OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pramudya Ananta Tur. Inem (hikoya)

Inem!
Bolalikdagi do‘stim — qo‘shni qizchani shunday atashardi. O‘shanda — uning yoshi sakkizga to‘lgandi. Inem mendan ikki yosh katta edi.
Inemga duch kelgan odamlar muloyim jilmayib qo‘yishardi. Uning go‘dak chehrasi shunaqa ham tiniq, biram yoqimli ediki! Kuyovlar o‘sib kelayotgan ko‘pgina oilalarda: “Qani endi Inemga o‘xshagan qizni kelin qilib olsak...”, deb o‘ylashardi. 
Shahrimiz ayollari sholi paykallarida ishlaridan bo‘shagan kunlari, bunday damlar uncha ko‘p bo‘lmasdi, udeng1 va sarung2 larni bezash bilan band bo‘lardilar. Oq gazlama va mumni Ichjo do‘kondordan olishardi. Inemning onasi udenglarni kashtalab berardi. Har ikkita udeng uchun unga bir yarim tsent to‘lashardi. Bir kunda u sakkiz-o‘n udeng tayyorlab berishga muvaffaq bo‘lardi.
Inemning otasi haqida yomon gaplar yurardi. Onamning aytishiga qaraganda, u bir vaqtlar o‘rmon yo‘llarida qaroqchilik qilar, odamlarni talar ekan. Uning hozir ham qandaydir qing‘ir ishlar bilan shug‘ullanib yurganini hamma bilardi. Lekin aniq dalillar bo‘lmagani uchun uni “chaqib” berishga hech kim botinolmasdi. Buning ustiga, uning qarindoshlaridan ayrimlari politsiyada xizmat qilishardi, ulardan bittasi hatto birinchi darajali vakil unvonida edi. 
Ha, Inemning otasi ham yaqin paytlargacha politsiya xizmatida bo‘lgandi; uni poraxo‘rligi uchun ishdan haydashgandi.
Bir siymoda ham qaroqchi, ham politsiyachi! Buni men sira ham tushuna olmasdim. Bu odamning yordamida yo‘lto‘sarlarni qo‘lga tushirish uchun uni politsiya xizmatiga olishgan, deb tushuntirdi onam menga.
Inemning otasi xo‘roz urishtirish ishqibozi edi. Ko‘pincha yutqazib qo‘yardi: uning xo‘rozi boshqalar qo‘liga o‘tar; buning ustiga yana uch talendan3  ringgit4 gacha to‘lashga majbur bo‘lardi. Xo‘roz urishtirishlar bo‘lmaganda esa Inemning otasi qarta o‘yiniga o‘tirardi. Bunda ham uning omadi chopmasdi... U tez-tez qaerlardadir haftalab yo‘qolib ketardi, ba’zan oylab qorasini ko‘rsatmasdi. Lekin hamisha pul bilan qaytib kelardi.
Ota-onam anchadan beri Inemni otaliqqa olishgandi. U uyda onamga qarashar, meni va ukamni o‘ynatardi.
Bir kuni oshxonada Inem suv solingan qozonchani o‘choqqa qo‘yarkan:
— Shirintoy, Muk, — dedi menga, — men kelinman!..
— Kelin? — hayron bo‘ldim men.
— Ha!.. Hademay to‘yim bo‘ladi.
— Kelin bo‘lish yaxshimi?
— Bo‘lmasam-chi! Menga chiroyli-chiroyli kabayya5  va kayn6  olib berishadi. To‘y kiyimlarini aytmaysanmi! Meni gullar bilan yasantirishadi... Ko‘zlarimga surmalar surishadi... Sochimni chiroyli qilib turmaklashadi! Biram xursandman! Biram shodmanki!
Inem rost gapirgandi.
— Begoyim, — dedi bir kuni Inemning onasi mening onam huzuriga kelib, — to‘y vaqti kelyapti. Qizginamni uzatish kerak.
— Nima? Uzatish kerak?
— Ha, begoyim. U allaqachon sakkiz yoshni urib qo‘ydi!
Onam kuldilar:
— Sakkiz yosh! Axir u hali go‘dak-ku!
— Bizlar priyai emasmiz, begoyim. O‘sha oqsuyak — priyailarning qizlari ancha vaqtlargacha erga tegmasliklari mumkin. Bizlarda bu mumkin emas. To‘yni bultur o‘tkazishimiz kerak edi. Asixning qizi erga tekkaniga ancha bo‘ldi. Inem undan ikki yosh katta. Xudoga shukr, uni xotinlikka oladigan odam topildi. Inemni uzatsam, yashashimiz ancha yengillashadi. Kuyovning otasi badavlat odam, Markabonning o‘zi ham mol sota boshladi. Yolg‘iz merosxo‘r!..
— Voy, egachijon, — yana gap boshladi onam, — axir, u endigina sakkiz yoshga kirdi-ku!..
Mehmon qoshlarini chimirdi:
— Men ham, onam ham erga sakkiz yoshda tekkanmiz...
— Qiz bolani juda yosh uzatish — yaxshimas! Bolalar o‘smay qoladi, kasalga chalinadi...
