OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xulio Kortasar. Avtobus (hikoya)

– Agar malol kelmasa, qaytishingizda menga “Oila”ni ola keling, – deya iltimos qildi senora Roberta kresloda chayqalarkan.
Klara siljima stolchaga dorilarni terib qo‘ydi va xonani birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi. Hamma narsa joyida, Matilda senoraga qarab o‘tiradi, oqsoch nima qilish kerakligini o‘zi biladi. Endi ketaverish, kun bo‘yi to tunga qadar bemalol yurish mumkin, dugonasi Klarani kutayapti, dugonalar miriqib gaplashadi, radio tinglashadi, soat besh yarimda shokoladli konfetlar bilan shirin choy ichishadi. 
Soat ikkida, xalq hali muassasalarga yopirilib kelmagan mahal Vilya-del-Parkda biror kimsa ko‘rinmas, ko‘cha huvillab turar va yop-yorug‘ edi. Klara poshnalarini shaxdam taqillatganicha daraxtlarning uzun-uzun soyalari orasidan yo‘liga ko‘ndalang bo‘lgan noyabr quyoshidan quvonib, Tinagast va Samudodan tushib keldi. Qiz San-Martin va Nogoyya muyulishida 168-avtobusni kutarkan, boshi uzra chumchuqlar patillashib urishayotganini eshitdi, Florensiya uslubida ishlangan ibodatxona minorasi unga qip-qizil va boshni aylantirguday baland tuyuldi. Yonidan soatsoz don Luis o‘tdi, unga ta’zim qildi, bu bilan ilk bora qizning kelishgan qaddi-qomatiga, qaymoqrang koftasining oppoq yoqasi va ayniqsa, yangi boshmoqlarda chiroyli ko‘ringan oyoqlariga baho berganday bo‘ldi. Xilvat ko‘chadan avtobus g‘izillab keldi va peshindan keyingi jimjit muyulishda ulov to‘xtatgan yagona yo‘lovchi qizga eshiklarini ocharkan, zarda bilan pishqirdi.
Klara hamyoni keraksiz mayda-chuydaga to‘lib ketganligidan kerakli tangani darhol topa qolmadi. Miqti konduktor kalta, beso‘naqay oyoqlarini kerganicha bardosh bilan xo‘mrayib kutib turdi. Klara ikki marta: “Menga o‘n besh peso*lik”, – dedi, – konduktor bo‘lsa, xuddi ajablanganday, unga tikilib turaverdi. So‘ng unga pushtirang patta uzatdi, shunda Klaraning yodiga bolalikdagi she’r misralari tushdi, taxminan mana bunday: “Ke, pattangni ber, pushti yoki havorang, unga dovur qo‘shig‘ingni ayt, bir ko‘ray”. Qiz miyig‘ida kuldi, qayerga o‘tirsamikan, degan o‘yda chekkaroqdan, ehtiyot eshigining oldiginasidan joy topdi, derazaga yaqin o‘tirgan odamlar ichida soddadillik bilan quvongani kabi u ham bundan quvondi. Shunda Klara konduktor yana undan ko‘zini uzmay qarab turganini payqadi. Avtobus muyulishga yetganida, ko‘prikka yaqin joyda burilishi oldidan Klaraga haydovchi ham qarab qo‘ydi – orqasiga qayrilib qaradi va nigohlari uni qiyinchiliksiz topdi, chunki qiz bir burchakka tiqilib olgandi. Haydovchi oriq, sochlari sarg‘ish bo‘lib, turqi och odamni eslatardi. Haydovchi konduktor bilan nimalarnidir pichirlashdi, ikkalovi yana Klaraga, keyin bir-birlariga qarab qo‘ydilar va avtobus odatdagiday bir silkinib olib, Chorroarin bo‘ylab g‘izillab ketdi.
