OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xulio Kortasar. Bemorlarning salomatligi (hikoya)

Kechagina tuppa-tuzuk yurgan Kleliya xola birdan ko‘rpa-to‘shak qilib olgandi, hammamiz dovdirab qoldik. Qo‘ying-chi, Roke tog‘adek bosiq, xar qanday og‘ir damlardayam bironta chora-tadbir topa olguvchi odam ham o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Darhol Karlosning ishxonasiga ko‘ng‘iroq qilib, unga xabar berdik. Pepa bilan Rosa musiqa mashg‘ulotini boshqa kunga ko‘chirib, o‘quvchi bolalarni uy-uylariga qaytarib yuborishdi. Kleliya xolani aytmaysizmi, o‘zining ahvoli bunaqa-yu, onamiz haqida tashvish chekkanichi: mening dardim yengil, ko‘rmagandek bo‘lib ketaman, onangizni ehtiyot qiling, bu xafaqon deganlari juda yomon. Buning ustiga qonida shakari ko‘payib ketibdi. “Alexandroni zinhor-bazinhor eslatmanglar”, deb doktor Bonifas ham bekorga tayinlamagandir?! Xudo ko‘rsatmasin, Kleliya xola uzoqroq yotib qolgudek bo‘lsa, oyim shubhalanmasligi uchun tayinliroq bahona topib qo‘yish kerak. Tavba, Alexandroniki kamlik qilayotuvdimi?! Bir og‘iz noo‘rin gap yoki arzimagan yanglishmovchilik bo‘lsa tamom, oyim o‘sha zahoti sezadi. Uyimiz katta, xo‘p, lekin bundan nima foyda?! Baxtga qarshi oyim o‘ta sezgir, yer tagida ilon qimirlasa biladi, kim nima qilayapti, kim keldi, kim yo‘q-barchasini bilib o‘tiradi. Pepa telefon orqali doktor Bonifas bilan ikki og‘izgina gaplashib oldi, doktor ertaroq kelishga va’da beribdi, eshik ochiq turaversin, qo‘ng‘iroq qilmasdan kirib boraman, debdi. Rosa bilan Roke tog‘a ikki marta hushidan ketib, hozir boshi qattiq og‘riyotganidan zorlanayotgan Kleliya xolaning tepasida girdikapalak bo‘lishayotgan bir paytda Karlos oyimning yonida edi. U Braziliya haqidagi har xil mish-mishlaru eng so‘nggi yangiliklar bilan oyimni chalg‘itib o‘tirardi. Oyimning kayfiyati chog‘ edi, hatto odatda tushdan keyin bezovta qiladigan bel og‘rig‘i esiga ham kelmayotgan edi; lekin, hayronman, oldiga kirgan odamdan nima bo‘ldi, nega hammangiz tashvishmand ko‘rinasiz, deb so‘ragani-so‘ragan. Xuddi kelishib olgandek hamma havoning dimligi va tarkibiga allakanday kimyoviy moddalar qo‘shilayotgani uchun non mahsulotlarida maza-matra qolmaganligi haqida zorlanib gapirardi. Endi choyga o‘tirganimizda Roke tog‘a keldi: bu yog‘iga oyim bilan u gaplashib o‘tirishi lozim edi, Karlos esa tezgina yuvinib doktor Bonifasni kutib olgani pastga tushib ketdi. Kleliya xola ancha yaxshi bo‘lib qolgan, lekin ikkinchi marta hushini yo‘qotmasidan oldingi shavqi so‘ngan, bemajol, hatto barmoqlarini qimirlatolmasdi. Uning holidan xabar olib tepasida o‘tirgan Pepa bilan Rosa yalinib-yolvorib yarim piyola choy tugul bir qultum suv ham ichirisholmabdi. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham kechga yaqin uydagilar biroz yengil tortishdi. Kleliya xolaning sog‘ayib, ertaga hech narsa ko‘rmagandek o‘z oyog‘i bilan oyimning yotog‘iga kirib kelishiga hammaning ishongisi kelardi…
Bu ham mayli-yu Alexandroning ishi chatoq edi. U hamkasb do‘stini ko‘rgani ketayotganida Montevideo shahri yaqinida mashinasi falokatga uchrab halok bo‘lgan. O‘sha mash’um vokeadan keyin bir yilcha vakt o‘tdi, bu fojia oyimdan boshqa oila a’zolarining barchasi uchun xuddi kuni kecha ro‘y bergandek tuyulardi. Ha, oyimdan boshqa hammamiz uchun! Chunki oyim Alexandro Braziliyaning Resife shahridagi firmalardan biri bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha tsement zavodi qurilishida sog‘-salomat ishlab yuribdi, deb o‘ylardi. Doktor Bonifas bilan bamaslahat yuz bergan avtomobil halokati chog‘ida Alexandroning ham sal-pal shikastlangani, lekin yarasi yengil ekanini oyimga aytish yoki yo‘lini topib, sal ishora qilib qo‘yishga esa hech kim jur’at qilolmadi. Hatto fojia ro‘y bergan dastlabki kunlar, aytish mumkinki, es-xushidan ayrilayozgan Mariya Laura ham bu baxtsiz hodisa xususida oyimga gapirmaslik kerak, degan fikrni ma’qulladi. Karlos bilan Mariya Lauraning otasi Alexandroning jasadini olib kelgani shoshilinch Urugvayga uchib ketishdi, qolganlar esa oyimning tepasidan ketmay kechayu kunduz unga parvona bo‘lishdi, chunki o‘sha kunlari oyimning salomatligi judayam og‘ir edi. Alexandroning jasadi solingan tobutni muhandislar klubining katta zaliga (albatta, ma’muriyatning ruxsati bilan) qo‘yishdi, shu tariqa Pepadan boshka — oyim uni hech qayoqqa yubormagandi o‘shanda — barcha qarindosh-urug‘lar g‘amdan ado bo‘lgan Mariya Lauraga ta’ziya bildirib, unga sabr tilash uchun o‘sha yerga borishdi. Tabiiyki, hamma og‘irlik Roke tog‘aning zimmasiga tushgandi, kallai saharlab o‘sha yerga yetib kelgan Roke tog‘a eng avval nima kilish lozimligini Karlosga tushuntirdi, Karlos esa Alexandro bilan doim karta o‘ynab o‘tiradigan yashil rang movut qoplangan stolga boshini qo‘yib ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi, saldan keyin ularning yoniga Kleliya xola kelib o‘tirdi. O‘sha kuni oyim ertalabgacha dong qotib uxladi — bir martayam uyg‘onmadi, shu sababli bemalol yolg‘iz o‘zini qoldirish mumkin edi. Rosa bilan Pepaning roziligini olib oyimga “Nason” gazetasini — oyim goh-gox shu gazetani o‘qib turardi — ko‘rsatmaslikka qaror qildik, so‘ng hammamiz yakdillik bilan Roke tog‘amizning o‘ylab topgan hiylasini qo‘llab-quvvatladik. Braziliyadagi bir baobro‘ firma Alexandroga bir yilga shartnoma tuzishni taklif qilgan. Bu ikki tomon uchun foydali bo‘lgani bois, Alexandro Montevideodagi jo‘rasi bilan xayrlashib yuklarini yig‘ishtirgan-da, Braziliyaga uchib ketgan. Oyimga, albatta, hozirgi zamonda qadriyatlarning o‘zgarib ketgani haqida norozi ohangda gapirgandek bo‘lib, noligancha odamlar orasida mehr-oqibat ko‘tarilganiga yo‘ydik, odamlar bag‘ritosh, berahm, tag‘inam Alexandro insofli yigit ekan — asosiy gap shu aslida — to‘rt-besh oydan keyin bir haftaga kelib-ketishning ilojini qilarkan, baraka topsin, deb ko‘nglini ko‘tarib qo‘ydik. Xayriyat, bu yangilikni oyim ko‘z yoshsiz va dori-darmonsiz bo‘lmasa ham biz kutgandan ko‘ra yengilroq qabul qildi. Karlos — oyimning ko‘nglini topa biladigan odam deb ana uni aytsa bo‘ladi — suyukli kenjatoyingiz shunaqa martabaga erishsa-yu, siz yig‘lab o‘tirsangiz uyat bo‘lar, dedi. Alexandro jigargo‘shalari shunga siqilishayotganidan xabar topsa, musofirchilikda yurgan bola eziladi, degandi, oyim o‘sha zahoti o‘zini qo‘lga olib, shu topda musallas bo‘lsaydi, Alexandroning sog‘ligi uchun qadah ko‘tarardim, deb qolsalar bo‘ladimi?! Yuragi to‘lib o‘tirgan Karlos musallas keltirish bahonasida xonadan uchib chiqib ketdi, musallasni esa Rosa olib kirdi va oyim bilan birga ichishdi.
