Me’mor Rufus Xeymekerning Sentral Park Uestdagi hashamdor, shinam xonasida sokinlik. Tong ohista yorishib kelyapti. Binoning tashqi tarafini ko‘rkam qilib ko‘rsatuvchi baland derazadan qarshidagi bog‘ ko‘zga tashlanadi: purviqor teraklar safi tonggi tuman ichida. Yotoq derazasidan ham bog‘ning bir chekkasi ko‘rinib turibdi. Lekin saharmardondan uyg‘ongan mister Xeymeker katta derazaga yaqin daraxtlar va ular ortidagi mo‘‘jazgina ko‘lni tomosha qilish uchun dahlizni kesib o‘tib, mehmonxonaga kirdi. U tabiatni butun rango-rangligi bilan xush ko‘radi. Shoirtabiat odam.
Xeymeker oltmishlarda; oriqdan kelgan, biroz bukchaygan; qalin sochlariyu baroq qoshlari kuzalgan, oq oralay boshlagan soqol-mo‘ylabi uning ozg‘in yuzini anchayin badjahlroq qilib ko‘rsatadi. Egnida tasmali ko‘kish, uzun va keng xalat. Oriq, rangsiz qo‘li, bo‘g‘imlari bujmaygan uzun barmoqlari kasbi jihatidan emas, umuman nozikta’b kishi ekanligidan dalolat beradi. Ko‘zlari horg‘in, shu bilan birga tashvishli ko‘rinadi.
Mana, uch haftadirki, xotini yurak, buyrak va asab kasalliklaridan azob chekarkan, kuni-kechagina doktor Storm uni chekkaga olib, his-tuyg‘ularini sezdirmaygina, yumshoqlik bilan do‘stona so‘z boshladi:
— Agar rafiqangiz ertagacha o‘zini yaxshi his qilmasa, mister Xeymeker, maslahatlashish uchun hamkasbim, doktor Greygerni taklif qilaman. Uni yaxshi taniysiz. Yurak dardlarini mendan ko‘ra yaxshiroq biladi. («Yurak dardlari», deya ichida istehzo bilan takrorladi Xeymeker). Ikkovlashib tekshiramiz va shundan so‘nggina uning tuzalib ketishiga qanchalik umid qilish mumkinligini aytamiz. Rafiqangizning kasali og‘ir, xo‘sh, deyish mumkinki, bedavo dardga chalingan. Lekin juda baquvvat, sabotli, umuman, kasallikka mardonavor qarshilik ko‘rsatyapti. Shunday bo‘lsayam... bekorga qo‘rqitmoqchi emasman. Hozircha ortiqcha tashvishlanishga sabab ham yo‘q... harholda ahvolining og‘irligidan sizni xabardor qilish burchimiz. Bu bilan, umid yo‘q, demoqchi emasman. Yo‘q, yo‘q, aslo. Xo‘sh, unday deb o‘ylamayman. Aksincha, tuzalib ketishi mumkin. Shundoq bo‘lishi mumkin... Ko‘rasiz, hali yana yigirma yillarcha umr ko‘radi. (Xeymeker xo‘rsinig‘ini arang bosdi.) Ahvoliga qaraganda, kuchga ham kiradi, ammo yuragi yomon, bu yoqda buyrak kasalining xuruji ahvolni og‘irlashtirdi. Yurak deng, ortiqcha yuk ko‘tarolmaydigan bo‘lib qolgan. Hozirgi choqda ikki hissa ortiq ishlashiga to‘g‘ri kelyapti. YO u yoqligu, yo bu yoqlik... Bir-ikki kun, eng uzog‘i bilan to‘rt kunda hammasi ayon bo‘ladi-qoladi. Lekin boya aytganimdek, men sizni qo‘rqitmoqchi emasman. O‘zimiz ham hamma imkoniyatlarimizni ishga solganimizcha yo‘q. Biz hali qon quyamiz. Qon quyishning qanchalar nafi tegajagini gapirib o‘tirishga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, buyragi davolashlarimizdan naf topib qolsa, u taqdirda ahvol yaxshi tarafga o‘zgarsa, ajab emas. Takror aytaman, mening burchim, sizni oldindan ogohlantirib qo‘ymoqni taqozo qiladi, zero bunday murakkab dardning oxiri nima bo‘lishini oldindan bilish qiyin. Oilangiz uchun eski qadrdonman, sizlarning bir-biringiz uchun qanchalar zarurligingizni bilaman... (Xeymeker unga loqaydlik bilan qaradi.) Shuning uchun ham sizni bor haqiqatdan xabardor qilib qo‘ymasligim mumkin emas. Ro‘y beradigan narsalar — boshda bor gaplar. Sizga ma’lum, o‘tgan yili kenja qizim Matildamdan ayrilib qoldim. Ammo, takror aytaman, miss Xeymekerning joni uzilish darajasida demoqchimasman — ishonamanki, doktor Greynger ikkovimiz hali uni oyoqqa turg‘izamiz. Umidim katta.
Doktor Storm hamsuhbatiga chin dildan achinib qaradi: «Axir u keksayib qolgan, xotini bilan shuncha yil yashadi, unga o‘rgangan, ayrilish og‘ir bo‘ladi...» Xeymeker bo‘lsa, xaykaldek qotganicha, qanaqa masxarabozlik bu, atrofimda buncha aylanishadi, deb o‘ylardi. Yoshi oltmishga borib qoldi, hamma narsadan charchadi, yashab charchadi; uylanganidan beri hali bir kun bo‘lsin haqiqiy baxt nimaligini tuyib yashagani yo‘q; narsalarni tashqi ko‘rinishiga qarab baholaydigan xotini esa, erini o‘zi bilan baxtli yashaydi deb biladi... Mana, doktor ham unga sevimli rafiqasining mehribonliklariga muhtoj qari chol, deb qarayotir... Xeymeker beixtiyor qo‘lini ko‘tarib, g‘alati silkidi.
Farzandlari ham uni xotinining mehriga muhtoj, u bilan baxtiyor deb bilishadi; xizmatkorlari ham, do‘stlari ham shu fikrda; lekin bu, harholda, haqiqatdan yiroq, g‘irt yolg‘on. U — baxtsiz. U hammavaqt — o‘sha yangi uylangan chog‘idan beri — o‘ttiz bir yil mobaynida muttasil bebaxt. Shu yillar ichida siqilmagan, yashirin istaklari og‘ushida o‘rtanib, nimanidir qo‘msamagan biror kun bo‘lmagan: bu haqda hatto o‘ylashga ham botinmasdi. Bitta narsani — boshi ochiq, ya’ni, Ernestina bilan uchrashmagan paytlaridek erkin bo‘lishni istardi.
Ammo tabiatan va olgan tarbiyasiga ko‘ra, odatdagidek rasm-rusmdan chetlashishga botinmasdi, shu bilan birga, uning hukmidan tashqaridagi kuchlar — tabiatning o‘zi, urf-odat, jamoat fikri va hokazo-hokazolar — unga hokimlik qilar, me’mor bularga qarshi kurashishga ojiz, oqimga qarab suzardi. Ha, u shunchaki oqimga qarab suzardi. Vaqt, tasodif yoki yana kutilmagan bir narsa hayotini yaxshi tarafga o‘zgartirib yuborishi mumkinligiga yashirincha umid bog‘lardi. Lekin bu hol yuz bermadi. Ana endi u — horg‘in, qartaygan yoki harholda tez qarib borayotgan bir kimsa — ojizligi uchun o‘zini qoralardi. Nega u hatto biron nima qilishga urinib ko‘rmadi? Nega u kechikmasidan bu kishanlarni uzib tashlashga urinmadi? Shunday qilganida ruhini, hayotga, uning rango-rangligiga bo‘lgan beqiyos muhabbatini saqlab qolarmidi? Lekin, afsus, u buni qilmadi. Endi nima, achchiq hasrat-nadomat chekishga mahkummi u?
Bir kun avval doktorning so‘zlarini tinglarkan, o‘zini sovuq istehzo bilan tirjayishdan zo‘rg‘a tutib turardi: axir xotinining tirik qolishini istamasdi-da, harholda, o‘sha daqiqada unga shunday tuyulgandi. O‘zi ham haddan ortiq charchagan. Deyarli bir kecha-kunduzdan beri achchiq o‘ylar og‘ushida, hozir ham deraza yonida o‘tirgan ko‘yi, nariroqdagi xiyol yorishgan, tonggi tuman ichidagi binoga tikilarkan, sochini silab qo‘yib, og‘ir xo‘rsindi.
Mana shu azobli oylar, yillar mobaynida, shu yerga ko‘chib kelganlaridan beri u (lekin undan ilgari ham shunday bo‘lardi) xotini uyg‘onmasidan deraza yoniga kelardi-da, o‘yga tolardi. So‘nggi yillarda bir-birlaridan shunchalar yiroqlashib ketdilarki, hatto alohida xonalarda yotishardi; umuman, xotini bunga ahamiyat ham bermasdi. Hayot uning uchun amaliy ishlardangina iborat edi: xotini nomiga dog‘ tushirmasa, jamoat ichida zgallangan mavqeni, obro‘yini saqlasa bas. Aksariyat paytlar o‘tgan kunlariga nazar tashlarkan, hayoti o‘zi orzu qilganchalik emasligiga achinardi... Uning orzulari ushalgandami?!.
Hali vaqt erta edi, kulrang osmonning sharq tomoni pushti rangga bo‘yandi. Xeymeker o‘ychan va g‘amgin bosh chayqab o‘rnidan turdi, dahlizdan o‘tib xotinining yotog‘iga kirdi; karavot yonidagi oqsoch qattiq uxlardi; doktor unga bemordan ogoh bo‘lib turishni buyurgan-u, lekin charchoq ustun kelgan. Ozgan, zaiflashib qolgan xotini ham uyquda edi. O‘zining joni ham azobda ekanligidan qat’iy nazar, me’mor vaqti-vaqti bilan unga achinib ham qo‘yardi. Bo‘lmasam, shuncha yillar ilgari u nega bunday dahshatli xatoga yo‘l qo‘ydi. Balkim gunoh uning o‘zidadir: yoshligida nega aqlliroq emas ekan. Shunday qilib u, ohista yurib, o‘z xonasiga kirib ketdi, yana o‘rniga yotdi-da, xayolga toldi.
Xotini qattiq og‘rib, og‘irlashib qolgan keyingi kunlarda u tongotarda uyg‘onar va xayol surardi. Tashvishli, tartibsiz xayollar shunchalar azob berardiki, uyqusini ham yo‘qotgandi. U ayniqsa, ruhan charchagan, o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi. Nima ham qilsin, hayot azob bermoqda. U haqiqiy sevgini hech qachon bilgan emas, uylanganiga ozmuncha yil o‘tdimi, shu yillar mobaynida u sadoqatli, jonkuyar va sevimli bo‘ldi... Ha, rafiqasi uni o‘z bilgicha sevardi. «O‘z bilgicha», — alam bilan shivirladi u.
Ko‘p o‘tmay turish, kiyinish kerak. Xotinining ahvoli yomonlashib qolmasa, har vaqtdagiday idorasiga borishi zarur. Lekin... Lekin u omon qolarmikan-a? Shu vaqtgacha dardga bardosh berib kelayotgan bo‘lsayam harholda zaif... Axir u ham erining yoshida-da... Bundoq og‘ir dardga dosh berolmasligi mumkin? Unda yana erkin bo‘lib qoladi va hech kim uni malomat qilolmaydi. Shunda istagan joyiga borishi, xohlagan ishini qilishi mumkin va unga hech kim xalal berolmaydi. Turmush qurganlaridan beri xotinining birinchi bor og‘ir dard tortishi. Bir oydirki, u hayot bilan o‘lim oralig‘ida: bugun ahvoli yaxshi bo‘lsa, ertasiga yomon, lekin shunday esa-da, hali tirik — ajali yetgan deyishga ham ishonchi komil emas, ammo holi yaxshilanayotgani ham yo‘q. Doktor Stromning aytishicha, qo‘qqisdan unda yurak xuruji zo‘riqqan — eng xatarlisi shu, buni qanday muolaja qilish noma’lum.
