OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xulio Kortasar. Aksolotl (hikoya)

Aksolotllar to‘g‘risida obdon o‘ylagan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Botanika bog‘idagi akvariumga borar va ularning sezilar-sezilmas harakatlaridan, qotib turishidan ko‘z uzmay, soatlab tikilib turardim. Endi o‘zim ham aksolotlman.
Ularni uchratib qolishim bir tasodif bilan bog‘liq bo‘lib, uzoq cho‘zilgan qishdan keyin Parijning bamisoli tovusdek tovlana boshlagan paytiga to‘g‘ri keldi. Men Por-Royal bulvaridan o‘tib, Sen-Marsel va L'Opti-mal bulvarlarini ortda qoldirarkanman, kulrang tekisliklar o‘rtasidagi yashillikka ko‘zim tushdi va xayolimga arslonlar keldi. Menga arslonlar va sirtlonlar yoqar, ammo shu paytgacha hali biror marta ham akvariumning zax va namchil binosiga qadam bosmagandim. Velosipedimni chetan to‘siqqa suyab qo‘yib lolalarni tomosha qila boshladim. Arslonlar tasqara va g‘amgin, mening sirtlonim esa uyquda. Akvariumga kirishga qaror qildim. Rosmana baliqlarga shunchaki ko‘z qirimni tashlar ekanman, kutilmaganda aksolotllarga to‘qnash keldim. Bir soat davomida ularni kuzatib dalaga chiqqanimda allaqachon aksolotl­lardan boshqa hech narsani o‘ylashga qodir emasdim.
Ilohiy Jenevev kutubxonasida lug‘at varaqlab o‘tirib angladimki, aksolotllar – amblistomlar turiga mansub bo‘lgan jabrali yo‘lbars amblistomlari ekan. Ularning Meksikaga mansubligini esa kichkinagina qizg‘ish basharalaridan hamda akvarium tepasidagi yozuvdan bilib oldim. Afrikadan ularning qurg‘oqchilik bo‘lganda quruqlikda va yomg‘irlar mavsumida suvda yashay oladigan turi ham topilganligini lug‘atdan o‘qidim. Ularning ispancha nomini ham topdim, "oxolote" ekan, lug‘atda eslatilishicha bu jonivorlar iste’molga yaroqli va ularning yog‘idan baliq moyi o‘rnida (menimcha hozir ishlatilmasa kerak) foydalanilarkan.
Boshqa maqolalarni o‘qigim kelmadi, shunday bo‘lsa-da, ertasi kun yana Botanika bog‘iga yo‘l oldim. U yerga har kuni ertalab, ba’zida ham ertalab, ham kechqurun boradigan bo‘ldim. Akvarium farroshi ensasi qotgan kuyi iljayib yirtardi mening pattamni. Men esa shisha devorlarni muhofaza etib turgan temir to‘siqqa suyangancha ularga qarardim. Buning hech qanday ajablanadigan joyi bo‘lmasa-da, ularga ilk daf’a ko‘zim tushgandayoq angladimki, biz bir-birimizga bog‘liqmiz, qandaydir cheksiz uzoqlarda qolgan va unutilgan bir narsa hamon bizni tutashtirib turishda davom etardi. Buni anglash uchun o‘sha kuni ertalab shisha devor oldida bir dam to‘xtash va suv bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilayotgan pufaklarga bir qarashning o‘zi yetarli bo‘lgandi. Akvariumning jirkanch va diqqinafas (faqat men bilardim u qanchalar xunuk va diqqinafasligini) tagligida qotib yotgan shilamshiq toshlar orasida to‘planib turishardi aksolotllar. Ular jami to‘qqiz dona bo‘lib, hammasi tumshuqlarini shisha devorga tiragancha, oltinrang ko‘zlari bilan tomoshabinlarni kuzatardilar. Sukut saqlayotgan va akvarium tubida tartibsiz tarzda qotib qolgan bu jonzotlar oldida kekkayib turganimdan xijolat chekar va o‘sal holatga tushib qolgandim. Xayolan ulardan birini, biroz o‘ngda, boshqalaridan ajralibroq turganini tanlab oldim-da, diqqat bilan o‘rganishga kirishdim. Uning qizg‘ish va shaffof tanasida (xuddi sutrang shishadan yasalgan Xitoy haykalchalariga o‘xshash) biz – aksolotllarning eng sezgir qismimiz bo‘lgan, baliqlarnikiga monand, ammo ayni paytda o‘n besh santimetrli kaltakesaknikiday murt dumi bor edi. Qirorqasi bo‘ylab o‘tgan shaffof suzgichi dumiga tutashib ketgan bo‘lib, nozik, bejirim kichkinagina panjalari, insonlarnikiday tirnoqchalaridan tamom hayratda edim. Shunda uning ko‘zi va yuzi e’tiborimni tortdi. Oltin kabi yaltiroq, ammo har qanday ma’nodan mosuvo, shunday bo‘lsa-da, ko‘rishga qobil igna to‘g‘nagich boshiday keladigan bir juft tillorang nuqtadan sizib o‘tgan nigohim sirli va harir bo‘shliq ichra jo bo‘ldi. Ko‘zlar tegrasini o‘rab turgan juda nafis qora nur gardish uning gulobi gavdasi va shu rangdagi uchburchak, suyrisimon va vaqtlar o‘tishi bilan yemirila boshlagan boshiga juda monand edi. Uchburchak og‘zi yuz qismining tugagan joyida, ya’ni naq iyagida joylashgan, yon tomondan qaraganda bir nav ko‘rinsa-da, oldidan jonsiz tosh ustiga tortilgan ingichka chiziqday tuyulardi. Boshining har ikkala tomonida quloqlari o‘rnida – jabrasi bo‘lsa kerak – suvosti marjonlariga o‘xshash uch donadan qizil butoqcha o‘sib chiqqan edi.
