OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xulio Kortasar. Dahshatli tushlar (hikoya)

Kutish kerak, hamma shunday deyapti, bunday hollarda hech narsaga tushunib bo‘lmaydi, doktor Raymondi ham Mechaning yoshida bundan battarroq bo‘lishi mumkin, shuning uchun ham kutish kerak, deyapti, kutish kerak, senor Botto, ha, doktor, lekin qizim mana, ikki haftadirki, uyqudan uyg‘onmayapti, ikki haftadirki, u xuddi o‘likday yotibdi, doktor, bilaman, senora Luisa, bu komaning klassik holati, nima ham qila olardi kishi, faqat kutish kerak. Lauro ham doktor aytganiday qildi, kutdi, har kuni fakultetdan qaytarkan, eshikni ochish oldidan bir lahza joyida to‘xtab qolar va: mana, bugun Mecha aniq uyg‘onadi, ko‘zini ochadi va onasi bilan gaplashib o‘tirgan bo‘ladi, deb xayol qilardi; yigirma yoshdagi qiz shunday o‘lib ketavermaydi-ku, axir, aniq – u hozir o‘rnidan turgan-da, karavotiga o‘tirgancha onasi bilan suhbatlashib o‘tirgan bo‘ladi; lekin kutish kerak ekan, o‘g‘lim, hammasi boyagi-boyagiday, doktor kechga tomon keladi, qo‘limizdan nima ham kelardi, hamma shunday deyapti. Biron nima yeb olsangiz-chi, do‘stim, onangiz Mechaning yonida o‘tirib turadi, siz tamaddi qilib olishingiz kerak, axir, imtihonlarni ham unutmang-da, biz u yoqda televizorda yangiliklarni ko‘rib o‘tiramiz. Bari o‘tdi, faqat Mecha o‘zgarmadi, kun ketidan kun o‘tdi, u hamon boyagi-boyagiday yotadi, karavot tana og‘irligidan egiladi, Mechaning nozikkina vujudi bukiladi, u rokka raqsga tushardi, tennis o‘ynardi, lekin mana, necha haftadirki, ezilib yotibdi va boshqalarni ham ado qilmoqda, bu og‘ir virus kasalligi, koma holati, senor Botto, oldindan biron narsa deb bo‘lmaydi-da, senora Luisa, unga qarab turing, qizingizning bundan qutulib chiqishiga yordam bering, bu yoshda odam kuch-quvvatga to‘la, yashashga ishtiyoqi ham kuchli bo‘ladi. Axir u o‘ziga-o‘zi qaraydigan ahvolda emas, doktor, hech nimani bilmaydi, u xuddi – e, xudo, o‘zing kechir, nimalar deyayotganimni o‘zim ham bilmayman.
Lauro ham ko‘rib turganlariga ishongisi kelmas, bularning barini Mecha o‘yin qilayotganga o‘xshar, uning ana shunaqa ahmoqona qiliqlari ko‘p edi, goh xuddi sharpa singari zinapoyada kiyim-boshini almashtirar, goh qalamdonini to‘shagi ostiga yashirib qo‘yar, bo‘lar-bo‘lmasga kulaverardi; aka-singil bir-birlariga shunday “tuzoq” qo‘yishardi, bolalik paytlarida bekinmachoq o‘ynaganlari... Og‘ir virus dardiga chalinib qoldi-da boyaqish, bir kun kechqurun harorati ham tushgandi, og‘rig‘i ham qolgandi, birdan hammayoq suv quyganday jimjit bo‘lib qoldi, terisining rangi xuddi kul singari gezarib ketdi, qiz ohista va uzun-uzun nafas ola boshladi. Doktorlarning o‘zlarini xotirjam tutishlari, apparatlar, har xil analizlardan so‘ng, Mechaning vahimali hazili hammani qo‘rqitib yubordi, soat sayin u barimizni oyoqqa turg‘izdi, donya Luisaning chorasizlikdan qilgan faryodlari alamli yig‘i, g‘am-g‘ussa bilan almashdi; otam ham yangiliklarni ko‘rmay, gazeta o‘qimay, onamga taskin berardi, shunda u tinchlanardi; Lauro fakultetga kelganida, yig‘ilishga kirganida ko‘ksidagi g‘azabi tarqardi; har safar u markazdan qaytayotganida nimagadir umid qilardi: Mecha, mana shu qilig‘ing uchun hali mendan ko‘rasan, uyatsiz, nima qilganing bu, deb ichida yanardi. Uyda xotirjamlik – Mechaga qarovchi hamshira nimanidir tikib o‘tirar, itni amakisiga berib yuborgandilar, doktor Raymondi hamkasabalari bilan kelmadi, vaqt tunga oqqanda bir kirib o‘tdi va deyarli turmadi ham, aftidan, u ham kun sayin bizni ezayotgan, bizni kutishga ko‘niktirayotgan Mechaning og‘irligini his qilgan edi, ha, birgina kutish qolgandi, xolos. 
