Ha, ha, hammasini eslayman. O‘shanda men to‘rt yoshda bo‘lsam ham hammasi esimda. Men bu oilani juda yaxshi bilardim: chol-kampir Lemanlarni, ularning farzandlari — Man, Niyomiddin, Siddin va qizlari Siyohga o‘rganib qolgandim.
Har kuni ertalab, soat to‘qqizda ularnikiga kirib borardim, chunki hammasi uyda bo‘lardi. Uylariga chopib kirardim-da, Leman buvaning tizzalariga o‘tirib olardim. U kishi yelkamga qoqib qo‘yar va qahva tutardi. Men kulardim. Leman buvi ham kulardi. Agar: “Siyoh qani?” deb so‘rasam, ular “Hali uxlayapti” deb javob berishardi.
— Uxlayaptimi? Men bo‘lsam turdim! — derdim maqtanib.
Leman buva jilmayib qo‘yardi va meni erkalab:
— Siyoh — dangasa qiz-da, — derdi.
— Man qaerda?
— Daryoda, cho‘milayapti.
— Niyomiddin-chi, buva?
— Uyga hali kelganicha yo‘q. Kechasi gardu1 da qorovullik qilgan edi. Hozir o‘sha yerda uxlayapti.
— Haliyam uxlayaptimi?
— Bo‘lmasam-chi? Kechasi bilan shaqildog‘ini shaqillatib yurib, charchab qolgan.
Ba’zan meni ubi2 bilan siylashardi.
Lemanlar uyida ko‘rganlarim va eshitganlarimni darhol onamga gapirib berish odatim bor edi. Oyijonim qiyiq ko‘zlari bilan menga diqqat-la qarab turardilar-da, ko‘rsatkich barmoqlarini burnim oldida o‘ynatib derdilar:
— Qachondan beri tayinlayman senga, “u yerga hadeb boraverma” deb. Ular ishlarini qilishlari kerak, axir.
— Ular ishlashmaydi-ku, axir...
— Chunki sen ularga halaqit beryapsan.
— Siyoh bo‘lsa haliyam uxlayapti... Mana ko‘rdingmi? — Hozirgina qat’iy ohangda bo‘lgan onamning ovozi birdan yumshadi. — Yalqovlik — juda yuqumli kasallik. U xuddi ko‘z og‘rig‘iga o‘xshab bir kishidan ikkinchisiga o‘tadi. Agar sen ularnikiga tez-tez boraversang, o‘zing ham yalqov bo‘lib qolasan.
Bir kuni men onamning yuqadigan yalqovlik kasali haqidagi gaplarini Leman buvaga aytdim.
— Ha, oying rost gapni aytibdi, — dedi u oqko‘ngillik bilan... — Men yalqov odamman. Agar shunday bo‘lmaganimda ham nima o‘zgarardi?.. Axir mening sholi ekadigan yerim yo‘q-ku. Bir qarich tomorqam ham yo‘q mening... Mening bor boyligim — mana shu pichoq. Uni har kuni yaxshilab charxlayman, silab-siypalayman. — Leman buva pichoq charxlaydigan qayroq toshiga qarab qo‘ydi. — U bilan birga qaerdadir kechasi yo‘l poylayman — qarabsanki, ikki yarim tanga cho‘ntagimda. Agar Lemanda sen bo‘lmasang pichoq qadrdonim, menda gardu qaerdan ham bo‘lardi!...
Leman buvaning ovozi juda yoqimli edi; so‘zlarni u boshqacharoq talaffuz qilardi, burnida gapirardi. Gaplarini miriqib tinglardim.
Bir safar men Lemanlar haqida gap boshlaganimda oyim urishib berdilar:
— Bu yalqovlarni muncha yoqlab qolding! Faqat ishlab, mehnat bilan kun ko‘radiganlargina hurmatga loyiq, bolam. Buni esingdan chiqarma!
Keyingi kundan boshlab men do‘stlarimnikiga bormay qo‘ydim.
Oradan ko‘p kunlar o‘tdi. Bir mahal qarasam, aylanib yana Lemanlarnikiga borib qolibman. Odatim bo‘yicha:
— Siyoh qaerda? — deb so‘radim.
