“Qaroqchi ayol” so‘zi ba’zi bir bema’ni sarsuelalar haqidagi, qiyofalaridan xodima ekanlari yaqqol sezilib turgan qizlar bo‘yoq surtilgan qalin qog‘ozlardan tiklangan to‘lqinlar qo‘ynida raqsga tushib, qaroqchi ayollarni namoyish qilayotgan ba’zi bir bema’ni sarsuelalar haqidagi anchagina nohush xotiralarni yuzaga chiqarsa ehtimol. Ammo har qalay qaroqchi ayollar, dengiz ilmidan saboq olgan, vahshiy dengizchilarni jilovlay bilgan, kemalarni ta’qib etib, ularni talon-taroj qilishga qodir qaroqchi ayollar yashab o‘tganlar. Shundaylarning biri “har kim ham qaroqchi hunariga munosib emas va bu yumushni vijdonan o‘tay olish uchun xuddi men singari jasur erkak bo‘lmoq lozim” deya jar solgan Meri Rid ismli ayol edi.
Shavkatli yo‘lining dastlabki pallasida (u hali darg‘a emasdi) uning suyukli erkaklaridan birini kema mushtumzuri haqorat qildi. Meri uni yakkama-yakka olishuvga chaqirdi va ikki qo‘lida qurol bilan – Karib dengizi orollaridagi qadimiy urfga ko‘ra – jang qildi. Uning chap qo‘lida beso‘naqay va qaysar to‘pponcha, o‘ng qo‘lida esa sadoqatli shamshir bor edi. To‘pponcha otilmay qoldi, ammo shamshir pand bermadi… 1720 yilda Meri Ridning ancha xatarli faoliyatiga Santyago-de-la-Vegadagi (Yamayka) ispan sirtmog‘i to‘g‘anoq bo‘ldi.
Mana shu dengizlarda kezgan yana bir qaroqchi ayol muhoraba mahali ko‘p marotaba hayotini xatarga qo‘ygan, ko‘kraklari baland va olovrang sochli go‘zal irland qizi Enn Boney edi. U Meri Ridning quroldoshi edi, keyinroq esa dordagi o‘rtog‘iga aylandi. Uning suyukli yori, kapitan Jon Rakmem ham ayni shu tomoshada o‘z arqoniga ega bo‘ldi. Oyshaning Boabdilga aytgan so‘zlarini Enn qayg‘u va nafrat bilan qariyb aynan takrorladi: “Agar erkak kishi kabi jang qilganingda edi it kabi osib yubormas edilar”.
Qaroqchi ayollarning yana biri, ammo omadli va mashhuri Osiyo suvlarini Sariq dengizdan tortib, Annom sarhadlaridagi daryolarga qadar kezib chiqqan qaroqchi ayol edi. Men harb yurishlarida uquvi zo‘r bo‘lgan bevani, Ching bevasini nazarda tutayotirman.
SABOQ YILLARI
1797 yilda bu dengizdagi kemalarning sohiblari ittifoq tuzdilar va Ching ismli ko‘pni ko‘rgan hamda munosib odamni admiral etib tayinladilar. U sohil bo‘yidagi qishloqlarni o‘ta shafqatsizlik bilan va astoydil talar ediki, oqibatda so‘nggi don-dunidan ayrilgan aholi ko‘z yoshlari va in’omlar evaziga Imperator homiyligiga erishmoqchi bo‘ldi. Aholining noumid iltijolari Imperatorga yetib bordi: ularga o‘z qishloqlariga o‘t qo‘yishni, baliq ovlashni bas qilishni va mamlakat ichkarisiga chekinib, ziroatchilik deb nomlanuvchi notanish ilm bilan mashg‘ul bo‘lishni buyruq qildilar. Baliqchilar xuddi shunday ish tutishdi, bu gal omadi chopmagan qaroqchilarni esa kimsasiz sohillar qarshi oldi. Shu sabab ular dengizda qaroqchilik qilishga boshladilar. Bu esa, o‘z navbatida Imperiyaga yana ham katta zarar keltirar, zotan savdo-sotiq to‘xtab qolgandi. Hukumat uzoq o‘ylab o‘tirmasdan, sobiq baliqchilarga omoch va buqalarni o‘z holiga qo‘yib, yana qayta eshkak va to‘rlarning etagidan tutishni buyurdi.