Ilojimiz kancha… Oyim juda-juda qiynalib ketgandi, u hadeb shikoyat qilib zorlanmasa-da, bir o‘zini yolg‘iz qoldirishmas, kechayu kunduz atrofida girdikapalak bo‘lishardi. Payshanba kuni, dafn marosimining ertasiga oyim kelinim ko‘rinmayapti, deb ajablanib so‘ragan edi — Mariya har payshanba uni ko‘rgani kelardi — Pepa oyog‘ini qo‘liga olib Mariya Laura bilan maslahatlashgani chol-kampir Novalilarnikiga yugurdi. Roke tog‘a esa bu paytda advokat oshnasinikida unga topshirilayotgan ishning naqadar nozikligini tushuntirib o‘tirardi. Advokat o‘sha kuniyok Resifeda istiqomat qiladigan (oyimning oldida shaharni oldi-orqasiga qarab tanlashganiga rahmat) ukasiga maktub yo‘llab, tez-tez xat yozib tursin, Alexandro do‘stingga aytib qo‘y, deb tayinlashga va’da berdi. Doktor Bonifas go‘yo yo‘l-yo‘lakay kirgan kishi bo‘lib oyimni bir qur tekshirdi-da, ko‘zlari ancha yaxshi, lekin toliqtirib qo‘yish yaramaydi, deb tayinladi va hozircha gazeta o‘qimay turishni tavsiya etdi. Kleliya xola dunyoda yuz berayotgan eng qiziq voqealar haqida gapirib o‘tirishni zimmasiga oldi, baxtimizga oyim radioni, ayniqsa, suxandon zotini yoqtirmasdi, ularning ovozi o‘ta yoqimsiz, buyam yetmagandek deyarli har daqiqada beriladigan shubhali dori-darmonlarning ma’ni-matrasiz reklamalarini ayting. Odamlarga ham hayronsan, farqiga bormay olaverishadi, zarari yo‘qmikan, deb o‘ylab ham o‘tirishmaydi.
Mariya Laura juma kuni kechkurun keldi. U me’morchilik bo‘yicha boshlanib ketgan imtihonlar toliqtirib qo‘yayotganligidan zorlandi. Bir daqika ham vaqti yo‘q ekan.
— Tushunaman, farishtaginam, — dedi oyim mehr bilan, — ko‘zlaring ham qizarib ketibdi, yaxshi emas!.. Kechqurun yotishdan oldin moychechak damlamasi bilan chayib yotgin, ertalabgacha ancha yaxshi bo‘lib koladi, meni aytdi dersan.
Zarurat tug‘ilib qolsa, o‘sha zahoti suhbat mavzuini o‘zgartirib yuborishga shay bo‘lib Rosa bilan Pepa oyimning yonidan bir qadam siljimay o‘tirishardi. Otasiga rahmat, Mariya Laura iste’dodli aktrisadek o‘z rolini qoyilmaqom qilib ijro etdi, u hatto oyim kuyov ham shunaqa bo‘ladimi, hech kimga lom-mim demasdan shartta jo‘navordi, deganlarida jilmayib qo‘ydi xolos. Hozirgi yoshlardan boshqa nimani ham kutasan; odamlar o‘zgarib ketgan; besabr-betoqat, bir nimadan quruq qolayotganday hovliqishadi — it egasini tanimaydi… Ana shundan keyin oyimning uzundan-uzoq xotira daftari ochildi: ota-onasini, buvisi bilan buvasini, qon-qarindoshlarini birma-bir eslab chiqdi, keyin hammaga qahva tortishdi, o‘sha zahoti yangi latifalar aytib berishdan charchamaydigan hazilkash Karlos og‘zi qulog‘ida kirib keldi — juda paytida keldi-da, buning ustiga Roke tog‘a ham shunaqayam yoqimli va iydirib yuboradigan tabassum bilan yotoqxonaga bosh suqib kirdiki… Xullas kalom, hammasi yana o‘z iziga tushdi.
Bora-bora uydagilar bu murakkab va chalkash o‘yinga ko‘nikib qolishdi. Iqror bo‘lish kerak, hammadan ham Mariya Lauraga qiyin edi, yaxshiyam u haftada bir marta- payshanba kuni oyimdan xabar olgani kelardi. Nihoyat, barchamiz orziqib kutgan kun ham yetib keldi. Alexandroning ilk maktubi qo‘limizga tegdi. Xudoga shukur, zap paytida keldi, aks holda jim bo‘lib ketdi-ya, deb oyim xavotir ola boshlagandi.
Karlos oyimning oyoq tarafiga o‘rnashib o‘tirdi-da, maktubni ovoz chiqarib o‘qib berdi. Resife Alexandroga benihoya yoqibdi. U ko‘rfaz haqida, u yerdagi to‘tifurushlar, rohatbaxsh salqin sharbatlar haqida erinmay batafsil hikoya qilardi. Buni qarang-a — shu yerga kelganda hamma hayratdan yoqasini ushladi — ananas suvtekin ekan, qahvani aytmaysizmi, biram xushbo‘y-biram xushbo‘y!.. Oyim xatjildni qo‘liga olib qaradi-da, markalarini Maraldolarning kenjatoy o‘g‘liga berishni uktirdi. Agar uning ixtiyorida bo‘lsa, yosh bolalarga marka yig‘ishni taqiqlab qo‘yarkan, chunki bolalar hech qachon qo‘llarini yuvishmaydi, markalar esa qaysi go‘laxxonalarda yotgan — kim biladi?!