Leman buva boshini quyi soldi. Buvi bo‘lsa yo‘talib qo‘ya qoldi. Qiziq, nega savolimdan g‘alati ahvolga tushib qolishdi. Nihoyat qariya javob berdi:
— Siyoh ketdi. Hozir Palembang1 da.
— Bu uzoqmi?
— Ha, uzoq. Dengiz ortida.
— Nega u yoqqa ketib qoldi, buvi?
— Pul izlab ketdi. Tilla topib keladi... — Buvining yuzi istehzoli burishib ketdi.
— Hozir ahvol juda og‘ir, — dedi o‘zicha keksa Leman. — Hatto priyai2lar ham zo‘rg‘a kun ko‘rishyapti! Qanchalari o‘z uy-joylaridan mahrum bo‘lishdi!
Men bu so‘zlarni eslab qolishga harakat qilardim. Keyinroq ular nimani anglatishini bilib olishim uchun eslab qolishim kerak edi-da. Kechqurun, odatdagidek, otam uy yonida kursida o‘tirgani chiqqanida, men uning oldiga yugurib bordim. Savol bermasimdan oldin gapirib qoldilar:
— Maktab haqida so‘rayverib jon-holimga qo‘ymasding. Mana, o‘qiydigan payting ham kelib qoldi.
Bu juda yoqimli xushxabar edi. Men hatto quvonchimdan bir sakrab qo‘ydim.
— Men maktabga boramanmi? Qachon, ota?
— Ertaga!
Shunda men Leman buva nimalar deganini butunlay unutib yubordim. Ertaga maktabga boraman! Men baxtli edim. Garchi qalbimning ich-ichidan ertalablari Lemanlarnikida qahva ichmaydigan bo‘lganimdan afsuslansam-da, baxtiyor edim. Xuddi shunday bo‘ldi: o‘shandan boshlab men ularnikiga faqat ta’til paytlari yoki yakshanba kunlari boradigan bo‘ldim.
Kunlarning birida, maktabdan qaytayotib uyimiz yonida Leman buvani uchratib qoldim. U menga yangi varrak tutqazdi. Esimda, o‘sha varrakni hech uchira olmagandim. Boshqa bolalarning epchillik bilan varrak uchirayotganini ko‘rib, menga alam qildi, jahl ustida uni parcha-parcha qilib tashladim.
Bir safar — unda men ta’tilda edim, jo‘ralarim bilan ko‘chada o‘ynab yurgandim. Kutilmaganda Lemanlar uyi qarshisiga dokar3 kelib to‘xtadi. Hammamiz baravariga o‘yinni tashlab Lemanlarnikiga yugurdik. Birinchidan, qiziqqanimizdan bo‘lsa, ikkinchidan esa, eng muhimi, biror shirinlik bilan siylashar degan umidda edik.
Shunda men Siyohni ko‘rib qoldim. U yog‘och karavotda, uncha yosh bo‘lmagan erkakning yonida o‘tirgan edi. Siyoh jilmaydi, o‘rnidan turib, yonimga keldi.
— Ha-a, bu senmisan? Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi... — Shunday deb u kuldi, ikkita tilla tishi yaltirab ketdi.1
Siyohning bo‘ynida yetti tangadan iborat tilla taqinchoq yaltirardi.
— Sen endi boymisan? — deb so‘radim.
Javob o‘rniga u meni o‘pib qo‘ydi.
—Menga oltin tanga ber, — deya so‘radim undan.
U boshini sarak-sarak qildi, qo‘limga allaqanday shirinlikni qistirdi-da: “Ulg‘aysang — o‘zing boy bo‘lasan”, dedi. Shu asnoda Leman buva Siyohning yonida kelgan notanish kishi bilan ta’zim bajo keltirgan holda suhbatlashardi. U kishining og‘zida ham Siyohnikiga o‘xshash tilla tishlari yaltillardi. Leman buvi esa o‘choq boshida suv isitish bilan ovora edi.
Siyoh qaytib kelgandan keyin men ularnikiga yana tez-tez qatnaydigan bo‘lib qoldim. Leman buvaning fillar va yo‘lbars haqidagi, xazinalar to‘g‘risidagi hikoyalari mening go‘dak tasavvurimni rom etgandi. Haliyam yaxshi esimda, undan eshitganlarimni uyimdagilarga yoki o‘rtoqlarimga birma-bir gapirib berardim, shundagina o‘zimni yengil his etardim.