Biroq shukuhsiz o‘tmish yodlariga tushib, dehqonlar rozi bo‘lmadilar, natijada boshliqlar o‘zga yo‘l tutishdi: admiral Ching Imperator otxonalari sardori etib tayinlandi. Admiralning ko‘ngli sust ketib, bunga rozi bo‘ldi. Kemalarning xo‘jayinlari bundan o‘z vaqtida xabar topdilar va ularning odil g‘azabi to‘kis ziyofatga borib taqaldi. Ular admiralga zaharlangan kapalak qurtidan tayyorlangan guruchli taom uzatdilar.
Badnafslik oqibati halokatli bo‘ldi – avvalgi admiral va Imperator otxonalarining tetapoya sardori dengiz ilohiga jon taslim qildi. Bira to‘la ikki xiyonatdan iztirobga tushgan beva fitnadan qaroqchilarni ogoh qildi. Imperatorning munofiq karamini rad etishga, zahar bilan siylashga moyil noshukur kema sohiblariga xizmat qilishdan voz kechishga da’vat etdi. Ularga o‘z foydalari yo‘lida ish tutishni va o‘zlariga yangi admiral saylab olishlarini taklif etdi. Ular bevani, horg‘innigoh va ko‘lankamisol tabassumli mana shu tadbirkor ayolni afzal bildilar. Uning qop-qora yiltiroq sochlari ko‘zlaridan ko‘ra charog‘on edi. Bevaning buyruqlariga amal qilib, barcha kemalar dengizga, bo‘ron va xavf-xatarga peshvoz chiqdilar.
QO‘MONDONLIK
Uzluksiz talon-taroj 13 yil davom etdi. Dengiz qo‘shini 6 flotiliyadan iborat bo‘lib, bayroqlar rangi turlicha edi: alvon, sariq, qora va (bosh kema bayrog‘ining tusi) kulrang. Sardorlari Lochin-va-Qoya, Tog‘-Jilg‘asining-Qasosi, Dengizchilar-Xazinasi, Baliqlari-Sonming-To‘lqin va Baland-Quyosh deb nomlanardi. Ching bevasi shaxsan o‘zi tuzib chiqqan ish tartibi qat’iy va inkor etib bo‘lmas edi, rasmiy xitoy nutqiga soxta salobat baxsh etuvchi serdabdaba saftatadan holi uslubi esa aniq va lo‘nda edi. Bu uslubning vahimali jumlalari quyidagicha (Ish Tartibining alohida moddalarini aynan keltiraman):
“G‘anim kemalaridan qo‘lga olingan o‘lja omborga olib kelinishi va qayta hisob-kitob qilinishi lozim. O‘ljaning har bir qaroqchiga tegishli beshdan bir bo‘lagi o‘z vaqtida ulashiladi; qolgan qismi omborda saqlansin. Buyruqni buzganlar o‘limga mahkumdirlar.”
“O‘z joyini maxsus buyruqsiz tashlab ketgan qaroqchi jazoga loyiqdir: barchaning ko‘z oldida quloqlariga tig‘ uriladi. Ikkinchi bor jinoyat sodir etganlar o‘limga mahkumdirlar.”
“Qishloqlarda asir olingan ayollarni palubada sotish ta’qiqlanadi; bu ish tryumda va faqat xazinabonning ijozati bilan amalga oshiriladi. Buyruqni buzganlar o‘limga mahkumdirlar.”
Asir olinganlarning ko‘rsatmalaridan ma’lumki, qaroqchilarning yemishi asosan qotgan non, qovurilgan semiz kalamushlar va qaynatilgan guruchdan iborat edi hamda muhoraba kunlari ular o‘z aroqlariga porox aralashtirib ichadilar. G‘irrom qarta va shashqol, sharob to‘la kosa va “fantan” o‘yini, mast qiluvchi bir o‘ram af’yun va xitoy chiroqlari ularning hordiqlariga tus kiritardi. Ular shamshirni afzal bilib, bira to‘la ikki qo‘l bilan jang qilishardi. Jangga kirishdan avval yonoq va badanlariga sarimsoq suvi surtib olishar, bu ularni o‘qlarning ajaleltar o‘pichidan omon saqlardi.
