OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jamol Mirsodiqiy. Xola (hikoya)

Falakda suzayotgan quyosh baayni oltin to‘la barkash misol shaharni zarga belayotir. Toru tang ko‘chalar, ularning ikki chetidagi pastqam, loysuvoq uylar ham xurshidi olamning bu marhamatidan bebahra emasdi.
 Ta’til kunlari bo‘lgani uchunmi, ko‘chalar bolalarning qiy-chuviga to‘lib toshgan. Mahallada hamma Xola deb chaqiradigan bu ayol Abbosni bag‘riga bosib, harsillab nafas olgancha, chuvvos solib o‘ynayotgan bolalar oralab borarkan, har har zamonda ulardan ba’zilarining boshini silab, erkalab qo‘yardi.
 -Aylanib ketay sizlardan, muncha shirin bo‘lmasa bu bolalar. Iloyim, hammangizni Xudoyimning o‘zi yomon ko‘zlardan asrasin. Ota-onangiz huzuringizni ko‘rsin.
 Hademay, quchog‘ida jim ketayotgan mana bu kichkintoy ham ana shunday sho‘x-shodon bolalar safiga qo‘shilib, maktabga borajagani, darsdan a’lo baholab olib qaytishini tasavuur etib, yuzida mayin tabassum yoyildi. Keyin bolakayning so‘lg‘in, rangbpar yuziga termilib ko‘ngli buzildi:
 -Sho‘rlik bolaginam! Quribgina ketgur kasalik bechorani rosa holdan toydiribdi. Tezroq oyoqqa turib, chopqillab ketsaydi...
 Shu choq xolaning ko‘z o‘ngida boya kasalxonada ko‘rgani - turli-tuman dardmand, horg‘in qiyofalar jonlandi. Shifokor qabulxonasida odam tirband edi. Ular orasida besh-olti yoshli go‘daklardan tortib, munkillagan chol-kampirlargacha bor edi. Xola ularning ham g‘anrib ahvoliga achinishi bilan qarab, o‘zicha gapirindi:
 -Xudoyimdanam o‘rgilay, bu qandayin kasallik bo‘ldi-ya, kattayu kichikka birday yopishsa...
 Xola kasallikning nomini eslashga tirishdi: Boyagi xonim nima devdi-ya? Infuzami, infilonsami... yo infilon... Ha, influenza! (gripp atamasi o‘rnida qo‘llaniladi – tarj) Aytgancha, xonim juda bama’ni, shirinsuxan, xushtavoze ayol ekan. Xola unga mehri iyib duo ham qildi:
 -Xudoyim o‘zi dardingizga davo, ranjingizga shifo bersin. Parvardigor sizni ham hamisha o‘z panohida asrasin.
 Xonim navbati kelguncha u bilan ancha gaplashib o‘tirdi. Uning ham o‘g‘ilchasi kasal ekan. Abbos Xolaning qo‘ynida tipirchilab, aziyat berayotganini ko‘rib, bolakayga tanbeh bergan bo‘ldi:
 -Asalim, bunaqa qilaverma, oyingni qiynab qo‘yasan! Kel, mening qo‘ynimga o‘tira qol. Oying biroz nafasini rostlasin, qara, charchab ketgan ko‘rinadi.
 -Hech qisi yo‘q, xonim, - kulimsiradi Xola. - Mening qo‘ynimda uxlashga o‘rganib qolgan. Biroz yovvoyiligi bor. Lekin meni xuddi o‘z onasidek ko‘radi. Buning shirinligini qarang!
 -Nima, hali bu o‘z bolangiz emasmi?
 -Yo‘q, xonim, opamning nabirasi. Lekin, o‘z bolamdek yaxshi ko‘raman.
 -O‘zining onasi qani? Shu issiqda bolani bir o‘zingiz ko‘tarib keldingizmi? Urinib qolasiz-ku! Ko‘z tegmasin, kattakongina bola ekan. Keyin... bu kasallik tez yuqadi. Bolani opichlab yuribsiz, sizgayam yuqib qolmasin, tag‘in!
 -Onasining biroz ishi chiqib qopti. Shuning uchun mendan iltimos qiluvdi. - Xola yana g‘urur bilan ilova qildi. - Menga ishonishadi-da, xonim, Bolalarga hech kim menchalik mehr berolmas emish.
 -Aybga buyurmaysiz, nima, o‘zingizning bolangiz...
 -Nega, aylanay, Xudoga hazoron shukr, to‘rt farzandim bor.
 -Unda bolalaringiz hammasi katta bo‘lib, uyli-joyli bo‘p qolgandir?