— To‘ppa-to‘g‘ri! Bunisi mayli, markalarni tuflab yopishtirishganlari- chi?! -dedi oyim. -Biron-bir kasal yuqishi mumkin. Hamma biladi, mikroblar uncha-munchaga o‘lmaydi. Farqi nima? Bitta marka ko‘p, bitta marka kam!
Ertasiga oyim Rosani chaqirib, Alexandroga ham xat yozdirdi, xatda qachon ta’tilga chiqishini eslatib, uyga kelib-ketishi qimmatga tushmaydimi, deb so‘radi; salomatligi haqida batafsil, butun tafsiloti bilan hikoya qilib berdi, buning orasida Karlosning lavozimi ko‘tarilganini eslatib o‘tishni unutmadi; Pepaning eng qobiliyatli o‘quvchi degan mukofotga sazovor bo‘lganini ham qistirib o‘tdi, turgan gapki, Mariya Lauraning har payshanba kanda qilmay ko‘rgani kelayotgani, sho‘rlik ishga berilib sog‘lig‘i haqida qayg‘urmayotgani va ko‘zini ehtiyot qilmayotgani haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Maktub yozib tugatilgach, oyim kog‘oz varaqlarini olib ko‘ziga surtdi, keyin qalam bilan imzo chekdi. Pepa o‘sha zahoti o‘rnidan irg‘ib turdi-da, konvert keltirish bahonasida uchib chiqib ketdi, ko‘z ochib-yumguncha vaqt o‘tmay javon ustidagi guldonga solish uchun yangi uzilgan gullar bilan oyim soat beshda ichishi lozim bo‘lgan dorilarni ko‘tarib Kleliya xola kirib keldi.
Nimasini aytasiz… Ularga oson tutib bo‘lmasdi, oyimning qon bosimi birdan ko‘tarilib ketganda, beixtiyor, nahotki shuncha urinish, ehtiyotkorlikka, zo‘rma-zo‘raki masrurlikka qaramay ichki xavotir va umidsizlik xuruj qilayotgan bo‘lsa-ya, degan xayolga bordilar. Yo‘q, bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas! Chunki ularning oldindan tayyorlab qo‘yilgan soxta kulgilari oyimning xonalariga kirishgach, benihoya samimiy kahqahaga aylanib ketardiki, qoyil kolmay ilojing yo‘q! Goho-goho oyim ularni ko‘rmaydigan, ovozlarini eshitmaydigan yerda hamma narsani unutib, hazil-mutoyiba, o‘yin-kulgiga berilganlari-chi?! To‘g‘ri, o‘yin-kulgi avjiga chiqqan mahal goho tuykus to‘xtab qolar va hammalari beixtiyor bir- birlaridan ko‘zlarini yashirishga harakat kilishardi. Pepa yig‘lab shishib ketar, Karlos esa boshini quyi solib, to‘xtovsiz sigaret cheka boshlardi… Nafsilamrini aytganda ular — hammalari, oyim hech narsadan bexabar paytida bu og‘ir, diqqinafas kunlarning tezroq o‘tib ketishini orzu qilishardi. Doktor Bonifas bilan bamaylixotir gaplashib olishgach, oila a’zolarining barchasi, Kleliya xola ta’biri bilan aytganda, bu “muruvvat va shafqatning mashaqqatli yo‘lidan” aslo qaytmaslikka qaror qilishdi. Hammasidan ham, ayniqsa, Mariya Laura oyimni yo‘qlab kelganida juda- juda qiynalib ketardik. Chunki u keldi deguncha, oyim Alexandro haqida gap ochardi — to‘g‘ri, bu tabiiy, ona bo‘lgandan keyin qizikadi-da bolasining taqdiriga. Qolaversa, oyim ularning maqsadini bilgisi kelardi, Alexandro kelsa, to‘y qilishadimi yoki Alexandro yana qiliq chiqarib bitta-yarimta firma bilan kaerdaligi va muodati noma’lum shartnomaga imzo chekadimi — xullas, bilgisi kelardi. O‘lasanmi-kuyasanmi, lekin dam-badam yotoqxonaga kirib, oyimdan xabar olish, uning gaplaridan siqilib, bir hol bo‘lib oromkursida o‘tirgan Mariya Laurani loaqal bir daqiqaga tinch qo‘yishi uchun oyimni chalg‘itishar edi. Kunlardan bir kun oyim, daf’atan, Kleliya xoladan Mariya Laura kelganda nima sababdan hammalari yopirilib kirib yotoqxonamni otbozor qilib yuborishadi, Alexandroning qallig‘i bilan gaplashishga boshqa vaqt qurib qoptimi, deya so‘rab qolgan edi, Kleliya xola kulib yubordi-da, yumshoqlik bilan Mariya Laurani ko‘rishsa, Alexandroni ko‘rgandek bo‘lishadi-da, deya izoh berdi.
— Gaping to‘g‘ri, — dedi shunda oyim, — umuman olganda, Mariya Laura bebaho qiz. Mening erkatoy o‘g‘lim (uni savalagan odamning haqi ketadi) bilib qo‘yishi lozim, shunaqa qizning uvoli tutadi, Xudo ursin!
— Voy tavba, nimalar deyapsan?! — Kleliya xola ko‘zlarini katta-katta ochib oyimga tikilib qoldi. — O‘g‘ling haqida gap ochilsa, o‘zingni yo‘qotib qo‘yasan-a!
Oyim kulimsiradi va bugun-erta Alexandrodan xat kelsa kerak, deb qo‘ydi. Darhaqiqat, xat bir kun ham kechikmay yetib keldi, Roke tog‘a xatni oyim har kun soat 17.00 da ichadigan limonli choy bilan patnisga solib tantanali ravishda keltirib berdi.
Bu safar Alexandroning xatini o‘zi o‘qimokchi bo‘lgan oyim ko‘zoynagini so‘radi. So‘ng shoshilmay, har bir so‘zning, har bir jumlaning mag‘zini chaqib o‘qib chiqdi.
-Hozirgi yoshlarga hayronsan, hurmatni bilishmaydimi nima balo, — dedi norozi ohangda oyim. — Yaxshiyam bizning paytimizda yozuv mashinkalari bo‘lmagan, lekin chin so‘zim, men sizlarga bunaqa yozib yuborishga botinolmasdim, otangizga-ku, mutlaqo…
— Yozib ham ko‘rgan edi! — oyimning gapini ilib ketdi Roke tog‘a. — Otasiga tortgan-da!..
— Voy, Roke-ey, lozim bo‘lsa-bo‘lmasa, cholim haqida bir og‘iz noma’qul gap aytmasang, ko‘ngling joyiga tushmaydi-ya! O‘zing bilasan, bunaqa gaplarni yoqtirmayman. Esingdan chiqdimi oyim bilan o‘tgan gap-so‘zlar?..
— Xo‘p-xo‘p, bo‘ldi-bo‘ldi. Gap kelib koldi-da, uzr, lekin hozirgi yoshlar hurmatni bilishmaydi, deganingga qo‘shilaman.
