OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umar Sayfiddin. Cho'qmor (hikoya)

Karamanning* qo’yini,
So’ngra chiqar o’yini
Turk maqoli


 Kichik poytaxtning qorishiq ko’chalari bugun gavjum edi. Xuddi bahordagi hayit bayramidagi kabi… Yoshi ulug’ xotinlar, keng oq yengli, kumush jiyakli bozor kiyimlarini kiyishgan, oq potur* shimli baquvvat erkaklarning to’la ko’zalarda taqdim etgan sharoblarini ichib jo’shar edilar. Yosh, qari, xotin va bolalardan iborat bo’lgan ohiri ko’rinmagan bir “Urra” zanjiri baqirib, chayqalib olomonning ichidan o’tar, girdob to’lqini holida aylana-aylana saroy oldida birikar edi. Cherkovlarning qo’ng’iroqlari g’uvullardi. Saroy darvozasining oldida jasur Boyarin otliqlari saf-saf bo’lib kutishardi. Ertalabdan beri ichgan sharoblarining ta’siri bilan anchagina boshi aylangan mashhur qo’mondon dubulg’asining qalqonini biroz orqaga surdi. Otining og’ir uzangilari ustida gavdasini biroz ko’tardi. Oldinga qaradi. Yonidagi birinchi zobitiga: 
- Haliyam ko’rinishmadi, - dedi.
- Kech qolishdi.
- Ha..
- Ajabo, nima uchun?
- Ahmoq turklar, nima bo’lardi. Tashrif degan narsadan, marosimdan nima ham tushinishardi? 
- Yana “Vizantiyaga loyiqmiz”, deyishadi. 
- Qayerda u noziklik?
- Qayerda?..
- …
Oldilarida birdaniga kengaygan keng “Urra” halqasi ikkalasini ham jim qildi, otlarining jilovlarini tortib biroz orqaga tisarildilar. Qo’mondon istiqlolini qozongan xalqning bu telbanamo, sarho’sh sevinchiga boqar, kayf olardi. Yarim behush qizlar nash’ali yigitlarning quchoqlarida, gaydalarning* ohangiga sherik bo’lar, “Yashasin Shahzoda! Yashasin Shahzoda!” naqoratlarini hayqirishar, yangi hukmdorlarining sharafiga qadahlarni sindirishib o’ynarlar, sakrashardi. So’ng Eflak* tojini kiygan Popni Tergovichda* yenggan Mehmed Bey bir yildan beri o’zini sanjak begi* e’lon qilgan edi. Ammo Eflakliklar bu hokimga bo’ysinmasdan Zips* Konti* Zapolyadan* yordam so’ragan edilar. Bu tahlikali ittifoqdan hurkkan Mehmed Bey darrov ularning xaqlarini, imtiyozlarini, istiqlollarini bergan edi. Moviy, bulutsiz ufqda yuksalgan quyoshning oydinligi qahramon Boyarin otliqlarining uzun nayzalarini yaltiratardi. Qo’mondon zirhli ko’kragini ko’targan totli bir hayajon bilan bir xalqiga, bir navkariga boqar, etigidagi temir taqa bilan otini turtib ko’kka sapchitardi. Birinchi zobit uning kabi gavdali, kelishgan emasdi. Qora-qura, xunuk biri edi. Uzun sochlariga qirov tushgan, ko’sa yuzi ham zaif, ham burishiq edi. Nash’ali qo’mondon hora* o’ynaganlar o’tgandan keyin yana otini oldinga surdi. 
- Qonsiz bir zafar qozondik, dedi. Qora otining yolini silayotgan zobit:
- Qonsiz zafar bo’lmas!, - deb boshini chayqadi. 
- Nimaga bo’lmasin?
- Chunki men turklarga ishonmayman…
- Shubhalanishga hech o’rin yo’q! Biz hali rasmiy inqilobga harakat qilmasimizdan ular bizga habar jo’natdilar. “Boringlar, o’zingizga bir bosh tayinlagnlar” dedilar. Biz zotan shahzodamizni tahtga chiqargandik. Mana endi bizga hush keladigan, ko’nglimizni ko’taradigan harakatlar qilishyapti.
- Nishon yorlig’i, bayroq, dovul, cho’qmor yo’llash ko’ngilga hush keladigan harakatmi?
- Bo’lmasa nima?
