OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xorxe Luis Borxes. Everything and nothing

O‘z holicha u hech kim edi; (hatto o‘sha davrning nojo‘ya suratlaridagi boshqa kimsalarga o‘xshamas) yuzlari va son-sanoqsiz almoyi-jalmoyi so‘zlari ortida hech kim ko‘rmayotgan tushgina yashiringan edi, xolos. Avval unga boshqalar ham shunday bo‘lib tuyilgandi, biroq mana shu bo‘shliq haqida do‘stiga so‘zlab bermoqchi bo‘lganida uning esankirab qolgani yanglishganiga ishontirdi va boshqalardan aslo farq qilmaslik zarurligiga amin bo‘ldi. U kitoblardan malham topishni o‘ylardi. Buning uchun – zamondoshi guvohlik berishicha – lotin tilini bir ozgina, yunoniyni esa yana ham ozroq o‘rgandi; keyinroq insoniy turmushning eng oddiy udumini bajargach maqsadga erishaman, qabilidagi to‘xtamga keldi va adoqsiz iyun kechalarining birida Anna Xetueyning quchoqlariga o‘zini baxshida etdi.
Yigirma nechadir yoshida u Londonga keldi. Endi u ixtiyorsiz ravishda o‘zini boshqa birovlar qiyofasiga solish mashqini oldi; Londonda – olomon qarshisida turli qiyofalar namoyish etuvchi aktyorga aylandi-qoldi. Bu mashaqqatli mehnat unga beqiyos, balki hayotidagi ilk quvonchni hadya etdi; ammo yakunlovchi satrlar yangrar, sahnadan so‘nggi jasad olib chiqilar – va uni voqe’siz dunyoning yoqimsiz tafsilotlari yana qayta bag‘riga olardi. Shunda u Ferreks yohud Temurlang bo‘lishdan tinar va yana qayta hechkimga aylanardi. Zerikarli hayot uni boshqa qaxramonlar va boshqa mudhish voqealarni o‘ylab topishga undar edi. Va mana, uning vujudi Londonning islovatxona-yu qovoqxonalarida bir jasadga belgilangan amallarni bajarar ekan, bu jasadda istiqomat qilayotgan ruhi esa avgurlar ogohlariga quloq osmagan Sezar, to‘rg‘ayni la’natlayotgan Juletta, tashlandiq xarobazorda yalmog‘izlar bilan davra qurgan Makbet bo‘lar va bularning barchasi taqdir ilohalari edi. Shu vaqtgacha hech bir kimsa misrlik Protey yanglig‘ voqelikning barcha ko‘rinishlaridan to‘kis foydalangan bu odam kabi shu qadar ko‘p qiyofaga sohib bo‘lgan emasdi. Ba’zan – buni baribir anglashmaydi degan ishonch bilan – u yoki bu asar hoshiyalarida allaqanday mash’um iqrorlar yozib qoldirar, masalan, Richard o‘z peshonasiga cheksiz qiyofalarni ijro qilish qismati bitilganini aytadi. Yago esa beparvo alfozda g‘alati so‘zlarni gapiradi: “men – men emasman.” Hayot, tush va tasavvurning bir-biroviga monandligi kechroq dovruq qozongan mashhur baytlarni yozishga undadi.
Tushlarini boshqarib u yigirma yil vaqtini sovurdi, ammo bir kun ertalab, shamshir zarblaridan halok bo‘luvchi mana shu barcha qirollar, uchrashib-ayriluvchi va-da balandparvoz so‘zlarni aytib jon taslim etuvchi bebaxt ma’shuqlar suvratida bo‘lishdan nafrat va dahshat tuydi. O‘sha kuniyoq o‘zi tetapoya qilgan teatrni pullab yubordi, oradan biror hafta o‘tgach esa u jonajon shaharchasida hozir bo‘ldi. Kindik qoni bilan ziynatlangan bu go‘shada bolaligidan meros irmoq va daraxtzorni izlab topdi.
Ammo ne hayratki, bu yerda ham kimdir birovga mengzanish lozim edi. U endi faqat qarzlarini undirish va muttasil da’volashish bilan mashg‘ul nafaqadagi korchalon qiyofasini tanladi. Shu davrda u jo‘shqinlik va badiiylikning har qanday alomatlariga maxsusan o‘rin qoldirilmagan vasiyatini yozib qoldirdi. Londonda qolgan birodarlari ahyon-ahyonda uning yolg‘izligini ziyorat qilishar, shunda u yana qayta shoirlik qiyofasiga qaytardi.
Tarixning qo‘shimcha qilishicha, o‘limi arafasida yohud keyin u Tangri qarshisida hozir bo‘lgan va Unga mana bu so‘zlar bilan murojaat qilgan: – Men, behuda shuncha ko‘p odamga mengzangan kimsa, faqat bir kishi – o‘zim bo‘lishni istayman. – Va Yaratganning ovozi unga bo‘ron ichra javob qildi: – Men ham men emasman; sen o‘z asarlaringni yaratganing kabi men ham bu dunyoni o‘ylab chiqardim, Shekspirim mening, va sen – o‘zim ko‘rayotgan tushning sharpalaridan biridirsan, xuddi o‘zim kabi, mohiyati hamma va hech kim bo‘lgan xuddi o‘zim kabi.

Sharifjon Ahmedov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.