Shu vaqt davomida Xeymeker, odatiga ko‘ra, xotiniga jonkuyarlik qildi. U hamma vaqt yumshoq, ko‘ngilchan: doimo xotinining tilagini bajo keltirar, imkoni qadar hammasini o‘rniga qo‘yardi. Xotini, farzandlari mamnun va baxtiyor bo‘lganlarida sevinardi... Endilikda farzandlaridan ham ko‘ngli qolgan, bunda eng avvalo xotinini aybdor deb bilardi... Yoshligida qiyinchilikda o‘sgani yodida bo‘lganidan Xeymeker doimo unga achinib kelgan edi: lekin turmush qurganlaridan keyin ham hech qachon baxtli bo‘lmadi. Ha, xotinim ko‘p jafolar ko‘rgan deb ta’kidlardi u og‘ir daqiqalarda, lekin uning o‘zi-chi?.. Ayol kishiga bularni ko‘tarish og‘irroqdir balki... Lekin axir qalbida erining muhabbati bor-ku! Xotini shunday hisoblagani uchun qalbi osuda. Vaholanki, Xeymekerning o‘zi bundan mosuvo. O‘zining esa, rafiqam deb sevishi mumkin bo‘lgan xotini yo‘q, bo‘lgan ham emas. Oh, u qanchalar orzu qilgan edi-ya!
Shu kuni u idoraga ketayotib (idorasi Medison xiyoboniga chiqadigan osmono‘par binolardan biriga joylashgan edi) Sentral-Park Uest yonidan o‘tayotib qator saf tortgan daraxtlarga, oftobga g‘arq bo‘lgan uylarga qararkan, borlig‘ini yana achchiq fikrlar chulg‘adi. Yo‘lkalarda go‘dak ko‘targan enagalar uymalashar, bolalar o‘ynar, kimlardir sekin-ohista sayr qilar, boshqalar o‘z ishlariga shoshilardi. Faqat ko‘klamdagina, o‘shanda ham ahyon-ahyonda bir bo‘ladigan ajoyib kun edi. U atrofga, ayniqsa bolalarga va ko‘klam libosida xizmatga shoshilayotgan yoshlarga qararkan, xo‘rsinib o‘yladi: qani endi yana yosharib qolsa! Ular — o‘t-olov; dillari to‘la orzu-umid! Ular uchun hamma narsa oldinda. Xohlaganlarini izlashlari, tanlashlari mumkin... Na yillar va na vaziyatlar ularning yo‘liga g‘ov bo‘la oladi! Axir bularning yoshida u o‘zini bema’nilarcha bog‘lab bergani kabi tuturiqsizlikni kim qilipti? Ehtimol yuzinchi bor o‘zini shunday so‘roqqa tutayotgandir. Balkim har birining go‘zal sevgilisi bordirki, bunaqasini u hech qachon ko‘rmagandir. Balki...
U fikrlarga tolganicha idorasiga, eng baland imoratlarning yuqori qavatiga chiqdi va pastdagi yastangan shaharga horg‘in tikilib qoldi. Bu yerdan shaharni kesib o‘tgan ikkala soy, qator gumbazlar, uzoqdagi binolarning devori ko‘rinardi. Shu paytgacha unga mana shular yashashga va umid tutishga ko‘maklashardi. Shularning bari yoshligida uni qanchalar ilhomlantirardi... Umuman, u paytlarda boshqa shaharda istiqomat qilardi. Hatto hozir, shinam xonadonidan ham ko‘ra bu yerda, idorada o‘zini erkinroq his etardi. Bu yerdan turib pastda yastangan shaharni tomosha qilish, xayol surish mumkin... yoinki, mukkasidan ishga ko‘milib, shaxsiy hayoti o‘ngidan kelmaganini unutsa bo‘ladi. Katta shahar, o‘zi yaratgan yoki qurgan binolar, xotini bilan maslahatlashmay tanlagan salohiyatli va sadoqatli yordamchilar — mana shular ichida o‘zini, doimiy ichki dardini — hayoti behuda ketganini unutardi.
Rafiqasi dardga chalingandan keyin ro‘zg‘or tashvishi ilgari ular xizmatida bo‘lgan miss Elfrid degan o‘rta yashar sinchkov ayolga topshirib qo‘yilgan edi: unga Ester degan oqsoch ko‘maklashadi — dasturxon hozirlaydi, eshikni ochadi, umuman, nimaiki lozim bo‘lsa, hammasini bajo keltiradi; bulardan tashqari bemorga ikki hamshira qaraydi — biri kechasi navbatchilik qiladi, ikkinchisi kunduzi parvarishlaydi. Ikkoviyam sog‘lom, ko‘k ko‘z. Ha, dadil, xushchaqchaq yoshlar — u hech qachon o‘zining shunday bo‘lganini bilmaydi. U loqayd qaraydi. Bundan bu yog‘iga ham hamma vaqt shunday qolsa kerak.
Shuningdek, farzandlari Uesli bilan Etelberta (xotini erining irodasiga qarshi borib qizini shunday atagandi) ham onalari ustida parvona. Ular allaqachon uyli-joyli bo‘lib ketishgan, ikkoviyam bolali, shaharning turli tarafida yashashadi. Onalarining salomatligini so‘rab, har kuni qarab turishadi, ba’zida kun bo‘yi yoki butun oqshom ota-ona uyida bo‘lishadi. Etelberta onasi kasalga chalinishi bilan ularning uylariga ko‘chib o‘tib, ro‘zg‘or tashvishlarini o‘z zimmasiga olishini taklif etdi, lekin miss Xeymeker bunga rozilik bermadi: u topshiriq berishni xush ko‘rar va hozircha bundan voz kechishni istamasdi. Axir juda ham og‘ir kasal emas-ku, so‘rab-surishtirish, buyruq berish qo‘lidan keladi. Bulardan tashqari, miss Elfrid mister Xeymekerga uning xuddi o‘ziday g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi mumkin.
Ammo haqqiga ko‘chilsa — ko‘pincha mushkul paytlarda haqiqat yuzaga chiqadi — unga qulayliklar emas, balki mehr-oqibat va muhabbat yetishmaydi. Axir u hech qachon, harholda allaqachonlardan beri, ikkovi tug‘ilib o‘sgan Michigan shtatidagi Maskigonda yashagan choqlaridan beri, xotini o‘n besh yashar, u esa o‘n yetti yashar chog‘idan beri sevmaydi-ku! Bir-birlarini ilk ko‘rgan kunlaridanoq yoqtirib qolganlari hozir g‘alati ko‘rinadi. Rafiqasi u choqlar o‘sha yerlik dorixonachining farzandi — undan xiyol yosh, xushro‘ygina qiz edi. So‘ngra, muhtojlik uni, bir amallab yo‘lini topib olish uchun o‘sha shahardan ketishga majbur qildi. Qizga tez-tez xat yozib turdi — xayolida qiz dunyoda hammadan ham ko‘ra yaxshiroq edi. Ammo taqdir unga ko‘makka kelishga shoshilmas, orzularining ro‘yobga chiqarishga oshiqmasdi — u uzoq yillar Ernestinadan yiroqda bo‘ldi, uylanishga imkoniyat topmadi, bu orada o‘zi anglamagani holda hayotga boshqacha ko‘z bilan qaray boshladi. Bu qanday ro‘y berganini aytish qiyin, lekin... u katta shaharda yashab, ko‘pni ko‘rdi, ko‘pni bildi, qiz uchun esa, hammasi avvalgiday: Xeymeker yangi odamlarni ko‘rar, dadilroq parvoz qilar — bularning bari qizga va ularning muhabbatiga qarshi fitnaday tuyular edi; ammo u choqlar buni anglab ololmasdi. O‘zida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni u haddan tashqari sekin anglab yetayotibman chog‘i, deb o‘ylardi.
Keyinchalik, o‘sha paytdayoq, esim borida etagimni yopib, Ernestina bilan orani ochib qo‘yishim kerak edi, degan ham o‘ziga. Vaqt o‘tgani sayin ilojini qilolmasdi. Albatta, bu bilan qizga alam yetkazar, o‘ziga ham oson bo‘lmasdi, ammo bugungi kunda qiynalib o‘tirmasdi-da! Ha, o‘sha choqlarda judayam tajribasiz edi, hayotni yaxshi bilmasdi: rasm-rusumlar, g‘arbning qoloq urf-odatlari bilan o‘ralashib qolgandi. U unashtirishni, keyinchalik borib muvaffaqiyatsiz chiqqan taqdirda ham, harholda zimmamga mas’uliyat yuklaydi, deb hisoblardi. Vijdonli kishi so‘zidan qaytmaydi — uning yurtidagi taqvodorlar shunday hisoblashadi.
Ha, o‘shanda Xeymeker qizga xat yozishi, u bilan so‘zlashib olishi mumkin edi. Lekin haddan tashqari nazokatli va ko‘ngilchan bo‘lganidan o‘z xatosi haqida so‘z ochishga botinmadi. Keyin esa, vaqt o‘tdi. Xeymeker uni xafa qilishdan, qalbini, hayotini chil-chil qilishdan cho‘chidi. Endi esa... O‘z hayoti nima bo‘ldi! O‘sha yillar ona yurtiga necha bor keldi, xato qilganini o‘shanda tushunishi, unga xotima qo‘yishi, agar aqli va jasorati yetsa qutulib, erkin bo‘lib olishi mumkin edi... Yo‘q, unday qilolmadi. Burch tuyg‘usi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan chekka shaharda va umuman, Qo‘shma Shtatlarda hukm surgan qarashlar, rasm-rusumlar, so‘ng undan nimalarni kutayotganlari, qiz nima kutayotgani va nimani kutish mumkinligi haqidagi fikr — mana shularning bari uning oyoq-qo‘lini chambarchas bog‘ladiyu Ernestinaga hech nima demadi. Munosabati o‘zgarganini ham, muhabbati yonib kulga aylanganini ham aytmadi — buning o‘rniga unga uylandi-qo‘ydi. YO parvardigori olam, bunchalar tentak bo‘lmasa-ya!
Hukm surgan odob qoidalariga muvofiq xato qilgan ekan, uning burchi shundan qaytmaslik va tushkunlikka tushmaslikni taqozo qiladi; boshqa choqda e’tibor berilmasayam, nikoh borasida so‘zda turmoq joiz. Harna bo‘lgandayam u o‘zini bebaxt hisoblamay turolmaydi. Ha, u bebaxt. Odamlar nima deydi, odamlar nima deb o‘ylaydi, deb tashvishlangani va o‘sha urf-odatlar sirtmog‘idan chiqolmaganidan mana shu uzundan-uzun yillar mobaynida Ernestina bilan bir xonadonda yashab keladi, ko‘nglini ovlaydi, o‘zini baxtli «ajoyib juft» qilib ko‘rsatib keladi. Aslida esa, u baxtsiz, judayam baxtsiz edi. Xotinining turish-turmushi, rasm-rusumlarni qattiq tutishi, umuman hamma vaqt yonida hoziru nozirligi jig‘iga tegardi. Doktor Stormning gaplari ranjitdi: agar xotini vafot etsa, musibatda qoladi, deb hisoblasa kerak. «Sizga kim g‘amxo‘rlik qiladi?» deganday bo‘lardi Stormning boqishlari. E, g‘amxo‘rligining nima keragi bor, vaqtincha bo‘lsa ham tanho qolsa, istaganini o‘ylab, tilaganini qilsa; ro‘shnolik ko‘rmagan o‘sha uzundan-uzoq yillarni, o‘z terisiga sig‘magan munofiqlik yillarini unutsa...
Nahotki, jon-jonidan o‘tib ketgan bu ahvoldan o‘la-o‘lgunicha qutulolmasa? Birpasdan so‘ng bu fikrlaring uchun o‘zingni o‘zing koyiysan... Nohaq, beshafqat, berahm o‘ylar... Insonning obro‘si, uning jamiyatdagi o‘rnini belgilovchi jamoatchilik fikri — bu o‘ylari uchun uni ayovsiz qoralagan bo‘lardi.
Shu yillar davomida o‘zini ham, boshqalarni ham qurbon qilganini sezdirmadi. Afsonaviy yosh Spartak kabi ich-etini kemirayotgan tulkini hammaning ko‘zidan yashirdi. U shikoyat qilmasdi. Axir, axloq qoidalari nuqtaiy-nazaridan qaraganda, u namunali er edi-da! Ha, albatta, o‘zining jamiyatda tutgan o‘rnini, farzandlarining ahvolini eslashining o‘zi kifoya. Xotini-chi? Mana hozir og‘ir dardga chalinib yotgan, na moddiy, na ma’naviy muhtojlikni eslamayotgan bir paytda, ishonchi komilki, Xeymeker namunali er! Shu yillar mobaynida xotini biron marta bo‘lsin uning muhabbatiga shak keltirmadi, bunchalar baxtiqaroligini his etmadi... Ernestina, hozirgi kunda ham sevadi, deb xayol qilmasa-da, harholda, erim men bilan o‘zini yaxshi his qiladi, birgalikda bunyod etgan xonadoni, birga tarbiyalab o‘stirgan farzandlari uni quvontiradi, oxirigacha shunday bo‘lib qoladi, deb ishonsa kerak. Oxirigacha! Butun shu yillar mobaynida u o‘z hayotini, bolalarining hayotini va qo‘lidan kelgancha erining hayotini ham o‘z o‘lchovi va o‘z didi bilan bichib keldi, shuning barobarida doimo hammasini u tilagancha qilayapman, deb hisobladi, harna bo‘lganda ham eri uchun va oila uchun yaxshi qilayapman, deb bildi.