 -Uch bolanmi amallab katta qildim. Kenjam, hali kichkina. Katta qizim Zarini uzatganman. Eri juda bama’ni, aqlli yigit, baraka topsin. Ikkita o‘g‘ilchasi bor. Ukmr yomon tez o‘tarkan-da, girgitton! Qarang, bir pasda bolalarimiz katta bo‘lib, yonimizga kirib turibdi. Katta o‘g‘lim, umrini Xudo ziyoda qilsin, juda mehnatkash chiqdi. Kichikroq duradgorlik ustaxonasi bor. .uylantiray desam, qo‘ymaydi. Hali yoshman, pul topib, o‘zimni elavolay, uylanish qochmas, deydi boy bo‘lgur. Ertalab sahardan ustaxonasiga jo‘naydi, kech qorong‘u tushganda kirib keladi. Kichkina o‘g‘lim bir-ikki oy avval Obodonga ketgan. Neft shirkatida ishlaydi. Shu o‘g‘limdan sal ko‘nglim alag‘da. Baribir musofirr yurt-da! O‘ylayman, xavotir olaman. Keyingi paytlarda bir enlik xat ham yozmay qo‘ydi. Kenja qizim bo‘lsa, hali maktabga boradi. To‘rtinchi sinfda o‘qiydi.
 -Xudo bolalaringini o‘zi asrasin. Juda dilkash, ko‘ngli oiq ayol ekansiz. Xo‘jayingiz nima ish qiladilar?
 -Ey, dardu baloyingizni olay! Xo‘jayinim yetti yil avval olamdan o‘tdi. Ustachilik qilardi. Baland havozadan yiqilib, rahmatli bo‘ldi. Joyi jannatda bo‘lsin iloyim. Kecha juma kuni erimning ruhiga atab is chiqardim, duoi fotiha qildim. Erim o‘lganidan keyin ayol boshim bilan igna urib, tikuvchilik qilib, shu to‘rt bolani voyaga yetkazdim. Yemay yedirib, kiymmay kiydirib, bolalarimni hech kimdan kam qilmay o‘stirdim. Bolalarni katta qilman, deb birovning eshigiga sarg‘ayib, yordam so‘rab bormadim. Xudoga shukur hammasi ortda qoldi. Endi shuo‘g‘illarimni uyli-joyli qilsam, kenjamniyai joyin topib uzatsam, keyin bemalol omonatni Egamga topshirsam ham bo‘laveradi.
 Bu paytda xonimning navbati kelib qolgandi, shu bois, kulimsirab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
 -Xudo niyatlaringizni ijobat qilsin..
 ...Xola arang nafas olgancha, Abbosning toshdek og‘ir, harakatsiz jusasini opichlab borarkan, issiqdanmi, charchchoqdanmi qo‘l-oyog‘i madorsizlana boshlaganini payqadi. Ter tomchilari peshonasidan sirg‘alib, yuzlariga oqib tusha boshladi. Xuddi oqsoqdek lo‘killab, ko‘tarilib, pasayib borar, oyoqlarini yerdan arang uzardi. Ko‘zlari qora keta boshladi. Bugun bu yo‘ldan ikkinchi marotaba qatnashi edi.
 Bugun ertalab, xola endigia choy qanatib turgan mahali amaksining qizi Saodat hovliqqancha kirib keldi:
 -Xolajon, iloyim umringizdan baraka toping, Qizim Behjat kechadan beri isitmalab yotibdi. Olov bo‘lib yonyapti. Iltimos, o‘zingiz bolamni do‘xtirga oborib keling. Bugun Muluk xonim bilan bozorga chiqib kelmoqchiydik. Bo‘lmasa, o‘zim oborardim. Tezroq bo‘ling, halizamon odam ko‘payib ketadi. Oborasiza, xolajon?
 Xola choyini ichar-ichmas, o‘rnidan turdi-da, chodrasini yopinib, hansirab, ayolning izidan ketdi... Kecha xuddi shu yo‘ldan besh marta o‘tib qaytgan, ammo bugungidek charchab, holdan toymagan edi. Kecha nafas olishga ham vaqti bo‘lmadi. Nima qilsin? Bu “influenza” hammaning tinkasini quritdi. Qaysi xonaga bosh suqma, bitta-ikkita kasal bor. Xola avval bir jiyaninig bolasini do‘xtirga olbi bordi, uni uyiga qo‘yib boshqasini. Hali ammasining qizi, hali amakisnnig o‘g‘lining uyiga zir qatnadi. Bir gal bolalarni do‘xtirga eltsa, keyingi safar ota-onalarini ham olib borishga to‘g‘ri keladi. Xolaning tabiati shunaqa. Uning uchun hech kim begona emas. Hammaga jigarso‘xtalik qiladi, hech kimdan mehrini ayamaydi.