— Bir narsaga hayron bo‘layapman, — dedi oyim va ko‘zoynagini olib naqshinkor karnizni ko‘zdan kechira boshladi, — Alexandrodan bir emas, beshta xat oldim, tavba, birontasida meni bu yerdaligida aytib chaqiradigan nomimni tilga olmayapti… Ikkimizdan boshqa hech kim bilmaydi buni. Judayam g‘alati, bilasanmi, sira tushunolmayapman… Loaqal bir marta aytgandayam mayliydi, aks holda odam har xil xayolga borarkan…
— Balki maktubda shunday deb atash nokulay bo‘layotgandir… Gaplashib o‘tirganlaringizda aytish boshqa, xatda esa boshqacharoq chiqadi. Ha, darvoqe, nima deb chaqirardi seni?
— Bu ikkimizning o‘rtamizdagi sir. Buni Alexandro bilan men bilaman faqat, — shunday deb oyim jilmayib qo‘ydi.
“Nima deb chaqirardi Alexandro oyimni?” deya o‘ylayverib Pepa bilan Rosaning miyasi achib ketdi. Ularning savollaridan bezor bo‘lgan Karlos esa, nima deb javob qilishni bilmay, nuqul yelkasini qisardi.
— Mendan nima istaysiz, tog‘a? Xudoga shukur, birovlarning imzolarini o‘xshatish qo‘limdan keladi, undan boshqasini kutmang ham, so‘ramang ham… Erta-indin oyimning butunlay esidan chiqib ketadi. Uning gaplarini jiddiy qabul qilmaslik kerak, xolos.
Hayot o‘z yo‘lida davom etardi. Ittifoqo bir kuni — shu suhbatdan besh oycha o‘tgach — Alexandrodan ishim ko‘payib ketdi, bir daqiqayam vaqtim yo‘q, degan mazmundagi shikoyatomuz ohangda (holbuki, nolish gunoh, chunki bundan ortiq ishni orzu qilish yosh mutaxassisga noshukurlik) maktub kelganda, oyim to‘satdan Alexandrodan mehnat ta’tilingni olgin-da, yo‘lga tush, Buenos-Ayresga kel, deb qat’iyan talab qilishga o‘tdi. Oyimga ayttirib xat yozadigan Rosaning nazarida bu safar oyim har bitta so‘zni tosh-toroziga solib, har bir jumlaning ma’nosini uzoq o‘ylab yozdirayotgandek edi.
— Aytishga oson, boyoqish kep-ketishning yo‘lini topolmayotganga o‘xshaydi, — deb yubordi Rosa bexosdan. — Ishi yaxshi, istiqboli undan ham yaxshi bo‘lsa, kimning shunday firma bilan aloqani buzgisi keladi?!
Oyim Rosaning gaplariga zarracha ahamiyat bermay, so‘zini davom ettiraverdi. Salomatligi chatoq, shuning uchun Alexandro jilla qursa ikki kungami, uch kungami kelmasa bo‘lmaydi. Mariya Lauraniyam esdan chiqarmaslik lozim. Alexandroning o‘z qallig‘iga vafodor ekaniga hech kim shubha qilmaydi, lekin chinakam sevgi uchun shoirona so‘zlaru va’dalar kifoya qilmaydi, yana tag‘in xat orqali. Maktubning nihoyasida oyim Alexandro yaqin kunlar ichida o‘zini quvontiradigan xabar yuborishiga umid bog‘lab kutishini izhor etdi. Oyimning odatiga xilof tarzda xatni xatjildga solmasdan avval labiga tegizib qo‘ymagani hamda xuddi xotirasiga muhrlab qo‘ymoqchidek sahifalariga uzoq-uzoq tikilib qolgani Rosaga g‘alati tuyuldi va juda ajablandi. “Bechora Alexandro!” dedi u xo‘rsinib va oyimdan yashirincha tezgina cho‘qinib oldi.
— Menga qara, — dedi Roke tog‘a kechkurun Karlos bilan domino o‘ynagani o‘tirishgan mahal, — ishimiz chatoqqa o‘xshaydi. Bir chorasini topish shart. Qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi. Aks holda bugun bo‘lmasa, ertaga sezib qoladi.
— Mening qo‘limdan nima keladi. Faqat aytishim mumkin, Alexandrodan shunday bir xat kelsinki, uni o‘qigan oyim ancha payt tinchlansin… Bechora, shunday qiynalib ketdiki, nimasini aytay…
— Hamma ko‘rib turibdi nima bo‘layotganini, og‘aynichalish. Lekin mening ishonchim komilki, onangiz o‘zini qo‘lga ola biladi, eng asosiysi, u o‘z uyida, bola-chaqasining davrasida!
Oyim Alexandroning mujmalgina xatini indamay o‘qib chiqdi – xatda u zavodning bosh binosini topshirishgan zahoti qanday bo‘lmasin ta’tilga chiqaman, deb va’da berardi. Kechqurun Mariya Laura kelganda Alexandroning va’dalarini indamay o‘qib chiqqan oyim, talab qiling, kuyov degani bunaqa bo‘lmaydi, jilla qursa bir haftaga Buenos-Ayresga kelib ketsin, dedi. Rosa bilan gaplashib o‘tirganda esa Mariya Laura oyim bu hakda paytini topib, xonada yolg‘iz qolishganda aytganiga e’tiborni qaratdi. Yaxshiyamki Roke tog‘a bor, mana shu xaloskorimiz xammani tashvishga solayotgan, lekin hali-hanuz birontamiz tilga olishga jur’at qilolmayotgan narsa haqida ochik-oshkor gapirdi. Ana shundan so‘ng oyim uyga kelib-ketishga majbur kilib Alexandroga xat yozdirayotgan mahal oilaviy yig‘inda — peshonamizdan ko‘ramiz, boshka iloji yo‘q — oyimning o‘g‘li haqidagi birinchi ko‘ngilsiz xabarga bardoshi yetish-etmasligini sinab ko‘rishga jazm kildik. Karlos doktor Bonifasning oldidan o‘tdi, u yangi bir dorini taklif etaturib asosiysi ehtiyotkorlik ekanini qayta-qayta tayinladi. Oradan o‘n kunga yakin vaqt o‘tdi. Kunlarning birida, kechki payt Roke tog‘a yotoqxonaga kirib keldi. U sekingina oyimning oyoq tarafiga o‘tirdi-da, avval oyim bilan salomlashdi, so‘ng dori-darmon turadigan stol yonidan jilmay negadir dam-badam derazadan tashqariga qarab ko‘yayotgan Rosa bilan bosh qimirlatib so‘rashdi.
— Men nima devdim, jiyanim bekorga kelib-ketishni paysalga solmayotibdi, demovdimmi, mana hammasi ma’lum bo‘ldi-qo‘ydi, — dedi Roke tog‘a tizzasiga urib. — U sening salomatligingni o‘ylab, onam siqilmasin degan, bilardi-ku ahvolingni?!
Oyim hech narsani tushunmay angrayib unga karadi.
— Bugun qudang Novali qo‘ng‘iroq qildi, Mariya Laura Alexandrodan xat olganga o‘xshaydi. U hammasi joyida, tinchlik deb yozibdi, lekin ming afsuski, uch-to‘rt oy hech qayoqqa chiqolmasmish.
— Nega?.. — deb so‘radi oyim.
— Oyog‘iga bir balo bo‘lgan, shekilli. Mariya Lauradan so‘rab-surishtiraylik-chi hali. Novalining gapiga qaraganda, oyog‘i singanmishmi-ey…
— Nega sinadi?