Mudhish tushga o‘xshash bu g‘ussa donya Luisa termometrni topa olmagan va qo‘qqisdan kelib qolgan sanitar ayol ko‘cha muyulishidagi dorixonadan boshqasini olish uchun yugurgan o‘sha oqshomda boshlangan edi. Bu gap shuning uchun aytildiki, termometr shundaygina yo‘qolib qolmaydi-da, harorat o‘lchagich kuniga uch martalab kerak bo‘lib turgandan keyin nima bo‘lardi, ular Mechaning karavoti yonida baqirib gapiraveradigan bo‘lib qoldilar, oldingiday shivirlab gaplashishga endi hojat qolmagandi, chunki Mecha baribir hech nimani eshitmaydi, koma holati qiz tanasining bari his etish a’zolarini falaj qilib tashlaganligiga doktor Raymondining ishonchi komil, uning huzurida istagan narsalarni valaqlash mumkin, baribir Mechaning beparvo yuzida hech qanday ifoda sezilmaydi. Ko‘cha muyulishidan otishma ovozlari quloqqa chalingan, hattoki picha olisroqda, Gaon ko‘chasi tomonda o‘q ovozlari eshitilganda ham termometr haqida gaplashayotgan edilar. Ular bir-birlariga qarab qo‘ydilar, Mechaga qarayotgan hamshira shunchaki yelkasini qisdi, chunki otishma ularning kvartali va shaharning har qanday mavzesi uchun odatiy hol bo‘lib qolgandi, donya Luisa yana termometr haqida bir nima demoqchi bo‘ldi, shunda Mechaning qo‘llari qimirlab ketganini ko‘rib qoldi. Bir soniyagina, biroq ularning ikkalovi ham darhol sergak tortdilar va birdan donya Luisa baqirib yubordi, hamshira uning og‘zini qo‘llari bilan pana qildi, senor Botto xonasidan chiqdi, shunda uchalovi Mechaning butun badani bo‘ylab qanday qaltiroq turganini ko‘rdilar, xuddi kaltakesak “lip” etib, qiz kiftlaridan oyoqlari tomon yugurib kirib ketganday bo‘ldi, yopiq qovoqlar ostidagi qorachiqlar qimir etganday, yengilgina seskanish qiz basharasini burishtirib yuborganday bo‘ldi, xuddi Mecha noliganday, biron nima degisi kelganday, pulsi tezlashdi-da, yana asta o‘zining harakatsiz holatiga qaytdi. Telefonda – Raymondi, umuman, hech qanday yangilik yo‘q, dedi, garchand Raymondi bu haqda eshitishni ham xohlamasa-da, yuraklaridagi umid ortdi, xudojon, qani edi shunday bo‘lsa, qani edi ana shu turma azobi tezroq tugasa. Lekin bu hol yana va yana qaytalanaverdi, oradan bir soat o‘tib, yana shunday bo‘ldi, go‘yoki Mecha azobli tush ko‘rayotganga o‘xshardi, bosinqirash yana va yana takrorlandi, qiz ulardan qutulolmadi, ularni nari haydolmadi, ana, uning yoniga o‘tiring-da, tinchlantirishga harakat qiling, Mecha hech nimani qabul qilmayapti, uni nimadir ezyapti, balki uzundan-uzun tush ko‘rayotgandir, hech bilib bo‘lmayapti, uni o‘zing asra, xudoyim, uni bunday tashlab qo‘yma. Lauro o‘qishdan qayt-di va xudoga iltijo qilayotgan onasining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi-da, karavotga o‘tirdi. 