 O‘zi keyingi paytlarda xolaning soyasiga ko‘rpacha to‘shaydigan, duoi jonini qiladiganlar ko‘payib qolgan:
 “Xolajon, qurboningiz bo‘lay, dardingizni olay, xoki poyingiz bo‘lay, Xudo xayringizni bersin, umringizdan baraka toipng...”
 Albatta, bunday xayri duodan so‘ng bir iltimos ham bo‘ladiki, olijanob xola uni rad etolmaydi. Kimningdir uyiga mehmon kelishi kerak, pishir-kuydir, dasturxon bezashning o‘zi bo‘lmaydi, xolani yordamga chaqiradi. Supur-sidir ishlarida ham Xola beminnat ko‘makka hozir.
 Yaqinda qo‘shnisi Hoji Javod Og‘o o‘g‘lini uylantirdi. Kelin ko‘rdidan bir kun avval og‘oning xotini kata boshini kichiki qilib uningoldida keldi. “Xolajon, o‘zingiz bilasiz, ertaga bir olam xotin-xalaj keladi. Bilasizk-ku, dunyoda xotinlarning chodrasini (Eron ayollari yopinadigan paranjiga o‘xshash bosh kiyimi – tarj.) yig‘ishtirishu tarqatishdan boshog‘riq narsa yo‘q. Birortasining chodrasi almashibmi, yo‘qolibmi qolsa, to‘polon ko‘tarib, butun obruyimizni bir pul qilishi hech gap emas. Bunaqa ishlarda sizning oldingizda tushadigani yo‘q..”
 Ma’rakada xotinlar ichkari uydaeb-ichib, gurung berayotgan bir paytda Xola berigi tor, xafagazak hujrada paranjiyu chorshablarga qorovullik qilib o‘tirdi. Xola - shunaqa hojatbaror ayol.
 Xola terlab-pishib, anhor ustidagi ensiz ko‘prikka ham yetib keldi. Qirg‘oqda soya berib turgan daraxt ostida bir zum nafas rostladi. Boshi egilib, ko‘ngli ozayozdi. O‘zini lohas his qildi. Badanida chidabb bo‘lmas og‘riq uyg‘onganini sezdi. Asta-sekin oyoq-qo‘llarin karaxtlasha boshladi. Ter-rezalari peshonasidan chaqqon sirg‘alishda davom etardi.
 Xolaning beshikmisol bir zaylda harakatlanishi to‘xtagach, Abbos ham g‘ingshib ko‘zini ochdi. Xola mehr-muhabbatga to‘la ovozda uni erkaladi:
 -Xolaginang aylansin, biroz dam olaylik, qaragin, mazam qochyapti, - keyin bolaning tim-qora sochlarini siypaladi, - O‘zim o‘rgilay bolamdan, ozib ketibdi, bechoraginam.
 Abbos ovozini balandlatib, xarxasha bilan ayolning qorniga tepa boshladi:
 -Turing, ketdik, ketdik!
 Xola ixrab-sixrab, bolani opichladi-da, yana yo‘lga tushdi.
 -Hasanimga nima bo‘ldiykina, xat yozganiga ham ancha bo‘ldi”. Xolaning xayoli yana kichik o‘g‘liga ketdi. Anchadan beri undan na xat bor, na xabar. Oxirgi xatida u bir katta xatardan omon qolganini yozgan edi. Korxonada qisqa tutashuvdan o‘t tushib, katta yong‘in chiqibdi. Ancha kishi jizg‘anak bo‘pti.
 Xatni Xolaga o‘qib berishayotganda, nobud bo‘lgan bechoralar uchun xiyla ko‘z yosh to‘kdi. Keyin o‘g‘lini omon saqlagani uchun parvardigorga shukur qildi. Shuning shukrona uchun juma kuni nazr qilib, sham yoqishni niyat qildi.
 -Ishqilib, Hasanginam sog‘-omon yurganmikin? Yana korxonasiga o‘t ketmadimikin? E, Xudoyim, har bandaning ko‘z qorasi, farzandi arjmundini o‘zing hifzu himoyangga ol, shulari qatori mening bolamni ham o‘zing asragin, - deya yurgan yo‘lida pichirlab borardi Xola.
 “Shoyad, bugun po‘chtachi uyimizga o‘g‘limdan xat tashlab ketgan bo‘lsa”, degan ilinjda qadamini tezlatdi.
 Peshonasidan quyi oqayotgan ter donachalari bir-birini quvishdan to‘xtamasdi. Shu tobda ertalab tuzukroq tamaddi qilmaganini esladi. Balki, madorsizlanishi shundandir? “Ertalab, qozon osib, sho‘rva solib qo‘ysam bo‘larkan, - yana xayollandi Xola. - Kim bilsin Husanginam bugun tushlik qilgani uyga keladimi?”