Roke tog‘a jo‘yali javob topguncha Rosa dori ko‘tarib oyimning yonida hoziru nozir bo‘ldi. Xuddi kelishib olgandek o‘sha zahoti ostonada doktor Bonifas ko‘rindi. Xullas, chop-chop, yugur-yugur boshlandi. To hammasi o‘rniga tushmaguncha jonimiz og‘zimizga keldi, doktor Bonifas bechora yarim kechagacha ketolmay o‘tirdi. Ikki kundan keyin sal o‘ziga kelgan oyim Alexandroga xat yozib yuborishing kerak, deb Pepaga tayinladi. Oyimning gapini yaxshi tushunmagan Pepa qalam bilan qog‘oz ko‘tarib kelgandi, oyim ko‘zlarini yumib, bosh chayqadi.
— Nimani xohlasang, shuni yozib yuboraver. O‘zingni ehtiyot qil, deyishni unutmasang bo‘ldi.
Pepa indamaygina oyimning karavotiga o‘tirdi-da, uzundan-uzoq xat yozdi, holbuki, u oyim bir satrini ham o‘qimasligini bilardi. O‘sha kuni oqshom Pepa Rosaga oyim maktubni o‘qish tugul, qo‘liga ham olmasligiga zarracha shubha qilmaganini aytdi.
Oyim suyultirilgan dorini olib kelishgandagina ko‘zini ochdi, u xuddi butunlay o‘zga narsalar haqida o‘ylayotganga o‘xshar, maktubni tamomila unutgan edi.
Alexandro javob xatida oyog‘ining lat yegani haqida, oyimni tashvishga qo‘ymaslik uchun vaqtida aytmagan edim, deya astoydil o‘kinib yozardi. Ikki marta gipsga solishganini yozish shartmidi?! Mana endi hammasi joyida, bir haftalardan keyin yurishga ruxsat berishsa kerak. Qisqasi, ko‘p emas, ikki oy vaqt yo‘qotdi. Lekin ish qizigan pallada avji to‘xtab qoldi — shunisi alam qiladi…
Xatni ovoz chiqarib o‘qib berayotgan Karlos oyimning xayoli joyida emasligini, dam-badam soatiga qarab qo‘yayotganini payqab o‘tirar, bu oyimning asabiylashayotgani va betoqat bo‘layotganining belgisi edi. Soat yettidan besh daqiqa o‘tgan, holbuki, Rosa roppa-rosa yettida doktor Bonifas yozib bergan dori bilan qaynatmani olib kirishi lozim edi.
— Ana ko‘rding, — dedi Karlos maktubni ikki buklar ekan. — Hammasi joyida, vahima qiladigan yeri yo‘q. Erkatoy o‘g‘ling soppa-sog‘.
— Boshi omon bo‘lsin, ishqilib, — dedi bunga javoban oyim. — Rosaga chiqib ayt, tezroq qimirlasin!
Lekin oyim, Alexandro oyog‘ini nima qilib sindirgani haqida batafsil aytib bergan Mariya Lauraning gaplarini diqqat bilan tinglab o‘tirdi va hatto, oyog‘ini uqalatsin, yozib yuborgin, deb maslahat berdi. Otasi otdan yiqilib oyog‘i singanda aynan shu usul ko‘proq yordam bergan. Gap orasida oyim bir necha tomchi limon qaynatmasi so‘radi — uning fikricha, bu bosh og‘rig‘ini tez koldirar ekan.
Birinchi bo‘lib ko‘nglidagini Mariya Laura ochiq-oydin aytdi. O‘sha kuni kechqurun uyiga ketishdan oldin u Rosani mehmonxonaga chaqirdi-da, ich-ichini tirnayotgan shubha-gumonlarini o‘rtoqlashdi. Rosa quloklariga ishongisi kelmay, lom-mim demasdan Mariya Lauraga tikilib koldi.
— Bo‘lmagan gap! — dedi oxiri Rosa. — Kallangga qaerdan keldi bunaqa bema’ni narsa?
— Bo‘lmagan gap emish, bor gap! — dedi bunga javoban Mariya Laura. — Aytib qo‘yay, boshqa uning yotoqxonasiga qadam bosmayman. Nima desangiz deyavering, lekin gapim shu.
Mariya Lauraning shubha-gumonlari asosli ekanini oilamizning har bir a’zosi ich-ichida tan olardi, birok Kleliya xola — uning gapiga hamma qo‘shildi — aytilgan so‘z — otilgan o‘q, bu xonadonda hech kim so‘zini qaytarib olmaydi, dedi. Rosa Mariya Lauraning oldiga bordi, biroq ukasining qallig‘i to‘lib turgan ekan, shunaqayam o‘krab yig‘lab berdiki, undan bir nimani iltimos qilishdan ma’no qolmadi. Kechqurun oyimning oldida o‘tirganda Pepa bilan Rosa Mariya Lauraga rosa achingan bo‘lishdi, bechora bir-biridan og‘ir imtihonlarga tayyorlanaman deb qiynalib ketdi. Oyim churq etmadi, bir haftadan so‘ng — keyingi payshanba kuni Mariya Laurani aqalli bir marta so‘rash u yoqda tursin, umuman eslamadi ham. O‘sha kuni Alexandroning Braziliyaga ketganiga roppa-rosa o‘n oy to‘ldi. Yosh muhandisning faoliyatiga yuksak baho bergan firma shartnomani yana bir yilga cho‘zishni taklif qildi, faqat bitta sharti — Alexandro darhol yangi zavod qurilayotgan Belen shaharchasiga ko‘chib o‘tishi lozim. Buni eshitib, Roke tog‘aning boshi ko‘kka yetdi: naqadar ajoyib — bunaqasi kamdan-kam bo‘ladi.
— Alexandro juda qobiliyatli, tengqurlari ichida unga yetadigani yo‘q, — dedi oyim, — Karlos bo‘lsa qat’iyatli, bir so‘zli edi.
— To‘g‘ri, — deya ma’qulladi Roke tog‘a va negadir Mariya Laura uyimizda bekorga g‘alva ko‘taribdi, deya ko‘nglidan o‘tkazdi.
— Nimasini aytasan, bolalardan buyurdi senga.
-Xudoga shukur! Hammasidan xursandman. Otasi ko‘rmadi-da — shu armon bo‘lib qoldi. Qizlarimni aytmaysanmi, biri-biridan aqlli, Karlos-chi, bechora bizni deb o‘lib-tiriladi.
— Alexandroning istiqbolini aytmaysanmi?!
— Ha-ya… — dedi oyim.
— Taklif etishgan yangi shartnoma qalay?! Ko‘nglingga sig‘sa, tabriklab ikki enlik xat yozib yubor. Onamni xafa qilib ko‘ymadimmikan, deb ichini it tirnayotgandir o‘ziyam.
— Ha-ya… — dedi oyim yana xayolchan shiftga termilib yotarkan. — Pepaga ayt, yozib yubora qolsin. Nima deb yozishni o‘zi biladi.