- “Tobe’ bo’l”, degan alomatlar bular…
 Jo’shqin qo’mondon ko’rinmagan bir yuzga musht uradiganday qo’lini yuqori ko’tardi. G’azabli bir shiddat bilan:
- Aslo! - deb baqirdi. Biz ortiq mustaqilmiz! Nishon yorlig’i istiqlolimizni tasdiqlaydi. Bayroq, dovul, sho’qmor ham podshohning shahzodamizga hadyalari…
- …
Zobit javob bermadi. Qo’mondon qadar ichmagani uchun turklarning haqiqatlarini haliyam xotirlay olardi. Qo’lini soniga tiradi. Otining qora yolini silay boshladi. Xalqning shovqini toshib, bir bo’ron kabi saroyning peshtoqlariga urilar, soqchi navkarlarning baland bo’yli otlarini hurkitib, tepindirar edi. O’ynaganlarning ichidan o’ziga zo’rg’a yo’l ochib chiqqan bir otliq qo’mondonga salom berdi:
- Elchi yonidagilar bilan birga manzilidan chiqdi…- dedi. 
- Juda yaxshi… Yonida necha kishi bor?
- Uch yuz otliq!
Qo’mondonnig chap tarafidan navkarning gaplarini eshitgan zobit:
- Uch yuz otliqmi?, - deb birdaniga rangi o’chdi.
- Ha…
Bugungi tashrifdan mas’ul bo’lgan qo’mondon kuldi:
- Ha sizni turklar-ey… Chorasiz qolishganda qanchalik kamayishadi. Qani eski g’ururlari? Endi dunyo o’zgardi. Rumelida* quvvatlari yo’q. Mana endi shahzodamizga buyuk bir imperator muomalasi ko’rsatishyapti!
Birinchi zobit yana ham rangi oqarib so’radi:
- Qayerdan angladingiz?
- Elchilarning darajasi, barobarida kelgan kishilarning soni bilan o’lchiladi. Mana qara endi, podshohning hadyalarini, imtiyoz yorlig’ini uchyuz otliq bilan bir elchi olib kelyapti!
- Elchi bularni yolg’iz olib kelsa edi yana yaxshi bo’lardi.
- Nimaga?
- Yani aytdim qo’ydimda…
- Agar shunday qilsalardi biz ularni qabul qilmasdik.
- Nima uchun?
- Chunki sharaf-shonimizga loyiq bo’lmasdi. Bir buyruq, bir lutf-karam, bir ehson kabi…Holbuki mulozimlar bilan birga uchyuz otlig’i bo’lgan elchi nima degani bilasanmi?
- Nima degani?
- Podshoh bizning shahzodamizga: ”Men bilan ayni darajadasan” demoqchi.
- Koshki bir hil bo’lmasaydida, bu uchyuz otliq Eflakka kirmasa edi!
- Sen aqildan ozibsan Dimko….
Birinchi zobit acchiq acchiq kulimsiradi. Tuksiz yuzini burishtirdi. Xayolchan, so’nik ko’zlarini otining yolidan o’girib qo’mondoniga qaradi:
- Men aqildan ozdim demakki?, - dedi. 
- Azim Eflakning ichida uchyuz otliqdan shuphalanyabsan. Bular elchining mulozimlari. Naqshli nayzalariga, bezakli kiyimlariga, jiyakli kimhob to’nlariga, kumush egarlariga aldanma… Yaltirog’ligi bilan ko’zga tashlanadi ammo, qo’llarindan bir ish kelmaydi. 
- Bular turk emasmi?
- Turk bo’lsa nima qilibdi.?
- Qilichlari qancha bezakli bo’lsa ham yana keskindir!
- Sen qo’rqoqsan! Bir tutam otliq, uchyuz kishi, buyuk bir davlatning ichida nima qila olardiki?
- …
Qo’mondon saroyning oldidagi otliqlarga, ularning atrofida zich nizomda turgan yalang’och qilichli piyodalariga bir nazar tashladi. So’ngra otini o’ynatib zobit tarafga burildi: 
- Faqatgina shu maydonda to’rt mingdan ortiq askarimiz bor!, - dedi. Turklar tashrifda bir qo’pollik qilishsa hammasini “puf” deb uchirib yuboramiz.
Gaydalar tindi. Maydonning shovqini birdaniga to’xtadi. Hora zanjirlari tarqaldi. O’rtadan keng bir yo’l ochildi. Podishohning yo’llagan elchi Turk, oq bir otning ustida, boshida yuksak sallasi chayqalib kelar, uzun to’nining etaklari esa ikki yonida silkinardi. Orqasidan otlarini tez-tez choptirayotgan jiyak kiyimli, naqshinkor qilichli mulozimlar bu yerlik xalqqa kulimsirab qarardilar. Saroyga ellik-oltmish qadam qolganda soqchilarning mashhur qo’mondoni otini ko’kka sapchitib oldinga intildi. Elchining oldigacha keldi. Salom berdi. Shu holatda to’xtab turdi. Yoniga kelgan tarjimoniga:
- Bu yerda otdan tushasizlar. Shahzodamizning saroyiga piyoda borasizlar, - degizdi. 
