OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umar Sayfiddin. Baland poshnalar (hikoya)

Hatija Honim juda vaqtli tul qolgan boy bir xonimafandi edi. O’n uch yoshdaligida oltmish olti yoshli qariyaga tekkani uchun “erga tegish” degan narsadan nafratlangan edi. O’n yilga yaqindirki, erkak desa uning xayoliga romatizm, balg’am, paxta, banka, yod yig’imlaridan iborat kir, siquvchi, la’nati o’ylar kelar edi. 
- Yoshlar boshqachadir! - deganlarga esa:
- Voy, voy! Xudo saqlasiney, ular ham bir kun qarimaydimi? Keyin ularning dardini kim chekadi, - deb hayqirar edi.
Eng asosiy mashg’uloti tozalik bilan nomuslilik edi. Go’ztepadagi ko’shkini har kuni ertalab hizmatkori Eleni, boqindisi Gulter bilan birga tozalar, oshpazi Mehmedni har kun soch-soqolini kestirar, bechora Bolulik bolani boshdan oyog’ oppoq kiyishga majbur qilardi. Eleni ham, Gulter ham juda nomusli edilar. Omborni qulflamas, pullari ham ochiq yerda turar edi. Ayniqsa Mehmedning nomusi haqida shubha bo’lishi mumkin emas edi. Birov bilan gaplashayotganda hech ko’ziga tik qaramas edi. Hatija Honim uydan tashqariga chiqmagani uchun butun ishi hizmatkorlarini taftish qilishdan iborat edi. To’xtamay xonalarni aylanar, chordoqqa chiqar, oshxonaga tushardi. Derdiki: 
- Menga o’xshanglar. Men hech birov bilan ko’rishyapmanmi? Siz ham aslo qo’shnilarning xizmatkorlari, yugurdaklari bilan gaplashmanglar. Begona kishilar insonni yo’ldan chiqaradi!
Hattoki Mehmed ham bu nasihatni qulog’iga quyib olgan edi. Orqa hovlidagi oshxonasiga mehmon, hamshahari tugul hatto bir mushuk ham kira olmas edi. Hatija Honim balki kunda oshxonaga o’n marta tushar, uni qozonining yonida yolg’iz turganini ko’rar edi. Hatija Honimning tozalikga moyilligi bilan birgalikda baland poshnalarga ishqibozligi ham bor edi. Go’zal, do’mboqqina va nash’ali bir ayol edi. Faqat bo’yi pastroq bo’lgani uchun, uy ichida ham bir qarichga yaqin baland poshnali tufli kiyar edi. Xuddi dorbozga aylangan edi. 
 Bu baland poshnalari bilan zinalardan taqir-tuqir qilib bir hamlada tushar, oyog’ini qayirmasdan bir pastga bir tepaga yugurar edi. Nihoyat bir kun boshi aylana boshladi. Chaqirgan doktori unga dori bermadi. 
- Honim afandi, butun rohatsizliklaringizning sababi bu baland poshnalar, - dedi, - ularni yeching. Jundan to’qilgan, qulay, yumshoq bir shippak kiying. Ko’rmaganday bo’lib ketasiz. 
Hatija Honim doktorning tavsiyasi bilan junli shippak oldirdi. Rostanam juda qulay edi. Ikki kun ichida boshining aylanishi to’xtadi. Tizzalarida, boldirida zirqirash qolmadi. Faqat vujudi huzurga qovushgan paytda ruhi chuqur bir azobni his etdi. To’qqiz yil unga xizmat qilgan odamlarining ikki kun ichida birdaniga axloqlari buzilgan edi. Elenini o’zining tish cho’tkasi bilan tishini yuvar ekan, Gulterni omborda murabboni oshalayotganini ko’rib qoldi. Mehmedni go’sht yeyiladigan kun bo’lmasligiga qaramay bir tovoq qovurmani paqqos tushirayotgan paytida ushlab oldi. 
- Bularga nima bo’ldi, yo Rabbim! Nima bo’ldi, bularga? - derdi. 