 Husan Xolaning kichkina o‘g‘li. Odatda u tushlik qilgani uyiga kelmasdi. Lekin baribir Xolaning diliga g‘ulg‘ula tushdi: “Ishqilib, ishxonasida qornini to‘qlagan bo‘lsin, uyda oldida qo‘yishga hech vaqo qolmagan”.
 Ko‘z oldida o‘g‘lining oftobda qoraygan, yog‘och randalayverib, yuzlari jiqqa terga botgan o‘g‘lining qiyofasi jonlandi. Uning so‘zlari qulog‘i ostida jarang sochgandek bo‘ldi:
 -Hali ustaxona egasi ijara narxini oshirmoqchi. Hozir uyga bir to‘g‘ram non opkelish ham qiyin bo‘p qoldi-da!
 Shu payt xola o‘g‘lining ko‘ylak-ishtonini yuvib qo‘ymagani, chuvalgan paypoqlarani yamab qo‘ymagani esiga tushdi. Uy kunjida bir dunyo kir uyuulib yotibdi. Shular yodiga tushishi bilan yana dili g‘ashlandi. O‘z-o‘zidan ranjidi:
 -O‘zi keyingi paytda juda lanj bo‘p ketyapman. Hech bir ishga ulgurmayman. Hozir borib, Ma’suma bilan birga kirlarni yuvib tashlaymiz.
 U hansirab-pishqirab ilgarilardi. Xiyobondan o‘tdi, Katta ko‘chaga berilgan payti butun suyaklari zirqirab, ko‘ngli ayniy boshladi. “Oz qoldi, - o‘yladi lo‘killab borarkan, - Anavi simyog‘ochdan o‘tib, Mashadi Abbosning do‘koniga yetaman. Keyin Bobo Baqqolning do‘koni. Biroz yursam...”.
 Simyog‘ochdan ko‘z uzmay arang ketib borarkan, shu payt yeru osmon qo‘shilib, chirpirak bo‘layotganini his etdi:
 -Biroz boshim aylanyaptimi, menam kasal bo‘pman shekilli.
 Beixtiyor yo‘lak chetiga o‘tirib qoldi. Uning yelkasiga boshini qo‘ygancha uxlab borayotgan Abbos ko‘zini ochib, yana g‘ingshilashga tushdi.
 “-Bugun yo‘l xiyol cho‘zilib ketgandek bo‘lyapti. Peshin bo‘pti hamki yo‘lim unmaydi, manzilga yetay demayman, - Xolaning yana o‘z-o‘zidan dili g‘ashlandi, - Ma’sumaginam nima qilib yuribdiykin? Rosa qorni ochgandir? Men devona ertalab qozon osib, tuz-namagidan xabardor bo‘lishni Ismatga tayinlab kelmaymanmi? Borgunimcha hil-hil pishib turgan bo‘lardi. Bira-to‘la, Zarining ham uyidan xabar olardim. Qachondan beri birrov qaraganim yo‘q. Bechora qizimning ko‘zi yo‘lga haroson bo‘ldi-da!”
 Shuncha ish tiqilib turgan paytda bu la’nati kasallik ham uning yoqasidan olayotir.
 Xola yana inqillab qo‘zg‘aldi va yo‘lga tushdi. Jiyani Ismat xonimning uyiga yetib kelganida, baayni badani xuddi birovnikiday hech narsani his qitlmay qo‘ygandi. Ismat xonim xolasining qorasini uzoqdan tanib, uning yoniga oshiqdi.
 -Voy xolajonim-ey, namuncha hayalladingiz? Rosa xavotir qildim! Voy, sizga nima bo‘ldi? Ranginizda rang qolmabdi-ku! Havo issiqda, rosa terlabsiz. Bering bolani, sal tobingiz qochdimi deyman?
 Xola peshonasidagi terni sidirishga zo‘rg‘a majol topdi va behol darvoza oldidagi supachaga cho‘kdi:
 -Yo‘g‘-a, xolang aylansin! Hechqisi yo‘q. Endi... issiq jon-da! Men endi tezroq uyga bora qolay. Biroz damimni olmasam bo‘lmaydi. Bu yoqda mingta ishim bor. Xolang aylansin, Ma’suma bu yoqqa kelmadimi? Agar uzoqroq ketsam, Ismat opangnikiga bor, deb...
 Ismat xonim uning gapini oxiriga yetkazishiga imkon bermadi.
 -Yo‘g‘-a, xolajon, kelmadi-ya!
 -Bolaginam qaerda yuribdiykin?