Pepa nima deb yozishni mutlaqo bilolmadi, lekin nima bo‘lgan taqdirda ham javob xat yozishlarda chalkashlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun xat matni qo‘lida bo‘lishi shart. Onasi bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligi lozimligini tushunganidan, tabiiyki, Alexandroning boshi ko‘kka yetdi. Oyog‘i ancha yaxshi, unga ishni ishonib topshirishdi deguncha, besh-o‘n kun uyga kelib-ketish uchun ruxsat so‘raydi. Oyim boshini ohista chayqab qo‘ydi-da, kutilmaganda oqshomgi gazetalarni so‘radi — Karlos so‘nggi yangiliklarni o‘qib berishini xohlab qoldi.
Turmush ortiqcha qiyinchiliksiz yana o‘zaniga tushdi; kutilmagan ko‘ngilsizligu tashvishlar go‘yo barham topdi, Xudoga shukur, oyimning salomatligi hozircha xavotirga solmasdi. Hamma navbat bilan oyimdan xabar olib turdi. Roke tog‘a bilan Kleliya xola tiq etsa, oyimning oldiga — yotoqxonaga kirib borishardi. Oqshomlari Karlos, ertalab esa Pepa gazeta o‘kib berardi. Rosa bilan Kleliya xola doktor yozib bergan dorilarni vaqtida ichirishar, Roke tog‘a bir kunda uch-to‘rt mahal yotoqxonada oyim bilan o‘tirib choyxo‘rlik qilardi. Oyim hech qachon yolg‘iz qolmas, Mariya Laurani umuman eslamas, har uch haftada Alexandrodan kelgan xatni o‘qib berishsa, jimgina eshitar, Pepadan cho‘zib o‘tirmay darhol javob yozib yuborishni iltimos qilar, keyin, tuyqus suhbatni butunlay o‘zga mavzuga burib yuborardi — har doim iltifotli, hamisha oqila, lekin baribir allanechuk o‘zini begonadek tutardi.
Aynan shu kezlari Roke tog‘a Argentina bilan Braziliya hukumati o‘rtasida yuzaga kelayotgan ixtiloflar haqidagi xabarlarni o‘qib bera boshladi. Dastlab bu gaplarni u gazetaning hoshiyasiga yozib ko‘yardi, bora-bora o‘qish jarayonida to‘qiydigan bo‘ldi, yaxshiyamki, oyimni uslubdagi ravonlik va aniqlik kiziqtirmasdi. Roke tog‘a, bu voqealar Braziliyada istiqomat qilayotgan Alexandro bilan boshqa argentinaliklarga ta’sir qiladimi- yo‘qmi — shu xususda turli xil taxmin va bashoratlar o‘ylab topardi, oyim loqayd va beparvo tinglayotganini ko‘rib gazetadagi yangiliklarni muhokama qilishga barham berdi, siyosiy vaziyat esa kun sayin kuchayib, tashvishli tus olardi. Alexandro ham o‘zining maktublarida mamlakatlararo diplomatik aloqalarning buzilib ketish xavfi mavjudligidan tashvishlanar, biroq tabiatan nekbin emasmi — bu cho‘zilib ketgan mojaroga oxir-oqibat ikkala mamlakatning tashqi ishlar vazirlari barham berajagiga ishonar edi.
Oyim ko‘pincha sukut saqlardi, chamasi, Alexandroning yaqin orada kelmasligiga ko‘zi yetib qolgan edi. Biroq bir kuni u, gazetalarda yozilganidek, Braziliya bilan munosabatlar chindanam shunaqa yomonmi, deb doktor Bonifasdan so‘rab qolsa bo‘ladimi?!
— Braziliya bilanmi? Nima desam ekan… Ahvol havas qiladigan darajada emas, — deb javob berdi doktor. — Lekin nima bo‘lgan takdirda ham yurt boshqarayotganlarning es-hushi joyida…
Bunday mujmal javobni kutmagan oyim unga shunday tikildiki… Chindanam doktorning ovozidan uning zarracha tashvish chekmayotgani sezilib turardi. Oyim yengilgina xo‘rsinib qo‘ydi-da, butunlay boshqa narsalar haqida gap ochdi. Shu oqshom oyim odatdagidan ko‘ra jonlanibroq o‘tirganidan doktor Bonifas ancha yengil tortdi. Ertasi kuni esa Kleliya xola yotib qoldi.
Umuman olganda, uning hushdan ketishi hech kimni qo‘rqitib yubormadi, har qanday odam shu holga tushishi mumkin, ammo doktor Bonifas Kleliya xolani iloji boricha tezroq kasalxonaga yotqizish kerak, deb Roke tog‘aga maslahat berdi. Braziliyada bo‘layotgan hodisalar haqidagi xabarni tinglab o‘tirgan oyimga (Karlos oqshomgi gazetani o‘qib berayotgan edi) Kleliya xola boshini shamollatib qo‘yibdi, ko‘rpa-to‘shak qilib yotganmish, deyishdi. Hammasini o‘ylab bir qarorga kelish uchun bemalol vaqt bor, tong otguncha hali erta, faqat doktor Bonifas bilan gaplashib olgan Roke tog‘a birinchi marta o‘zini yo‘qotib ko‘ydi, uning yordamisiz chora-tadbir o‘ylab topishga to‘g‘ri keldi. Yaxshiyamki, xolamizning dugonasi Monolita Valening dala hovlisi haqidagi fikr lop etib Rosaning miyasiga urdi. Ertalab Karlos oyim bilan shunday chiroyli suhbat qurdiki, pirovard-natijada oyimning o‘zi Kleliya xolangizni dala hovliga olib boringlar, toza havoda tezroq sog‘aysa ajab emas, deb qoldi. Karlosning xizmatdoshi sidqidildan mashinasida eltib qo‘yishni taklif qildi — bunaqa ahvolda poezdda yurish — borib turgan nodonlik. Kleliya xolaning o‘zi oyim bilan xayrlashishni xohlab qoldi-yu, Karlos bilan Roke tog‘a ikki kishilashib qo‘ltig‘idan olishdi-da, ming azob bilan oyimning yotoqxonasiga olib borishdi, oyim bo‘lsa nuqul shamollab qolmasin yana, deb qayta-qayta ta’kidlardi (bu bema’ni mashinalarda doimo yelvizak bo‘ladi). Asosiysi, uyqudan oldin olxo‘ri sharbati berishsin, u koni foyda.
— Kleliyaning qon bosimi juda balandga o‘xshaydi, — dedi oyim Pepaga. — Ahvoli og‘ir, menimcha.
— Yo‘g‘-e… Arzimagan narsa. Dalada Kleliya xola darrov o‘ziga kelib oladi. Sho‘rlik xolamiz ancha urindi-da, keyingi bir-ikki oy ichida. Yanglishmasam, Monolita xolamni doim dala hovlisiga taklif kilardi.
— G‘alati-ku! Tavba, Kleliya bu haqda bir martayam aytmagandi menga.
— Balki sizni tashvishga qo‘ymaslik uchun shunday qilgandir.
— U yerda qancha turadi?
Pepa yelka qisdi, lekin doktor Bonifasdan so‘rab bilishga va’da berdi, chunki Kleliya xolaga dala hovlida dam oling, degan ham doktor-da! Uch kundan so‘ng oyim yana shu haqda gap ochdi (kechasi Kleliya xolaning kasali xuruj qilib og‘irlashib qolgan, tog‘amiz bilan galma-gal tepasida navbatchilik qilib chiqishgandi).