Kechqurun yana doktorlar kelishdi, elektrodli va so‘rg‘ichli yangi apparatlarni qizning bosh va oyoqlariga yopishtirdilar, Raymondining ikki nafar shifokor og‘aynilari mehmonxonada nimalar haqdadir uzoq bahslashdilar, yana kutish kerak, senor Botto, ahvol o‘zgarmagan, yaxshilik tomonga o‘zgarishi haqida o‘ylashga hali erta. Lekin u tush ko‘ryapti, doktor, tush, o‘zingiz ko‘rdingiz-ku, bu yana takrorlanadi, u nimalarnidir his qilyapti va shundan siqilyapti. Bularning bari asabdan, senora Luisa, bu hali hushiga keladi, degani emas, sizlarni ishontirib aytamanki, kutinglar va bularga ahamiyat bermanglar, qizingiz hech narsani his qilmayapti, bilaman buning qanday azobligini, agar siz uni hamshira bilan xoli qoldirsangiz, yana ham yaxshi bo‘lardi; picha dam olishga harakat qiling, manavi dorilarni ichib oling.
Lauro yarim tungacha Mechaning yonida o‘tirdi, ora-sira imtihonga kirish uchun yozib olgan qog‘ozlarini qarab chiqdi. Sirena tovushlari eshitilganda, Lusero bergan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi kerakligi yodiga tushdi, biroq uydan qo‘ng‘iroq qilib bo‘lmas, sirena tovushlaridan so‘ng ko‘chaga chiqish haqida gap bo‘lishi mumkin emas edi. U Mechaning chap qo‘li barmoqlari ohista qimirlayotganini ko‘rdi, yana qovoqlar ostidagi qorachiqlar harakatga kelganday tuyuldi. Hamshira: boravering, kutishdan boshqa qo‘limizdan nima ham kelardi, dedi. 
“Lekin u tush ko‘ryapti-yu, - dedi Lauro, - qarang-a, tush ko‘ryapti”. Bu hol ko‘chada sirena uvlashidan uzoqqa cho‘zilmadi: xuddi Mechaning qo‘llari nimanidir izlayotganga, barmoqlari choyshab ostidan najot istayotganga o‘xshab ketdi. Donya Luisa darhol bu yerda hozir bo‘ldi, uning uyqusi qochgan edi. “Nega doktor Raymondi bergan dorilarni ichmadingiz? – deb so‘radi hamshira achchiqlanganini yashirolmay. “O‘sha dorilarni topolmayapman-da, - faromushxotirlik bilan javob qaytardi donya Luisa, – anuv tunchiroq ostidagi javonda turgandi, lekin u yerdayam ko‘rinmayapti”. Hamshira dorini qidirishga ketdi, Mecha yana barmoqlarini qimirlatdi, Lauro bilan onasi bir-birlariga qarab qo‘ydilar. Ular – mudhish tush davom etayotganligini, uning uzluksiz cho‘zilganligini bilib turardilar, ko‘ngillaridagi xayrixohlikka, hamdardlikka o‘xshagan tuyg‘u bilan qizni uyg‘otgilari, hammani azobdan xalos etgilari kelardi. Biroq qiz o‘qtin-o‘qtin barmoqlarini qimirlatgancha uxlayverdi. “Men dorilarni hech qayerdan topolmadim, – dedi hamshira, – biz hammamiz shunchalik parishonmizki, bu uyda nima qayoqda turganligini hech kim bilmaydi”. 
