OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Teodor Drayzer. Qoracha Jef (hikoya)

Ot qo‘shilgan to‘rt g‘ildirakli arava ko‘prik ustiga kelib to‘xtagach, odamlar ham o‘z aravalaridan tushdilar. Barcha otliqlar, shular qatori Deyvs ham otlaridan tushib, negr bola ortilgan arava atrofiga yig‘ilishdi. Deyvs turgan joyida ko‘prik tagidagi suv uzra taralib yotgan uzun-uzun chiroq nurlarini kuzatib turar, boshqa erkaklar esa bir ustunga arqon bog‘lash bilan band edilar, shu payt birdan Deyvs titrab ketdi, ular arqonning bir uchini negr bolaning bo‘yni atrofidan bog‘lay boshlashdi.
Nihoyat tomoshatalab olomon ishlarini bitirib, joy-joylariga qaytishdi, Deyvs esa bu manzaraga dosh berolmay, yuzini o‘girdi.
– Aytadigan biron gaping bormi? – shu payt olomon orasidan tahdidli bir ovoz yangradi. Javob bo‘lmadi. Negr bola jon talvasasida inqillab qiynalar, aftidan u ancha vaqtdan buyon behush bo‘lib yotardi.
Shu vaqt o‘n-o‘n ikki chog‘li kishi ataylab kelishib olishganday birgalikda bu zanji tanani havoga baland ko‘tardilar, Deyvs bo‘lsa arqonning g‘ichirlagan tovushi ostida majoqlanib ketgan kichik jussani dam pastga, dam tepaga tushirib-chiqarilishini ko‘rib, ichi tuzdek achib ketdi.
Xira oy yog‘dusida behush vujud xuddi kurashmoqchiday bo‘lib ko‘rinar, ammo baribir uning zaboni harakatga kelmasdi. Deyvs og‘zi keng ochilgan, so‘zsiz – sadosiz tanani va nihoyat qimirlashdan to‘xtaganini kuzatib turdi. Biroz fursat o‘tgach esa u olomonni ketishga shaylanayotganini eshitdi, oxiri ular yosh muxbirning bir o‘zini xayollari bilan birga yolg‘iz qoldirgancha jo‘nab ketishdi.
Deyvs sukunat ichida, suvga termulgancha qirg‘oq chetiga cho‘k tushib qoldi. Mana endi bor dahshat adog‘iga yetdi. Azoblanish ham barham topdi. U ortiq vasvasaga tushmaydi. Mana endi hayot go‘zal va beg‘ubor. Bor fojea izsiz yo‘qoldi; oy ham oxiri suv ichiga g‘arq bo‘ldi... 
Aslida Deyvs Boldvindagi kichkinagina pochtaga zudlik bilan borib, bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni yozib yuborish bilan shug‘ullansa ham bo‘lardi...
Juda kech bo‘lgandi, biroq ayni damda vaqtning, lahzalarning nima ahamiyati bor? Hech qanday boshqa muxbir hodisa jarayonida ishtirok etmagach, ertaga voqeaning o‘zidan-da oshirib, ta’sirliroq biror hikoya yozish Deyvsning o‘zining ham qo‘lidan keladi-ku.
Yosh muxbir to tong yorishgunicha o‘sha yerda o‘tiraverdi...Jonsiz negr tanasi esa osmonga tikka holda egilib–bukilgancha, qorayib osilib turarkan, ertalabki yengil shabadada xiyol tebranib qo‘yardi.
Axiyri Deyvs o‘rnidan turib, otiga mindi-da, yuragi tungi fojeadan g‘am-g‘ussaga to‘lgan alfozda Plezent Vodiysiga qaytib ketdi.
Peshingacha bironta poyezd kelmagach, u tobora ko‘proq tafsilotlar to‘plab olishga qaror qildi.
Yana bir kun so‘nggiga yetib, quyosh botishi bilan u tuyqusdan murdani qayerga olib ketilganidan voqif bo‘lmay qolganini esladi. Vaholanki u negrning nima maqsadda ortga qaytganiyu, aynan qayerda qo‘lga olinganligi to‘g‘risida ham na bironta ma’lumot bila olgandi, va na eshitgandi. Negrning kulbasi esa ikki mil narida, qarag‘ay shoxlari soya solib turgan yo‘l yoqasiga joylashgandi. Eshik oldida biroz kalovlanib turgach Deyvs yurak yutib eshikni taqillatdi. Hech qanday sado bo‘lmagach, u ichkariga bosh suqib qaradi. Bu oddiygina bir kulba edi. Andak fursat o‘tib, ichkaridagi eshik ochildi va bitta qoracha qizcha ostonada paydo bo‘ldi. Deyvs bir daqiqa qizchaga tikilib qoldi-da, keyin asta so‘radi:
– Jef Ingols yashaydigan uy shumi?
