Merime (Merimee) Prosper (1803.28.9, Parij — 1870.23.9, Kann) — fransuz yozuvchisi. Novella janrining mohir ustasi. Merimening Ispaniya mavzularida yozilgan «Klara Gasul teatri» (1825) pesalar to‘plami romantik ruh bilan yo‘g‘rilgan. «Jakeriya» (1828) dramasi va «Karl IX saltanati yilnomasi» (1829) romani tarixiy mavzularga bag‘ishlangan. «Mozaika» (1833) to‘plami hamda «Karmen» (1845) novellasida xalq qahramonlarining obrazlari yaratilgan. Shuningdek, uning turli xalqdar vakillari obrazlari tasvirlangan «Mahshargoh ruhlari» qissasi, «Mateo Falkone», «Kolomba», «Tamango», «Lokis» kabi novellalari ham mashhur. «Karl IX saltanati yilnomasi» asari o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1986).