Umum qabul qilingan qoidalarga qanchalar qattiq rioya qilardi u! Xotini, o‘zicha, qanday yashashni aniq bilaman deb o‘ylardi, vaholanki, qachonlardir uyida o‘rgatganlarinigina bilardi: unda hamma narsa haqida faqat amerikaliklarga xos tasavvur bor edi. Tanish-bilish orttirish, bolalarni tarbiyalash va hokazo masalalarda, u ko‘nmagan kezlarda ham, xotinining aytgani bo‘lardi; xursandchiliklar, o‘yin-kulgi, do‘st-yor tanlashda ham u umum qoidadan chetga chiqmas, bunda ham o‘zinikini o‘tkazardi. Albatta, kichik mojarolar bo‘lib turardi — qaysi baxtli oila busiz yashaydi — shunday choqlarda har doim Xeymeker yon berar, albatta o‘zini bajonidil yon bergan qilib ko‘rsatardi.
Nega ham nolisin? Erining bunchalar baxtsizligi xayoliga kelarmikan Ernestinaning? Yo‘q, sira xayoliga kelmaydi. Tug‘ilib o‘sgan shaharlarida ham, bu yerda ham barcha qon-qarindoshlaru tanish-bilishlardan tortib (u chertib-chertib tanish orttirardi, kazo-kazolar bilan yaqinlashar, boshqalarni nazar-pisand qilmasdi) o‘zigacha, ayniqsa hozir unga nima maqbulu nima nomaqbulligini, fikr-o‘ylarini faqat xotini biladi, deb hisoblashardi. Xeymeker esa, xomushgina jilmayib qo‘yaqolardi.
Xotinining nazarida nikoh, ayniqsa, ularning nikohi — buyuk mo‘‘jiza, bu muqaddas rishtani hech nima uzmasligi kerak. Umrda faqat bir marta sevish mumkin. Shu yukni zimmangga oldingmi yoki qizga unashdingmi—so‘zingning ustidan chiqmoq — sening burching. Fotihani buzish, xotinga xiyonat qilish yoki hech bo‘lmasa loqayd qarash — bu jinoyat, kufr. Bunday nobakor ablahlar inson deb atalishga nomunosib, yer yuzasida ularga o‘rin bo‘lmasligi kerak.
Xo‘sh, u-chi? Uning qismati-chi? Adashgan bir kimsaning qismati-chi? Uning holi nima kechadi, u tinchlik va baxtni qaydan topadi? Bunda, yer yuzidami yoki faqat ko‘kda, maloikalar huzuridami? Ernestina hali-hanuz bunaqa narsalarga ishonadi. Maynavozchilikni qarang-a! Barcha do‘stlari Ernestinaning o‘limi uning uchun katta baxtsizlik bo‘ladi, deb hisoblaydi, boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Hammaga ma’lum, odob-axloq qoidalariga ko‘r-ko‘rona ishonch — mana nimalarga olib keladi. Yo tavba!
Lekin bunisiyam holva! Eng dahshatlisi, o‘zining qarashlarini, to‘g‘rirog‘i, orzu-umidlari, his-tuyg‘ularini tushunmagan arzimas, kaltabin ayolga uylanganini yillar o‘tgani sayin ravshanroq his etgani holda, yoshligida adashganligi sababli, umrining oxirigacha o‘sha bilan o‘tib ketishga majburligidir.
Ha, albatta, Ernestinaning yaxshi tomonlari oz emas: mehribon, g‘amxo‘r, epchil, ajoyib beka: bunisini inkor etolmaydi, lekin bari-bir ular begona, iloj qancha. Muhimi, uning sochidan tirnog‘igacha turli shartliliklar bilan limmo-lim kaltabin ayol ekanini, o‘zining tabiatan san’at sohibi bo‘lib, orzu-umidli, xotini tushunib yetmaydigan, xush ko‘rmaydigan, elas-elas tasavvur etadigan umumiy narsalar haqida o‘ylashini allaqachon anglab yetgan edi. Uning san’atining butun mohiyati — go‘zalligi va shakli-shamoyilining nozikligini u xiyol bo‘lsa ham tushunarmidi? Eri uchun mana shularning qanchalar katta ahamiyatga molikligini hech qachon anglab yetganmi? Yo‘q, albatta, Ernestina bularning haqiqiy qimmatini hech qachon bilmagan. Me’morlik? San’at? Uning uchun bular nima degan narsa? Agar istaganida ham bularni u tushunib yetishga qodir emas edi. Endilikda u hech kimdan tushunish va hamdardlikni kutmaydi. Ha, aslida o‘zi hech qachon bunga intilmagan ham, axir xotini ham, atrofdagilar ham buning uchun uni qoralagan bo‘lardilar, hatto o‘zi ham buni bir qadar yaxshi emas, deb bilardi-da.
Axir tuyg‘ulari va istaklarini odob-axloq qoidalari doirasiga qamab bo‘lmaydigan odamning, uni tushunib yetmagan, ruhiy olami bilan aslo qiziqmagan mana shu Ernestinaga o‘xshash ayolni xotinlikka tanlashiga tabiat qanday yo‘l qo‘yarkin-a? Yoki bu muhabbatning ko‘rligidanmi yoki tabiat san’atkor qalbiga atay ozor beradimi? Unga dushmanlik qilib emas, yo‘q, balki qum chig‘anoqqa azob berish bilan marvaridni bunyod etgani kabi, azob yaratajak go‘zallik uchun san’atkor qalbiga ozor beradi... Shunday bo‘lsa kerak... U qurgan barcha ulkan va ajoyib binolar — hamma shunday deb hisoblaydi — hayotida boshqa muhabbat va bo‘lak go‘zallik bo‘lmaganidan ularga butun qalbini baxshida qilgani uchun ham shunchalar ko‘rkam va muhtasham bo‘lsa kerak. Shafqatsiz tabiat!.. Insonning orzusi — har bir insonning orzusi ushalishiga sira harakat qilmaydi!
U Ernestinaga uylangan chog‘ida — o‘zi hayotdan nima istashini, yillar o‘tgani sayin tuyg‘ulari qanchalar o‘zgara borishini aniq tasavvur qilish uchun yoshlik qilardi — unga maslahat berib, vaqtida uni to‘xtatib qoladigan kimsasi yo‘q edi. Davr ruhi shunday ediki, hamma narsa uni mana shu halokat tomon yetaklardi. Go‘yo bu — tabiat irodasi edi. Oila, farzandlar — o‘sha choqlarda hamma narsaning ibtidosi va intihosi, borliqning maqsadi va mazmunini shunda ko‘rardilar. Qanchalar beburd nazariya! Qanday xatoga yo‘l qo‘yganini kech tushundi, odatdagi tasavvurlar va vaziyat chambarchas bog‘lab olgandan keyingina tinchini, ruhiy muvozanatini yo‘qotdi-yu, lekin biron marta bo‘lsin rostakam g‘azablanmadi — biron marta ham.
Aksincha, bularning barini zo‘r berib xotinidan yashirdi, negaki unga rahmi kelardi; lekin u go‘zallikni, xususan xotini butunlay mahrum bo‘lgan ruhiy va jismoniy go‘zallikni qo‘msar, bu intiqlik esa, bora-bora chidab bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Kunlar o‘tgani sayin vasvasaga yo‘liqqandek va qandaydir bir boshqa, boshidan kechirmagan nimalarnidir orzu qilgani-qilgan edi. Nahotki, orzulari ushalmaydi, nahotki hech qachon hech nima o‘zgarmay shundoqligicha qolib ketaveradi? Naqadar dahshat! Axir umr qisqa, undan tashqari, endi ortiq hech nima bo‘lmaydi, hech nima... Shubhasiz, Ernestina bir paytlar xushro‘y bo‘lgan, lekin vaqt shuni ko‘rsatdiki, na jismonan va na ma’naviy jihatdan hech qachon uni jalb etmagan. Bir paytlar chiroyli bo‘lganidan biron naf bormidi Xeymekerga? Yo‘q. Umuman olganda, yigirma yetti yildirki, Ernestina bilan kechgan hayoti uning uchun og‘ir yuk, boshqa narsalar haqidagi orzulari esa, yillar o‘tgani sayin ortib, zo‘rayib borayotir...
Mana, u qaridiyam, xotini, xudo bilsin, olamdan o‘tayotiptiyam shekilli, endi ungami, xotinigami bir nima bo‘lishi baribir emasmi, balkim, baribir emasdir... Agarda ozginagina fursat, o‘lmasidan burun bir ozgina erkin bo‘la olganda edi...
Erkin bo‘lmoq! Erkinlik!
Boshqa ayollarning husn-jamoli, ularning chehrasi, sirli boqishlari qanchalar jalb etardi-ya, lekin u odob-axloq qonunlari doirasidan o‘tishni istamagan: o‘zining na ruhiy xususiyati va na hayotiy mulohazalariga ko‘ra Xeymeker, umuman, bunday qilolmasdi; ammo shunga qaramay, xotini hamisha alamini qo‘zitib, xiyonat qilmasin degan qandaydir bir g‘alati mantiqqa ko‘ra, ayollarga yoqadigan gap jihati yo‘qligini, qomati kelishmaganligini, erkaklarga xos qandaydir joziba yetishmasligini, shu sababdan biror bir juvon unga muhabbat qo‘ya olmasligini zo‘r berib uqtirib kelardi. Azbaroyi shifo, xotini uqtirardi-ya! Unga, necha-necha ayollarning intiluvchi, chorlovchi nigohlari ta’qib qilgan kimsaga-ya!
Senga rahmim kelganidan tekkanman, deb ishontirardi xotini. Xeymeker bahslashib o‘tirmasdi — mayli, shunday deb o‘ylasa o‘ylayqolsin; lekin o‘zining ham rahmi kelardi-da Ernestinaga. Aniq, uchragan ayol ko‘z suzar, yolvorganday muloyim jilmayardi, bunday paytda xotini undan hech qachon Don-Juan chiqmasligini: beso‘naqay, sustkash, ko‘rimsizligini, o‘zidan bo‘lak ayolga yoqmasligini uqdirardi! Eh, xotin-a, bunga hech qanday zarurat bo‘lmasa-da, nazarida, kelajakda duch kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarga qarshi kurashib, shu bir gapni takrorlayverardi, vaholanki, u bunga hech qachon yo‘l qo‘ymagan, xiyonat qilishni xayoliga ham keltirmagan. Ammo xotini shak-shubhalar bilan uning qalbini zaharlamoqchi bo‘lgan: o‘ziga, o‘z san’atiga ko‘p bino qo‘ymasin degan... Shunday esa-da, ayol latofati, ularning boqishlari qanchalar maftunkor — so‘ngsiz, beqiyos baxt va’da qilmaganmidi unga?! Nega hayoti o‘ngmadi?
Ha, u bir achchiq haqiqatni angladi: tabiat inson qismatiga butunlay befarq, sen yashaysan, harakat qilasan, hukmron sezgining yo‘llashiga ko‘ra nimagadir intilasan — tabiat shu sezgini ato qilgan-u, lekin sen baxtlimisan yoki yo‘qmi, bu bilan sira-sira ishi yo‘q. O‘zing uchun o‘zing javob ber, yo‘lingni belgila va bu yo‘ldan sira og‘ishma, yo‘q esa — tubanlikka yuz tut, yo‘qqa chiq, seni ruhiy o‘lim kutadi. Tabiat befarq. «Royishlar xushbaxtdir». Ha, shunday. To‘g‘rirog‘i: kuchlilar xushbaxtdir, zero ular o‘z baxtlarining ijodkorlaridir. Yillar mobaynida u buni bilardi: nimadandir umid tutib, harakat qilmas, hammasi o‘z navbati bilan borar, azob chekardi. U hamma vaqt hayoti o‘ngmaganini tushunar, lekin shunga qaramay, shartli taomillarga ko‘nikib ketganligidan harakat qilishga urinmas, bunga irodasi yetmasdi. Irodasi yetmasdi — hammasi shunda, u har doim shunday edi. U istagan narsalarini o‘ylagan va uni bajo keltirgan kimsalarga xuddi qo‘lga tushgan qush, qafasdagi hayvon singari o‘sha tutqunlik maskanidan turib qarardi. Necha-necha ziyofatlarda, ko‘chada, hatto o‘z xonadonida, unga yetishmagan halovatlar, xohishlar — ayol boqishlari, tabassumlarini uchratgan. Lekin baribir, o‘z burchini, din qatag‘on qilgan narsalarni, axloq-odob qoidalarini buzishga yuragi dov bermagan, aksincha, odamlarning erish qarashlaridan qo‘rqar, Ernestinaning tinchligini, unga qanchalar ishonishini, o‘z mavqei, farzandlarining kelajagini o‘ylar — shu boisdan ham zohidlarday bari havaslardan o‘zini tiyar, ular haqida o‘ylamaslikka harakat qilardi. Bu juda og‘ir, dardli esa-da, shunday bo‘lardi.