— O‘zingiz yaxshi bilasiz, begoyim. Lekin bizning oilamizda xudoga shukur, kasallar yo‘q, uzoq umr ko‘rishadi. Mening onam hademay oltmishga to‘ladi, tuppa-tuzuk yuribdi. Ana buvimizni qarang, tomorqada qanday ishlayapti! Holbuki, yetmishdan oshib ketgan!
Ammo onam o‘z fikrida turib oldi:
— Baribir, kuyov ham hali bola...
— Markabod o‘n yettiga to‘ldi, begoyim.
— O‘n yetti yosh? Mukning otasi o‘ttiz  yoshida uylangandi!
Inemning onasi indamadi: aftidan, bu so‘zlar uni sira ham ishontirmagandi.
— Agar shunday qarorga kelgan ekansizlar, — dedi onam, — unga baxt tilashdan boshqa hech narsa deya olmayman...
— Sho‘rlik, bechora qiz!.. — dedi onam o‘yga tolib. — Ammo ular judayam muhtoj! Juda qashshoq! Bu ularning so‘nggi umidi...
Ikki haftadan keyin Inemning onasi qizini olib ketgani keldi. Inem xursandligidan, quvonchini yashira olmasdi. Bechora! Bizning uyimizdan butunlay ketayotganini xayoliga ham keltirmasdi.
Nihoyat, tantanali kun yetib keldi. 
To‘yni tomosha qilish uchun gurullab yugurgan bolalar to‘dasida men ham bor edim. Inemni tanib bo‘lmasdi. Sochlari bejirim turmaklangan, qoshlari va gajaklari yaxshilab surmalangan. Kokilini mo‘’jazgina, chiroyli qog‘ozgul bezab turardi. Yaltiroq bezaklar, ipak nimcha, qimmatbaho ko‘ylagini aytmaysizmi!.. To‘g‘ri, bularning hammasi vaqtinchalikka badavlat xitoydan olingan edi...
Uy va hovlini kokos xurmosining barra barglari va baringin1 ning uzun shoxlari bilan bezatilgan edi.
Biz tomonlarda to‘y, odatda, hosil yig‘ilgach, guruch arzonlashgan paytda, tag‘in qo‘g‘irchoq teatri ishtirokida o‘tkaziladi. Qo‘g‘irchoq teatri ishtirokisiz tomosha ko‘ngilxushlik bo‘libdimi? Inemning ota-onasi to‘yda vayyang2  qatnashishi uchun qo‘llaridan keladigan hamma narsani qilishdi. Lekin, afsuski, ular buning uddasidan chiqisha olmadi. Nihoyat ular to‘yga raqqosalar va gamelan3 ni taklif etishga ahd qilishdi.
Musiqa ovozi ikki kechayu-ikki kunduz tinmadi. Biz, bolalar, kattalarning raqs tushishini miriqib tomosha qildik. Ular davrada aylanishar, qadah urishtirishar, o‘pishishar va mast holda:
— Ura! — deb qichqirishardi.
Barcha, ayniqsa ayollar to‘y marosimini alohida e’tibor bilan kuzatardilar.
Urf-odat taqozo etganidek, Inem kuyovning oldiga borib, oyoqlari uchida cho‘kkaladi, kaftini kaftiga qo‘yib, ularni yuziga shunday yaqin olib keldiki, katta barmoqlarining tirnoqlari burniga tegdi. Keyin mis jomda iforli suv keltirishdi. Markabon uy ostonasini hatlab o‘tishdan oldin Inem o‘sha suv bilan uning oyoqlarini yuvdi. Kelin-kuyovning qarindoshlari yoshlarni o‘rab olishdi, ularning qo‘llarini birlashtirishdi va go‘shangaga olib kirishdi.
Shunda hamma baravariga qiyqirib olqishlay boshlashdi:
— Bitta edi — ikkita bo‘ldi!
— Bitta edi — ikkita bo‘ldi!
— Bitta edi — ikkita bo‘ldi!
Shu payt Inemga ko‘zim tushib qoldi: u yig‘lardi. Ko‘z yoshlari upa-elik va surmani yuvib, uning go‘dak chehrasida qora iz qoldirardi.
Men uyga yugurib keldim-da, onamdan so‘radim:
— Oyi, Inem nega yig‘layapti?
— Kelinlar allaqachon dunyodan o‘tib ketgan katta bobolari va buvilarini eslab yig‘laydilar, bolajonim.
Ertasi kuni Inem nega yig‘laganining haqiqiy sababini bilib oldim, u kichik ehtiyoj bilan hojatxonaga borgisi kelgan-u, so‘rashdan qo‘rqib yig‘lagan ekan.
To‘y o‘tdi, shovqin-suron tindi, mehmonlar tarqalishdi. Go‘yo hech narsa bo‘lmaganday. Qarz berganlarning dastlabkisi ko‘rinishi bilan Inemning otasi shahardan g‘oyib bo‘ldi. Lekin olingan qarzlarni to‘lash kerak edi. Inemning onasi udenglarga bezak berishga kirishdi. Kunlar tunga, tunlar kunga ulandi...