Ertasi Lauro uyga kech qaytdi, senor Botto stadiondan qizg‘in reportaj olib borilayotgan televizordan ko‘zini olmay shunchaki uning nega kech qolganligini so‘rab qo‘ydi. ”Jo‘ralarim bilan o‘tirdik”, deb javob qaytardi Lauro nimadan o‘zimga sendvich tayyorlasamikin, degan o‘yda. “Ajoyib gol bo‘ldi, – dedi senor Botto, – takroriy ko‘rsatayotganlari yaxshi bo‘ldi-da, chempionlarning bari harakatlarini ko‘rib olasan kishi”. Aftidan, Lauroni urilgan gol qiziqtirmayotganga o‘xshardi, u polga o‘tirgancha taom yedi. “Nima qilayotganlaringizni bilasizlarmi, bolalar, – deya so‘zlandi to‘pdan ko‘zini olmay senor Botto, – ehtiyot bo‘lish kerak-da”. Lauro ko‘z qirini tashlab, hayratdan qotib qoldi: otasi birinchi marotaba shunaqa sharhni o‘ziga ep ko‘rgan edi. “Xotirjam bo‘ling, qariya”, – dedi u otasi gapni ko‘paytirmasligi uchun o‘rnidan turarkan.
Hamshira tunchiroqni yerga qo‘ydi. Mecha keng, yumshoq divanda arang ko‘zga tashlanardi, donya Luisa yuzidan qo‘llarini oldi, Lauro onasining peshonasidan o‘pdi. 
– Hech qanday o‘zgarish yo‘q, – dedi donya Luisa.– Hamisha birday yotibdi, o‘g‘lim, – dedi donya Luisa. – Qara, qara, uning lablari titrayapti, xudoyim-ey, qachongacha cho‘zilarkin-a, bu?..
– Oyi. 
– Bunday bo‘lishi mumkin emas, Lauro, bu tush qizimni qanchalik qiynagandan-qiynab tashlaganini, shuning uchun ham u sira uyg‘onmayotganligini hech kim menchalik bilmaydi, tushunmaydi. 
– Bilaman, menam tushunaman. Agar biron nima qilishning iloji bo‘lganda edi, Raymondi allaqachon qilgan bo‘lardi. Bu yerda shunday o‘tiraversangiz, unga yordam berolmaysiz, borib yoting. Tinchlantiruvchi doridan iching-da, uxlang. 
U onasini o‘rnidan turg‘izib, eshikkacha kuzatib qo‘ydi. “Bu nimasi ekan-a, Lauro?” – to‘satdan onasi to‘xtab qoldi. “Hech nima, oyijon, qayerdadir otishma bo‘lyapti, o‘zingiz bilasiz-ku”. Ha, endi kech bo‘lib qoldi, u onasini yotog‘ida qoldiradi-da, do‘konga tushib, o‘sha yoqdan Luseroga qo‘ng‘iroq qiladi.