Har o‘n-o‘n besh soniyada butoqchalar keskin bir silkinib ko‘tarilar va yana yotar, faqat ana shularga qarabgina uning tirik mavjudot ekanligini anglash mumkin edi.
Vaqti-vaqti bilan oyoqchalaridan biri bilinar-bilinmas harakatga kelardi, men uning mo‘‘jazgina panjalari suvosti o‘tlari ustiga ohistagina bosilganini ko‘rdim. Biz umuman tepsa tebranmas maxluqlarmiz, ko‘p harakat qilishni yoqtirmaymiz, buning ustiga akvarium ham juda tor, o‘rningdan qo‘zg‘alishing bilan kimningdir dumiga yoki boshiga tegib ketasan, bu esa noroziliklar va janjallarga sabab bo‘ladi, pirovardida – toliqasan. Harakatsiz tursang vaqt o‘tganini sezmaysan.
Men ilk marta akvariumga qaraganimda aynan ana shu harakatsizlikdan sehrlanib qolgandim. Nazarimda, uning cheksizlikni va vaqtni ana shunday befarq harakatsizlik bilan suvga g‘arq qilishdek sirli istagi borligini g‘ira-shira payqab qolgandim. Keyin men tushundim: jabralar harakati, nozik oyoqchalarning toshga ohista bosilishi, to‘satdan bo‘ladigan silkinishlar (ulardan ayrimlari gavdasini to‘lqinsimon harakatlantirgancha suza olardilar) shuni anglatardiki, ular gohida soatlab jonsizdek qotib turish holatidan uyg‘ona olishlari ham mumkin edi. Hammasidan ko‘ra ularning ko‘zlari meni ko‘proq hayajonga soldi. Ular bilan baqamti turgan boshqa akvariumlardagi baliqlarning biznikiga monand ko‘zlarida ma’nosizlikdan boshqa hech narsa zuhur etmasdi. Aksolotllarning ko‘zlari esa menga bu hayotdan boshqa hayot ham borligini, dunyoga boshqacharoq nazar solish ham mumkinligini anglatib turardi.
Yuzimni shishaga mahkam bosib (gohida farrosh xavfsirab yo‘talib qo‘yardi) cheksiz sokinlikka va poyoni yo‘q dunyoga olib kiruvchi kichkina oltinrang soqqachalarga tikilardim. Ular yuzini taqab turgan shishani barmoq bilan chertish foyda bermas, bari bir hech qanday harakat sezilmasdi. Oltinrang ko‘zlar o‘zidan go‘yoki nafis va qo‘rqinchli nurlar taratib menga tikilib turishar va bu hududsiz chuqurlikdan boshim aylanardi.
Baribir ular bizga naqadar o‘xshash! Shundayligini men ancha avval, hali aksolotlga aylanib ulgurmasimdan payqagan edim. Men buni o‘sha kuni, ularning oldiga yaqinlashgan onimda bilgandim. Maymunlarning odamlarga o‘xshab ketishi to‘g‘risidagi fikrlar qay darajada keng tarqalgan bo‘lmasin, ularni bizdan juda uzoq masofalar ajratib turadi. Inson bilan aksolotl o‘rtasida hech qanday o‘xshashlik yo‘qligi mening fikrim to‘g‘riligini, men oddiy tahlilga asoslanish bilan cheklanmaganimni ko‘rsatdi. Faqat kaftlari, qo‘llari... lekin kaltakesakning panjalari ham shunday, ammo ular biznikiga hech ham o‘xshamaydi. O‘ylaymanki, hamma gap aksolotllarning oltin ko‘z­li uchburchak shaklidagi niqobdor boshlarida. Bu anglatib, ko‘rsatib turardi. Bu da’vat etib turadi. Ular hayvon emaslar.