Kamtarin Turk:
- Ho’p…- dedi. 
Otidan tushdi. U keng yelkali, o’rta bo’yli, mo’ylovi pastga egilgan, qorachadan kelgan odam edi. Porloq ipak to’nining ostidan ko’ringan qo’yiq yashil rangdagi zarbop kiyimlarining, qimmatbaho toshlar bilan bezalgan qilichining hashamati, qo’polgina vujudiga unchalik uyg’un emas edi. Hatti-harakatlari nozik, kibor kishini emas, sokin askarni eslatardi. Gavjum maydon uch yuz turk bilan og’ziga qadar to’lganday edi. Kelganlarni qarshilashdan mas’ul qo’mondon gerdayib, tarjimonining yordami bilan yana bir taklif keltirdi: 
- Mulozimlaring bu yerda qoladi. Shahzodamizning huzuriga yolg’iz kirasan.
Turk tarjimondan so’radi: 
- Podshohimizdan olib kelgan hadyalarimni qanday qilib yolg’iz tashiyman?
Tarjimon qo’mondonga tushuntirdi. Olgan javobini Turkcha takrorladi: 
- Yoningga uch kishi olasan. Ular ham yayov holda orqangdan podshohimizning huzurlariga hadyalarni olib kelishsin.
- Ho’p…
- Qani bo’lmasa.
Qo’mondon otini ko’kka sapchitib “Urra, urra!” deya o’zini olqishlagan xalqqa bo’ynini egib ko’pirardi. Bu qanday zafar edi! Mana bu yerda ulug’ turk elchisi orqasidan yayov kelardi. Saroyning eshigiga kelganda otdan sakradi. Tarjimon vositasiyla qanday qilib orqasidan huzurga kirishlarini, qanday salom berishlarini, qanday qilib hurmat bilan turishlari kerakligini elchiga va teri qoplamali bir dovul, qizil qopga solingan bir bayroq, og’ir bir cho’qmorni toshigan uch askarga anglatdi. Qilichini sug’irdi. Tosh zinalardan bir hamlada yuqori chiqdi. Katta dahlizdan o’tdi. Yangi shahzodaning mulozimlari turk elchisini ko’rish uchun eshiklarga to’planardilar. Elchi buyuk sallasini tebratib-tebratib qadam tashlardi. Qadamlari ham siyrak, ham og’ir edi. Atrofida unga qaraganlarga kulimsirar, salom berardi. Yirik, qora ko’zlari juda xursand, juda porloq boqardi. O’ng qoshini yuqori chimirib olgan, qo’li bilan sallasini tuzatardi. Qo’mondon toj zaliga kelganda to’htadi, orqaga qaytdi. Turklarning kiyimlarida tashrifga zid bir narsa bormi, deb diqqat bilan hammasiga bir-bir qarab chiqdi. So’ngra qo’li bilan elchining peshonasiga egilgan sallasini biroz orqaga itarib tuzatdi. Shahzodaning huzurida qanday egilajaklarini imo-ishorat bilan anglatdi. So’ngra ikki tarafida qinsiz qilich ushlab turgan navbatchilarning yonidagi baland eshikning pardasini ochdi. Eshikdan birinchi bo’lib kirdi. Taxtda o’tirgan shahzodaga to’g’ri yurdi. Yergacha egilib salom berdi. Keyin orqasiga tisarilib tashqariga chiqdi. Elchi bilan uch turk o’rtada qoldilar. Yuksak taxtning atrofiga butun Boyarin rayislari, mashhur qahramonlar, Voyvodalar tizilgan edilar. Hammasi tippa-tik turardi. Ochiq panjaralardan kirgan namli nur bu og’ir saroy sukunatiga qorishar, gavjum zalga kimsasiz ibodat yeri ko’rinishi berardi. Elchi qo’ynidan chiqargan maktubni o’pib boshiga qo’ydi. So’ngra yerga tikilgancha to’g’riga qarab yurdi. Maktubni taxtida toshlar bilan bezalgan haykalday qimirlamay o’tirgan shahzodaga uzatdi. Shahzodaning o’ng qo’lida oltin bir aso bor edi. Chap qo’li bilan olgan maktubiga g’oyat ahamiyatsiz bir narsaday mensimay qaradi. So’ngra chap tarafida turgan, sallasiga moviy pat qadalgan yosh yordamchisiga berdi. Elchi yana ko’zlarini yerga tikkanicha orqagasiga qarab yurdi va o’rtadagi askarining yelkasidan cho’qmorni oldi. Bu g’oyat og’ir, oltin bezakli, sariq sopli bir jihoz edi. Elchi takror yerga qarab yurar, kulimsirardi. Butun ko’zlar uning harakatini ta’qib qilardi. Elchi taxtning yoniga keldi. To’satdan….ko’z bilan ilg’ab bo’lmas tezlikda yuqoriga ko’targan bu qo’rqinch cho’qmor bilan shahzodaning olmosli tojiga bir tushirdi…