Lauro o‘zi yaxshi ko‘radigan moviy kurtkasini topolmadi, ehtimol onam uni o‘sha yoqqa ilib qo‘ygandir, deya dahlizdagi bari javonlarni titib tashladi, – axiri topolmay qo‘liga ilashgan pidjakni egniga kiydi, havo salqin edi. Ko‘chaga chiqish oldidan bir daqiqaga Mechaning oldiga sho‘ng‘idi, g‘ira-shirada singlisiga yaxshilab razm soldi, ana shu mudhish tushni, teri ostida sirli sirpangan titroq qo‘llarni his etdi. Tashqaridan yana sirena tovushlari eshitildi, shunaqa kech ko‘chaga chiqishning keragi yo‘q edi aslida, biroq do‘konni yopib qo‘yadilar, u qo‘ng‘iroq qilolmay qoladi. Mechaning ko‘z qorachiqlari qimir-qimir etdi, xuddi qovoqlari ostidan qaragisi, akasiga o‘girilib tikilgisi kelayotganga o‘xshab ketdi. Lauro singlisining peshonasi uzra qo‘llarini yurgizdi; unga qo‘l tegizish qo‘rqinch-li edi, xudo ko‘rsatmasin, bilmasdan tegib ketsang, mudhish tush yana zo‘rayib ketishi mumkin. Qovoqlar ostida qorachiqlar uyoqdan-buyoqqa o‘tardi, Lauro birdan orqasiga tislandi; nimagaligini bilmadi-yu, biroq har qaraganida, Mecha qovoqlarini ochib, unga qarashi, ket, deya haydashi mumkinday tuyuldi, xayoliga kelgan bu fikrdan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. Agar otasi hali uxlamagan bo‘lsa, mehmonxonadan qo‘ng‘iroq qilishga urinib ko‘radi va asta shivirlab gapiradi, biroq senor Botto sport sharhlovchisining so‘zlarini tinglayverdi. “Ha, bu haqda ko‘p gap sotyaptilar, – xo‘rsindi Lauro. – Endi ertaroq turish kerak-da, fakultetga ketmasdan oldin Luseroga qo‘ng‘iroq qilish kerak”. Xona o‘rtasida ko‘zi hamshiraga tushdi, u yotoqxonadan qo‘lida yaltirab turgan allaqanday narsani – shpritsnimi, qoshiqnimi ko‘targanicha chiqib kelmoqda edi. 
Vaqt uzundan-uzoq kutishlar, uyqusiz tunlar, ozgina mijja qoqib olish umididagi kunduzgi uyqu bilan o‘tayotgan edi; donya Luisani chalg‘itish yoki bo‘lmasa, senor Botto bilan domino o‘ynash uchun qarindosh-urug‘lar, do‘st-jo‘ralar keti uzilmay kelib turardilar; Mechaga qarovchi ayol yana almashdi – oldingisi bir haftaga Buenos-Ayresga ketadigan bo‘lib qolibdi; xonadan-xonaga olib o‘tilaverganidan birov qahva finjonlarini topolmasdi; Lauro ilojini qilsa, uyga birrovga kirib o‘tar, istaganida ketardi; kelishidan oldin azaliy odaticha telefon qiladigan Raymondi endi oldindan qo‘ng‘iroq qilmay ham keladigan bo‘lib qoldi; salbiy oqibatga olib keladigan hech qanday alomat yo‘q, senor Botto, bu shunday jarayonki, unga faqat dalda bo‘lib turish kerak, xolos, men uni zond orqali ovqatlantiryapman, kutish kerak. Qizim tush ko‘rgani ko‘rgan, doktor, unga qarang, Mecha endi deyarli uxlamayapti. Xavotir olmang, senora Luisa, o‘zingiz bir tasavvur qiling-a, uning tushlari – bu tana a’zolarining ta’sirlanishi, bularning barini tushuntirib berish qiyin, bunday hollarda boshqa omillar harakatga tushadi, biz tush deb o‘ylagan narsani u anglab yetyapti, degan xayolga bormang, bunday holatda shunchalik yashash qobiliyati va ana shu retsidivlar – yaxshi alomat hisoblanadi, menga ishonsangiz-chi, axir men qizingizni juda diqqat bilan kuzatib boryapman-ku, siz dam olishingiz kerak, senora Luisa, buyoqqa keling, qon bosimingizni o‘lchab qo‘yay. 