“Jinnimi o‘zi bular”, – deb o‘yladi Klara xavotirlanib. Qiz pattani hamyoniga solarkan, katta chinnigul dastasini ko‘tarib olgan ayol uning oldiga kelib o‘tirganini ko‘rdi. Ayol gullar uzra boshini ko‘tardi, xuddi yashil buta-devordan mo‘ralagan sigir singari Klaraga munis nazar tashladi. Klara ko‘zgusini oldi va qosh, lablarini ko‘zdan kechira boshladi. Shunda nimadir gardanini qitiqladi, u yana birov surbetlik bilan menga tikilyaptimi, deya jahli chiqib, zarda bilan boshini ko‘tarib qaradi. Klaradan iikki santimetrlarcha narida, egniga yoqalari kraxmallangan ko‘ylak kiyib olgan, qo‘lida ko‘ngilni behuzur qiladigan qo‘lansa isli dastorgul dastasini tutgan bir cholning ko‘zlari yaltirab turardi. Avtobusning eng oxiridagi uzun va yashil o‘rindiqda o‘tirganlarning barining ko‘zi Klarada edi, xuddi unga bir nima ilashganu, bu narsa ularni hayron qoldirgan va g‘ashlarini keltirayotganga o‘xshardi, qiz o‘ziga tikilgan nigohlardan, dimog‘iga urilgan gullar isidan o‘zini yo‘qotayozdi, muhimi, nazarida, mana-mana, bu hozir shunchaki hazil bilan tugaydiganga o‘xshardi; masalan, burniga qorakuya tegdi, deylik. Lekin burniga hech nima tegmagan, top-toza edi; endi ana shu teshib yuborguday nigohlar unga kulgili tuyulmay qoldi. Nazarida Klaraga odamlar emas, gullar tikilayotganga o‘xshab ketdi. 
U o‘zini juda noqulay his etdi, o‘rnidan sirpanganday sal surildi va oldidagi o‘rindiqning eskib, sitilib ketgan orqasiga, ehtiyot eshigining richagiga va: “Tutqichni o‘zingizga tortib, o‘rningizdan turing”, deb yozilgan yozuvga tikilib qoldi – harflar negadir so‘zlarga unchalik qovushmayotganga o‘xshadi. U shu tariqa xotirjam o‘tirish imkonini qo‘lga kiritdi. Avtobusdagilarning yangi chiqqan yo‘lovchi qizga qarashining sira ajablanarli joyi yo‘q, gullar qabristonga olib borilishi tabiiy-ku axir – hammaning qo‘lida guldasta bo‘lgani juda yaxshi. 168-chi Alvear kasalxonasini ortda qoldirib ketdi, Klaradan o‘ng tomonda Estrelyaning yaydoq yerlari yastanib yotar, loy-balchiqqa belangan to‘riq otlar bo‘ynilarida uzilgan arqonni sudraganlaricha yurardi. Hattoki quyosh ham bu manzarani bezay olmagan bo‘lsa-da, Klara ko‘zlarini derazadan ololmayotgan edi, faqat ikki marta ko‘z qiri bilan yonidagilarga tezgina, hadik bilan qarab qo‘ydi. Qip-qizil atirgul va karnaygullar, sal nariroqda esa – jirkanch, so‘lib qolgan, ko‘kimtir dog‘-dug‘li, xira pushti, kir kelingullar turardi. Ikkita deraza narida o‘tirgan yo‘lovchi ( unga bir qarab, bir qaramasdan o‘tirdi, mana, yana qarayapti, endi qaramayapti, yo‘q, yana qarayapti), qandaydir mijig‘langan narsaga zich qilib bosilgan deyarli qora chinnigullarni ushlab o‘tirardi. Oldinda, yonboshda ham, – bo‘yi yetgan qirg‘iyburun qizlar birgina sunbulagul va moychechak dastasini ko‘tarib olgandilar; garchand qizlar unchalik kambag‘al ko‘rinmasalar-da (egnilaridagi jaketlari yaxshigina, qat-qat yubka, tizzasigacha keladigan oppoq paypoq kiyib olgandilar), qo‘llaridagi guldastalari nochor ko‘rinardi, qizlar Klaraga tepadan kekkayib qaradilar. Shu surbet mishiqi qizlar odamdan ko‘zlarini olar endi, deb Klara ham ularga qaradi, biroq to‘rtta qorachiq unga teshib yuborguday tikildi, konduktor ham Klaradan ko‘zini uzmadi, chinnigul ko‘tarib olgan odam ham nazar soldi, bu gullardan gardani qizib ketayozdi, yoqasi kraxmallangan chol ham burni yerga tekkuday, engashib unga tikildi, yonidagi o‘spirinlar ham ulardan qolishmadi, – mana, Paternal bekati, kim o‘n pesolik patta olgan bo‘lsa, tushsin.
