Sofiya Kovalevskaya – birinchi matematik olima, ajoyib adiba, teran fikrli adabiyotshunos, taniqli publitsist. U 1850 yilning 15 yanvarida Moskva shahrida harbiylar oilada dunyoga keldi. Birinchi matematik dotsent, professor sifatida tarixda iz qoldirdi. Ilm olish yo‘lida olima ko‘p vaqtini Shvetsiyada o‘tkazdi, yashadi va ijod qildi. Shvetsiya, Germaniya universitetlarida tahsil olgan Sofiya Kovalevskaya matematika faniga olamshumul yangiliklar kiritdi.
U nozik tabiatli, hissiyotli, kuzatuvchan, she’riyat dunyosiga oshna, o‘z davrining ulug‘ adib va shoirlariga hamnafas, hammaslak edi. O‘zi ham ohangdor she’rlar, betakror tarjimalar, unutilmas bolalik xotiralari, ocherklar, adabiy maqolalar yaratdi. Saltikov – Shchedrin, Turgenev va F.M.Dostoyevskiylar bilan yaqindan do‘stlashdi. N.A.Nekrasov, L.Tolstoy, M. Saltikov – Shchedrin kabi ulkan rus adiblarining ijodini hamisha qadrladi. Umri davomida ko‘plab do‘stlar orttirdi – Arktika bo‘yicha shved tadqiqotchisi N.A.E.Nordensheld, norvegiyalik sayohatchi F.Nansen, daniyalik adabiyotshunos G.Brandes, norveg dramaturgi G.Ibsen, shved adibi A.Strenburg, ayniqsa, shved adibasi A.Sh.Leffler bilan yaqin do‘st edi.
Sofiya Kovaleskaya rus, nemis, frantsuz, ingliz va shved tillarini mukammal o‘zlashtirgan, shu tillarda yozgan va ma’ruzalar o‘qigan. Rossiya, Germaniya, Angliya, Frantsiya adabiyotini chuqur bilardi. Unda adabiyotga ishtiyoq bolaligidan uyg‘ondi. Bu muhabbat tuyg‘usi uni umrbod tark etmadi. U o‘zining «Bolalik xotiralari»da shunday yozadi: « Men she’riyatni qattiq sevardim. U meni shunday sehrlab olgan ediki, besh yasharligimdan she’rlar yozishni boshladim». Uning hayotida nima muhim edi – ilmmi yoki adabiyot? Yozish uning uchun qanchalik ehtiyoj darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, matematika ilmi bilan shug‘ullanish ham shunchalik zaruratga aylangan edi. Unda ilm va adabiyot nafasi uyg‘unlashib ketgan edi. 1891 yil 10 fevralda vafot etgan Sofiya Kovalevskaya qisqa, lekin yorqin umr yo‘lini bosib o‘tdi.