Bir kuni Lemanlarnikiga kelganimda, haligi tilla tishli kishi anchadan beri ko‘rinmayotgani esimga tushdi.
— U qaerda? — so‘radim men.
— Ketdi, — istamaygina javob berdi chol.
— Qayoqqa?
— Kim biladi deysan!
— Siyoh haliyam uxlayaptimi?
— U ham yo‘q...
— U ham ketdimi? — xitob qildim men yig‘lamoqdan beri bo‘lib.
Keksa Leman og‘ir xo‘rsindi.
— U qaytib keladimi, buva?
Oshxonadan Leman buvi chiqib keldi.
— Nima qiladi qaytib? Yer yutsin uni! O‘sha yoqlarda cho‘kib ketsa yaxshi bo‘lardi!..
Men Siyoh yana dengiz ortiga, Palembangga ketgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim, lekin chol-kampirning tund yuzlarini ko‘rib, bu haqda so‘ramay qo‘ya qoldim.
— Man-chi? Man qaerda buva?
Qariya qo‘l siltab qo‘ya qoldi.
— E-e... Qanaqa kunlarga qoldik... Ana, amaldorlar ham zo‘rg‘a kun ko‘rayapti. Avvallari Man o‘shalarning ishini qilib, goh chetanini tuzatib, goh hojatxonasini tozalab bo‘lsayam chaqa-chuqa topib kelardi. Endi bo‘lsa u ham yo‘q! Mana, Man ham boshqa joylarga omad izlab ketdi.
— Qayoqqa ketdi, buva?
— Chimaxi2 ga. Askarlikka yozildi.
— Bu yoqqa qurol bilan keladimi? Shunaqami, buva?
— Qaytib keladimi? Yo‘q, bolam. Balki, umuman qaytmas...
— Nima deyapsan, esini yegan chol! Oldinlari shunday edi — armiyadan qaytib kelishmasdi, — uning gapini bo‘ldi Leman buvi. — Nafaqaxo‘r3 Spandarining aytishiga qaraganda, Achedagi urush4 tugagan emish. Endi bo‘lsa askarlarning ishi to‘g‘ri qadam tashlab yurish va o‘q otishni o‘rganishdan iborat...
Aslida ham shunday edi: men o‘zim ko‘p marta guvoh bo‘lganman, qad-qomati kelishgan shovvoz, chinakam jasur otliq askarlar miltiqlaridan daryoning narigi sohilidagi nishonlarga qarata o‘q uzishgani-uzishgan edi.
— Niyomiddin-chi? U qaerda, buva?
— O! U endi xo‘jayin, ukaginam... Uning endi yeri bor... Lekin juda oz o‘sha yer. Niyomiddin tinimsiz ishlaydi... Hozir yashash juda qiyin bo‘lib qoldi. Juda qiyin! Esingdami, senga qanday o‘yinchoqlar yasab berardi?
— Nima u bu yerda yomon yasharmidi?
— Agar odamning puli bo‘lsa hamma joyda ham yaxshi yashaydi. Agar puli bo‘lmasa-yu, qaerdan olishni bilmasa, o, bundan yomoni yo‘q... — Qariyani yo‘tal tutdi-yu, uzoq vaqt gapira olmadi. — E-e, yaxshisi, so‘rama...
Leman buvaning boshi engashgandan engashib boraverdi. Menga u mudrab qolayotganga o‘xshab ko‘rindi...
Men uyga kelib, Lemanlarnikida eshitganlarimni ayta boshlagandim, otam keskin gapimni bo‘ldi:
— Bor, yaxshisi, yuvinib ol.
Men bir og‘iz ham so‘z qaytarmay hammomga yo‘l oldim. Hammomga kirib o‘ylab qoldim: “Nega endi bizning hammom Leman buvaning butun uyidan boyroq?” Yuvinib bo‘lgach, bu haqda otamdan so‘radim. U o‘yga toldi, so‘ng birdan irjaydi-da, quvnoq bir kuyda hushtak chala boshladi. Men yana o‘sha savol bilan onamga murojaat qildim.