Hech kim tushmadi. Bir odam avtobusga chaqqonlik bilan irg‘ib chiqdi va yo‘lida qo‘llariga qarab, uni kutib turgan konduktor qarshisiga kelib, turib oldi. Yo‘lovchi o‘ng qo‘lida chaqa, chap qo‘li bilan pidjagini tortib to‘g‘riladi. Yangi yo‘lovchi o‘ziga tikilgan nigohlarga e’tibor bermay, bir oz taraddudlanib qoldi, keyin Klara uning: “O‘n besh pesolik”, deganini eshitdi. Xuddi Klaraga o‘xshab, u ham o‘n besh pesolik patta oldi. Biroq konduktor unga patta bermadi. Aksincha yangi yo‘lovchi axiri konduktorning o‘ziga qarab turganini payqab, chin ko‘nglidan: “O‘n besh pesolik, deyapman-ku!” – demagunicha undan ko‘zini uzmay tikilib turaverdi. So‘ngra yo‘lovchi pattani oldi va konduktor qaytimini qaytargunicha chinnigullar yonidagi bo‘sh joyga “lip” etib o‘tib oldi. Konduktor yigitga besh sentavo qaytarib berdi, xuddi yo‘lovchining boshi qiziqtirayotganday, unga tepadan qaradi; lekin yo‘lovchining ko‘zi qora chinnigullarda edi. Guldasta egasi yangi yo‘lovchining qarab turganligini payqab, bir-ikki marta unga tezgina qayrilib qaradi va tez o‘girildi, ular hali o‘zaro til topishga ulgurmaslaridan bir-birlariga qaradilar. Sunbulagul ko‘tarib olgan qizlar Klaradan va avtobusga yangi chiqqan yigitdan ko‘zlarini uzmay qonini qaynatdi. 168-chi qabriston devori bo‘ylab o‘tayotib, hamma unga va Klaraga qaradi – ko‘proq yangi chiqqan odamga tikildi, bu odamlar yigitni va uni, Klarani ham nigohlari bilan tutib, qo‘lga olganday va ularga, ikkita surbet bir bo‘ldi endi, deganday qarash qildilar. Shunaqayam bema’nilik bo‘ladimi, kap-katta qizlar – anavilar-chi, yoshlari bir joyga borib qolganiga qaramasdan gul opketishyapti, o‘zlariga yarashadigan ishni qilishsa bo‘lmaydimi, tag‘in tikilib qarashlarini-chi! Klara yangi chiqqan odamni ana shu nigohlardan himoya qilgisi keldi, unga nisbatan yuragida singillarcha iliqlik paydo bo‘ldi. “Ikkovimiz ham o‘n besh pesolik patta oldik!” – degisi keldi, – aynan shu narsa ularni yaqinlashtirgandek edi. Yigitning qo‘llariga nuqib, unga maslahat bergisi, yorilgisi keldi: “Ularni qarang, shunaqayam bezbet bo‘ladimi, gullari orasidan ham qarashyapti-ya, ahmoqlar!” U Klaraning yoniga o‘tirsa, yaxshi bo‘lardi; biroq yigit – garchand basharasiga qayg‘u-g‘am ajindan chiziq tortgan bo‘lsa-da, hali yosh edi, – dastlab duch kelgan joyni egalladi. Klara ham kulib, ham xijolat tortganicha manavi qizlar va kelingul ko‘tarib olgan xolaning nigohlariga bardosh berishga qaror qildi; ana endi yana chinnigulli odam qizga ma’nosiz, xira, xuddi ko‘piktosh singari tussiz nigoh tashladi. Klara unga tik qaradi, nazarida vujudi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolganday bo‘ldi, shunda birdan avtobusdan tushib ketgisi keldi (nima uchun axir? Qo‘lida guli bo‘lmagani uchunmi?). Klara yangi yo‘lovchi ham o‘zini noqulay his etayotganini sezdi, – yigit uyoq-buyoqqa alangladi va orqa tomonda o‘tirgan to‘rtaloviga hamda dastorgul ko‘tarib olgan cholga ko‘zi tushdi. Cholning nigohi Klara tomonga o‘tdi, uning lablari, iyagida bir on to‘xtab qoldi. Oldinda konduktor ham, qizlar ham, kelingulli xola ham diqqat bilan tikilib turardilar; shunda yangi yo‘lovchi go‘yo ularni tiyib qo‘ymoqchiday o‘sha yoqqa o‘girilib oldi. “U bechoraning ham guli yo‘q ekan”, – degan bema’ni o‘y keldi negadir Klaraning xayoliga. Yigit nima uchundir himoyasiz ko‘rinar, o‘zini har tomondan o‘rab olayotgan sovuq alanga kabi nigohlardan ko‘zlari bilan o‘zini-o‘zi mudofaa qilmoqchiday bo‘lardi. 
168-chi tik qiyalikda, qabristonning qator tizilgan ustunlariga yetay deganda, ikki yo‘l ayrilishida tezlikni yanada oshirdi. Qizlar oldinga o‘tib, eshikka yaqin turib oldilar: ularning izidan dastorgul, atirgul, kelingullar saf tortdi. Qolganlari orqada tiqilishdi va Klara derazasi oldida anqigan chuchmal islardan ko‘ngli ozdi, lekin ichida shuncha odam tushib ketayotganidan quvondi. Boshi uzra qora chinnigullar paydo bo‘ldi; yangi yo‘lovchi yonidagi odamni o‘tkazib yubordi va qovushmaygina, yonboshi bilan Klaraning oldidagi bo‘sh joyga cho‘kdi. Uning afti angori tuzukkina edi, ochiqko‘ngil ham oddiy ko‘rinar va ko‘rinishidan, chamasi, dorixonadami, buxgalteriyadami yoki hattoki konstruktorlik byurosida ishlardi. Avtobus asta to‘xtadi, eshiklari bir siltanib, ochildi. Yangi yo‘lovchi hamma tushib bo‘lsin, keyin odamga o‘xshab o‘tirsa bo‘ladi, degan o‘yda kutib turdi. Klara ham unga o‘xshab, toqat qilib kutdi va ichida chinnigullar, kelingullarni tezroq tusha qolishsa edi, deya shoshirdi. Eshik ochiq edi, ammo hamma yo‘lda turib olganicha yangi yo‘lovchi bilan Klaradan ko‘z uzmasdi – tushmasdan, xuddi yer tagidan shamol turib, butun guldastani chayqatganday tebrangan gullar orasidan ularga mo‘ralardilar. Nihoyat atirgullar, chinnigullar ham, orqa o‘tirg‘ichdagi guldastalar ham, qizlar ham, dastorgullarini olib, chol ham tushib ketdi. Faqat avtobusda Klara bilan yangi yo‘lovchi qoldi va 168-chi mo‘‘jazroq, dilkashroq, tussizroq bo‘lib qoldi. Klara sevinib ketdi va garchand atrofda joy ko‘p ekanligiga qaramay, yangi yo‘lovchi uning yoniga kelib o‘tirganligidan ajablanmadi. Yigit o‘tirdi va ular boshlarini egganlaricha qo‘llariga qaradilar. Qo‘llar, shunchaki qo‘llar, oddiy, bo‘m-bo‘sh, guli yo‘q qo‘llar. 
– Qabriston! – qichqirdi konduktor .