Hozir ham unga bir qarang — hali uncha qari emas, yo‘q, qarigan emas, lekin hayotdan tolgan va deyarli hamma narsaga loqayd. Butun shu yillar mobaynida orzu qilib keldi, uni tushunib yeta oladigan, undagi bari narsalarni — his-tuyg‘ulari, fikro‘ylari, iste’dodi, hayotga va san’atga bo‘lgan qarashlarini diliga yaqin deb biladigan tuyg‘un va mushfiq yorni ozru qildi... Axir qaerdadir shunday ayol bordir-ku! Lekin butun shu yillar mobaynida yonida faqat Ernestina qomat qo‘ydi — va mana ne ahvolga tushdi...
Xotini sovuq, yoqimsiz ham emas, aslo... Shunchaki, u orzulagan ayol emas-da... Uning uchun go‘zallik barcha ko‘rinishlarda — shakllar, bo‘yoqlarda ahamiyatlidir, ayol go‘zalligi, uning husn-jamoli, xushbichimligi va Xeymeker tuygan nozik fikr-tuyg‘ulardan xoli bo‘lmagan aqli-farosati ahamiyatlidir uning uchun... Lekin shunday ayolni yaqindan ko‘rish unga sira nasib etmadi. Ha, ha, nasib qilmadi. Bu haqda u o‘zidan bo‘lak hech kimga yuragini ocholmasdi. Shunday qilsa aqlsizlik bo‘lardi, uni jamiyatdan chiqarib tashlashardi: zero uning davrasida (to‘g‘rirog‘i, xotinining davrasida, axir tanish-bilishlarni orttirish xotinining ishi edi-da) bunday fikrlar anqoning urug‘i.
Lekin hammo balo shundaki, hozir u hatto mana shu fikrlari bilan yashirin nolishlariyu taqdiridan noroziliklariyoq jinoyat emasmiligini his qilolmaydi. Er-xotin, ular baxtlimi-yo‘qmiligidan qat’iy nazar, bir-biriga sadoqatli bo‘lishi kerakmasmi? Bir yostiqqa bosh qo‘ygan erkak bilan ayol uchun: umrda faqat bir marta sevish kerak, degan ichki qonuniyat yo‘qmikan? Bu qonun oldida hamma fikr va ishtiyoqlar, qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, insonning azob-uqubatlari hechdir. Cherkov shunday deydi. Qonun ham, jamoat fikri ham buni quvvatlaydi. Buni buzish — yengib bo‘lmaydigan juda ko‘p to‘g‘anoqlar, hal etib bo‘lmas vazifalar bilan yuzma-yuz kelishga, yaqinlarni azobga solib, farzandlar kelajagini rasvo qilishga olib boradi. Ishqilib, burchini ado etsa-yu, oilasini buzmasa, hech kimni azobga solmasa, yurak-bag‘ri kuyib kul bo‘lsa bo‘lsinki, bergan so‘zining ustidan chiqsa, atrofdagilar va hatto o‘z ko‘zi oldida yaxshi bo‘lmaydimi? Xuddi shu fikrga asoslanib ish tutayotganini o‘ylar, shunday ish tutardy... Shunday bo‘lsa-da... u necha bor shubha o‘tida o‘rtandi axir!
Yana shu tomoni ham bor. Ko‘pchilikning fikricha, miss Xeymeker yaxshi, sadoqatli rafiqa: ilk choqlaridf tag‘inam ko‘rkamgina edi, ko‘ngli irib, qiynalib yuradigan holda emasdi. Keyin bolalar dunyoga kela boshladi. To‘ng‘ichlari, uning emas, xotinining qandaydir bir urug‘i sharafiga Eluel deb atalgan o‘g‘illari bor-yo‘g‘i ikki yil umr ko‘rdi; keyin Uesli tug‘ildi, undan so‘ng Etelberta — bu ismni u o‘lgudayin yomon ko‘rardi! Xeymeker qiziga o‘zi sevgan ismni qo‘ymoqchi bo‘ldi, Otiliya deb yoki onasi xotirasi uchun Jenet deb atamoqchi edi.
Qiziq, uni yashirin tashvish va hayotidan qoniqmaslik qiynab kelishiga qaramay, farzandlarining dunyoga kelishi va bechora Eluelning vafoti oilaga qattiqroq bog‘ladi: u kichkinalarga g‘amxo‘rlik qilish kerakligini his qilar va bundan sevinardi... Lekin, afsuski, bu ham uni xotini bilan sira yaqinlashtirmadi. Agar o‘rtada bolalar bo‘lmaganda, ortiq toqat qilolmay, uni tashlab ketardi. Kichkintoylarning o‘zlariga xos tashvishlari ko‘p edi, lekin go‘dakliklarida ular judayam shirin, alomat edilar. Ayniqsa, Eluel. Labing bilan bo‘ynini qitiqlasang, bas — rohatlanib, jimitday burnini shunaqanggi bujmaytirardiki, sevinib shunday qattiq kulardiki, unga qarab turib yayrab ketarding. O‘sha choqlarda Xeymeker bu nojo‘ya, buzuq fikrlarni urf bo‘lgan axloq normalariga, odatdagi hayot qoidalariga zid bilib, shunday o‘yga borgani uchun o‘zini qoralasa-da, borgan sayin xotinidan uzoqlashib borardi! Xotinini xushlamasligiga qaramay, u o‘g‘lini jonidan yaxshi ko‘rardi. O‘zi shuni payqamagani holda bola bilan yupanardi; bu go‘dakni uning yuragidagi bitmas jarohatga malham qilib qay kuch yo‘llaganini kim ayta oladi? Eluel uning fikro‘yini, qalbini shunday rom etdiki, Xeymeker nazdida sevimli ayol berishi kerak bo‘lgan va shu topgacha yetisholmay yurgan hamdardlik, shafqat, muhabbat va mehrni shu go‘dakdan topgandek edi. Eluel xammadan ham dadasining tizzasiga chiqib o‘tirishni yoki yelkasiga bosh qo‘yishni yoqtirardi, u hech qachon onasiga shunday yopishmasdi. Dadasi uydan chiqib ketishga otlanayotganda, Eluel birdan paydo bo‘lar va myoni olib ket, deganday qo‘lini cho‘zib turardi. Go‘dakning tuqqan onasidan ham ortiq yaxshi ko‘rishi hayron qolarlik bir hol edi — bola otasiz turolmasdi. Otasi ham xuddi shunday, o‘g‘lisiz yashay olmasdi. Nazarida Eluel Ernestinaga o‘xshamas, Xeymekerning va onasining quyib qo‘ygan o‘zi edi... Ammo, harholda, bola onasiga ham shunday o‘xshasa, hech qanday qarshiligi yo‘q. U bunaqa maydakash emas. Eluel ikki yoshga to‘lay deganda ota unga g‘aroyib qo‘shiq o‘rgatdi: «Bor ekan, yo‘q ekan, uch mushukcha bor ekan...» She’rni aytib kelib, «ular istasharkan» degan joyiga yetganda, u o‘g‘lidan: «Nima istasharkan?», deb so‘rar, go‘dak: «Shomsha!» deb baqirardi zavqlanib, bu uning somsa degani edi.
Eluelni yetaklab yoki yelkasiga o‘tqazib olib sayr qilgan va go‘dak tizzasida uxlab qolgan choqlari qanchalar yaxshi kunlar va oqshomlar ekan-a... Yonginasida turgan Ernestina buni ko‘rib, Xeymekerning o‘g‘lini, eng muhimi, o‘zini shunchalar sevishiga quvonardi. Ayni shu masalada u yangilishardi: Xeymeker hatto o‘shanda ham uni sevmasdi. U Eluelni jonidan sevdi, xotini esa buni o‘ziga nisbatan borgan sayin kuchayayotgan muhabbat deb tushunardi — g‘aroyib mantiq. Xotinlar, balki umuman ba’zi bir xotinlar shundaydir.
Keyin bola birdan qattiq og‘rib qoldi, bu sababi noma’lum kasallik, bolalar falaji yanglig‘ dard bo‘lib... oxiri Eluel olamdan o‘tdi. Uning jasadini Vudlen yaqinidagi tashlandiq, ko‘rimsiz qabristonga eltdilar. Qanchalar dahshat bu! O‘shanda u umidsizlikka tushib, bu dunyodagi narsalarning bari qanchalar chirik ekanligini o‘yladi. Nazarida hayotning bari go‘zalligi, bari shodliklar umrbodga yo‘qqa chiqqandek edi.
«Hayot qisqa va g‘am-anduhga to‘la, inson uchun bundan xalos bo‘lmoqlikning imkoni yo‘q,— deb va’z o‘qirdi miss Xeymekerning qistovi bilan u ko‘mish marosimiga taklif etgan kishi.— Zero umrimiz ko‘lankaday o‘tib boradi. O‘lim — barhaqdir».
Ha, kichkina Eluel ko‘lankaday o‘tib ketdi. O‘zining qayg‘usi qanchalar ulkan bo‘lmasin, u uylanganlaridan bu yog‘iga, birinchi va yagona marta Ernestinaga achindi — boyoqish shunchalar qayg‘uli ediki, Eluelni qabrga qo‘yib qaytishgach, boshini uning yelkasiga qo‘yib shunaqangi achchiq-achchiq yig‘ladiki, achinmay iloji qolmagandi. Uning qayg‘urishini ko‘rish juda og‘ir edi. Ona uchun to‘ng‘ich farzandidan judo bo‘lishdan achchiq alam bormikan? Nega, nega u Ernestinani haqiqatan ham o‘ziga yaqin qilishga urinmadi? Axir u choqlarda rafiqasi har qachongidan ham yaxshiroq, aqlliroq edi, o‘zi bo‘lsa uni hurmat-ehtirom va muhabbatga munosib deb sira xayoliga keltirmadi. O‘g‘li betob yotganida bir daqiqa bo‘lsin hordiqni o‘ylamadi, tunlari mijja qoqmay, bolasi ustida jonini fido qildi, farzandi hayoti uchun ona nimaiki qilishi lozim bo‘lsa, hammasini bajo etdi. Lekin o‘shanda ham u xotinini chin dildan yaxshi ko‘rolmadi. Bu hol, qanchapik achchiq va beshafqat tuyulmasin, u xotinini sevolmadi. Faqat, xotini to‘g‘risida avvalgidan ko‘ra yaxshi fikrda edi va unga achinardi. Bu qandoq gapki, odam qandayin baxtsiz yulduz ostida dunyoga kelganki, fikr-o‘ylari va his-tuyg‘ulari bunchalar chalkash? Nega endi odamni uning fazilatlari va saxovati uchun sevib, unga mehr qo‘yib bo‘lmaydi, g‘arazini yuvib bo‘lmaydi? Nega? U Ernestinaga boshqacha munosabatda bo‘lishni istardi, ammo, baribir, hech narsani o‘zgartirolmadi.
Nazarida hech qachon rafiqasini shu vaqtdagiday qadrlamagan: u yaxshi beka, batartib ayol, tejamkor, ma’lum darajada go‘zallikni sevadi va tushunadi: biron nima qilish va ahamiyatli bo‘lmoqdek maqtovga loyiq intilishi bor... ammo rafiqasining bu izzattalab harakatlari unga yoqmasdi va uning o‘rtamiyona, fikri tor kimsa ekanligi e’tiborida edi. Ernestinada hech qachon ruhiy intilish, kuchli hissiyot bo‘lmagan, unda tabiiy olijanoblik yetishmasdi. Xeymeker nima demasin, nima qilmasin xotini uni darrov aqcha bilan bog‘liq hisob-kitoblar, qo‘ni-qo‘shnilarning nima o‘ylab, nima deyishi, eri va o‘zining obro‘siga qanday ta’sir etishi bilan bog‘lardi; Xeymeker pulsiz, obro‘siz kimsada ham aql-zakovat, iste’dod bo‘lishi mumkinligini bilardi, ammo rafiqasi buni sira tushunmasdi, har qancha urinmasin bunga ishontirolmasdi — u hech nimani eshitishni istamasdi.