Bir kuni ertalab Markabonning katta uyidan qalblarni larzaga soluvchi chinqiriq eshitildi:
— Qo‘yib yubor! Qo‘yib yubor deyapman!..
— Oyi, eshityapsizmi? Inem baqirayapti! Oyi!.. — deya chaqirdim onamni.
— Uxla, uxla, bolam... Ular janjallashayapti. Bechora Inem!..
— Ular nega urishishyapti, oyi?
Savolim javobsiz qoldi. Keyin atrofga jimlik cho‘kdi va men uxlab qoldim.
Bunday chinqiriq va ingrashlar deyarli har kecha takrorlanardi. Har safar onamni uyg‘otardim va u achinib:
— Sho‘rlik, bechora qizcha! — deb qo‘yardilar. — U hali go‘dak, axir. Qiynalayotgan bo‘lsa kerak-da!..
Kunlarning birida Inem bizlarnikiga keldi... Uning oqarib ketgan chehrasi hamon ko‘z o‘ngimda. Go‘yo unda bir tomchi qon ham qolmagandek edi. Inem nimadir demoqchi bo‘lardi-yu, lekin aytolmasdi; ko‘z yoshlari bo‘g‘ardi uni.
— Nega yig‘layapsan, Inem? Nima bo‘ldi, qizim? — so‘radi onam.
— Begoyim, — dedi Inem o‘pkasini bosolmay, — meni o‘zingizga qaytarib oling. Olaqoling!..
— Axir sening ering bor, Inem...
— O‘zingizga qaytarib oling!..
— Nega, Inem? Markabon seni xafa qilayaptimi? — so‘radi onam.
— Begoyim, menga rahmingiz kelsin...
— U har kecha men bilan olishadi, qiynaydi, og‘riyapti desam ham, og‘ritaveradi... Erim bo‘lishini istamayman! Istamayman!
— Yo‘q, yo‘q, Inem, — uni tinchlantirishga urinardi onam. — Mana ko‘rasan, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi! Axir erga tegishni o‘zing xohlaganding-ku?!
— Ha, begoyim... Lekin... Lekin...
— Esingda bo‘lsin, Inem, xotin hamisha erining gapiga kirishi, unga bo‘ysinishi kerak. Bo‘lmasa ajdodlarimiz seni la’natlaydilar. 
Inem indamas, ko‘z yoshlari hamon yuzini yuvardi.
— Mayli, endi uyingga boraqol. Eringga quloq sol. Ering har qancha yomon bo‘lmasin, uning aytganini qil, chunki u sening xo‘jayining.
Inemning ketgisi kelmasdi.
— Qani, Inem, boraqol endi! Mana ko‘rasan, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi! Olloh rahmdil, qizim!..
Inem asta yurib, chiqib ketdi.
— Bechora, sho‘rlik qizcha! — deya pichirladi onam, uning orqasidan qarab.
Esimda, o‘shanda onamdan so‘ragan edim:
— Oyi, dadam ham siz bilan olisharmidi?
Onam sergaklanib menga qaradi-da, keyin jilmaydi.
— Yo‘q, — dedi onam. — Sening otang... dunyodagi eng yaxshi odam, Muk!
Va biz ketmonni olib, tomorqaga qarab jo‘nadik.
Oradan bir yil o‘tganini sezmay ham qoldim. Inem bizlarnikiga yana keldi. U ancha o‘zgargan, katta bo‘lib qolganga o‘xshardi. 
— Begoyim, — dedi u onamga boshini xam qilib, — endi mening erim yo‘q...
— Nima, sen beva bo‘lib qoldingmi?
Inem indamadi.
— Nima bo‘ldi o‘zi? Aytsang-chi?
— U meni kaltakladi, begoyim.
— Urdimi? Demak, sen gapiga kirmabsan-da?
— Yo‘q, begoyim. Siz nima degan bo‘lsangiz, men shunday qildim... Hammasini qildim!..
— Men senga ishonmayman... Agar xotini aytganini qilsa, erkak hech qachon unga qo‘l ko‘tarmaydi.
— Begoyim, jon begoyim, meni yana o‘zingizga qaytarib oling, — dedi yalinib Inem.
— Inem, — dedi onam, — sen endi ering bilan yashamayapsan, bizning uyimizda esa katta bolalar bor...
— Nima, bolalar meni urishadimi?
— Gap bunda emas, Inem. Tushunsang-chi... Sen endi bizning uyda qololmaysan. Odamlar nima deyishadi?
Qizchaning ko‘zlarida yosh yaltiradi.
— Xayr... — dedi u ovozi qaltirab.
Inem uyida oshiqcha yuk edi. Hamma uni urar va so‘kardi. Otasi va onasi, ukasi, amakisi va xolasi qizchani xo‘rlardi. U biznikiga ham boshqa kelmasdi. Ko‘chada kamdan-kam ko‘rinardi.
Ba’zan Inemning chinqirig‘i bizning uygacha eshitilardi, achchiq va alamli chinqiriq. Uni eshitmaslik uchun qo‘llarim bilan quloqlarimni mahkam berkitib olardim.

Ruschadan Hulkar Fayz tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.