Klara ham, yonidagi qo‘shnisi ham qat’iy nigohlari bilan tushunarli javob qaytardilar: “Bizning pattamiz – o‘n besh pesolik”. Ular bunday demadilar, faqat xayollaridan o‘tdi, bo‘ldi-da!
Biroq eshik yopilmadi, konduktor ularning oldiga keldi. 
– Qabriston! – dedi u ularga nimalarnidir uqtirmoqchi bo‘lganday.
 Yigit konduktorga qaramadi, Klaraning esa unga rahmi keldi. 
– Men Retirogacha boraman, – dedi qiz pattasini ko‘rsatib. “Ke, pattangni ber, pushti yoki havorang”.     Haydovchi ularga qarayman, deb o‘tirgan joyidan tushib ketay dedi; konduktor jur’atsizlik bilan orqasiga o‘girildi-da, qo‘lini silkidi. Yana eshiklar siltandi – hech kim avtobusga chiqmadi, –168-chi xuddi zanjirini uzganday, olg‘a yeldi, shunda Klara qo‘rqqanidan yuragi orqasiga tortib ketdi. Konduktor yaltiroq tutqichni ushlab, kabina oldida turganicha ularga ma’noli tikilib turardi. Ular ham Dorrego muyulishiga yetguncha konduktordan ko‘zlarini uzmay ketaverdilar, bir payt Klara, yonidagi qo‘shnisi old tomondan bu qilig‘i ko‘rinmasligidan foydalanib, astagina kaftini uning qo‘llariga qo‘yayotganligini sezdi. Kafti mayin, issiq edi, Klara qo‘llarini tizzasi tomonga surdi-yu, ammo qimirlamadi. Oyna ortida shamol hushtak chaldi. 
– Shuncha odam, – dedi sekingina yigit. – Hammasi tushib ketdi. 
– Ular qabristonga kelishayotgan edi, gullari bilan, – izoh berdi Klara. – Shanba kunlari ko‘p borishadi. 
– Albatta, lekin har holda...
–Ha, g‘alati. Sezdingizmi? 
– Sezdim, – dedi yigit.– Siz ham shunday holatga tushdingizmi? Shunday bo‘ldi, ko‘rdim. 
– Juda g‘alati. Hozir hech kim chiqmaydi. 
Shofyor shlagbaumga yaqinlashib, shartta to‘xtadi. Ular avtobusning keskin zalpidan oldinga qalqib ketdilar va bu silkinishdan yengil tortganday bo‘ldilar. Avtobus xuddi kimningdir bahaybat gavdasi singari silkindi. 
– Men Retirogacha boraman, – dedi Klara. 
– Men ham.
Konduktor joyida uzoq turib qoldi – shofyor bilan janjallashdi. So‘ngra shofyorning (ular tomonga qarayotganlarini yashirgancha) o‘zlari tomonga kelayotganini ko‘rdilar; konduktor uning izidan kelmoqda edi. Klara shofyor bilan konduktor yonidagi hamrohiga tikilib qolganlarini, yigit esa xuddi jang oldidan qilgani singari qaddini rostlayotganini sezdi. Yigitning oyoqlari qaltiradi, qizning kiftiga tegib turgan yelkasi seskandi. Shu payt poyezd vahima bilan chinqirdi, ko‘kni qop-qora tutun qopladi. Vagonlarning taraqa-turug‘i bari ovozlarni va ulardan ikki qadam narida – go‘yo sakrashga chog‘lanib, pastga asta engashgan shofyorning so‘zlarini ham bosib ketdi. Konduktor shofyorning yelkasidan changallab oldi-da, so‘nggi vagon temirlarni jaranglatgancha ularning yaqinginasidan o‘tib ketguniga qadar ko‘tarilib turgan shlagbaum tomonga qo‘lini niqtadi. Shofyor lablarini qisdi, tez joyiga o‘tirdi va 168-chi jahl bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi, bir silkinib, temir yo‘lni kesib o‘tdi, so‘ng qiyalikka ko‘tarildi. 