 -H..ha, boya bir keluvdi. Menga hovuzdan ikki chelak suv opkelib berdi, ishlarimga biroz ko‘maklashdi. O‘tir, tushlik qilib ketasan, dedim... u paytda hali ovqatimiz tayyor emasdi-da... Menam qol, deb qistamadim. Maktabga borsa kerak, dedim-da! Hozir ta’til payti ekanligini keyin esimga tushdi.
 Xola yoqasiga qo‘l suqib, do‘xtir yozib bergan g‘ijimlangan retseptni olib uzatdi.
 -Bo‘lmasa men boray, qizginam och-nahor yurgandir!
 Ismat xonim qog‘ozni birrov ko‘rib, yana qaytarib berdi va xolasidan aylanib-o‘rgila boshladi.
 -O‘zim aylanay xolamdan! Dardi baloyingiz ursin! Hozir erimning ko‘ylagini dazmollashim kerak edi. Kechqurun kinoga boradigan edik. Dorilarni o‘zingiz opkeb bering. Men qizimni jo‘nataman, Ma’sumani topib keladi. Qozonda ovqat ham turibdi. Qizingizni qornini o‘zim to‘yg‘izaman, xolajon.
 Yuqori ko‘chada joylashgan dorixonaga borib kelish uchun bir soat vaqt ketardi. Xola ingrab-sinrab, arang nafas olgancha yana cho‘g‘dek qizdirayotgan quyosh tig‘ida yo‘lga tushdi. Dorixonaga yetganida, behollik va issiq uni tamomila holdan toydirgandi. Dorixonada uzundan-uzoq navbat kutib, Xolaning bo‘lari bo‘ldi.
 Ismat xonimning uyiga qaytib kelganida, kun peshindan oqqan, quyosh shu’lasi butun hovli sahni bo‘ylab yoyilgandi. Dorilarni olarkan, Ismat xonim bidirlashga tushdi:
 -Voy, xolajon, esim qursin, g‘irt ovsarman-da! Ma’sumani topib kelgani qizimni jo‘nataman deb, esimdan chiqaribman. Siz uyga kiring, damingizni oling, men hozir Ma’sumani toptiraman. Qozonda ovqat tayyor turibdi. Men hozir...
 Xola bu gal kutib o‘tirmadi. Indamay, uyi tarafga yo‘l oldi. Ismat xonim ham uni ortiqcha qistamadi. U chiqishi bilan darvozani g‘ijirlatib zanjirlab oldi.
 ...Ma’suma uyning to‘ridagi yupqagina to‘shak ustida yotar, og‘ir-og‘ir nafas olardi. Xola unig ozg‘in qo‘lchalarini ushlab ko‘rdi: Issig‘i baland. Dasturxon yozib, ul-bul yegulik keltirdi. Ma’sumani suyab turg‘izdi, dasturxonga undadi. O‘zining ishtahasi yo‘qolgandi. Bir-ikki luqma non chaynagan bo‘ldi. Keyin turib, bozorxaltani orqalab, mahalladagi bozorchaga chiqdi. Go‘sht, no‘xat, loviya va boshqa narsalar xarid qilib qaytgach, o‘choqqa qozon osdi. Tog‘orani iliq suvga to‘lg‘azib, yig‘ilib qolgan kirlarni uning ichiga joyladi. Keyin xonaga qaytib sandig‘idan eski jun paypoqni oldida, kir iviguncha to‘zigan joylarani urchuq bilan yamashga o‘tirdi. Bu paytda Ma’suma holsizlanib, dasturxon boshida cho‘zilib qolgandi. Deyarli hech narsa yemagan ko‘rinadi. Xola dasturxonni yig‘ib, o‘zicha g‘udrandi:
 -Bechora bolamga ham o‘tibdi bu kasallik. Musahhal (mahalliy tabiblar tayyorlaydigan yengillashtiruvchi dori – tarj.) ichirsammikin?
 Isitma qizaloqning yuzini guldek qizartirib qo‘ygandi. Qiynalib nafas olar, ora-sra behol ingrab qo‘yardi. Xola qizining boshi ostiga yostiq joylab, biroz mizg‘ib olmoqchi bo‘ldi. Keyin turib paypoqni yamaydi, kirlarni yuvadi. Keyin qizi Zarining oldiga o‘tib keladi.
 Boshiga kirgan og‘riq borgan sari zo‘raydi. Ko‘zlarini ochib, boshini Ma’suma yotgan yostiqqa tiragancha, palos ustidagi paypoqlarga tikildi.
 - Ancha charchabman, ko‘z tegmasin, Abbos ancha og‘irgina bo‘p qopti. Ishqilib tezroq tuzalsin-da! E xudo o‘zing bolalarimni panohingga ol! Kechgacha terlasa yaxshi bo‘lardi.