Fakultetda ro‘y bergan voqealardan so‘ng, Lauroning markazdan qaytishi borgan sari qiyinlashib bormoqda edi, u to‘satdan paydo bo‘lib qolar, uni Mechadan ko‘ra ko‘proq onasi xavotirga solardi, uyda bir daqichacha turar, ahvol o‘sha-o‘sha ekanligini bilar, qariyalar bilan gaplashar, jilla bo‘lmasa, ularni vahimali xayollardan picha chalg‘itish uchun gaplashadigan mavzusini oldindan o‘ylab qo‘yardi. Har safar Mechaning karavotiga yaqinlashganida, yana qudratli kuch uni o‘ziga tortar, Mecha shundoq yaqinginasida, – go‘yo chaqirayotganga, barmoqlarining tushunarsiz imo-ishoralari bilan ich-ichidan nigoh tashlayotganga o‘xshardi, charm qoplangan devorga urilgan tovush singari bu da’vat azobli va ma’nisiz edi. Ba’zida Mechani tutqanoq tutar, shunda Lauro birdan bir narsani: singlisining yonida turib, unga tikilganida qiz onasi va hamshiradan ko‘ra akasini yaxshiroq sezayotganligini his etdi, hozir aloq-chaloq tush eng qo‘rqinchli lahzasiga ko‘tariladi, yaxshisi, tezda juftakni rostlab qolgan ma’qul, axir uning biror yordam berish qo‘lidan kelmasa, Mecha bilan gaplashishdan ham ma’no yo‘q, tentakkina singlim, bo‘ldi-da endi, qani bir ko‘zingni och-chi, tezroq shu qilig‘ingni bas qil. Mecha, esi past singiljonim, ustimizdan shunchalik ham kulasanmi, yetar, jinni qiz, bo‘lmag‘ur komediyangni bas qil-da, yaramas, tur o‘rningdan, men senga shunchalik ko‘p narsalarni gapirib beramanki, o‘zing hayron qolasan, sening hali hech nimadan xabaring yo‘q, uyimizda qanday qiyomat qo‘pganligini bilmaysan, men senga bularning barini gapirib beraman, Mecha, o‘zim senga aytib beraman. Lauro tahlikaga tushdi: balki ovoz chiqarib, biron so‘z aytmasdan Mecha tomon egilish kerakdir, lekin hamshira bilan donya Luisa uni sira yolg‘iz qoldirmaydilar, uning esa singlisiga aytadigan gaplari shunchalik ko‘pki, nazarida Mecha ich-ichidan, yopiq qovoqlari ostidan choyshabida ma’nisi harflarni chizayotgan barmoqlari bilan akasiga murojaat qilayotganday tuyulib ketdi. 
Payshanba kuni edi – bugun qanday kun ekanligini atrofdagilar bilishlari uchun emas, buning ularga qanchalik ahamiyatga egaligi uchun ham emas, buni hamshira oshxonada qahva ho‘play turib aytdi va shunda senor Botto televizorda yangiliklarning maxsus soni namoyish qilinishi kerakligini, donya Luisa esa – singlisi Rosario qo‘ng‘iroq qilganligini, payshanba yoki jumada kelishini eslab qoldi. Lauroning imtihonlari boshlanganligiga shubha yo‘q edi, u uydan sakkizda chiqib ketgan va xayrlashmagan, mehmonxonada, xavotir olmanglar va kutmanglar, ehtimol kechki ovqatga kelolmasman, deb xat qoldiribdi. Aytganiday, u kechki ovqatga kelmadi, yana hamshira donya Luisani ertaroq yotishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi, senor Botto teleo‘yinlar seansidan so‘ng derazadan qaradi, Plas Irland tomondan ora-sira pulemyot ovozlari quloqqa chalindi, keyin birdan hammayoq jimjit bo‘lib qoldi, toshday og‘ir sukunat, ko‘chada patrul mashinasi ham ko‘rinmasdi, yaxshisi, uxlashga yotgan ma’qul, anavi ayol kech soat o‘ndagi teleo‘yinning hamma savollariga javob berdi, – juda kallasi o‘tkir ekan, antik tarixdan shunchalik ko‘p narsalarni bilarkanki, xuddi Yuliy Sezar davrida yashaganga