Klarani hamrohining mushaklari bo‘shashdi va joyidan sal pastroqqa siljidi. 
– Bunaqasini sira ko‘rmaganman, – dedi yigit o‘ziga-o‘zi so‘zlanganday. 
Klara yig‘lab yuboray-yig‘lab yuboray dedi. Yig‘lash oson, ammo buning sira keragi yo‘q edi. Qiz buni o‘ylamayotgan edi, u qo‘rqinchli hech gap yo‘qligini, aytish mumkinki, bo‘m-bo‘sh avtobusda, bittagina hamrohi bilan ketayotganligini tushungan, umuman olganda, faqat qo‘ng‘iroqni bossang bo‘ldi, duch kelgan burchakda tushib qolsang bo‘ladi. Ha, shunday ketayotganining ham yomon tomoni yo‘q, faqat avtobusdan qanday tushaman, yigit qo‘llaridan qo‘llarimni qanday sug‘urib olaman, degan o‘y qizni qiynamoqda edi. 
– Men qo‘rqyapman, – dedi shunchaki Klara. – Loaqal gunafsha taqib olganimdayam mayli edi!
Yigit qizga, uning jo‘ngina koftasiga ko‘z tashladi.
– Men ba’zida ko‘ylagim tugmasi ilgagiga yasmin qadab qo‘yardim, – dedi yigit. – Bugun shoshdim-da, ulgurmadim.
– Attang! Umuman- biz Retiroga ketyapmizku-ya.
– Albatta, Retiroga.
Ular gaplashib ketdilar. Gapimiz uzilib qolmasin tag‘in, deb gapiraverdilar, gapiraverdilar, nima haqda so‘zlashayotganlarining ahamiyati ham yo‘q edi. 
– Derazani ochmaysizmi? Juda dim bo‘lib ketdi. 
U qizga taajjub bilan qaradi; aftidan, yigit junjikayotganga o‘xshardi. Konduktor shofyor bilan gaplashib olib, ularni zimdan kuzatmoqda edi. 168-chi yo‘lda biror marta ham to‘xtamadi, endi Kanning va Santa-Fe muyulishiga burildi. 
– Bunisi ochilmaydi, – dedi yigit. – Ko‘ryapsizmi, faqat biz tomondagisi ochiq emas. Bu yerda ehtiyot eshigi bor. 
– A! – dedi qiz.
– Balki boshqa joyga o‘tiraqolarmiz?
– Hojati yo‘q. – Qiz uning qo‘lini siqdi, turishiga qo‘ymadi. – Yaxshisi, tinchgina joyimizda o‘tiraveraylik.
 – Bo‘lmasa, boshqasini, oldidagisini ochamiz.
 – Yo‘g‘-e, kerak emas, qo‘ying!
Yigit, qiz yana gapirmoqchidir, deb o‘yladi, lekin Klara negadir g‘ujanak bo‘lib, o‘sha yoqqa, ularga achchiq qahr-g‘azab bilan nigoh tashlanayotgan oldinga qaramaslik uchun ham hamrohining yuziga tikildi. Yigit qizning tizzalariga ikkinchi qo‘lini qo‘ydi, Klara ham o‘z qo‘llarini yaqin olib bordi, endi ular barmoqlarning bir-biriga tegishi bilan, kaftlar harorati bilan gaplasha boshladilar. 
– Men judayam parishonxotirman, – dedi jur’atsizlik bilan Klara. – Hammasini oldim, deb o‘ylaysanu, baribir nimanidir esdan chiqargan bo‘lasan. 
– Axir bu esimizda yo‘q edi-da.
– Ha, mayli. O‘sha odamlarning hammasi, ayniqsa, anavi qizlarning bizga qanday ajablanib qaraganlarini ko‘rdingizmi, o‘layozdim-a!
– Menam, – deb qizning gapini ilib ketdi yigit. – Esingizdami, ularning bari xuddi kelishib olishganday, bizdan ko‘zlarini uzmadilar-a!
– Ha-ha! Topganlari betayin gul-ku, kerilganlariga o‘laymi!
