Mark Osborn xonasidagi kresloda oyoqlarini stol ustida chalishtirgancha o‘tirardi. U o‘zicha “agar hozir birortasi xonamga kirib qolsa mening omadli va iqtidorli detektiv ekanligimga shubha qilmaydi va bu fikri noto‘g‘ri bo‘lmaydi” deb o‘ylardi.
Osborn endigina o‘ttizga kirgan, bo‘yi baland, yuz qiyofasi jiddiy va qora sochlari qalin erkak edi. u o‘zining ko‘rkam ekanligini bilardi. Uch yillik faoliyatidan so‘ng uning xususiy detektiv agentligi shaharda yaxshigina obro‘ga ega bo‘lgandi. U hali uylanmagan, lekin sevgilisi bor edi. Ko‘ngilga soya solib turadigan birgina narsa esa uning sevgilisi turmushga chiqqan ayol ekanligi edi.
Xona eshigining uch marta taqillashi uni xayolot olamidan voqelikka qaytardi.
-Kiring,-dedi u oyoqlarini stol ustidan tushirar ekan.
Gardishsiz ko‘zoynak taqqan, bashang kiyinib olgan, sochlari siyrak o‘rta yoshlardagi kishi eshikni ochdi va ichkariga kirib keldi. Detektiv o‘rnidan turdi va tashrif buyuruvchi bilan ko‘rishdi.
-Marhamat, o‘tiring. Men agentlik direktori Markus Osbornman. Xo‘sh, xizmat?-U ko‘zgu oldida ko‘plab marta takrorlab mashq qilgan bu so‘zlarni yarim hayajon bilan aytdi.
-Mening ismim Xarold Jons,-dedi tashrif buyuuruvchi past ovozda.-Sizni juda ko‘pchilik tavsiya qildi. Mening bir nozikkina muammoim bor, eshitishimcha, sizning agentligingiz ishni judayam ehtiyotkorlik bilan olib borar ekan.
Osborn bu so‘zlarni eshitib kamtarlik bilan bosh irg‘ab qo‘ydi.
Osbornning yangi mijozi yuzini chetga burdi.
-Taxminimcha, xotinim menga xiyonat qilyapti, ammo bunga to‘liq ishonch hosil qilmoqchiman. Uni kuzatishlaringizni istayman... U uydan chiqqach qaerga borishini va kim bilan uchrashishini aniqlab beringlar.
-Sizga to‘liq va batafsil ma’lumot beramiz. Ma’lumot qachon tayyor bo‘lishi kerak?
-Menimcha, ikki hafta bemalol yetsa kerak. Agar bu muddat kamlik qilsa uzoqroq vaqt kuzatishingiz mumkin.
-Ko‘ramiz... Lekin menimcha, ikki hafta yetarli.
-Yaxshi. Mana bu mening tashrif qog‘ozim. Mana bu xatjildda esa xotinimning rasmi va pul bor. Sizlarning xizmatingiz bahosidan xabardorman. Qancha pul ketsa sarflayveringlar.
-Xotiningizning ismi nima?
-Kristin Enn.
Osbornning nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qoldi. Kristin Enn uning sevgilisi edi. Bu kishi uning eri ekan-da. U xatjildni ochdi va o‘zini bosib olish uchun vaqtdan yutish umidida surat va chekka tikildi.
Jons uning bu jiddiyligini ishga zudlik bilan kirishish deb tushundi.
-Ishga jon-jahdingiz bilan kirishadigan odam ekanligingiz ko‘rinib turibdi. Kelasi safar ko‘rishganimizda menga batafsil ma’lumot berishingizga ishonchim komil. Xayr.
Markus nihoyat tilga kirdi.
-Xayr, janob Jons,-dedi u o‘rnidan turib, mijozini eshikkacha kuzatib qo‘yarkan.
Jons ketgach, Markus yana joyiga o‘tirdi. U karaxt bo‘lib qolgandi. U javonni ochdi va ichidan bir shisha viski bilan stakan oldi. U viskidan quydi va ichkilik ho‘plagancha endi nima qilish kerakligini o‘ylay boshladi.
Uning yangi mijozi Kristin Enning eri. “Unchalik ham ko‘rimli emas ekan,-o‘yladi u.- Kristin u bilan ajrashib menga tegishni istashi bejizga emas ekan. Bundan tashqari, u meni judayam sevadi”.
U mijoziga haqiqatni yetkaza olmasdi. Ammo baribir ma’lumot berishi shart.
U ishni agent Skott Palmerga topshirishga va ikki haftalik kuzatuv davomida Kristin Enn bilan uchrashmay turishga qaror qildi. Kristinning eri unga qanday vazifa topshirganini sevgilisiga keyinroq, ma’lumotni berib bo‘lgach aytadi. Ular uning ustidan miriqib kulishadi.
Ikki haftadan keyin Skott Palmer, o‘z ishini chin dildan ado etuvchi yigirma bir yoshli yigit Osbornning xonasiga kirib keldi.
-Jonsning ishini nihoyasiga yetkazdim. Ertaga ertalab ma’lumot stolingiz ustida bo‘ladi.
-Zo‘r! Yana bir narsa. Iltimos, janob Jonsga qo‘ng‘iroq qilib ertaga ertalab soat o‘nda xonamga kelishini aytib qo‘y.
-Xo‘p. Ertagacha.
Ertasiga ertalab Jons Osbornning oldiga kelganida Skott ma’lumot yozishni hali tugatib ulgurmagandi.
-Xayrli tong, janob Jons. O’tiring. Qahva ichasizmi? –dedi Osborn.
-Yaxshi bo‘lardi. Rahmat.
Osborn plastik stakanga qaynoq qahva quydi, shakar va qaymoq solib Jonsga uzatdi.
Ular endigina qahvadan ho‘play boshlashgan paytda xonaga Skott kirdi va Jons bilan ko‘rishgach, xo‘jayiniga ma’lumot solingan jildni topshirdi. Osborn ma’lumotning asl nusxasini oldi va darhol mijoziga uzatdi. Ma’lumotning ikkinchi nusxasini esa teskari holatda oldiga qo‘yib qo‘ydi.
Jons ma’lumotni bir tuki ham o‘zgarmay o‘qib chiqdi. U o‘qib bo‘lgach, Osbornga tikildi va dedi:
-Uchta.
-Kechirasiz?
-Men shu narsadan qo‘rqqandim. Atigi ikki hafta ichida uch kishi.
-Nima to‘g‘risida gapiryapsiz?
-Siz tayyorlagan ma’lumot. Batafsil yozilibdi. Ikki hafta ichida u uchta erkak bilan uchrashishga ulguribdi.
Osborn bu so‘zlarni eshitib bir qalqib tushdi. Og‘zidagi qahvasi to‘g‘ri oldidagi ma’lumot yozilgan qog‘ozga tushdi.
-Nima? Kechirasiz,-dedi u.
U qahva to‘kilgan har bir varaqni artgancha ma’lumotni o‘qishga kirishdi.
O’qishni tugatgach, u o‘zini holsiz va go‘ldek his qildi. Osborn bor kuchini yig‘ib mijoziga tikildi. Mijozi esa asta so‘z qotdi:
-Dunyoda biz umuman ishonib bo‘lmaydigan ayollar ham bor, shunday emasmi?
Tom Pacheko. Xiyonatkor xotin (hikoya)
Ingliz tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.