Mana, masalan, yirik ijodkorlarni olaylik. Hozirgi kunda ham bu shaharda istiqomat qiluvchi atoqli me’morlardan ba’zilarining o‘tmishi g‘aroyib, noxush bo‘lgan. Ernestina buni aqliga sig‘dirolmaydi, o‘tmishni tan olmaydi. O‘tmishning achchiqchuchugini anglab yetmaydi ham, unga ishonmaydi ham. San’at yoki san’atkorlar masalasiga kelsak-chi?.. U hech qachon donoligu iste’dodning yaramas, murdor sanalgan sharoitda namoyon bo‘lishiga ishonmaydi!
Xo‘sh, anavi navqiroi Zingara-chi? Xeymeker u bilan tanishganiga o‘ttiz yildan oshdi, o‘shanda Nyu-yorkka ilk kelgan kezlari edi; yosh, iste’dodli bu yigit atoqli me’mor bo‘lishni orzu qilardi, ammo juda qashshoq, yupun kiyingan bo‘lib, ko‘zga yaqin emasdi. Xeymeker uylanishdan bir necha yil avval Payna va Staboda degan me’morlarning ko‘rimsiz idorasida u bilan uchrashib qolib, ko‘ngliga yaqin tutgan edi; lekin Zingara og‘zidan papirosini qo‘ymas, ko‘rinishi xarob va isqirt, cho‘ntagida sariq chaqasi yo‘q edi. U choqlarda Xeymeker, Ernestinaga uylanmasdan to‘rt yilcha avval, Zingara bilan tanish bo‘lsa-da, rafiqasi xonadonlariga uning qadam bosishini istamasdi. Nazarida, Zingara ahamiyatsiz, hech qachon ishi yurishmaydigan tolei past kimsa edi. Kunlardan bir kun qandaydir bir restorancha yonidan o‘tib ketaturib rafiqasi Zingaraning shubhali qiz bilan yoirga ko‘rdiyu shu-shu uning nomini eshitishni ham istamadi.
«Azizim, marhamat qilib o‘shani uyimizga yaqin yo‘latma», deb talab qildi rafiqasi va u xonadonining tinchligini ko‘zlab yon berdi. Nima bo‘ldi? O‘sha Zingara bugun atoqli me’mor, Ernestina tufayli esa, endi ular bir-birlariga begona. «Doktorlar klubi»ni, favqulodda ko‘rkam kontsert zalini va xuddi shoir tafakkuriday yuksakka bo‘y cho‘zgan g‘aroyib minorali Uels Bildingni qurdi. Lekin, shu bilan bir qatorda, Zingara allaqachon xayolparast, xuddi Xeymeker kabi o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgan, odamlar u to‘g‘rida nima deydi, nima o‘ylaydi — hammasiga parvoyifalak.
Balki ruhiy garanglik, hayotning nozik taraflari va hodisalarini his etmaslikkina emas, balki kaltafahmligidan kelib chiqadigan sertalab o‘jarlik Ernestinani qaerdagi qo‘li baland kimsaga duch kelish imkonini topsa, albatta, o‘sha yerga yetib borishga majbur qilardi. Uning nazdida haligilar badavlat kishilar hisoblanar, vaholanki, ular hammavaqt o‘rtamiyona yoki arzimas odamlar edi. Rafiqasining bu xususiyati Xeymekerni g‘azablantirardi. Xeymeker necha bor unga insonning asl va soxta fazilatlari borligini, haqiqiy izzatli odam kamdan-kam badavlat bo‘lishini tushuntirishga harakat qildi. Yo‘q, bo‘lmadi. Necha bor Ernestina qappaygan hamyonidan bo‘lak hech vaqosi yo‘q kimsalarni favqulodda xislat egasi deb tanitishga urindi.
Ularning kichik farzandlari — Uesli bilan Etelberta qanday tarbiya topishdi va oilaviy hayotlarini qanday boshlashdi, ozmuncha xavotirlandimi, tashvish chekdimi — bari shu tufayli! Kichikliklarida ikkovi ham shunchalar shirin, qalbiga yaqin esa-da, Eluelni u boshqacha ko‘rardi. Farzandlar o‘sabordi va bolalar bilan ota orasida Ernestina paydo bo‘ldi. Avvalo Ernestina ularni takabbur va sertakalluf tutishga o‘rgatardi: erkin, tabiiy harakat qilishlari yo so‘zlashishlari mumkin emasdi; Xeymeker rafiqasini tanishtirib qo‘ygan boyvuchcha mansabparastlar shundoq qilardi; bu oilalarda ko‘p narsa unga manzur bo‘lmasa-da, xotiniga hammasi yoqardi. Me’mor shunday bir kimsaki, turli odamlarga ro‘baro‘ kelib turadi; ishim yurishsin desang va ishni endigina boshlagan bo‘lsang, har doim ochiq yuz, nazokatli bo‘lmog‘ing darkor. Keyin bolalarning maktabga boradigan payti yetdi. Lekin qanaqa maktabga boradilar? U bolalarini o‘zi va Ernestina qatnagan oddiy shahar maktabiga bermoqchi bo‘ldi — axir ota-onasi oddiy, o‘rtamiyona odamlar bo‘lgan-ku. Lekin Ernestina boshqa qarorga keldi: imkoniyatlari yetarli, shuning uchun bolalarni xususiy maktabga, shunda ham u o‘ylaganicha yoki o‘zi o‘ylaganicha emas, balki, Barlou va Uesterveltlarning farzandlari o‘qiydigan maktabga beradigan bo‘ldi — negaki u, mana shu davlatmand oilalar bilan borish-kelishi bor va ular nimaiki qilishsa, hammasi yaxshi tuyilardi.
Barloular oilasi! Badavlat, lekin qo‘pol, hech qanday diqqatga sazovor joyi bo‘lmagan kishilar. G‘arbning qaysidir yerida patentli dori ishlab chiqarish yo‘li bilan davlat orttirib, Nyu-Yorkka kelganlar, ular Xeymekerlar bilan bajonidil yaqinlashib ketdilar — Xeymeker ularga dang‘illama uy qurib berdi, buning ustiga nomi chiqqan kishi edi; aslida ular, uni emas, Ernestinani yoqtirardilar. Ular, insof bilan aytganda, yoqimsiz, bema’ni, befarosat kishilar ediki, shunga qaramay. Ernestinaga yoqishar, xotini ularni durust, izzatli, juda ajoyib kishilar deb gapirar, G‘arbda qolgan ota-onasini eslashlarini aytardi. Lekin barloularda bu xususiyat yo‘q edi, shunchaki, xotiniga shundoq tuyulardi. Ular o‘zlariga xos, yomon odamlar emasdilar-u, faqat diddan asar yo‘q edi. yosh Fred Barlouni Morristaunga yaqin joydagi ko‘p haq to‘lanadigan Geyler maktabiga joylashtirishdi; u yerda o‘g‘il bolalarga o‘zini tutish qoidalarini, yaxshi odatlarni o‘rgatadilar — vassalom, Ernestina olijanob xristianlar tayyorlaydi, deb hisoblardi. Xullas, Ueslini o‘sha yoqqa jo‘natishga to‘g‘ri keldi — axir u eng yaxshi maktab edi-da!
Xuddi shu yo‘sin Etelbertani ham Brayarklifdagi maktabga joylashtirishga to‘g‘ri keldi, negaki, Mersedes Uestervelt — bema’ni, kekkaygan qiz o‘sha yerda o‘qirdi. Yo tavba! Shularning bari bema’ni, juda ayanchli ko‘rinardi. Bunga zamin tayyorlash uchun Ernestinaning qancha vaqt davomida ustamonlik bilan ish ko‘rganini; Etelbertaning kelajagi uchun muhimligiga ishontirishga urindi, har xil sabablarni ishga soldi, yig‘ladi-siqtadi. Ernestina uni biron narsaga ko‘ndiradigan bo‘lsa, yig‘lab olishi yoki o‘zini yig‘lab yuboradiganday qilib ko‘rsatishi qiyin emas; bu yolg‘ondakam ko‘z yoshlarga Xeymeker o‘rganib qolgan, uning narxi chaqachalik ham kelmasligini tushunsa-da, baribir dosh berolmasdi, xotini ham buni yaxshi bilardi. Ko‘z yoshlari unga gohida ta’sir qilar, garangsitib ham qo‘yardi. Xotinining baland kelishi uchun urinishi uni g‘azablantirardi. Chindan ham miss Xeymeker ba’zan naq Makiavellidek hiylagar va shafqatsiz bo‘lar, lekin o‘zini nafosat va muhabbat, fidoyilik, himmat va muruvvat hamda minglab boshqa ezguliklar timsoli deb bilar — bularning bari niyatlarini amalga oshirmoqqa xizmat qilardi. Balki, ma’lum bir nuqtai nazardan qaraganda, bunday qat’iyatga qoyil qolish ham mumkindir, lekin bu uni g‘azablantirardi. Agarda odam o‘zining eng jiddiy kamchiliklari va ziddiyatlarini tushunib yetmasa, nima qilishi kerak?
Boshqa tomondan olganda, bu paytga kelib, shuncha yil birga yashaganliklaridan keyin uni tashlab ketishning iloji yo‘qday ko‘rinardi. Boz ustiga, ular jamiyatda ma’lum mavqega ega, aslida bunga Xeymekerning xizmati tufayli erishilgan, u bundan ham katta obro‘ orttirishi mumkin edi. Har qancha muruvvatli bo‘lishidan qat’iy nazar, Ernestinaning haqiqiy atoqli kishilarni uyiga jalb eta olmasligini u bilardi. Har qanday bo‘lganda ham, oralarini ochiq qilish, xotinidan bo‘lak turish yoki unga xiyonat qilish (umuman u, xotiniga xiyonat qilmoqni xayoliga ham keltirmagan), oxir-keti ko‘rinmagan fisq-fasodga vaj-korsonu jamiyatning ko‘z oldida unga ziyon yetkazar, ishiga ta’sir etgan bo‘lardi. Barcha e’tiborli oshnalari, avvalgi mijozlari undan yuz o‘girardi. Ularning rafiqalari, o‘zlari ham axloq negiziga zarar yetkazgan kimsa bilan yaqinlikni davom ettirgani qo‘rqib oralaridan uni sitib chiqargan bo‘lardilar. Keyin, shov-shuv, gap: taniqli me’mor shundoq mehribon, sadoqatli, sevimli xotinini tashlab ketibdi!.. Ehtimol, bu zolimlik hamdir. Aytish qiyin, hammasi ayqash-uyqash bo‘lib ketgan.
Ueslining Irma de Go degan qizga uylanishi-chi? Oila boshlig‘i Jorj de Go, ilgari bor-yo‘g‘i yer-mulk olib-sotish bilan mashg‘ul bo‘lgan dallolning diqqatga sazovor joyi shunda ediki, uning aqchasi bor edi. Uning adabsiz, qo‘pol his qo‘zg‘otadigan qizi Irma ko‘hlikkina bo‘lib, badavlat qalliq sanalardi. Xo‘sh, yana nimasi bor? Hech nima, haqiqatan ham hech nima. Axir, avvallari, Ueslining ma’naviy talablari borday ko‘rinardi-ku. O‘ylashicha, Ernestina miss de Go bilan — arzimas, kaltafahm ayol bilan, asosan, Uesli tufayli yaqinlashgan. Harholda o‘sha ikkovi Ueslini har tomonlama rag‘batlantirib turishdi. Irma Ueslining ko‘ngil ovlashlariga moyillik bildirishiga harakat qilishdi. Buning oxiri nima bo‘ldi? Jorj de Go sindi, qiziga hemiri qoldirmadi. Irma boshidanoq, hamma narsa bilan qiziqsayam, Ueslining xizmatida ko‘tarilishiga e’tibor qilmadi. Irma o‘zini katta tutadigan boyvachchalar ichida eng badavlat, eng nomdorlariga taqlid qilardi, hech nimadan bosh tortmaydigan bunday kimsalar bilan tanishmoqni hatto Ernestina ham orzu qilmasdi. Irma hali-hanuz faqat qabul marosimlariyu shahar tashqarisidagi klublar, teatrlar haqida o‘ylaydi.
