlaydigan ana shu johil odamning qalbida nimadir titrab ketdi. U o‘kinch, hatto afsuslanish hissini tuydi. Tomog‘iga bir narsa tiqilganday nafasi qisilib, ko‘zida yosh aylandi,
— Xotin! Hoy xotinjon!—bo‘g‘iq ovozla chaqirdi u. Ko‘pikli qo‘lini kir peshbandiga artgancha, baland bo‘yli, ozg‘in, rangpar ayol unga yaqinlashdi.
— Gapiring, qulogim sizda.
U: «Bilasanmi, qizimiz ishga kirmoqchiymish?»—demoqchi bo‘ldi-yu, lekin indamadi, agar hozir og‘iz ochib bir narsa deydigan bo‘lsa, yig‘lab yuborishi aniq edi. Er-xotin bir-birlariga sassiz tikilib qolishdi. Oytan hamon, avvalgidek, otasining yonida o‘tirgancha uning barmoqlarini o‘ynardi. U xayrlashishi lozim bo‘lgan maktabi haqida, ayniqsa, eng sevimli ximiya darsi haqida o‘ylardi. Ximiya, biologiya, matematika. Ertangi kunga ancha dars berilganiydi. Agar hozir o‘tirib dars tayyorlay boshlasa, yarim kechada tugatishi ham amrimahol. Ximiya o‘qituvchisi uning maktabga kelmaganini eshitib rosa ajablansa kerak o‘ziyam. Matematika muallimichi?! Oytan maktabga kelmabdi? Yo‘g‘-e, issig‘i qirq darajaga ko‘tarilib turganda ham darslarni qoldirmaydigan o‘sha Oytan-a? Bo‘lmagan gap! Kasal bo‘lib qolganida ham qancha qistashmasin, u biror martayam maktabdan uyiga ketmasdi! Yopiray, shu qiz maktabga kelmadimi, deb rosayam hayron qolishsa kerak. Uqituvchilar doim u bilan faxrlanishardi! Axir, biologiya o‘qituvchisi uni o‘qishni davom ettirib, albatta, doktor bo‘lishga ko‘ndirmaganmidi. Sevimli muallimi hamda yarim xaroba kulbada umrining oxirgi damlarini kechirayotgan yetmish yoshli qo‘shnisi Hadiya xola unga katta umid bog‘lashgandi. Agar qo‘shnilar holidan xabar olib, o‘tinu ko‘mir, kiyim-boshidan tortib ovqatigacha galma-galdan tashib turishmasa bechora kampirning sho‘riga sho‘rva to‘kilardi. Oytan ham tez-tez undan xabar olib turardi. Yugurib kelib: «Hadiya buvijon!»—deb chaqirardi. «Ha, chirog‘im»: «Doktor bo‘lganimdan keyin, sizni albatta kasalxonamga olib borib oyog‘ingizni tuzataman». «Iloyim aytganing kelsin, qizalog‘im!» «Yap-yangi oppoq kofta, yangi tufli olib beraman». «Usha vaqtga borib meni esingdan chiqarib yuborasan, bo‘talog‘im». «Hecham esimdan chiqarmayman, Hadiya buvi, xudo haqqi rost, gapiryapman!» «Esingdan chiqarsang-chi?» «Agar esimdan chiqarsam ko‘r bo‘lay buvijon!» «Unday demagin, bo‘talog‘im! Dushmanlarimizning ko‘zlari ko‘r bo‘lsin. U vaqtda esingdan chiqarsang ham, meni hozirgi kunda eslab turganingning o‘zi kifoya».
Tashqarida yana havo aynigan: shamol aralash ho‘l qor yog‘yapti, hammayoqda loygarchilik. Oytan birdan bugun Hadiya buvinikiga bormaganligini eslab qoldi.
Chorpoyadan sakrab turib, oshxonaga chopib kirdida, yasmiq yovg‘onidan tovoqqa solib, bir bo‘lak non, ozroq tuz, katta bosh piyoz olvoldi. Endi unga otasi bilan onasining nima haqda gapirayotganlari bari bir edi. U shitob bilan uydan chiqdida, xuddi shamol bilan quvlashmachoq o‘ynaganday, o‘qday uchib Hadiya buvining kulbasiga otilib kirdi. Kampirsho nimdoshgina quroq ko‘rpaga oyog‘ini o‘ragancha, ikki bukilib olovda isinib o‘tirardi. Aftidan, qo‘shnilardan kimdir yaqinginada ko‘mir olib kelib manqalni yoqib bergan shekilli. Keksa ayolning fikrlari uzoq o‘tmishda aylanib yurardi.
U bundan ellik yil avval Istambuldagi xuddi bugungiday sovuq, bo‘ronli tunni eslagandi. Zeyrekning chekka mahalla-ko‘ylaridan biridagi peshtoqi o‘ymakor ulkak yog‘och uyni xotirladi. O‘shanda u g‘unchadakkina edi, ertalabdan kechgacha tinim bilmay pillapoyadan yuqoridan pastga yugurgani-yugurgan edi, ertalab esa tong yorishar-yorishmas na qor, na sovuqni pisand qilmay buloqdan suv olib kelgani borardi.
— Hadiya buvi, bu yoqqa qarang, men keldim! Oytanning ovozini eshitib, keksa ayol xayol daryosidan sho‘ng‘ib chiqqanday bo‘ldi.
— Xush kelibsan, bo‘talog‘im!
— Nima haqda o‘ylanib qoldingiz?
— Uzim ham bilmayman, avvalgi hayotim haqida eslayotgandim.
— Yasmiq yovg‘on, non va topingchi, yana nima olib kelganimni.
— Piyozdirda?
— Ha, topdingiz!
— Rahmat, senga, qizalog‘im. Bu dunyo-yu u dunyo Ollo taolo seni yorlaqasin.
Oytan engashib ovqatni kampirga yaqinroq surdi, keyin non bilan piyozni ham qo‘ydi. Hadiya buvi qizning qo‘ng‘ir sochli boshini mehr bilan quchoqlab, yonoqlaridan o‘pdi.
— Oytan, qizalog‘im, qanday qarorga kelganimni bilasanmi? Sen doktor bo‘lmaguningcha o‘lmaslikka ahd qildim. Qutaman. Doktor bo‘lishingga yana necha yil bor.
— Sakkiz.
Hadiya buvi barmog‘ini bukib sanay boshladi, bu vaqtga kelib u yetmish sakkizga kirarkan! O‘sha kunlarga yeta olarmikan? Tag‘in sakkiz yil yashay olarmikan? Ha, mayli, bu haqda o‘ylamaslik kerak. Qizni xafa qilib, umidlarini puchga chiqarishning nima hojati bor.
—Sening kasalxonangni supurib-sidirib tozalayman, bemorlarga qarab turaman, sen bo‘lsang, oyog‘imni davolaysan, keyin qand kasalimni, oshqozonimni.
Oytan ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiygancha, odatdagidek:
— Albatta, albatta!—deb javob qildi.
Keyin u kulbadan otilib chiqdida, qor hamda xalqoblarni bosib uyiga chopib ketdi.
O‘rxon Kamol. Eng muhimi, non!.. (hikoya)
Hikoyat Mahmudova tarjimasi