– Chunki bizga boshqalar ham ajablanib qarashdi-da, – dedi achchiqlanib yigit. – Ayniqsa, chinnigullari mijig‘langan anavi qushburun cholni aytmaysizmi. Oldin o‘sha chol boshladi-da, keyin boshqalar ham qarashga tushdi. Orqadagilarni-ku, ko‘rmadim. Fahmlayapsizmi, hammasi-ya?..  
– Hammasi, – deya javob berdi Klara. – Men buni darrov tushundim. O‘zim Nogoyya bilan San-Martin muyulishida chiqdim. Uyoq-buyoqqa razm solsam, hammasi birdan mendan ko‘zlarini uzmay qolishdi, deng.
– Xayriyat-e, tushib ketishdi! 
Pueyrredon. 168-chi birdan taqqa to‘xtadi. Baland uychadagi yo‘lni tartibga soluvchi mulat xuddi xudoga iltijo qilganday, qo‘llarini xoch qilib, keng yoydi. Shofyor o‘rnidan asta tushdi, konduktor uning yengidan tortmoqchi bo‘ldi, biroq shofyor bunga qo‘ymadi va bir yigitga, bir qizga qaraganicha avtobus ichida yura boshladi. U qaddini rostladi, nam lablari titradi. “Yo‘lni bo‘shat!” – deb qichqirdi konduktor g‘alati ovozda. Avtobus ortida o‘nlab mashinalar gudok chalib hayqirdi, shunda shofyor alam bilan joyiga qo‘rqa-pisa o‘tirdi. Konduktor dam-badam bir Klaraga, bir yonidagi yigitga nazar tashlaganicha shofyorning qulog‘iga nimalarnidir shivirladi. 
– Agar siz bo‘lmaganingizda... – asta dedi Klara. – Agar siz bo‘lmaganingizda, men bir amallab tushib ketgan bo‘lardim.
– Siz axir Retiroga ketyapsiz-ku, – dedi taajjublanib yigit.
– Ha, men mehmonga ketyapman. Baribir, tushib qolgan bo‘lardim. 
– Men o‘n besh pesolik patta olganman, – dedi yigit. – Retirogacha.
– Men ham. Yomon tomoni, keyingisini kutishga to‘g‘ri kelardi-da...
– Albatta, keyin unisiga chiqib bo‘larmidi-yo‘qmidi, xudo biladi. 
– Ehtimol. Hozir biror joyga borish qiyin bo‘lib qoldi. Metroda nimalar bo‘lganini eshitdingizmi?
– Dahshat! Bir joyga boraman, deb yo‘lga chiqsang, ishlagandan ko‘proq charchaysan.
Yashil, yorug‘ havo mashinani to‘ldirdi, yo‘l-yo‘lakay muzeyning qizg‘ish devorlari, so‘ngra – huquqshunoslik fakultetining yangi binosi lip-lip etib o‘tib ketdi, shunda 168-chi tezroq marshrutini tugatishga sabri chidamaganday, Leandro Alem bo‘ylab uchib ketdi. Ikki marta tartibga soluvchi yo‘lni to‘sdi, ikki marta shofyor sakramoqqa chog‘landi, ikkinchi martasida ham konduktor uni qo‘ymadi, o‘rtada turib olganicha, xuddi og‘riqdan silkiganday, g‘azab bilan boshini chayqadi. Klara tizzalarini ko‘ksiga bosdi, hamrohi uning qo‘llarini qo‘yib yubordi, shunda qiz yigit qo‘llarining suyaklari turtib chiqqanligini va unda yo‘g‘on tomirlar bo‘rtib turganligini ko‘rdi. Klara hozirga dovur erkak qo‘llarining bu qadar kuchli nafrat bilan mushtga aylanganligini ko‘rmagan edi, qiz qo‘rqqanidan indamay qoldi, ana shu og‘ir mushtlarga bo‘ysundi. Shunda qiz hozir biror joyga borish qanchalik mashaqqat bo‘lib qolganligi haqida, May maydonidagi turnaqator navbatlar haqida, odamlarning qanchalik vahshiylashib ketganliklari, hozir qanchalik sabr-toqatli bo‘lish kerakligi haqida ezmalanib gapiraverdi, gapiraverdi. Qiz birdan jim bo‘lib qoldi, shunda ular temir yo‘l panjarasini ko‘rib qoldilar. Yigit hamyonini chiqarib ichini tita boshladi, uning barmoqlari titradi.