Onam qovog‘ini uydi:
— Sen darsingni qildingmi, o‘zi? — shunday deb, qulog‘imdan tortib ayvonga olib chiqdi. — O‘tir, kitobingni o‘qi!
O‘sha payt shunday qattiq og‘riq sezdimki, go‘yo qulog‘imni kimdir qaynab turgan suvga tiqib olganday edi.
— Endi u yoqqa boshqa bormaysan, eshitdingmi?
O‘shandan boshlab Lemanlar uyiga qadam bosmadim.
— Oradan bir yil o‘tdi. Men haliyam birinchi sinfda o‘qir edim. Tengqurlarim meni kichkina deb o‘yinlariga kamdan-kam qo‘shishardi. Bir kuni Lemanlar uyi atrofida bekinmachoq o‘ynayotgan edik. Men devor orqasiga yashirindim. Birdan qulog‘imga notanish erkak ovozi chalindi.
— Demak, xohlamaysan? — so‘radi kimdir jahl bilan.
— Yo‘q, ndoro1 . Biz kambag‘al odamlarmiz, lekin, haq rost, halol odamlarmiz...
— Besh rupiy!
— Yo‘q, Ndoro.
— Olti.
Jimlik.
— Yetti! — oshirdi narxini notanish kishi. — Bir marta urasan — qiladigan bor-yo‘q ishing mana shu.
Yana jimlik.
— Yetti yarim! — dedi dag‘dag‘a bilan notanish odam. — Bo‘lmasa bu mening oxirgi so‘zim — o‘n rupiy! Agar xohlamasang o‘zingdan ko‘r!..
Men o‘yinga shu qadar berilib ketgandimki, tortishuvning davomini eshitmay, yashiringan joyimdan yugurib chiqdim va sarunga2 kiygan amaldorga duch kelib qoldim. U Leman buvalarning uyidan chiqib kelardi.
Ikki-uch kundan keyin haligi amaldorni yana uchratib qoldim. Lekin u meni sira ham qiziqtirmagani uchun yonidan beparvo o‘tib ketdim.
Nihoyat, o‘sha dahshatli tun ham yetib keldi, u mening esimdan sirayam chiqmaydi.
Onam, otam, men va ukam ayvon oldidagi so‘rida o‘tirgan edik. To‘satdan yorqin porlab turgan oyning yuzini qora bulut qopladi. Butun atrofni zulmat bosdi. Daraxtlar shovullab, ko‘k gumburladi. Chaqmoq chaqdi va boshimiz ustida yashin chaqnadi. Dahshatli momaqaldiroqdan uylar larzaga keldi.
Biz shoshib uyga kirdik.
Birdan yaqinginadan kentong3 jaranglab qoldi. Keyin qo‘shni qorovulxonalardagi kentonglar ham aks-sado berdilar.
— Bu bizning gardudan!.. Qandaydir baxtsizlik yuz berganga o‘xshaydi, — dedi otam, o‘rnidan turayotib. — Uydan chiqmay turinglar. Men hozir hammasini aniqlayman.
O‘shanda onamning tashvishga tushgan chehrasini hamon eslayman. U mening savollarimga javob bermas, nigohini uyning qorong‘i burchagiga qadagancha jim turardi.
Oradan chorak soatlar chamasi vaqt o‘tgach, otam qaytib keldi.
— Nima gap? — unga tashlandi onam.
— Eh, anavi keksa Leman! Sal qolibdi odam o‘ldirishiga... to‘qmoq bilan uribdi! Qo‘li qaltiragan bo‘lsa kerak-da. Xudoning rahmi kelibdi, shekilli.
— Keksa Leman-a? Bo‘lishi mumkinmas!
Otam qo‘llarini siltab qo‘ya qoldi.
— Xo‘sh, o‘ziga nima bo‘libdi?
— Rosa kaltaklashibdi.
— Jinoyatga qo‘l urgan ekan, to‘qmoqqa balo bormidi? Axir pichog‘i hamisha yonida yurardi-ku!
— Pichoq uni boqardi, deyishayapti...
— Nima dedingiz, dada? — so‘radim men bir vaqtlar Lemanlar uyida eshitganlarim esimga tushib. Lekin savolim javobsiz qoldi.