Xotinlar o‘z erlari bilan birga yurishar, darg‘ani bo‘lsa zafarlardan so‘ng o‘zgarib turuvchi besh-olti ayoldan iborat butun boshli xaram o‘rtaga olgandi.
YOSH IMPERATOR KIA-KING GAPIRADI
1809 yilning o‘rtalarida imperatorning farmoni e’lon qilindi. Men shu farmonning birinchi va so‘nggi qismlari tarjimasini havola qilaman. Bundagi uslub ko‘plarga yoqmaydi.
“Manfur va buzuq odamlar; boshqalarning rizq-ro‘zini toptab, yetim-esirlar va soliq yig‘uvchilarning iltijolariga quloq osmayotgan odamlar; o‘z jahannamlarida qaqnus va ajdar suratini chizayotgan odamlar; bosma kitoblar haqiqatini inkor etuvchi hamda nigohlari Shimolga qadalgan choq duv-duv ko‘zyosh to‘kayotgan odamlar – mana shu odamlar daryolarimiz osoyishtaligiga to‘g‘anoqdirlar va ular qanotimiz ostidagi dengizlarning ko‘hna sukunatiga daxl qilmoqdalar.
Ularning mo‘rt va ojiz qayiqlari kechayu-kunduz to‘lqinlar bilan olishib yotadi. Ular jaholatni ko‘ngliga tukkandirlar va ular-da do‘st emasdir, ular-da hech vaqt dengizchining chin do‘sti bo‘lmagandir. Ular dengizchiga yordamni xayol qilmaydilar, u bilan nohaq va beshafqat muomalada bo‘ladilar, nafaqat talon-taroj qiladilar, balki majruh qiladilar va halok etadilar. Ular Olam Binosining tabiiy qonunlariga bo‘yin egmaydilar, shu bois daryolar tark etadilar sohillarini, o‘g‘il otaga qarshi boradi, qurg‘oqchilik va yomg‘irlar fasli ham yillar kechgan sayin adashib ketdi.
…Shu bois ham senga, mening admiralim Kvo-Lang, aybdorlarni jazolashga buyruq qilaman. Xayoldan soqit etma, mehr-shafqat shohlar hokimiyatining azaliy sifatidir va bu sifatni o‘zlashtirib olish o‘ziga ortiq qadar bino qo‘yish bo‘lur edi. Shafqatsiz va odil bo‘lgin, menga itoatkor va yengilmas bo‘l.”
Qayiqlar mo‘rtligi haqida yo‘l-yo‘lakay eslatib o‘tilgan ma’lumot, albatta, hech bir asosga ega emasdi. Shunchaki Kvo-Lang qo‘shiniga dalda berish zarur edi. Oradan to‘qson kun o‘tgach, Ching bevasining jangchilari Markaziy Imperiya qo‘shinlari bilan to‘qnash keldi. Tong sahardan shom qorong‘usiga qadar mingga yaqin kema o‘zaro jang qildi. Qo‘ng‘iroqchalar va nog‘oralarning, to‘p sadolari va la’natlarning, bong tovushlari va bashoratlarning jo‘r ovozi jangga hamroh bo‘ldi. Imperiya kuchlari yakson etildi. Ma’n etilgan shafqat yoki tavsiya qilingan shafqatsizlikni namoyish qilish imkoni tug‘ilmadi. Kvo-Lang bizning mag‘lub generallarimiz unutishni afzal biladiganlari – urfga sodiq qoldi: u o‘z joniga qasd qildi.
DAHSHAT CHULG‘AGAN SOHILLAR
Va shunda mag‘rur bevaning olti yuzta jangovor jonkalari va 40 ming g‘olib qaroqchilari qishloqlarni olov va qilichdan o‘tkazgan ko‘yi o‘ng va so‘l tomondagi yetim-esirlar miqdoriga miqdor qo‘sha Sitszyan daryosining etagini to‘ldirib yubordi. Ba’zi qishloqlarni yer bilan yakson etdilar. Bir qishloqning o‘zida ming chog‘li asir qo‘lga kiritildi. Chakalakzorlar va yaqin atrofdagi sholizorlar qo‘ynida omonat himoyadan foydalanmoqchi bo‘lgan bir yuz yigirma nafar ayol bir zumda topilib – ularni chaqaloqning betinim yig‘isi oshkor qilgandi – keyinroq Makaoda sotib yuborildi. Alamli ko‘z yoshlari va vahshiyona jazolar haqidagi xabar, kechikib bo‘lsa-da, Kia-Kingga dovur, Samo o‘g‘loniga dovur yetib bordi.