 Badaniga qattiq varaja kirdi. Xola titrab-qaqshagancha, chodrasiga mahkam o‘ralib oldi. Hamon ikki ko‘zi uy o‘rtasida yotgan bir juft paypoqda edi. Shu choq... paypoqlarga joy kirgandek bo‘ldi. Paypoqlar xuddi ilonga o‘xshab o‘rmalay boshladi. Keyin esa, ular kattalashib, vahimali tus oldi, havoga ko‘tarildi. Xonani allaqanday tushunarsiz shovqin egalladi. Shu ochq qaerdandir kasalxonad u bilan suhbatlashgan xonimning ovozi eshitilgandek bo‘ldi. Mana, u shundoq ro‘parada turibdi. Qo‘li bilan havoda uchar ajdahodek uchayotgan paypoqlarni ko‘rsatib, qichqira boshladi:
 -Influenza! Influenza!
 Shu payt xla o‘zini boyagi jo‘xtir qabulxonasida ko‘rdi. Xona gavjum edi. Paypoqlar xonada jamlangan qariyalar, bolar, xotinlaru erkaklar ustida charx urib aylana boshladi. Yana qulog‘i ostida o‘sha xonimning ovzi jarangladi:
 -Qaranglar, bu dard bolalarimizga chang solmoqchi! Ehtiyot bo‘linglar! Kasallik sizlarga ham yuqishi mumkin. Bu kasallik hech kimni ayab o‘tirmaydi.
 Xola bemorlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladi. Ular orasida kichki o‘g‘li Muhmadni bag‘riga bosib o‘tirgan qizi Zariyni ko‘rdi. Xola o‘sha tomonga otilmoqchi bo‘ldi, ammo o‘rnidan qo‘zg‘alishga majol topmadi.
 -Zari, jon bolam, nevaramga nima qildi? Muhammad ham kasal bo‘ldimi?
 Zari bosh irg‘adi:-
 -Ha, oyijon, nimasini aytasiz? Bir daqiqa oromi yo‘q. Tinimsiz yig‘laydi. Yonimda biror yordam beradigan odam bo‘lsayam mayliydi. Bir o‘zim, yolg‘izman.
 -Menga xabar qilsang bo‘lmasmidi, bolam, - dedi Xola, - Tentak qizim-a, onang o‘lgani yo‘q-ku!
 Zariy big‘ilayotgan bolani bag‘riga bosdi:
 -Oyijon, nima qilay? Uyda bir o‘zimman, yolg‘izman!...
 -Nega yig‘layapsan qizim, bolangni ahvoli shuncha og‘irmi?
 -Ha, oyi, og‘ir... og‘ir!
 Xola uyqudan sachrab uyg‘ondi. Bu paytda Ma’suma chirillab yig‘lar, ko‘z yoshi yuzlarini ivitib tashlagan edi. Xola undan so‘radi:
 -Ha, onajon, nimaga buncha yig‘laysan, nima bo‘ldi jonim?
 Ma’suma hanuz yig‘idan o‘zini to‘xtatolmay hiqilladi:
 -Oyi, suv... suv ichaman!
 Xola zil-zambil vujudini ko‘tarib o‘rnidan turdi. Keyin qo‘lida bir kosa suv bilan qaytdi va qizining boshini ko‘tarib suv ichirdi. Qizaloq chanqog‘ini qondirib, yana boshini behol yostiqqa tashladi. Xola suvi yarimlagan kosani tokchaga qo‘yib qaytdi va harsillab, taxmondan yana bir ko‘rpa olib, devor tagiga soldi. Qizining temirday  qizib turgan vujudini arang ko‘tarib, yangi o‘ringa yotqizdi va o‘zi ham unig yonidan cho‘zildi.
 Xolaning ham tanasi o‘t bo‘lib yonar, boshi chidab bo‘lmas darajada og‘rib azob berar, ko‘ngli behuzur bo‘lib yotardi. Shu alfozdda shiftga ko‘z tikib, o‘zicha shivirladi:
 -Bu balo bolaginamga qaydan yopishdi? Biroz mizg‘ib olsaydim, keyin turib, Sayid Mahdixonning uyiga borib, bir piyola suzma opkelaman. Harna kasalning taftini oladi. Juda bo‘lmasa, do‘xtirga olib boraman.
 Xolaning fikrlari xuddi kalavadek chuvalib ketgandi. Hovlidagi hovuzning suvi eskirib, ayniy boshlabdi. Uni chiqarib tashlash, ariqdan toza suv o‘nglash kerak. Uning ustiga Ma’sumaning xastalanishi, Zarining yolg‘izligi va ko‘makka muxtojligi, Hasanning mavhum taqdiri, Husanning kirlab ketgan kiyimlari, yirtiq paypoqlar, tog‘ora to‘la kir, oshxonada qaynay boshlagan qozon... hamma-hammasi birlashib, Xolaning miyasida g‘ujg‘on aylanar, oromu qarorini mahv etgan edi. “Kirlarni yuvib bo‘lib, xonanin ham supurib chiqishim kerak, - o‘ylardi Xola. - Ovqatning tuz-namagidan xabar olib, zarchavasini qozonga solish kerak. Paypoqlarni yamab ulgurmadim. Hovuzning suvini ham chiqarib tashlash kerak. Bir dunyo ish, ularning hammasini bugun bitirish lozim”.