— Bunga ishonging kelmaydi! Shunday ajoyib odam jinoyatga qo‘l ursa-ya! — xitob qildi onam.
— Hayotda har narsa bo‘ladi... — xo‘rsindi otam.
Kechki ovqat payti hech kim lom-mim demadi. Otam ham, onam ham bir og‘iz gapirmadi. Lekin ikkalasi ham bo‘lib o‘tgan voqea haqida o‘ylayotgani sezilib turardi. Mening xayollarim ham Leman buva bilan band edi...
Ertalab hamma kechasi yuz bergan voqea haqida gapirardi. Leman buva esa suvga cho‘kkan toshdek yo‘q bo‘lib ketdi. Tez orada yetib kelgan xabarlarga qaraganda, uni yetti oylik majburiy ishlarga hukm qilishibdi.
Bir kuni otamning onamga aytgan gaplari qulog‘imga chalinib qoldi:
— Keksa Leman unchalik yomon odam emasdi... Uni shunga majbur etishdi. Tag‘in o‘n rupiy va’da qilishdi.
Shunda Leman buva bilan sarunga kiygan notanish kishi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gaplar esimga tushdi. Bu haqda gapirganimda, og‘zingni yumib yur, bola, deb qattiq tergab qo‘yishdi. Men bu sirni qalbimda asrab yurishga majbur bo‘ldim. Uni kimgadir gapirib bergim kelardi. Qani endi meni tushunadigan va keksa do‘stimga yordam beradigan ?unday odam topilsa.
Tez orada bir voqea sodir bo‘ldi.
Kechqurun bolalar bilan yo‘l o‘rtasida to‘p o‘ynayotgandik. Qora kiyingan bir ayol menga yaqinlashib keldi. U hassa suyanib kelardi. Men kasallik holdan toydirgan basharani ko‘rdim.
— Meni tanimadingmi? ... — uning lablari zo‘rg‘a jilmaydi.
“Tilla tishlar! Siyoh!..” Men qo‘rqqanimdan qichqirib, uyga qarab chopdim. Siyoh ortimdan qarab qoldi.
O‘sha kuni negadir dars tayyorlay olmadim.
— Bu bolaga nima bo‘ldi ekan, hech o‘ylab, o‘yimga yetolmayman!.. — dedi onam jahli chiqib. Lekin shu zahoti menga rahmi keldi-da, erkalab, so‘radi: — Senga nima bo‘ldi, tentakkinam?..
— Qo‘rqayapman, oyi.
— Nimadan?
— Siyohni ko‘rdim, qo‘lida hassa... Judayam qarib qolibdi! Mening yonimga keldi-da: “Nima, meni tanimayapsanmi?” — dedi.
— Men yoningdaman, bolam, qo‘rqma! — deb onam boshimni silab qo‘ydi.
— Nega Sidin buvisi Lemannikiga endi hech kelmayapti? — deb so‘radim bir kuni onamdan.
— Sidin mehnatsevar odam. Bu dangasalarning yonida nima qiladi?.. Agar bordi-yu dangasa bo‘lsang, yaxshi odamlar sendan yuz o‘giradi...
Kunlar o‘tib borardi... Tushlik paytlarida Leman buvini birovlar eshigida tez-tez ko‘rish mumkin edi. U sadaqa so‘rab yurardi.
Ancha vaqt o‘tgach, keksa Leman qaytib keldi. Dastlabki kunlari u ko‘chaga sira ham chiqmasdi. Har zamon Slametan1 bayramlarida ko‘rinib qolar, shunda ham hech kim bilan xayrlashmay tezda jo‘nab ketardi. Leman buva haftada bir marta qamishdan to‘qilgan savatlarini ko‘tarib, bozorga borardi. Endi Leman buvi tilanchilik qilmay qo‘ygandi.
Oradan yana bir necha hafta o‘tdi... Endi Leman buva ko‘chada, uyining yonginasida ishlar edi. Men yonidan o‘tib qolganimda, negadir boshini xam qilib turardi. Shunda uning sochlari butunlay oqarib ketganini ko‘rardim.
Ruschadan Hulkar Fayz tarjimasi