— Men sendan so‘rayapman, qachon keladi Kleliya?
— Nima keragi bor, oyi?! Shuncha paytdan beri xolam endi toza havoda dam olaman degan bo‘lsa.
— Xo‘p, xo‘p, lekin sizlar nima dedingiz menga, hech narsa qilgani yo‘q, o‘tib ketadi demadingizmi?!
— Deyishga dedik. Aslida ham shunaqa. Kleliya xolam bir dam olay degan, yanayam to‘g‘rirog‘i, Monolita bilan uch-to‘rt kun dala hovlida turmoqchi ekan… Ular bolalikdan birga o‘sishgan — qadrdon-ku!
— Unga qo‘ng‘iroq qilib qachon kelasiz, oyim so‘rayaptilar, degin!
Rosa dala hovliga qo‘ng‘iroq qilgan, unga Kleliya xola ancha yaxshi, lekin quvvati yo‘q, uch-to‘rt kun shu yerda bo‘ladi hali deyishgan. Eng muhimi havo nihoyatda yaxshi!
— Shu ishlar menga sira yoqmayapti, — dedi oyim. — Kleliya kela qolsa bo‘lardi.
— Oyi, hamma narsaga tashvishlanaverasizmi? Undan ko‘ra sal o‘zingizga kelib oling, sizni ham Monolita xolaning chorbog‘iga olib boramiz — dam olib kelasiz.
— Men-a? — oyim hayron bo‘lib Rosaga qaradi, uning ko‘zlarida ham o‘kinch, ham qahru g‘azab aks etardi.
Karlos xoxolab yubordi-da, ko‘zlarini olib qochib (Kleliya xolaning ahvoli judayam og‘ir edi — hozirgina Pepa qo‘ng‘irok qilgandi), oyimning yuzidan o‘pib qo‘ydi.
— Voy esi yo‘g‘-ey, — dedi Karlos sho‘xlik qilgan bolaga po‘pisa qilib ko‘ygandek.
Shu kuni oyim kechasi bilan uxlolmay chiqdi, tong otar-otmas Kleliya xolamni so‘radi, holbuki, bu paytda dala hovlidan hech kim qo‘ng‘iroq kila olmasdi (Kleliya xolaning hozirgina joni uzilgan, barcha marosimlarni mayitxonada o‘tkazishga qaror kilishgandi). Ertalab soat sakkizda hamma gapni oyim eshitib tursin uchun katta xonadan dala hovliga qo‘ng‘irok qilishdi. Xayriyat, Kleliya xola kechasi tiniqib uxlabdi, hozir hech narsadan shikoyat qilmayotgan ekan, faqat Monolitaning oilaviy shifokori yana bir kun-yarim kun yota tursin, shoshilmanglar, deb maslahat beribdi.
Ishxonalari vaqtinchalik yopilganidan behad mamnun bo‘lgan Karlos ertalabdanoq oyimning yotog‘iga kirib keldi, u shoshilmay choy icharkan, turli narsalar haqida ezmalanib o‘tirdi.
— Menga qara, Karlos, — dedi oyim. — Menimcha, Alexandroga telegramma yuborish kerak. Vaqt topib xolasini ko‘rib ketsin. Chunki xolasi uni o‘z bolasidek yaxshi ko‘rib, ko‘tarib katta qilgan, uyat bo‘ladi kelmasa.
— Voy oyijon-ey, Kleliya xolamga nima qipti — hech narsa! Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, sizni ko‘rgani kelolmagan Alexandro endi kelarmidi…
— Nima qilsa, o‘zi biladi, — dedi oyim, — sen yozib yuboraver, Kleliya xolam og‘ir kasal, ko‘rib ketmasang bo‘lmaydi, de.
— Kim aytdi sizga Kleliya xolamni og‘ir deb?!
— Og‘ir bo‘lmasa yanayam yaxshi. Yozib yuborish shunchalik qiyin ishmi?
O‘sha kuni kechqurunoq xat yozilib, oyimga o‘qib eshittirildi. Alexandrodan javob kelishi kutilgan paytda (Kleliya xola o‘zini ancha yaxshi sezar, lekin shifokor qirqiga chidagan qirq biriga ham chidanglar, yana ozgina toza havoda yursa, butunlay sog‘ayib ketadi deb javob bermayotgandi) Braziliya bilan munosabatlar shunchalik keskinlashib ketdiki, Karlos xat yo‘qolib o‘tirmasin-da, ishqilib, deya xavotir qila boshladi. Xudo ko‘rsatmasinu bunaqa paytda pochta odatdagidek ishlaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi.
— Uning uchun ayni muddao bo‘libdi-da, — dedi oyim, so‘ng miyig‘ida kulib qo‘ydi. — O‘la qolsa kelmaydi, meni aytdi dersiz.
Alexandrodan javob keldi, biroq uning xatini yurak yutib oyimga o‘qib berishga hech kim botinolmadi. Roke tog‘a, Karlos hamda opa-singillar katta xonada anchagacha, “uf” tortib, goh-goh odatda Kleliya xola dam oladigan oromkursiga ko‘z tashlab, so‘ng bir-birlariga javdirab savolomuz nazar solib chiqishdi.
— Tavba, shunchalik ham bo‘ladimi? — dedi Karlos.- Nima birinchi marta aldayapmizmi? O‘yin davom etayapti, xolos.
— Shunaqa oson bo‘lsa kirib o‘zing o‘qib beraqol! — dedi Pepa o‘pkasi to‘lib.
— Nima desangiz deng, lekin qaerdadir qovun tushirdik, menimcha. Men oyimning xonasiga qo‘rqa-pisa oyog‘imning uchida kiradigan bo‘lib qoldim… Xuddi hozir qo‘lga tushib qoladigandek.
— Hammasiga Mariya Laura aybdor, — dedi Rosa. — Xayolimizga ham kelmayotgandi uning aytganlari, mana oqibati — dovdir-sovdir kilib yuribmiz, nima deyishni bilmaymiz. Buyam yetmagandek Kleliya xolamni aytmaysizmi?!
— Bilasanmi nima, gapingni eshitib miyamga bir fikr keldi, Mariya Lauraning o‘zi bilan gaplashish kerak, — dedi Roke tog‘a. — Eng yaxshi yo‘l shu, go‘yo imtihondan kelayotibdi-yu, ko‘rib ketay deb kirgan bo‘ladi, oyimga Alexandro halizamon kelolmas ekan desa, olam guliston.
— Alexandro har xatida Mariya Laurani so‘rayverganiga qaramay oyim uni zarracha eslamay ko‘ygan bo‘lsa… yuraging tars yorilib ketmaydimi?!
— Yuragim nega yorilar ekan?! Hozir biz kelishib olishimiz kerak, xolos. Yo “ha”, yo “yo‘q”, ikkovidan biri.