Bu holatda afsonalarga murojaat etish ma’qul va o‘ng‘ay. Men aksolotllarning keskin o‘zgarishga duchor etilgani, ammo ulardagi sirli insoniy mohiyatni mahv etish imkoni bo‘lmaganini angladim.
Mening nazarimda, o‘z vujudlarining qo‘llari bo‘lgan – bu jonzotlar suvosti sukunatiga va adadsiz mulohazaga hamda ilojsiz tushkunlikka mangu hukm qilingandirlar. Ularning shabko‘r nigohi hech qanday ma’no anglatmaydigan, ayni paytda yurakka harorat solishga qodir aqlli oltin soqqasimon ko‘zlari mening qalbimga chuqur botib borar va mana bunday da’vat etardi: "Qutqar bizni, bizni qutqar".
Nogoh ularga qarab umidbaxsh so‘zlarni shivirlayotganimni va bolalarcha orzularga ishontirmoqchi bo‘layotganimni payqab qoldim. Ular qilt etmay menga qarab turisharkan, jabralarining pushtirang novdalari harakatga keldi. Shu lahzada mavhum bir og‘riq vujudimni sirqiratib o‘tdi, ular meni ko‘rishdi, o‘zlarining anglab bo‘lmas hayotlariga kirib olishga urinayotganimni balki tushunishdi. Shubhasiz ular inson zotiga mansub emasdilar, lekin men boshqa birorta jonzotda o‘zimga bu qadar yaqinlikni ko‘rgan emasman. Aksolotllar go‘yo nimadandir xabardorday, gohida vahimali hakamday turishardi. O‘zimni gunohkor his etdim, ularning tiniq ko‘zlarida etni junjiktirib yuboradigan beg‘uborlik namoyon. Ular g‘umbak edilar, lekin g‘umbak, bu niqobni anglatadi, shu bilan birga sharpani bildiradi. Bu niqob serifoda va ayni paytda qat’iyatli. Uning ortida qanday bashara o‘zini namoyon etarkin?
Men ulardan qo‘rqardim. O‘ylaymanki, agar atrofimda tomoshabinlar va farrosh bo‘lmasa, ular bilan yolg‘iz qololmasdim. "Siz ularga yeb qo‘ygudek tikilyapsiz" dedi farrosh kulib, aftidan meni biroz telbatabiat hisoblab. Aksincha, ular o‘zlarining oltinrang odamxo‘r ko‘zlari bilan meni yeyotganlarini tushunmasdi u.
Akvarium oldidan qancha uzoqqa ketmay, bari bir ular to‘g‘risida o‘ylardim, go‘yo ular uzoq masofadan turib ham menga ta’sir o‘tkazmoqda edilar. Men u yerga har kun boradigan bo‘ldim, kechalari ularning qorong‘ulikda qilt etmay muallaq turishlarini tasavvur qilar, bir-birlariga shoshilmasdan qo‘l uzatayotganlarini va dabdurustdan o‘zga qo‘lni tutib olayotganlarini go‘yoki ko‘rib turardim. Balki ularning ko‘zlari qorong‘ulikda ham ilg‘ar, shunday bo‘lgach aksolotllarning qovoqdan mahrum ko‘zlari uchun hamisha kunduz.
Endi menga ma’lum, bu yerda hech qanday g‘ay­ritabiiylik yo‘q, o‘zi shunday bo‘lishi kerak edi. Har kun ertalab akvarium ustiga engasharkanman, ularni ko‘proq anglay boshladim. Ular iztirobda – va men vujudimning har bir hujayrasi bilan ularning tilsiz iztiroblarini, suv qavatlarida qotib qolgan azoblarini his etdim. Ular go‘yoki qandaydir boy berilgan ozodlikka, dunyo aksolotllarga mansub bo‘lgan zamonlarga tikilib qolgan edilar. Bunday vahimangiz nigohlarning tosh qotgan yuzlardagi majburiy harakatsizlikni madh etishi ishonchsizday ko‘rinar, bu qayg‘uli xabarni anglatishga, ular yashayotgan suyuq do‘zaxning guvohi bo‘la olishiga ishonib bo‘lmasdi. Hissiyotlarim shu qadar o‘tkirlashib ketgandiki, men aksolotllarning aqli bor deb o‘zimni ishontirmoqchi bo‘lardim. Buni ular ham, men ham bilardik. Hech qanday g‘ayritabiiy voqea yuz bermaganligi ham shuni anglatardi. Mening yuzlarim akvarium shishasiga taqalib turar, nigohim rangdor pardalardan mosuvo oltinsimon qoracho‘g‘siz ko‘zlarga tikilib ularning sirini anglashga intilardi.