Uesli buni allaqachon tushunib yetdi. Endi u injener, yirik qurilish kompaniyasida xizmat qiladi, ahvoli o‘rtacha. Ularni ajoyib juft bo‘ladi, deb o‘ylagan Ernestina ham hozir kelini bilan chiqisholmaydi. Kelinining qandayligini u bir necha yildan so‘ng — Irma uni nazar-pisand qilmay qo‘ygachgina angladi, ungacha faqat de Go oilasining sha’n-shavkati haqidagina gapirardi. Yo tangrim, de Golar oilasi bilan qarindosh bo‘lishni kim istamaydi, Irmadan ortiq kelinni topib bo‘larmishmi? Keyin Irma bilan Ueslining o‘rtasida nifoq chiqdiyu Ernestina kelinim Ueslining ko‘tarilishiga xalaqit qilayapti, deydigan bo‘ldi. O‘g‘liga bunaqa xotin nodarkor, gap-so‘z bo‘lishdan qanchalik cho‘chimasin, Ernestina o‘g‘lining Irmadan ajralishini istardi. Ammo o‘z eri ajralish haqida og‘iz ochib ko‘rsin-chi!
Boshida Ernestina de Golarning tutgan mavqeiga qiziqib o‘g‘lining Irmaga uylanishini xohlagan edi. Endi esa, o‘g‘li Irmaning maishatparast oqsuyaklar davrasida aralashib yurmog‘i uchun kecha demay, kunduz demay to‘g‘ri kelgan ishga o‘zini urib yuribdi. Buning ustiga Irma xiyonat qilayotganga ham o‘xshaydi. Bunday deb o‘ylashga asos bor. Lekin ularning ishiga aralashishdan mano bormikan? Nima ham yordam qila olarding? Uesli Irmaning joniga tekkan, vassalom. Irma, hech shubhasiz, erining ko‘zini shamg‘alat qilyapti.
Etelberta-chi? Ismining o‘zini aytmaysizmi! Ernestina qizini baxtli qilmoqchi bo‘ldi, mavrudi kelganda, o‘z xizmatini ko‘z-ko‘z qilmoqchi edi, oxiri nima bo‘ldi? Rost, Etelbertaning turmush qurishi moddiy jihatdan Ueslining uylanishidan ko‘ra muvaffaqiyatliroq bo‘ldi, lekin u baxtli bo‘ldimi? Etelberta uni Jek deb ataguvchi o‘sha Jon Kilso nima degan narsa? Yengiltak takasaltang, arzimas odam, pul sochishni biladi xolos. Albatta, ota-onasi uni qo‘llab-quvvatlaydi, lekin bundan foyda yo‘q unga. Avvaliga u ham Ernestinaga ajoyib, maftunkor yigit, Etelbertaga juda mos juft bo‘lib ko‘ringan edi, negaki ota-onasi badavlat kishilar edi-da. Qariya Kilso Chikago shahrida birja chayqovchiligida boyigan, rohatda yashash uchun NYu-Yorkka ko‘chib kelgan edi; Etelberta u paytlarda o‘n besh yashar bo‘lib, u maktabda Greys Kilso bilan tanishgan edi.
Mana, tomosha qiling, Etelberta bir qadar dilkash, haddan tashqari tantiq bo‘lsa-da, o‘zini tutishni biladi; u juda badavlat, Parkavenyuda hashamatli uyi bor. Xo‘sh, u yog‘iga-chi? Jon Kilso hech narsaga layoqatsiz odam. Bolalikdan ota-onasi pul beraverib taltaytirgan, aytganini qilishgan, jamiyatda yuksak mavqeni egallashga tayyorlashgan; juda ahmoq bo‘lmagan chog‘dayam, bunday tarbiya uni, hech so‘zsiz, halokatga yetaklashi turgan gap. Bema’ni, yengiltak, doimo ermak ketidan quvgan bu kimsa Irma de Goga o‘xshardi. Xo‘pam bir-biriga mos juft bo‘lardiku-ya, ammo bir-birini jini suymasdi. Ernestina Kilsolar oilasiga jon fido qilib, ustomonlik bilan ozmuncha mulozamat qildimi, oqshom ziyofatlari berdi, qabul marosimlari o‘tkazdi, teatrlarga taklif qildi! Ammo na ota-onasi bilan va na farzandlari bilan gaplashadigan gap yo‘q.
Avvallari u qizini yaxshi ko‘rgan, Etelberta bora-bora otasidan yiroqlashib, xuddi onasiday fikri tor, kaltafahm bo‘lib o‘sdi; otasidan ko‘ra onasining maslahati bilan ish yuritishga o‘rgandi, lekin bu uni uncha tashvishlantirmasdi. Axir Uesli ham xuddi shunday edi-da. Umuman, kimga mehr qo‘ydi-yu kimni yoqtirmaydi — bu farzandlarning o‘z ixtiyorida, majburlab suydirolmaysan-ku...
Ammo nega endi u bularga toqat qilib keldi? Nima uchun? U nimaga erishdi, nimaga yetishdi? Judayam ajoyib farzandlar o‘stirishdimi? Ernestinasiz yaxshi yashamasmidi? Uning boshqa xotindan, Ernestinaning esa boshqa erdan ko‘rgan farzandi, balki yaxshiroq bo‘larmidi? O‘sha yoshlik choqlaridayoq bu badbaxt unashtirilishga chek qo‘yilgani yaxshimasmidi? Albatta, talay achchiq daqiqalarni boshdan kechirishga to‘g‘ri kelardi, hamma unga qarshi chiqardi, biroq u erkin bo‘lardi, istagan joyiga borar, xohlagan ishini qilardi, balkim hayotini boshqacha qurarmidi. Mana Zingara aqlli odam, uylanmaydi ham. O‘zi-chi? Odob-axloq qoidalari oldidagi doimiy vahima, o‘zini o‘zi qo‘rqitib yurgan uzundan uzun qatag‘onlar ro‘yxati... Xudo biladi, nima uchundir u o‘ziga o‘zi pand berib o‘tiribdi. Bunga uning, odamlar nima deb o‘ylaydi, nima deydi deb qo‘rqishi, odob qoidalarini buzishdan cho‘chishi, jur’atsizligi aybdor.
Ha, hammaga ma’lum haqiqatlar va odob-axloq negiziga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, uni, xotini va bolalarini hech kim malomat qilolmasligi uchun jamiyat bilan ittifoqda yashash istagi qimmatga tushdi — shu tufayli, u umrini xazon qildi. U odob saqlamoqchi bo‘ldi-yu, ruhiy halokatga yuz tutdi. Lekin endi bular xotima topdi. Ernestina betob, o‘lim to‘shagida yotibdi, tevarak-atrofdagilar u haqda xotinining shifo topishini, uzoq yillar birga baxtibekamlikda umrguzaronlik qilishni istaydi, deb o‘ylashadi. Baxtiyorlik! Yo‘q, u buni istamaydi, aslo istamaydi. U hatto xotinining tuzalib ketishini ham istamaydi.
Buni istashga unda kuch yetishmaydi. Rafiqasining bugun yoki ertaga olamdan o‘tishi mumkinligi haqidagi fikr unga qandaydir yengillik keltiryapti. Bu — ko‘p bo‘lmasa-da, harholda — bir necha yilga erkinlik keltiradi-ku! Ha, bu ham harna... U hali uncha qarimas, oldinda hali bir necha yil tinch, osuda hayot... va... orzu, o‘sha bir paytlardagi orzu... bor. Endi, balki, u hech qachon ro‘yobga chiqmasa kerak. Buning sira iloji yo‘q, shunday bo‘lsayam... Yana qaytadan erkin bo‘lishi, istagan narsasini qilishi, erkin fikr yurgizishi... umuman, shu choqqacha erishmagan narsalarga achinishi mumkin. Ammo xotinining rangpar, madorsiz betiga qarasa, darmonsiz nam qo‘liny ushlasa bas — bu istak chekinib, erkinlikka unchalik intilmay ham qoladi. Bu o‘lguday shafqatsiz istak, odamgarchilikdan emas bu... Lekin faqat... Shu yo‘sin u nima qilarini bilmay qiynalardi.
U shunchalik ko‘rguliklarni boshidan kechirishiga qaramay, xotiniga o‘limni ravo ko‘rmas, tuzalib ketishini ham chin dildan istamasdi. Hay, mayli, tuzalish nasib etsa, yashab yuraversin. Tuzalib ketadimi yoki vafot etadimi — unga baribir emasmi? Xotiniga qarab turar ekan, uning ersiz qanchalar nochor bo‘lishini, shu yoshida bu qanchalar katta baxtiqarolik ekanligini beixtiyor tasavvur etardi. Ernestina butun umrini eriga va bolalariga baxshida etdi, har doim o‘zini juda yaxshi rafiqa va ona deb hisoblardi — axir u bir chaqani bekor ketkazmaydi, u nimaiki qilsa, oilaking baxti-saodati uchun qilgan. Ha, xuddi shunday, albatta bu aynan shunday. Lekin bundan nima naf!
Ertasiga ertalab — doktor Storm bilan so‘zlashganining ikkinchi kuni Xeymeker tongda yana deraza yonida o‘tirar, uni yana noxush o‘ylar chulg‘agandi. Minginchi, o‘n minginchi marta shu fikrga kelmoqda edi — hayoti o‘ngmadi. Uncha ko‘pga bo‘lmasa-da erkin yursamidi, shundoq o‘zi yolg‘iz qolib o‘ylab ko‘rardi, hayotdan yana nima kutish mumkinligini anglashga urinardi. Binobarin, bugun uning fikr-o‘yida yangicha xayol paydo bo‘ldi. Gap shundaki, bir kun burun Ernestinaning ahvoli og‘irlashdi, doktor Storm Greyngerni maslahatga chaqirdi va ular shu bugun bemorga qon quyishga qaror qilishdi — eng og‘ir ahvoldagina vrachlar bu chorani qo‘llaydilar. Baquvvat yigitdan, iste’fodagi suvoriydan qon oladilar, keyin natijani kutish qoladi. Xayollar o‘sha-o‘sha — unga tinchlik bermasdi. Imkoni bo‘lmasa-yu, vafot etsa-chi? U o‘z oldida nima degan odam bo‘ladi? Birozdan so‘ng Ernestinaning yoniga kirdi; xotini uxlab yotardi. Kasal boquvchi ayol uning tomir urishi yomonlashganini aytdi. Yana achina boshladi — lekin bu uzoqqa bormadi, xotini uyg‘ongach, ahvoli yengillashib qoldi.
Keyin u yemakxonaga chiqdi, nonushta qilayotgan kasal boquvchi ayol yoniga o‘tirdi — Ernestina yotib qolgandan beri unga odat bo‘lib qolgandi, so‘radi:
— Xo‘sh, bugun ahvoli qalay?
Shu kunlarda u bemor boquvchi ayol bilan nonushta qilardi. Ayol miss Filson xotirjam, bejirim, malla soch, ikki beti pushti rang, ko‘zlari zangori ediki, bunday ko‘zlar uni chetlab o‘tgan yoshlikka doir, muhabbatga moyil fikrlarni qo‘zg‘ardi.
Bugun miss Filson, ahvolning og‘irlashib qolishidan qo‘rqqanday, o‘ta jiddiy edi.
— Menimcha yomon emaslar, hatto yaxshiroq bo‘lib qolgandaylar,— dedi miss Filson unga achinganday qarab. Xeymeker hatto bu ayolning ham unga — yaqin orada yakka-yolg‘iz qoladigan qariyaga achinib qarayotganini sezib turardi. — Tomir urishi durust, tartibga tushib qoldi, yaxshi uxladilar. Soat to‘qqizda doktor Greynger bilan doktor Storm kelishadi, u yog‘iga nima qilishni hal qilishadi. Agar ahvolni yomonroq deyishsa, balki, qon quyishar, Donorni topib qo‘yishibdi. Doktor Storm miss uyg‘onganlarida qaynatma ichirishni buyurdi. Missis Elfrij tayyorlayapti. Xotiningizning ahvollari og‘ir bo‘lsayam, ishtahalari yengil, bu harholda, yaxshilik belgisi.