Muarrixlarning ba’zi birlari ishontirib aytadilarki, bu xabar jazo ekspeditsiyasining yakson etilishidan ko‘ra ko‘proq uni qayg‘uga soldi. Shundaymi yoki yo‘q, ammo harqalay u navbatdagi – dengizchilari, askarlari, aslahasi, munajjimlari va bashoratgo‘ylarining miqdori jihatidan dahshatga soluvchi navbatdagi – qo‘shinni jangga hozirladi. Bu gal Ting-Kvey qo‘mondon etib tayinlandi. Uning behisob kemalari Sitszyan deltasini ishg‘ol qilib, qaroqchilar eskadrasi yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Beva jangga hozirlandi. Jang og‘ir bo‘lishini, haddan ziyod og‘ir bo‘lishini va deyarli omonsiz bo‘lishini u bilardi, illo talonchilik va bekorchilikda kechgan kun va oylar odamlarni yo‘ldan ozdirgandi. Ammo muhoraba hali-beri boshlanay demasdi. Quyosh bamaylixotir bosh ko‘tarib, chayqalib turgan qamishzor ortiga bemalol botar, odamlar esa sergak edi. Peshinning jazirama quyoshi holdan toydirar, hordiq esa tinkani quritardi.
AJDAR VA TULKI
Bu mahal ajdarlarning landovur galalari kechalar kechgan sayin Imperiya eskadrasi kemalaridan havoga ko‘tarilib, suv yuzasiga va yo dushman jonkalari sirtiga nazokat bilan kelib qo‘nardi. Qamish va qog‘ozdan yasalgan bu moslamalar varraklarni esga solar, ularning olrang yoki kumushrang tuslari esa bu o‘xshashlikni yana ham oshirardi. Beva mana shu ajabtovur meteoritlarni qiziqib tomosha qilar va ajdar haqidagi, tulkining doimiy noshukrligi va adoqsiz nojo‘ya ishlariga qaramasdan, doimo unga homiylik qiluvchi ajdar haqidagi uzun va tushuniksiz matal yodiga tushardi. Ko‘kdagi oy poyoniga yetayotgan edi, qamish va qog‘ozdan yasalgan ajdarlar esa hamon o‘sha voqeani sezilar-sezilmas o‘zgarishlar bilan hikoya qilishda davom etardi.
Beva qayg‘uga botib, xayol surardi. Osmonda va zangor suvda oy to‘lishgach, voqea poyoniga yetgan tuyildi. Tulkining peshonasiga gunohlaridan kechish va yo dahshatli jazo bitilgani qorong‘u edi, ammo muqarrar nihoya yaqinlashib qolgandi. Beva anglab yetdi. U ikkov shamshirini ham daryoga uloqtirib, palubada tiz cho‘kdi va o‘zini imperator kemasiga olib borishlarini buyurdi.
Oqshom tusha boshlagan, osmon ajdarlarga limmo-lim, ammo bu gal ularning rangi sariq edi. Beva kemaga ko‘tarilayotib, shunday deb pichirladi: “Tulki ajdardan panoh so‘rab kelayotir”.
XOTIMA
Solnomachilarning xabar qilishlaricha, tulki avf etilgan va o‘zining uzoq keksalik yillarini af’yun savdosiga bag‘ishladi. U endi beva degan nomdan voz kechib, xitoychadan tarjimada “Chin Ilm Nuri”ni anglatuvchi yangi ism qabul qildi.
“O‘sha kundan buyon (yozadi bir muarrix) barcha kemalar osoyishta bo‘ldilar. Behisob daryolar va to‘rt dengiz ishonchli va xayrli yo‘llarga aylandi.
Dehqonlar keskir shamshirlarini pullab, buqa sotib oldilar va o‘z yerlariga ishlov beradigan bo‘ldilar. Ular qurbonlik marosimlarini ijro qilib, tog‘ cho‘qqilarida ibodat qilishar va bo‘yra ortida qo‘shiq kuylab, kun bo‘yi o‘yin-kulgu bilan mashg‘ul edilar”.
Sharifjon Ahmedov tarjimasi