Rosa Mariya Laurani ko‘ndirishga judayam qiynaldi, u dedi, bu dedi, xullas, oxiri roziligini oldi, Mariya Laura yaqin dugonasiga yo‘k deyishga tili bormadi. Sirasini aytganda, Mariya Laura bu xonadon ahlining hammasini bir xilda yaxshi ko‘rardi-yu, faqat oyimdan hayiqar, uning oldida o‘zini yo‘qotib qo‘yardi. Qisqasi, bir necha kundan so‘ng Mariya Laura maktub bilan keldi — uni Karlos yozib bergandi. Qo‘lida guldasta, sumkasida oyimning jonu dili bo‘lgan shirinlik — mandarinli marmelad… Ha… Xudoga shukur, qiyin imtihonlar ortda qoldi, endi Mariya Laura bir-ikki hafta San-Visenteda bemalol dam olsa bo‘ladi.
-Senga toza havo yoqadi,- dedi oyim,- Kleliya bo‘lsa,unga… Pepa! Bugun dala hovliga qo‘ng‘iroq qildingmi?! Voy, esim kursin! So‘rovdim-a, hozir?! Buni qarang, Kleliya uch haftadan beri kelolmaydi-ya?! Mana sizga oqibati…
Mariya Laura bilan Rosa bu voqeani ipidan-ignasigacha muhokama qilishdi. Choy keltirishganda, Mariya Laura xatning ayrim joylarini o‘qib berdi, Braziliyada chet ellik mutaxassislarni ehtiyot chorasi sifatida xonaband qilib qo‘yishgan ekan. Hozir Alexandro qimmatbaho mehmonxonada Braziliya hukumatining hisobidan mazza kilib yashayotgan ekan. Bu to davlatlararo murosaga kelmaguncha davom etarkan. Oyim lom-mim demay eshitdi, lipa bargining damlamasidan bir piyola ichdi-da, pinakka ketdi. Dugonalar katta xonaga o‘tishdi va o‘sha yerda bemalol suhbatlashib o‘tirishdi. Ketar oldidan Mariya Lauraning ko‘nglida telefon haqidagi mash’um fikr tug‘ildi. O‘sha zahoti Rosani chakirib hammasini bayon qilib berdi, Rosa esa, ochig‘i, Karlos nima derkan degandek kutdi. Birozdan so‘ng shubha-gumonlarini Roke tog‘aga aytdi, Roke tog‘a “hm” deb ko‘ydi, xolos. Bunaqa vaziyatda yo indamasdan o‘tirish yo gazetani qo‘lga olish kerak… Karlos oyim xususida turli taxmin qilib boshini qotirib o‘tirmadi-yu, lekin hech kim ma’qullamayotgan fikrga qarshi chiqmadi.
— Omon bo‘lsak, ko‘ramiz, — dedi u Rosa bilan Pepaga. — Kutilmaganda oyimning o‘zi so‘rab qolishi mumkin, ana unda ko‘rasan…
Biroq oyim bir marta ham telefonni so‘ramadi, Kleliya xolaga qo‘ng‘iroq qilish xayoliga ham kelmadi. Har kuni ertalab, dala hovlida nima gap deb so‘rab ko‘yar, so‘ng tovush chiqarmay jimgina o‘tiraverardi; uning xonasida vaqtning o‘tishi tomchi dorilar, damlama hamda nastoykalar bilan o‘lchanardi. Oyim Roke tog‘a kelsa suyunardi, mabodo, gazetani kechiktirib keltirishsa yoki Roke tog‘a shaxmatdan bosh ko‘tarmay allamahalgacha solib ketsa, xunobi oshayotganini sezdirmasdi. Rosa bilan Pepa oyimning gazetalarga ham, dala hovliga qo‘ng‘iroq qilishga ham, hatto Alexandrodan keladigan xatlarga ham qiziqmay qo‘yganiga suyunishardi. Shunga qaramay, bu o‘zgarishlarga to‘la-to‘kis ishonish ham qiyin edi, chunki goho-goho boshini azod ko‘tarib, ularga teshib yuborgudek tikilib qarar ekan, oyimning ko‘zlarida allanechuk qat’iyat va sarkashlik paydo bo‘lardi. Sekin-asta bu g‘alati, tushuniksiz hayot hammani o‘z domiga tortdi. Rosa uchun har kuni telefonni olib, bo‘shliq bilan gaplashish oddiy ermakdek bo‘lib qoldi. Roke tog‘a esa gazetaning reklama bilan futbol yangiliklari egallagan sahifasini ochib, Braziliya hakida tutilmasdan maqola o‘qirdi. Karlos yotoqxona ostonasidan hatladi deguncha, dala hovliga kanday borib kelgani, Monolita bilan Kleliya xola berib yuborgan xalta-xalta meva-cheva haqidagi hikoyasini boshlardi.
So‘nggi oylarda oyimning hayoti oilamizda hukm surgan tartib-intizomga ta’sirini o‘tkaza olmadi. Doktor Bonifas oyingiz osongina jon beradi, u oddiygina hushdan ketadi-da, shamdek so‘nadi, deya bashorat qildi. Lekin hayotining so‘nggi daqiqalarida ham oyimning aql-idroki xiralashmadi, uning tepasida barcha bolalari yig‘ilib, g‘am-g‘ussadan ado bo‘lishganini yashirolmay turishganda ham oyimning idroki, quvvai hofizasi zarracha susaymagan edi.
— Hammangizdan mingdan-ming roziman, — dedi oyim. — Balli, shafqat, mehr-muhabbatingizni ayamadingiz. Meni qiynalmasin, deb hammasiga chidab keldingiz. Rahmat, sizlarga.
Oyimning yonginasida o‘tirgan Roke tog‘a uning qo‘llarini uqalay turib sekingina yupatdi va qo‘y bunaqa gaplarni, dedi. Pepa bilan Rosa o‘zlarini javondan bir nimani axtarayotgandek tutishardi. Ular Mariya Lauraning taxmini to‘g‘ri ekaniga endi ishonishdi, harqalay, boshidanoq sal-pal sezganlariga iqror bo‘lishdi.
— Menga shunchalar g‘amxo‘rlik qildingizki… — deb gap boshladi oyim.
Rosa Pepaning qo‘lini qisib qo‘ydi, chunki mana shu ikki og‘iz gap hammasini avvalgiday davom ettirish, uzoq davom etgan o‘ta nozik va zarur o‘yinni qayta tiklash uchun imkon berardi. Karlos xuddi oyim hammalari uchun judayam muhim bir gapni aytajagini his kilganday undan ko‘z uzmay turardi.
— Bu yog‘iga endi xotirjam yurasizlar… Biz boshqa qiynamaymiz sizlarni…
Roke tog‘a e’tiroz bildirmoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edi, Karlos uning bilagidan ushlab, qattiq siqdi. Oyimning rizq-nasibasi uzilgan, uni bezovta qilishning foydasi yo‘q edi.
Dafn marosimining uchinchi kuni Alexandrodan maktub keldi. Bu uning oxirgi xati edi. Unda Alexandro oyim bilan Kleliya xolamizning salomatligi haqida batafsil yozib yuborishimizni iltimos qilardi. Rosa odati bo‘yicha maktubni ochishga ochdi-yu, oxirigacha o‘qiyolmadi. Qaynoq ko‘z yoshlari yonoklarini kuydirib oqardi, birozdan so‘ng baribir maktubni satrma-satr o‘qiyotgan chog‘da daf’atan Alexandroga oyimning o‘limi haqida qanday yozamiz, degan sarkash bir fikr miyasidan ketmayotganini sezib qoldi.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2015 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.