Xeymeker o‘siq qoshlari tagidan ayolga tikilib qaradi. U shunchalar charchagan, keyingi paytlarda umuman uxlay olmaganligi uchungina emas, balki, soat kapgiriday goh u tomonga, goh bu tomonga og‘ayotgan qarama-qarshi fikrlardan juda toliqqan edi. Nahotki, asti nima istashini hech qachon anglab yetolmasa? Nahotki, bu uning aql-zakovati va qalbi uchun hal etilmas muammo bo‘lsa? Nega endi u hamma qatori o‘ylab, his qilmasa, o‘zi bilan o‘zi murosa qila olmasa? Miss Filson umidsiz sanalgan, lekin sog‘ayib ketib, keyin uzoq yillar yashagan kasallar haqida nimalardir hikoya qildi; u tinglar va hayotining qanchalar g‘amnok, ma’nosiz o‘tganini, ko‘nglining qanchalar g‘ashligini o‘ylardi. Nega bunaqa? Qiziq: ba’zan u o‘zini yovuz deb, ba’zan esa, haddan tashqari yumshoq deb hisoblardi. O‘tgan kechasi to‘shakda cho‘zilib yotgan Ernestinaga qarar ekan va bugun ham: joni uzila qolsaydi, ishqilib yana erkin bo‘lsam edi, deb xayolidan o‘tkazgan, hozir ham shu o‘yda edi. Lekin bugun yana ko‘rganida va miss Filson qon quyish haqida so‘zlaganida, uning yana xotiniga rahmi kelib ketdi. Xotinining o‘limi unga nima beradi? Nega endi u xotiniga o‘lim tilaydi? Axir, mana shunday jinoyatkorona fikrlarning shu yoki narigi dunyoda qasosi bo‘lmasmikan? Birdan farzandlari payqab qolishsa-ya? Agar xotini rostdan ham vafot etsa — axir u shu bugun ertalab ham unga o‘lim tilagan edi-ya, — uning ahvoli nima kechadi? Ernestina, aslida, juda ham yomon emas. Axir u yaxshi rafiqa bo‘lish uchun urinmadimi? O‘zi hech nima qilolmadi, uni seva olmadi, vassalom. U dahshatli, shafqatsiz fikrlari uchun yana o‘zini koyiy boshladi.
Ikkala doktor bemorning ahvolini og‘ir deb topib, qon quyishning birinchi usuli — to‘g‘ridan-to‘g‘ri donor orqali yuborishni lozim ko‘rishdi; agar bemorning jismi qonni o‘zlashtirsa, oqibati yaxshi bo‘lishi mumkin. Ular qon quyishdan avval yana bir karra Xeymekerga murojaat qilishdi va u, benihoya gunohkorlarday bosh egib, o‘zining har qanday xarajatdan qochmasligini aytdi. Xotinining hayotiki xavf ostida ekan, dorilar har qancha qimmat turmasin, uni saqlab qolishga urinishlari kerak. Ernestinaning hayoti menga ham, farzandlarimga ham juda aziz, derdi u. Shunday qilib u, bittasidan istisno, talab qilingan bor imkoniyatlarni ishga soldi va hali ham o‘z irodasiga qarshi borib, uning shifo topib ketishini chin dildan tilayolmasdi. Odob va burch davrasiga mahkumligi, chambarchas bog‘langanligidan joni azobda qolgan edi. Agarda Ernestina o‘ziga kelib qolsa — shifokorlarning aytishicha, qon quyishning nafi tegar ekan — butunlay sog‘ayib ketgan taqdirda ham, yoz oylari toqqa olib chiqishi, to oyoqqa turib ketgunicha uzoq vaqt u bilan yuzma-yuz turishiga to‘g‘ri keladi. Hay, mayli, u nolib o‘tirmaydi. Buni qiladi albatta. Har vaqtdagiday, xo‘p ko‘ngli ketadida, uni qutqarish imkoni bo‘laturib, o‘lib ketishiga yo‘l qo‘yish odamgarchilikdan emasda! Xuddi shunday. Faqat...
U idoraga ketdi, orada Ernestinaga qon quyishdi, bu anchagina muvaffaqiyatli chiqdi chog‘i. Kunduzgi bemorga qarovchi ayol soat uchda unga qo‘ng‘iroq qildi va miss Ernestinaning ahvoli yaxshiligini xabar qildi. Keyin unga ortiq qo‘ng‘iroq qilishmadi, soat besh yarimlarda uyiga qaytgach, Ernestinani ko‘rgani kirdi — u yostiqqa yonboshlab yotar va bardam ko‘rinardi, anchadan beri ahvoli bunchalar yaxshi bo‘lmagandi.
Xeymekerning kayfiyati yana o‘zgardi. Qiziq, istaklari bunchalar tez o‘zgarib turmasa, kishi vujudidagi hayotiy harakatlar irodangdan tashqari ro‘y berganidan beixtiyor sodir bo‘ladi-da; bu esa, o‘zini yaxshi bilaman, degan Xeymeker uchun juda g‘alati tuyulardi; umuman, insonning o‘zi nima istashini hech biladimi? Endi u o‘lmaydi, hammasi eskicha davom etadi. Ha, albatta. Nima ham qilardi, yana tan bermoqqa, hayoti hayf ketgani haqidagi fikrga bo‘ysunmoqqa majbur. Endi u hech qachon erkin bo‘lolmaydi. Yana hammasi boyagi-boyagidek: ertagayam, indingayam o‘sha-o‘sha... Dahshat! Juda soz, uning tetiklashib qolgani yaxshi bo‘pti, albatta, oyoqqa turishiga umid uyg‘onganiyam yaxshi. Lekin harholda... hammasi bekor ketdi, endi abadul-abad yana u bilan bog‘liq. Xeymeker kechasi to‘shagida yotib o‘ylardi: «Endi u darhaqiqat shifo topadi. Hammasi eskicha davom etadi. Endi men hech qachon erkin bo‘lolmayman. Biron bir ozod, erkin kunim bo‘lmaydi! Hech qachon bo‘lmaydi».
Ertasiga ertalab u hayronlik va qo‘rquv ichida, balkim yashirincha xursandlik bilan xotinining ahvoli og‘irlashganini eshitdi va qora niyatlari uchun o‘zini koyidi. Mana shu fikr-o‘ylari bilan uni o‘zi o‘ldirayotgandir? Mana shu hadsiz-hisobsiz ikkilanishlari bilan? Balki yomon niyatlarining kuchi bordir? Uning qotildan nima farqi bor? Bundan keyin har doim, yomon niyatlar qilib uni o‘zim o‘ldirganman deb hisoblab yursa-ya? Axir bu juda og‘ir bo‘ladi-ku, u holda qanday yashaydi? Nega o‘zi shunaqa? Nega endi oddiy insoniy his-tuyg‘ular unga begona?
Soat to‘qqiz yarimda bemor boquvchi ayol telefonda chaqirgan doktor Storm keldi; doktor ayniqsa jiddiy edi va u endi ot qonini ishga solishini, ot qoni odam qonidan quyuq bo‘lajagi va zardob sifatida foydalanilsa jism yaxshi qabul qilishini aytdi. Vijdon azobi, yurak siqilishi, qo‘rquvdan Xeymekerning ruhi qiynalmoqda edi. Albatta, hammasiga u o‘zi o‘tgan kecha va umuman, so‘nggi kunlarda o‘ylab yurgan yovuz niyatlar sabab. Nahotki Xeymeker, dilida uni o‘ldirmoqni ko‘zlagan qotil, jinoyatkor bo‘lsa? Yana nima uchun? Nega u o‘tgan kecha xotiniga o‘lim tiladi? Ana, uning ahvoli yana og‘irlashgan ko‘rinadi.
— Qo‘lingizdan nima kelsa, hammasini qilinglar, — dedi u doktor Stormga.— Hali-hanuz uni qutqarishning iloji bor ekan — qutqaring, hech nimaning yuziga bormang.
— Albatta, mister Xeymeker,— achinib javob berdi mistor Storm.— Nimaiki zarur bo‘lsa, hammasini qilamiz. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Kecha qonni kamroq quydik shekilli, undan tashqari, bu o‘rinda odam qoni suyuqlik qiladi. Qon quyganimiz bemorga ancha yordam qildi, lekin bu kamlik qiladi. Bugun yana bir ko‘ramiz.
Ishi ko‘pligi uchun Xeymeker ma’yus, dilxasta ahvolda idorasiga ketdi. U qachon qora niyatlar va istaklarga bormaslikka, har qanday qilib bo‘lsa ham ulardan qutulishga yana ahd qildi. Odamgarchilikdan emas-da bu. Axir bora-bora bularning bari qandaydir sirli yo‘l bilan o‘ziga qaytadi-ku. Ernestinani mana shu fikrlar halokatga yetaklayapti shekilli. Ilojini topsa, ishqilib xotini shifo topib ketsin, u bunga xalaqit bermaydi. Qancha og‘ir bo‘lmasin, yana o‘zini qurbon qiladi. Boshqacha yo‘l tutish Mumkin ham emas. Deyarli butun umri o‘tib ketgandan keyin shikoyatga o‘rin bormi? Yana bir necha yil o‘tsa nima qipti?
U ancha xotirjam uyiga qaytdi — qalbi xayrli niyatlarga to‘liq edi: bemor boquvchi soat uchlarda qo‘ng‘iroq qilib, xotinining ahvoli yaxshi ekanligini xabar qilgan edi. Ikkinchi bor qon quyilgach, bemorga darmon kirib, hatto o‘rnidan turib, biroz o‘tirdi ham. Soat beshda huzuriga kirganida xotinining rangi o‘chib, bo‘shashib yotardi-yu, lekin ko‘zlari chaqnab, ikki beti nimpushti tovlanardi va Ernestina eriga qarab sezilarsezilmas jilmaydi — ahvoli yaxshilanganligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Doktor Storm qanday g‘amxo‘r-a! Ishqilib, xotini tuzalib ketsin-da! Xatar o‘tsin-da! Soat sakkizda doktor Storm yana keladi.
— Xo‘sh, ahvolingiz qalay, azizim? — so‘radi Ernestina erining qo‘lini qo‘liga olib, nazokat bilan unga boqarkan.
U engashdi va Ernestinaning peshonasidan o‘pdi, bu bo‘sa unga xoinlik bo‘lib tuyulmadi. Bugun u himmatli, muruvvatli — Ernestinaning shifo topib ketishini chin dildan istaydi.
— Mening ahvolim yaxshiku-ya, o‘zing-chi? Tashqarida ko‘klam. Tezroq tuzalgin, shundoq kunlarni betob o‘tkazish hayf.
— Yaqinda tuzalib qolaman, — ohista dedi Ernestina.— Ahvolim ancha durust. O‘zingizning ahvolingiz qanday? Yumushlaringiz yaxshi ketyaptimi?
U bosh irg‘adi, jilmaydi va xotiniga ba’zi yangiliklarni so‘zlab berdi.
— Etelberta qo‘ng‘iroq qilib, binafsha keltiraman, dedi. Soat oltida Uesli bilan Irma keladi. Tanishlar salomatligingni so‘rashdi.
«Qandoq qilib shunchalar toshyurak bo‘ldim-a? — deb so‘rardi u o‘zidan.— Nega unga o‘lim tiladim-a?..» Aslida Ernestina unaqa yomon ayol emas, hatto o‘ziga xos nazokatli, boshqalar uchun tengi topilmaydigan rafiqa bo‘lishi mumkin. Dunyoda yashash, hayot nash’asini surishga u ham Xeymekerday haqli. Bu ayol — farzandlarining onasi, yana shuncha yil birga yashashdi. Bu kun ajoyib kun bo‘ldi-da, mana hozir ham deraza ortida ajoyib may oqshomi. Havo shunday musaffo, osmon beg‘uborki!..
Telefon jiringladi, yana kimdir Ernestinaning ahvolini so‘rayapti. Oqsochning aytishicha, beto‘xtov qo‘ng‘iroq qilishyapti, ayniqsa shu bugun. U uzun ro‘yxat uzatdi: qiziq, o‘zidan ko‘ra Ernestinaning do‘stlari ko‘p ekan — shunchalik ochiq ko‘ngil, andishali, izzatli ayol. Nega endi unga yomonlik tilashi kerak?
U Etelberta va Uesli bilan xushchaqchaq suhbatlashib ovqatlandi: ko‘pdan beri o‘zini bunday yengil his etmagandi. Hadsiz-hisobsiz, qarama-qarshi fikrlar endi ortiq qiynamasdi, ko‘ngli xotirjam edi. Xeymeker farzandlaridan ularning qanday yashayotgani, nevaralarining ahovlini surishtirdi. Soat sakkiz yarimda yana doktor Storm keldi va miss Xeymekerning ahvoli ancha yaxshi bo‘lib qolganini aytdi.
— Butunlay sog‘ayib ketishiga umid bor, deb hisoblayman,— dedi Storm.— Agar bir-ikki kecha ahvoli og‘irlashmay, xotirjam kechsa, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Quvvatiga quvvat qo‘shildi. Lekin xotirjam bo‘lishga hali vaqt erta. Bu — nihoyatda makkor dard. Bemorning ahvoli ertaga qanday bo‘lishini ko‘raylik-chi, balkim yana bir marta qon quyishga zarurat tug‘ilar.