– Ozgina qoldi, - dedi qiz qaddini rostlab.– Yetib qoldik.
– Ha. Burildikmi, tez o‘rningizdan turing-da, tushing!
– Bo‘pti. Maydonning o‘zida.
– Mana-mana. Bekat – nariroqda, Ingliz minorasida. Siz oldin tushasiz, keyin – men. 
– Farqi yo‘q.
– Yo‘q, men – keyin tushaman, shunday qilish kerak. Burildik deguncha, men sizni o‘tkazib yuboraman. Tezroq qimirlang, zinaning pastiga tushib oling. Men orqangizda turaman.
– Yaxshi, – dedi Klara yigitga bezovtalanib qarab.– Rahmat.
Shunda ular qanday o‘rinlaridan turishni hamda eshikkacha bo‘lgan masofani chamalaganlaricha reja tuzishga kirishdilar. Ular muyulishga yetganda, avtobusdan “lip” etib, sakrab tushish osonroq bo‘ladi, deb mo‘ljal qildilar. 168-chi maydonning o‘zida, oynalarini dirillatganicha, bor tezligi bilan burildi. Hamrohi o‘rnidan irg‘ib turdi, Klara zinada bezovta bo‘lib turib qoldi, yigit orqasidan uni pana qildi. Qiz qattiq qaltiraganicha eshikka, qora yo‘l-yo‘l rezina tasmasiga va oynadagi kir kvadratlarga qaradi; u boshqa hech nimani ko‘rgisi kelmayotgan edi. Yigitning og‘ir-og‘ir nafasi uning sochlariga tegmoqda edi. Birdan avtobus bir silkindi-da, yonboshiga surilib, to‘xtab qoldi – eshik ochildi-yu, haydovchi qo‘llarini oldinga cho‘zganicha, avtobus o‘rtasida yugurdi. Bu orada Klara pastga, maydonga sakrashga, tushishga ulgurgan edi, orqasiga o‘girilib, hamrohining pastga sakrayotganligini, avtobus eshiklari qahr bilan yopilganini ko‘rdi. Qora rezina tasma haydovchining qo‘llarini, oppoq, tik barmoqlarini qisib qoldi. Oynadan konduktor ning rulga qorni bilan yotib olganicha, shofyorni chiqarib yubormaslik uchun eshikni yopadigan richag tomon intilgani ko‘rinib turardi. 
Hamrohi Klaraning qo‘lidan ushlab oldi va ular bolalar bilan muzqaymoq sotuvchilariga epchillik bilan chap berib, maydondan o‘tdilar. Ular indamay, bir-birlariga qaramasdan ketmoqda, biroq xursandliklaridan titramoqda edilar. Klaraning ko‘zlari o‘t-o‘lanlarni ham, to‘garak gulzorni ham elas-elas ilg‘ar, itoat bilan yigit izidan borar, yoqimli shabada yuzlariga urilmoqda edi. Devor tagida gul sotilmoqda edi. Klaraning hamrohi xarrakda turgan gul savati qarshisida to‘xtadi va kapalakgullardan ikki dastasini tanlab oldi. Yigit Klaraga guldastalardan birini, so‘ng – ikkinchisini uzatdi, hamyonini chiqarib, gul uchun haq to‘ladi va qizdan o‘zining gulini oldi. Ular yo‘lda davom etdilar (yigit qizning qo‘lidan ushlab olmadi), endi ikkalovining ham qo‘llarida gullari bor, shundan baxtiyor edilar.

Ma’suma Ahmedova tarjimasi

_______________
* P e s o – Argentina pul birligi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.