Ona olmaxon bolalari uchun kashtan yig’ishga jo’nab ketdi. “ Yaxshi o’tiringlar”, - deya qichqirdi ona olmaxon uzoqlashib ketar ekan.
Aka-singil olmaxonchalar onalarini kuzatib qolishdi.
- Kashtan yig’ish og’ir sih , dedi aka ona ketib bo’lgandan so’ng singlisiga qarab, – Kel, onamiz kelgunlaricha uyni yig’ishtirib qo’yamiz.
- Yaxshi bo’lardi, - dedi singlisi, - onamiz ham xursand bo’ladilar.
Shunday qilib, ular ishni boshlab yuborishdi.
Uyni yig’ishtirib bo’lishgandan so’ng, akasida yana bir fikr paydo bo’ldi va singlisiga murojaat qildi. – Singlim, - dedi u , - hozir onamiz rosa charchgan bo’lsalar kerak. Kel, ularning oldilariga borib, kashtanlarini olib kelishda yordamlashamiz.
- Ajoyib fikr! – dedi singlisi. Onamiz yana ham xursand bo’lardilar. Shunday qilib, aka-singil onalariga yordam berish uchun quyuq o’rmonzor tomon yo’l olishdi.
Ular o’rmonni rosa kezishdi, biroq onalarini topisholmadi. To’satdan ularning qarshisidan kashtan daraxti chiqib qoldi.
- Mana bu kashtanlarga qaragin, - dedi aka, - kel, ulardan bir qanchasini terib olib uyga olib ketamiz.
Ular kashtan daraxti ustiga chiqib, endi kashtan uzmoqchi bo’lib turishgan edi, birdan singlisi qichqirib yubordi.
- Aka, qarang, bu yerda bir talay uzumlar bor ekan. Axir onamiz uzumni juda yaxshi ko’radilar-ku! Shunday emasmi?
- Kel, uzumlardan terib uyga olib ketamiz.
Olmaxonchalar shoxdan-shoxga sakrashib uzum tokiga yetib oldilar.
Ular ko’pgina uzum yig’ishdi.
- Biz ularni uyga qanday qilib olib ketamiz, - so’radi singlisi. Aka omaxon yon-atrofni aylanib, ikkita kattakon yaproq ko’tarib keldi. Bu paytda singlisi bir talay uzumni o’tkir tishlari bilan tok novdasidan qirqib olib bir joyga to’plab qo’ygan edi.
Aka-singil yaproq ichiga uzumlarni solib, tugib olishdi. Aka kattaroq tugunchani, singlisi kichikroq tugunchani orqalab ko’tarib olishdi-da, uylari tomon yo’rtib ketishdi.
Olmaxonchalar tezda horib qolishdi. Bir daraxt ostida dam olmoqchi bo’lib turishgan edi. Birdan o’rmon ichidan quyon amaki kelib qoldi. Quyon amaki ularni ko’rib qoldi.
- Salom, Quyon amaki!
- Salom, bolakaylar, nima qilib o’tiribsizlar.
- Onamiz uchun uzum tergan edik, shuni uyimizga olib ketyapmiz.
- O’h-ho’, rosa charchabsizlar-ku! Kelinglar, yordamlashib yuboraman.
Shunday qilib quyon amaki tugunlardan og’irrog’ini yelkasiga ortmoqlab oldi. Aka olmaxoncha esa kichikrog’ini oldi. Singlisi oldinda yo’rg’alab ketardi.
Shu zayl ular ketishayotganda uzoqdan kimnidir qorasi ko’rindi. Qarasalar ona olmaxon ular tomon kelyapti. Olmaxonchalar onalarini ko’rib juda quvonib ketishdi.
Quyon amaki ularing uzum tugilgan tugunlarini uylarigacha ko’tarib olib borishib qo’ydi.
- Sizga juda katta rahmat, - deya minnatdorchilik bildirishdi ona olmaxon va bolalari Quyon amakiga.
- Arzimaydi, - dedi quyon amaki bosh silkib xayrlashar ekan va o’rmon ichkarisiga kirib ketdi.
- Menga qanchalik katta yordam beribsizlar-a, jujuqlarim! – dedi ona olmaxon quvonib.
- O’zimning yordamchi bolajonlarimdan aylanay, - deya boshi ko’kka yetdi ona olmaxon tozalangan xonani ham ko’zdan kechirirgancha olmaxonchalarga mehrli ko’zlari bilan termular ekan.
- Kelinglar, bolalarim, tushlik qilamiz.
Shunday qilib, ona olmaxon va olmaxonchalar o’zlari olib kelgan kashtan va uzumlar bilan maza qilib tushlik qilishibdi.
Chin Lin. Olmaxonlar va uzumlar (hikoya)
Ingliz tilidan Dilmurod Usmonov tarjimasi