 -Ey bor xudoyo, bu balolarni bolalarimning boshidan nari qil, Poko parvardigoro, o‘zing madad ber, marhamatingni darig‘ tutma!
 Xola ko‘zini yumishi bilan yana o‘sha, qo‘rqinchli, aloq-chaloq tushlar uni o‘z izmiga oldi. Tushida... o‘g‘li Hasan ishlayotgan korxonaga yana o‘t ketibdi. O‘g‘li o‘t ichida o‘zini har yoqqa urarmish. Xola faryod solgancha o‘zini o‘tga urmoqchi bo‘lar, ammo joyidan qo‘zg‘alolmas, oyoq-qo‘llari bog‘lab tashlangandek qimir etmasmish... Ko‘zini ochganida bir ko‘rpa ter ichida yotardi. Uy ham nazarida xiyla toraygandek, dimiqqandek tuyuldi. Yuragi zarb bilan ura boshladi. Yo‘q, bu ovoz ichidan emas, tashqaridan kelardi. Kimdir eshikni zarb bilan taqillatayotganini endi angladi. Ehtimol ana shu zarb uni uyg‘otib yuborgandir.
 -Tuf, tuf, yomon tush ko‘rayotgan ekanman, yaxshiyam uyg‘ondim, - dedi Xola yoqasiga tuflarkan. Keyin yo‘rg‘alay-yo‘rg‘alay ko‘cha eshigi tomon yurdi. Bo‘sag‘ada qo‘shnisi Muluk xonimning sakkiz yashar qizchasi Parvona turardi:
 - Oyijonim sizni chaqirib yubordilar, tez kelsin dedilar. Dadam kalla-pocha opkeldilar. Shuni tozalab berarkansiz!
 Xola yiqilib tushmaslik uchun eshik kesakisiga suyanib, qizchaga mehribonlik ila so‘z qotdi:
 -Xolang o‘rgilsin, oyingga borib aytgin, xolam isitmalab yotibdi ekan, kelolmas ekan, degin.
 Parovna har doimginday xolaning qo‘lidan ushlab uyiga qaytishga shaylanib turardi. Bu gapdan so‘ng yig‘lab yuborgudek lablari cho‘chchaydi:
 -Oyijonim, xolangni nima bo‘lsayam opkelgin, dedilar. Hamma ishingizni tashlab bo‘lsayam borarkansiz. Xudo haqqi shunaqa dedilar.
 -Bilaman, bolajonim, - ingrandi Xola. - O‘zim girgittoning bo‘lay. Oyog‘imda oyoq qolmadi, bolam. Xolam uydan chiqolmas ekanlar, qattiq og‘rib yotibdilar, deb ayt. Boraqol jonim, o‘zim aylanay sendan. Oftobda yurma qoqindiq, soyadan ketgin.
 Xola bir zum chopqillab ketayotgan qizchaning ortidan termilib turdi. “Baraka topkurlar shundoq issiqda yosh bolani yugurtirishadi-ya! Kasal-pasal bo‘ladi deyishmaydiyam. Kattarog‘ini jo‘natsayam bo‘lardi-ku!” o‘yladi Xola uyga qaytib kirarkan.
 Yana Ma’sumaning yonidan joy oldi. Kimdir uning yelkasidan qattiq turtib uyg‘ota boshlagach, ko‘zlarini ochdi. Boshi changakka cholingandek azob berardi. Ko‘z oldi qorong‘i tortib ketgandi. “Nega bir chilimgina uxlaganiyam qo‘yishmaydi”, deya og‘rinibgina xayolidan o‘tkazdi.
 G‘ira-shira qorong‘ilik ichidan Ismat xonimning yuzini ilg‘ay oldi. Uning yonida esa, kichkina o‘g‘ilchasi Akbar Ma’sumaning boshi ostidan tortib olingan yostiqqa o‘tirgancha, qo‘ligi rul chambaragiday aylantirib, “mloshin-moshin” o‘ynar, uning shovqini xonani tutib ketgandi.
 -Diiiiy, diiiy, vang, bibiiiip!
 -Xola, odam namozshom payti uxlamaydi, qarang, hammayoqqa qorong‘i tushyapti, Tursangiz-chi!