Men shisha devor orqali aksolotlning harakatsiz yuzini juda yaqindan ko‘rib turardim. Undan nigohimni olmasdan, ajablanmasdan shisha ortida o‘z yuzimni ko‘rdim, aksolotlning yuzi o‘rnida meniki turardi. Akvariumning ichida emas, akvarium shishasining boshqa tomonida turardi. Keyin mening yuzim o‘rnidan qo‘zg‘aldi va men gap nimadaligini tushundim.
Faqat bir narsa ajablantirardi: o‘ylashni avvalgiday davom ettirish kerak. Buni anglash nogahonda o‘ziga kelib o‘zining tiriklay ko‘milganligini anglashdek vujudni muzlatib yuborardi. Men yana yuzimni shishaning tashqi tomoniga bosdim, lablardan iborat o‘z og‘zimga qaradim. Aksolotllarni anglab olish maqsadida mahkam juftlashib turgan lablardangina iborat o‘z og‘zimga qaradim. Men aksolotlligimni ang­ladim va shu lahzaning o‘zida tushundimki, boshqa hech narsaga idrokim yetmaydi.
Aksolotl akvariumdan tashqarida va uning uylari ham akvarium ichida emasdi. Buni bila turib va aynan aksolotl ekanimni anglay turib, men endi o‘z olamimda zohirligimni his etdim. Qo‘rqib ketdim, o‘zimni aksolotlning vujudiga qamab qo‘yilganligimni, tirik­lay aksolotl ichiga o‘z insoniy shuurim bilan ko‘chib o‘tganligimni, uning ichiga tiriklay ko‘milganimni, ongsiz jonivorlar orasida o‘z ongim bilan yashashga mahkumligimni birdan anglab qoldim va battar qo‘rqib ketdim. Lekin bu holat chekindi, o‘zimni birozgina yon tomonga olarkanman, kimningdir panjasi yuzimga tegdi, menga tikilib turgan aksolotlni ko‘rdim, u ham hammasini tushunar, hammasini aniq-ravshan bilib turar, ammo buni so‘z bilan ifodalay olmasdi.
Yoki men uning ichida edim yoki biz hammamiz oltinrang ko‘zlarimiz yog‘dusini, akvarium shishasiga bosib turgan kishiga tikib turganimiz sababli o‘z fikrini so‘z bilan ifodalashga ojiz odamlarga o‘xshardik.
U ko‘p marta oldimizga keldi, aniqrog‘i kamnamo. Gohida haftalab o‘zini ko‘rsatmaydi. Bir gal uni ko‘rdim. Mendan uzoq ko‘z uzmadi, keyin ortga kes­kin burildi-da, ketvordi. Nazarimda, endi uning bizga qiziqishi so‘ngan, shunchaki odatlanib qolgani uchungina keladi. Modomiki shunday ekan, qo‘limdan keladigani faqat o‘ylash, men uni har kun o‘ylayman. Boshimga shunday bir fikr keldi, nazarimda, biz avvallari bir tanu bir jon edik va u o‘zining muqarrar bir sir bilan bog‘liqligini his etardi. Endi uning aksolotlga aylanishi va insonlarga begona bo‘lib qolishi natijasida yuz bergan toshqin tufayli ularni bog‘lab turgan ko‘prik buzildi. Dastlab men ma’lum darajada aksolotllarga aylanib qolishim mumkinligini, ah, ma’lum darajada, va bizni yaxshiroq anglash uchun unga madadkor bo‘lib turishni o‘ylardim. Endi bo‘lsa, tamoman aksolotlga aylanganman. Va agar insonlardek fikrlayotgan bo‘lsam buning sababi shundaki, barcha aksolotllar o‘zlarining pushtirang tosh g‘umbaklari ichida yotib xuddi insonlardek fikrlay oladilar. Nazarimda bor qilgan ishim o‘sha dastlabki kunlar, hali insonlik paytimda, unga ayrim narsalar to‘g‘risida xabar yetkazganim bo‘ldi. Va endi bu tanholikda – modomiki u qaytib kelmas ekan – balki u biz to‘g‘rimizda biror narsa yozar, aksolotllar haqida hikoya o‘ylab topar degan fikrgina menga tasalli berardi.

Rus tilidan Ne’mat Arslon tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.