o‘xshaydi, nima bo‘lgandayam madaniyat sohasida maoshni ko‘proq to‘laydilar, bu senga kim oshdi savdosida bolg‘a urish emas. Hech kim butun tun bo‘yi eshik ochilmaganligiga, Lauro uyga kelmaganligiga e’tibor bermadi, ertalab hamma u navbatdagi imtihondan so‘ng uxlayotgandir yoki nonushta oldidan dars qilib o‘tirgandir, deb xayol qildi. Faqat soat o‘nlarga borib, Lauro uyda yo‘qligini bilib qoldilar. “Xavotir olma, – dedi senor Botto, – tayin, u do‘stlari bilan o‘tirgan”. Ayni shu payt donya Luisaning hamshiraga Mechani yuvintirish va uning kiyim-boshlarini almashtirishga yordam berishi kerak edi, yonida issiq suv va odekolon, paxta va choyshablar turibdi, peshin ham bo‘ldi, g‘alati, haliyam Laurodan darak yo‘q, Eduardo,u hatto qo‘ng‘iroq ham qilmadi, hech qachon bunday qilmasdi, esingdami, kursni tugatganlaridan so‘ng o‘tirish qilganlaridayam, bizni xavotir olishmasin, deb to‘qqizda telefon qilgandi, axir Lauro o‘shanda yoshroq edi-ku. “Bolakay shu imtihonlarni deb naq es-hushini yo‘qotayozdi, – dedi senor Botto. – Mana, ko‘rasan, u roppa-rosa soat birdagi yangiliklarga yetib keladi”. Biroq soat birdagi, sport yangiliklari hamda tartib muhofazasi kuchlarining o‘z vaqtida aralashuvi tufayli bostirilgan yangi qo‘poruvchilik harakati haqidagi xabar ham o‘tib ketdi-yu, Lauro kelmadi, hech qanday yangilik yo‘q, havo harorati asta-sekin pasayarkan, tog‘li tumanlarda yomg‘ir yog‘arkan.
Hamshira donya Luisa tomon yo‘nalganda, soat sakkiz bo‘lib qolgan, ayol hamon tanish-bilishlarga qo‘ng‘iroq qilar, senor Botto, agar xabar topsa, telefon qilishi kerak bo‘lgan komissariatdagi do‘stining qo‘ng‘irog‘ini kutar, betinim donya Luisadan telefonni band qilib turmaslikni so‘rar, biroq xotini yozuv daftarchasidan tanishlar raqamlarini izlar va ehtimol Lauro Fernando amakinikida qolgandir yoki yana navbatdagi imtihonini topshirish uchun fakultetga qaytgandir, deya birvarakayiga hammaga qo‘ng‘iroq qilaverardi. “Baraka topkur, telefonni o‘z holiga qo‘y, – deya yana undan o‘tindi senor Botto.– Nega axir tushunmaysan, bolakay ayni shu payt uyga telefon qilayotgandir, telefon bo‘lsa hamisha band, sen uning... avtomatdan telefon qilishini istayotgan bo‘lsang, agar o‘sha telefon-avtomatning abjag‘i chiqmagan bo‘lsa, baribir boshqalarning ham qo‘ng‘iroq qilib bo‘lishini kutib turadi”. Hamshiraning qistovi bilan donya Luisa Mechaning oldiga keldi, qiz birdan boshini chayqay boshladi, boshini hadeb uyoqdan-buyoqqa silkitaverganidan, peshonasiga tushgan sochlarini ham yig‘ishtirishga ulgurib bo‘lmay qoldi. Zudlik bilan doktor Raymondiga xabar qilish kerak, kechqurun uni topish qiyin edi, lekin soat to‘qqizda doktorning xotini uning hozir kelib qolishini aytib qo‘ng‘iroq qildi. “Kelishi qiyin bo‘ladi, – dedi hamshira dorixonadan bir quti ampula bilan qaytib kelarkan.– Nima sababdanligi noma’lum, butun kvartalni o‘rab olishibdi, eshityapsizmi sirenaning ovozini”. U endigina Mechadan uzoqlashgach, qiz kallasini uzoq va qaysarlik bilan silkita ketdi, donya Luisa senor Bottoni chaqirdi, yo‘q, hech kim hech nimani bilmaydi, bolakayning ko‘chadan o‘tib kelolmayotganligi aniq, ammo Raymondini o‘tkazib yuborishadi, axir u oq xalatda-ku.