…Zaldagi hech kim qimirlay olmadi. Hammasi turgan yerida toshday qotib qoldi. Hamon to’nining ostidan buyuk bir qilich sug’urgan elchi rumiy tilida:
- Mana ko’rdingiz a….Istiqlol savdosiga tushgan osiy jazosini yedi! - deb hayqirdi. Elchining ko’zlari olovday yonar, go’yo bo’yi birdaniga devday uzaygan, sallasining uchi keskinlashgan, pastga osilgan mo’ylovlari tikkayganday edi. Boyarin rayislari, zirhli askarlar, qahramon voyvodalar jonsiz kabi qimirlasholmas, taxtida boshi ezilgan hukmdorlariga qarab titrardilar. Elchi zalning o’trasidagi askarlariga qarab:
- Hasan, sen eshikka borib dovul chal! Mustafa! Sen ham rumiycha na’ra ot. Maydondagi askarlar hamon qurollarini yerga tashlab taslim bo’lsinlar, deb buyruq berdi.
So’ngra bayroq tutgan askarga:
- Qani tezda yugir, maydonga bayroqni tik!, amrini berdi. 
- Amringiz bosh ustiga…
- Amringiz bosh ustiga… - deb uchchalasi ham yugirib tashqariga chiqishdi.
Saroy xalqi qorong’u devorlarga yopishtirilgan porloq, muhtasham zarli rasmlarday ovoz chiqarmasdan, sokin, jonsizday turardilar. Haliyam ichlaridan hech kimsa qimirlamagandi.
Mum rangi chehralarning hayron boqishlari qarshisida to’nining uzun etaklarini yelkasiga otdi. Qilichini qiniga suqdi. Egilib ezgan boshining ustida turgan qonli cho’qmorni oldi. Yerga qo’ydi. So’ngra taxtdagi o’likni yerga tushirib uning yeriga o’tirdi. G’oyat aniq Rumiy tilida:
- Qani podshoh nomiga menga itoat qilinglarchi!, - dedi. 
Sababi bilinmagan bir qo’rquvning ajablanarli hayajoni bilan tillari tutilgan bo’ri mo’ynali boy Boyar rayislari, ulkan qilichli jasur jangovarlar, po’lat zirhli voyvodalar , ikki daqiqa oldingi hukmdorlarining hali sovumagan jasadini ezib, bir zarba bilan Eflakni zabt etgan bu qo’rqinch turkning qo’lini o’par, yuziga qaray olmasdilar. 
Saroy tashqarisidagi soqchilar ham, ichkaridagilarday dong qotib qolgan, qo’rquvdan qimirlay olmasdilar. Qurollarini yerga tashlab, taslim bo’ldilar. Faqat ikki kishining, ya’ni dovul cholgan askarga “Tashrifni buzyapsan” deb qilich ko’targan sarho’sh qo’mondon bilan, zudlik bilan qochmoqchi bo’lgan zobitning kallasi uchirildi. Faqat bu qadar….

Turk tilidan Zamira Hamidova tarjimasi


____________
* Karaman - Turkiyadagi viloyatlardan biri.
* Potur - Oyoq qismi tor shim.
* Gayda - Skandinaviyaga xos cholg’u asbobi.
* Eflak - Ruminiyaning tarixiy joylaridan biri. 
* Tergovich - Vengriyadagi shaharcha.
* Sanjak begi - Usmonli sulolasining so’ng paytlarida davlat tarafidan tayinlangan, bayroqlardan mas’ul bo’lgan shaxs.
* Zips - Vengriyadagi shahar.
* Konti - G’arbda asilzoda erkaklar uchun qo’llanilgan isim.
* Zapolya - Vengriyaning bosh qo’mondonlaridan biri. 
* Hora - Bir qancha kishining qo’lma-qo’l ushlashib musiqaga hamohang shaklda o’ynaydigan G’arbga maxsus raqs turi.
* Rumeli - Vizantiya Davlatinin yerlari, ma’nosida aytilgan so’z. 
* Voyvoda - Usmonlilarning Eflak va Bogdan beklariga bergan ismlari.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.