Bir hafta ichida odamlarining on beshdan ortiq xiyonatini, qing’irliklarini ushladi. Ayniqsa Mehmedni qo’shni generalning uyini qo’riqlayotgan askarlar bilan kattakon laganda palovni paqqos tushirayotganini ko’rganida jahli chiqqanidan nima qilishini bilmay qoldi. Shu kuni hamma tarafga qulf soldi.
 - Mana endi ko’ramiz, nimani o’g’irlashar ekan? - dedi.
Rostdan ham o’g’irlanadigan hech narsa qolmagan edi. Ertasi kuni uyqudan biroz kech turdi. Pastga tushdi. Eleni bilan Gulter atrofda ko’rinmas edi. To’ppa-to’g’ri oshxonaga qarab yo’l oldi. Ochiq eshikka ko’zi tushishi bilan nafasi ichiga tushdi. Mehmed o’chog’ning boshidagi kichkina kursida yoyilib o’tirar, bir tizzasiga Elenini, bir tizzasiga Gulterni o’tirg’izib olgan edi. Baquvvat qo’llari bilan ikkalasining bellarini arqondan qilingan kamarday bog’lab olgan edi. Hatija Honim bu manzaraning razolatini ko’rmaslik uchun darrov ko’zlarini yumdi. Faqat quloqlarining qopqog’i bo’lmagani uchun ularning gaplarini eshitmay qolmasdi.
 Mehmed: “Hey Gulter, sen ko’pdan beri shirinlik olib kelmayapsanku?”, dedi. 
 Gülter esa: Hamma joy qulf, nima qilay?”, dedi. Mehmed g’arip bir shapillagan ovozi bilan Eleniga: 
 - Hey sen, kechasi nimaga kelmayapsan? Senga holva qilip saqlayapman!, -  deb so’rar,  Eleni esa: Voy, qo’lga tushamiz. Keyin Honim bizni quvadi, deb uning quchog’ida to’lg’onar edi. Oralarida noz-karashmali dardlashuv boshlandi. 
 Hatija Honim ko’zlarini ochmas, yuragi hapqirib diqqat bilan tinglardi. Gulter:
- Voh bu shippaklar!, - dedi. - Hamma ishimizni buzdi. Honimning kelgani hech eshitilmaydi. Nima qilsak qo’lga tushyapmiz. Oldin qanday yaxshi edi. Baland poshnalarining taqir-tuqiridan uyning eng tepa qavatdagi ovozni ham eshitardik”.
 Suhbat uzaygan sayin ko’zi bilan ko’rolmagan boshqa razolatlarning mufassal hikoyalarini eshita boshladi. Chidayolmadi. Ko’zlarini ochdi. 
 - Hay senimi olchoq, o’g’ri, nomussizlar. Qani uyimdan daf bo’linglar”, deb hayqirdi. Shu ondayoq to’qqiz yillik sodiq xizmatchilarini kavushini to’g’rilab qo’ydi.
Shundan so’ng qancha oshpaz, xizmatchi olgan bo’lsa hammasi orsiz, o’g’ri, yuzsiz, nomussiz chiqardi. Ikki yil odamga o’xshagan bir xizmatchiga yolchimadi. Mol-mulki ziyoda, hech bir dardi bo’lmasligiga qaramay bu xizmatchi dardidan ozib, sarg’ayib so’lar edi. Qaradi, bo’lmaydiganga o’xshaydi! Yana baland poshnali tuflilarini kiya boshladi. Xizmatchilarining o’g’riliklarini, nomussizliklarini ko’rolmaydigan bo’ldi. 
Yuziga qon yugirdi. Voqea yana boshdan takrorlanib, boshi aylana boshladi. Endi ovozi eshitilmaydigan poshnasiz shippak kiydirishini o’ylab doktorga murojaat qilmas, “hech bo’lmasa yuragim huzurli-ku”, der edi.

Turk tilidan Zamira Hamidova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.