Storm ketdi, soat to‘qqizga borib, Etelberta bilan Uesli ham, agar onalarining ahvoli og‘irlashsa qo‘ng‘iroq qilishni so‘rab jo‘nashdi. U yolg‘iz qoldi. Xeymeker o‘tirib xayolga toldi. Keyin bir necha daqiqaga xotini yoniga kirdi — boshqa kunlardagi kabi bugun ham doktor Etelbertaga osoyishtalikni ta’minlashni buyurgandi — so‘ng, uxlagani kirib ketdi. Soat o‘n bir edi. U juda charchagandi. Nopok vijdon, qarama-qarshi fikrlar uni abgor qilgan, o‘zini horg‘in his etardi: albatta uxlab olmog‘i kerak. O‘zi ham yomon odam emas, hayoti ham bir navi. U lozim ko‘rilganidek fikr yuritdi va shunday ish tutdi. O‘sha qora fikrlarga bormaslik kerak edi-da! Shundoq bo‘lsayam...
U karavotda derazaga qarab yotar, bog‘ning bir chekkasi ko‘rinib turardi: oyning kumush nuriga g‘arq holda kurtak yozgan daraxtlar, ko‘lning qirg‘og‘i... Bu yerda, shaharda har tup buta, har bir yashil burchak faqat davlatmandlargagina nasib etadigan noyob boylikdir. Yoshligida Xeymeker suvni yaxshi ko‘rardi, har bir ko‘l, ariq, irmoqni ko‘rganida dili yayrab ketardi. Yigitlik choqlari kechasi oydinda sayr qilishni sevardi. Bunday choqlarda u muhabbat va baxt haqida o‘y surar, unga yetishishni orzulardi-yu, lekin orzusi ushalmadi. Bir vaqtlar u yaxt-klub loyihasini tayyorladi, uning poydevoriga ustalik bilan tarashlangan tosh qadalgandi — naq qirg‘oqqa kelib urilgan to‘lqin poydevorni yalayotganday... Yana bir gal, uzoq yillar ilgari o‘zi va anavi uchun — qachondir erkin bo‘lsa, uni balki sevib qolishi mumkin bo‘lgan ajoyib go‘zal uchun — bog‘-uy qurmoqni ko‘zladi. Niyat qanchalar yaxshi edi-ya! Lekin hozir, mana shu soatda bu haqda o‘ylashning o‘ziyoq unga haqorat, shafqatsizlik, yovuzlik, xudbinlik, betavfiqlik bo‘lib ko‘rinardi... axir baribir, vaqt o‘tgan edi-da! U oy nuriga g‘arq bog‘dan ko‘z uzdi-da, xo‘rsinib qo‘ydi — uxlash kerak, qora va shu bilan birga shirin xayollarini quvdi.
Xeymeker mudrab ketdi va nazarida qandaydir favqulodda go‘zal ayol, go‘zallikning naq o‘zginasi, shu choqqacha u intilgan narsalar timsoli qo‘lidan tutganicha beti jimirlab turgan jilg‘alar, shaffof ko‘llar yoqalab, chekkasida ulug‘vor cherkov, minora, oq marmardan yasalgan haykallar qad qo‘targan, tikka o‘rlagan keng yo‘ldan qayoqqadir uzoq-uzoqlarga boshlab ketdi. U indamay bormoqda edi va nazdida, unga nimadir va’da qilingandi... Oldinda ko‘pdan intiq kutgani qandaydir nafosat kutardi... Faqat u borayotgan sirli diyor qorong‘i edi, oldinda qorong‘ilikning yastanganligi uchun ham ko‘ngli g‘ash va tashvishli edi. U go‘zallik qidirib yo‘lga tushgan va hamon uni izlar, izlardi-yu, lekin atrof qorong‘i edi, shunda birdan...
— Mister Xeymeker! Mister Xeymeker! — degan ovoz avvaliga sekin, sirli eshitildi, keyin bu ovoz tashvishliroq jaranglab, kimdir uni turtdi.— Tezroq turing! Missis Xeymeker...
U irg‘ib o‘rnidan turdi, bosh tarafiga ilig‘liq ko‘k shohi xalatini yelkasiga tashladi-da, yo‘l-yo‘lakay belbog‘ini bog‘ladi. Rangi o‘chgan, o‘zini yo‘qotgan missis Elfrid... Tushundi: eng dahshatli voqea sodir bo‘lgan. Mana uning yotog‘i. Xotini sokin, xotirjam, qandaydir mung‘ayib tirikdek yotardi; u xuddi uxlab yotganday ko‘rinar, yupqa lablari, ilgari o‘ylaganicha — sovuq lablari istehzoli jilmayayotganday edi... Balki bu tabassumning izidir. Xotinining yuzida shunday ifodani avvallari ham ko‘rgan: takabburona va dono tabassum, uning o‘zidan ham ko‘ra dono. Uzun, ingichka, nozik qo‘llari kafti ochiq, ikki yonida yotar, juda charchaganday barmoqlari xiyol yoyilgandi. Qovoqlari horg‘in. Ko‘zlarini abadiy yumgan. Ustiga yopilgan namat oriq gavdasi taxlitini namoyon etardi. Kechasi bemorga qaragan miss Filson bir necha daqiqagina mudrab ketganini va ko‘zini ochganida hammasi tamom bo‘lganligini sarosimada so‘zlab bermoqda edi. Ayol juda tushkun, xafa, doktor Stormdan hayiqib turgan bo‘lsa kerak.
Xeymeker chuqur iztirobda qarab turardi — kichkina Eluel vafotidan so‘ng hech narsa uni shunchalik larzaga solmagandi. Axir u yaxshi rafiqa bo‘lishlik uchun qo‘lidan kelgancha harakat qildi-ku... Necha yillar birga umrguzaronlik qilishdi — mana endi u yo‘q, Xeymekerning ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi, to‘shak tarafga ohista yurdi, qo‘liga tegib ketmaslik uchun ehtiyot bilan cho‘kkaladi.
— Erni, qadrdonim... Erni, nahotki endi yo‘qsan? — hazin dedi u, lekin o‘z ovozi unga soxta, munofiqona tuyuldi.
U xotinining qo‘lini oldi va ma’yuslik bilan labiga olib bordi; so‘ngra keyingi kunlardagi miyadan chiqmaydigan qarama-qarshi fikrlarni eslarkan, peshonasini xotinining chakkasiga qo‘ydi, missis Elfrid bilan bemor boquvchi ayol esa, ko‘z yoshlarini artib, unga qarab turishardi: unga, tanho qolgan qariyaga rahmlari kelmoqda edi!
Bir ozdan so‘ng uni o‘rnidan turishga ko‘ndirdilar: u ruhsiz bir alpozda o‘rnidan turdi va miss Elfrid bilan bemor boquvchi ayoldan hozircha bolalarini bezovta qilmaslikni so‘radi. Axir endi ular onalariga hech qanday yordam ko‘rsatolmaydilar. Ertalabgacha xotirjam uxlay qolsinlar. Keyin u o‘z xonasiga qaytib kirdi, to‘shagiga borib o‘tirdi va bir daqiqacha oyning kumush nuriga g‘arq boqqa qotib qolgan nazar-la qaradi, bog‘ hamon avvalgiday chiroyli edi. Dahshat. Shunday qilib, uning yomon niyatlari axiyri amalga oshipti-da! Xotinini nahotki uning yovuz niyati o‘ldirgan bo‘lsa? Shunday bo‘lishi mumkinmi? Nahotki, bu uning ovoz chiqarmay qilgan iltijolarining ijoboti bo‘lsa? Uning pinhon niyatlari qanday bo‘lganini xotini bilganmikan? O‘ylashning o‘zi qanchalar dahshat. Hozir u qaerda ekan?.. Bilsa, eri to‘g‘risida nima deb o‘ylayotgan ekan? Endi undan nafratlanib, ta’qib etib yurmasmikan? Hali tong otgani yo‘q, soat ikki yoki uch bo‘ldi, oy hamon yaraqlab nur sochib turibdi. Endi hayotdan butunlay ketgan xotinining jasadi esa qo‘shni xonada oppoq oqarib, sovib yotibdi.
Birozdan so‘ng u o‘rnidan turib mehmonxonaga chiqdi, bu yerda, deraza yonida o‘tirishni sevardi. Keyin xotinining yotog‘iga qaytdi. Balki mana shu yerda, yaqinginada u bor bo‘lgan, endi esa jonsiz yotgan xonada fikrini jamlay olar. Ko‘rayotganmikan yoki ko‘rmasmikan... bilarmikan yoki bilmasmikan... endi hammasi tamom. Baribir o‘zini gunohkor hisoblaydi. Ernestina shunchalar sadoqatli edi, u haqda, bolalar ustida shunchalar g‘amxo‘rlik qilardi, juda o‘rniga qo‘yardi buni. Mana shu so‘nggi kunlarda unga shafqat qilish, qora fikrlarga erk bermaslik kerak edi.
Uning tuyg‘ulari alg‘ov-dalg‘ov edi, sira tartibga sololmasdi. Lekin harholda o‘zining aybi nimadaligini bilib olishi, xotiniga nisbatan alamzadalik, adovat qaydan paydo bo‘lganini anglab yetishi kerak, aks holda tinch yurolmaydi. Albatta tushunib yetmog‘i kerak... Lekin qandoq? U miss Elfrid bilan kechasi doktor Stormni ham bezovta qilmaslikni kelishib oldi. Ular ertalabgacha biroz dam olishga qaror qilishdi. Keyin u deraza yonida o‘tirib bog‘ni tomosha qilish uchun sevimli xonasiga kirib ketdi. Balkim shu yerda u jumboqni hal qilar, hammasini oxirigacha o‘ylab olar, haqiqiy tuyg‘ulari qandayligini anglab yetar. Ha, u tilagan narsani tilash juda yomon. Xo‘sh, uning o‘zi qanday? O‘zining hayoti-chi?.. Tong yorishib kelmoqda edi, sharq tarafda osmon bo‘zara boshladi, xona yorishmoqda edi. Devorga qo‘ndirilgan ko‘zgudan oriq, bukchaygan, soqol-sochlari patila kishi horg‘in ko‘zlari bilan unga qaramoqda. Bular uning erkinlik, baxt haqidagi orzulariga aslo mos kelmasdi... Qanchalar dahshatli masxara! Qandayin bir halokat! Erkin bo‘lgan taqdirda ham, shu alpozga tushgan kimsaga baxt va muhabbatni orzu qilishni kim qo‘yipti! Oynaga qarab o‘ziga boqsa kifoya. Mana u — qari, sochlari oppoq — sharti ketib, parti qolgani ko‘rinib turipti. Buni allaqachonoq tushunmagani qiziq-a? Qanchalar bema’nilik! Bundayin puch orzularga berilganini-ya? Endi nimadan umid tutadi? Bironta chiroyli ayol unga qayrilib boqmadi, albatta qaramaydi. Yeshligining yarqiroq orzulari hech qachon ushalmaydi. Bu sarob edi, sharmandalik edi. Xotini hayotmi yoki vafot etganmi, uning uchun endi hech nima o‘zgarmaydi. Bari ikkilanishlari va taraddudlanishlariga qaramay endi u erkin. Lekin allaqachon qarigan, holdan toygan — odamovi, adoi tamom bo‘lgan kimsa.
Hayot qanchalik zolimlik, beshafqatlik bilan uni mazax qiladi, inson taqdiriga doimo birday loqayd... Dunyoga kelib nima ko‘rdi u? U o‘zining ko‘zgudagi ko‘zi atroflari va peshonasini ajin bosgan qorachadan kelgan betiga xomush qarardi; burishgan qora qo‘llar, axir bir paytlar qanday chiroyli edi-ya; epchillikdan mahrum bo‘lgan beo‘xshov oriq gavda. Bir paytlar nazarga yaqin edi; o‘ktam, baquvvat, serg‘ayrat... Endichi?.. U ko‘zgudan ko‘zini uzdi va yaproq yozgan daraxtlarga, ko‘lga, balandlab qolgan quyoshning zarrin nurlariga boqdi... Ha, shu topda u alohida mazmun kasb etgan: hali navqiron bo‘lganlar uchun sehrli yangi kunning tug‘ilishi... Yana o‘zining ko‘zgudagi aksiga qaradi. Endi nimani kutadi? Nimadan umid tutadi?
Shunda u anavi tushni — nimanidir izlagani va uni qayoqqadir boshlab ketayotganlari, oldinda unga ajoyib narsalar va’da qilingani, lekin o‘sha yoqdagi tumanlikni... yana esladi. Bu tushning ma’nosi nima? Balkim yetib bo‘lmas xilqatdir? Balki bu — uning butun umrining ramzidir? Balki... Balki...
— Erkinman! — dedi u nihoyat.— Erkin!.. Endi buning ma’nosini bilaman. Axiyri erkin bo‘ldim-a! Ha, erkinman... Erkinligim — dunyodan o‘tib ketishim!..
U shu ko‘yi, soqol-sochlarini tutamlab, deraza yonida xayolga tolgancha turardi.
Ruschadan Xolida Ahrorova tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 6-son