 Xola zaif ovozzda pichirladi:
 -Xolang aylansin, boshimni ko‘tarolmayman. Mazam yo‘q. -  Keyin yana qo‘shib qo‘ydi. - Hechqisi yo‘q, bolam, o‘tib ketadi. Nima, ko‘cha eshigi ochiq ekanmi?
 -Ha, ochiq ekan, nimaydi?
 Xola xiyda bezovtalandi:
 -Esim qursina, boya eshikni zanjirlashni unutgan ekanman. Yaxshiyai sizlar kep qolibsizlar. Bo‘lmasa, birov kirib ship-shiydam qilib ketsa ham bilmasdim. Aytgancha Abbos tuzalib qoldimi?
 -Ha, hozir ancha yaxshi. Issig‘i tushdi.
 Xola so‘radi:
 -Zaridan xabaring bormi? Bugun bir xabar olay devdim, ilojim bo‘lmadi.
 Chamasi Ismat xonimning xayoli tamoman boshqa joyda edi, bezovtaldik bilan atrofga ko‘z yugurtirdi, keyin Ma’sumaga qarab so‘radi:
 -Ie, Ma’sumaga nima bo‘ldi? Qarang-a, kasallik bir kelsa qo‘ymas ekan-da!
 -Tushdan beri isitmalab yotibdi, - zaif ovozda javob qaytardi Xola. - Musahhal ichirsammi devdim, ammo, kim bilsin hali yosh bola. Ko‘tarolmay...
 Ismat xonim odatiga monand yana uning so‘zni bo‘ldi:
 -Xola, ahvoli juda yomonmi? - keyin bosh chayqab qo‘shib qo‘ydi. - Xolajon peshonangizga shuyam bor ekan-da a?
 Xola yana xastahol tillandi:
 -Buyam xudoning bir sinovidir-da! Men-ku, tuzalarman, bitta uxlab tursam, bo‘ldi. Ammo, Ma’sumaginam... Ismatjon, xolang aylansin, shundoq Sayid Mahdixonning do‘konidan...
 Ismat xonim yana gapirishga imkon bermadi:
 -Xola, Akbarga qarab tursangiz deb opkeluvdim, demak, qarab turolmaysiz-a? Aytuvdim-ku, erim bilan kinoga boramiz, deb. Abbosni-ku, Sakinaning oldida qo‘yib keldim. Akbarni sizga tashlab ketmoqchiydim...
 Keyin biroz asabiylashib qo‘shib qo‘ydi:
 -Siz bu ahvolda yotgan bo‘lsangiz, men Akbarni tashlab ketolmayman. Sakina uy ishlari bilan bo‘lib ham bunga, ham unisiga qarab turolmaydi. Demak...rostdan ham qarab turolmaysizmi xola?
 Shunday dedi-yu, javobini kutmayoq o‘rnidan turdi:
 -Endi o‘zim bilan oboraman, boshqa iloj yo‘q, uxlab-netib qolganingizda, Akbar hovuz labiga borsa... yo‘q bo‘lmaydi, - keyin o‘g‘lining boshiga shapatiladi. - E, bola bo‘lmay har balo bo‘l-a, faqat yo‘limga to‘g‘anoq bo‘lasan. Sening dastingdan o‘ynab kulolmasam. - Keyin yana Xola tarafga o‘girildi, - Xola yaxshilab o‘ralib damingizni oling, otdek bo‘p ketasiz, mana meni aytdi dersiz!
 Xola yana miskinlik bilan o‘tindi:
 -Ismatjon, oshxonada qozon osganman. Qaynab yotibdi. Tuz namagini rostlab, zarchevasini solib ket. Keyin Sayid Mahdixonning do‘konidan bir yalamgina suzma opkelsang, Ma’sumaginam tuzalarmikin, devdim.
 Ismat xonim bosh irg‘adi, ammo Xolaning gapi tamom bo‘lishini kutmasdan, o‘zi Ma’sumaning boshi ostidan sug‘urib olingan yostiqni yana o‘rniga qo‘yishni ham unutib, tashqariladi.
 Xola qizargan ko‘zlari bilan uning ortidan nigoron termilgancha qoldi.
 Ismat xonimning uzoqlashayotgan qadam tovushlari Xolaning miyasiga bolg‘adek urilib, ancha paytgacha quloqlari ostida aks-sado berib turdi. Keyin hanuz isitma ichida alahsirab to‘lg‘anayotgan qiziga yurakzadalik bilan tikildi. Qaltiroq qo‘llari bilan qizining boshini asta ko‘tarib, avaylabgina yostiqqa qo‘ydi. Keyin esa, o‘zi uning yonida, rangi unniqqan palos ustida xastahol uzandi.

Fors tilidan Rustam Jabborov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.