– Gap bunda emas, bunda emas, unga biror narsa bo‘lganligini ko‘nglim sezib turibdi, shu paytgacha hech kim hech narsani bilmasligi mumkin emas-ku axir, Lauro doim... 
– Qara-qara, Luisa, - dedi senor Botto, – qara, panjasi, qo‘li qimirlayapti, u birinchi marta qo‘lini qimirlatyapti, Luisa, balki...
– Bu ilgarigisidan ham yomonroq, Eduardo, sira tushunging kelmayapti, Mecha haliyam gallyutsinatsiya*da, u o‘zini himoya qilyapti, nimadandir... Rosa, unga biror nima qiling, men hozir, yoki yaxshisi, Eduardo, telefon qil, ulardan so‘ragin-chi.
Senor Botto mehmonxonada telefon raqamini terdi va to‘xtab, go‘shakni joyiga ildi. Aslida Romero, ha, Romero Lauro haqida nimaniyam bilishi mumkin, yaxshisi, yana bir oz kutgan ma’qul. Raymondi kelmadi, uni muyulishda ushlab qolishgan, balki u biror tushuntirish berayotgandir. Rosa ortiq Mechaga dori yuborolmadi, bu ancha kuchli tinchlantiruvchi vosita, yaxshisi, doktor kelguncha kutish kerak. Donya Luisa Mechaning yumuq ko‘zlariga xalaqit qilayotgan sochlarini yig‘ishtirish uchun egilarkan, birdan orqasiga qalqib ketdi. Rosa uni o‘tqazish uchun arang kursi qo‘yishga ulgurdi. Gaon ko‘chasi tomondan eshitilgan sirena ovozi kuchaygandan-kuchaydi, Mecha qovoqlarini nim ochdi, bir necha hafta go‘yoki yopiq parda ortida yumilib yotgan nigohi derazadan ko‘rinib turgan bir parcha tiniq osmonda qotib qoldi, so‘ng asta donya Luisaning yuziga o‘tib oldi. Donya Luisa qichqirib yubordi, qo‘llarini ko‘kragiga qo‘ydi-da, baqirdi. Rosa chorasiz ahvolda, senor Bottoni chorlagancha, Luisani olib ketishga urindi, senor Botto keldi, Mechaning oyoq tomoniga ruhsiz o‘tirdi va qiziga tikilib qoldi, go‘yo bari qizning nigohida jam bo‘lganga o‘xshar, uning nigohi donya Luisadan senor Bottoga, hamshiradan osmon chekkasiga o‘tdi, qo‘llari sekin-asta qorni tomon ko‘tarildi, chayqaldi, vujudi og‘riqdan, siqilishdan qaltiray boshladi, chunki qiz hozir sirenaning tobora kuchayayotgan na’rasini, eshikka urilayotgan zarbalardan butun uy larzaga kelayotganini, komanda hayqiriqlarini, avtomatlardan otilayotgan o‘q ovozlaridan daraxtlarning qasir-qasur qulayotganini, donya Luisaning faryodini, qochishga uringan olomon ur-yiqitini eshitayotganga o‘xshar, bari xuddi uning uyg‘onish vaqtiga, ana shu mudhish tush poyoniga yetgan va Mecha nihoyat haqiqiy, ajoyib hayotga qaytishi mumkin bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelgan edi.  

Ma’suma Ahmedova tarjimasi

_______________
* G a l l u ts i n a ts i ya – yo‘q narsalarning ko‘zga ko‘rinishi va eshitilishi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.