Qiz bosh irg‘ab: “Ha”, ishorasini berdi. U ko‘z yoshlarini arang tiyib turar, go‘yo mana hozir, hozir yig‘lab yuboradiganday bo‘lib ko‘rinardi.
– Jasadni shu yerga olib kelishdimi?
– Ha, janob, – negrlarga xos yumshoq talaffuz bilan javob berdi qizcha.
– Sen uning singlisimisan?
– Shunday, janob.
– Yaxshi, uning qanday qilib tutib olinganini menga aytib bera olasanmi? U qanday qilib va nima maqsadda ortiga qaytib kelgandi?
– Akam peshin paytida kelgandi, soat taxminan 2:00da.
– Nima maqsadda? – deb savolini takrorladi Deyvs.
– Bizlarni ko‘rgani kelgandi, – deb javob berdi qiz. – Onamizni ko‘rgani kelgandi.
– Shunaqa degin, u yana nimadir istaganmidi? Shunchaki onasinigina ko‘rib ketish uchun kelmagandir, to‘g‘rimi?
– Gapim rost, janob, – deya ta’kidladi qizcha. – Akam xayrlashgani kelgandi. Ular akamni qay paytda tutib ketishganini biz bilmay ham qoldik.
Qizchaning ovozi qaltirab chiqdi.
– Ha, mayli, uning o‘zi qo‘lga tushishidan xabari bormidi? – so‘radi Deyvs xayrixohlik bilan.
– Shunday, janob, menimcha xabari bo‘lgandi.
Qizcha hamon ma’yus ko‘zlarini yerga qadagancha, bosh egib turardi.
– Yaxshi, u nimadir dedimi?
– U onamni ko‘rgisi kelganini gapirdi, xolos.
– Uning jasadini ko‘rsam bo‘ladimi? – deb izn so‘ragan bo‘ldi Deyvs. Qizcha javob berish o‘rniga xuddi yo‘l boshlagan kabi oldinga yurib ketdi.
– Dafn marosimi qachon bo‘ladi? – yo‘l-yo‘lakay savol tashladi Deyvs yana.
– Ertaga.
Shunday deb negr qizcha uni murda yotgan xonaga boshlab kirdi.
Yosh muxbir o‘kirgan faryod qulog‘iga kirguncha jasadga tikilib turaverdi. Bu faryod zim-ziyo xonani portlatguday bo‘lib yangrab ketdi. Birdan uning yuragi aqldan ozgan telba singari dukur-dukur qilib ura boshladi. Deyvs avvaliga bu sado ehtimol o‘lik tanadan chiqayotganmikan, deya dong qotib qoldi.
– Oo-o-ohh! – ovoz tag‘in takrorlandi, bu gal Deyvsga bu tovush zorlanib chiqayotgan yig‘iday, go‘yo kimdir bo‘zlab-bo‘zlab o‘kirayotganday bo‘lib tuyuldi. Deyvs joni halak bo‘lib, tez o‘girilib qaradi-da, nimaningdir soyasi kabi bo‘lib ko‘ringan bir ayol vujudiga urilib ketguday bo‘ldi.
– Oh, oh, oh – endi faryodli ovozning o‘zigina qaytalandi.
Deyvsning hushi boshiga kela boshladi. U keksa ona huzurida turardi. Ayol ikki devor o‘rtasidagi ko‘rimsizgina javon tagida, boshini tizzalari orasiga olgancha, butun vujudi bilan nihoyasiz g‘urbatga botib o‘tirardi. “Oh, oh, oh”, Deyvs ayolga yaqin kelishi bilan u tag‘in nola qila boshladi.
Deyvs jimgina ortiga chekindi. Uning ko‘zlariga yosh quyilib keldi. Yigit zudlik bilan negr bolaning murdasini yopdi-da, xonadan chiqib ketdi.
Tashqarida, oy shu’lasida Deyvs ortiga o‘girilib qaradi. Butun motamsaro kulba o‘zining birgina ko‘rimlik jihozi – eshigi bilan shunchalar achinarli bo‘lib ko‘rinardiki! Xona burchagida bir o‘zi bo‘zlab o‘tirgan ona – va unga “Xayr!” aytish uchun kelgan sho‘rlik qoracha Jef! Deyvsning qalbi qayg‘u-hasratdan yorilib ketay dedi. O’tgan tun, o‘tgan fojea, ko‘ngilni parmalab qolgan azob – yosh muxbir Deyvs bularning barini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, qalbiga muhrlab qolgandi.
– Men hammasini yozaman, – deb xitob qildi u. – Men hammasini yozaman! 

Inglizchadan Qandilat Yusupova tarjimasi
 «Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.