OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xulio Kortasar. Mixlab tashlangan eshik (hikoya)

«Servantes» oteli unga ko‘plarga ma’qul kelmaydigan jihatlari – nimqorong‘iligi, jimjitligi va xilvatligi bilan yoqib tushdi. Kemada tasodifan yo‘liqqan bir yo‘lovchi unga ushbu otelni maqtagan hamda musofirxona markazda joylashganligini aytgan edi; shunday qilib, Petrone Montevideoga kelib qoldi, to‘g‘ri ikkinchi qavat xolliga olib chikadigan vannali nomerni oldi. U taxtaga osig‘liq kalitlarga ko‘zi tusharkan, otelning deyarli bo‘m-bo‘sh ekanligini payqadi. Turuvchilar cho‘ntaklariga solib jo‘namasinlar uchun har bitta kalitga kattakon mis raqam ilingan edi.
Lift shundoq jurnallar hamda telefonlar ro‘yxati qo‘yilgan peshtaxta yonganasida, u qo‘ngan xona eshigidan atigi bir necha qadam narida to‘xtardi. Suv juda issiq kelarkan, ba’zan qaynab ketayozadi, bu esa dim va g‘ira-shira xonaga bir oz bo‘lsa-da, jon bag‘ishlaganday bo‘ladi. Jajjigina darcha shundoq musofirxonaga tutash kinoteatr binosi tomiga olib chiqadi, ahyon-ahyon u yerda kaptar sayr qilib qoladi. Vannaxona kishining bahridilini ochar, derazasi ham kattaroq edi, lekin shunisi ham borki, bu yerga kirishing bilan ko‘zing devorga tushadi, oynadan ko‘zga tashlangan bir parcha osmon ham bu manzaraga noloyiq ko‘rinadi. Mebel unga ma’qul tushdi – qutilar va tokchalar mo‘l, kiyim ilgichlar ham ko‘p – bunaqasi kamdan-kam uchraydi.
Otel boshqaruvchisi – daroz, oriq, kalbosh – tilla gardishli ko‘zoynak taqqan odam aksariyat urugvayliklar kabi uning ham ovozi baland edi, gapirganida jaranglab ketardi. U ikkinchi qavat juda tinch-osoyishtaligi, faqat qo‘shni xona bandligi hamda nomerda istiqomat qilayotgan ayol xizmatdan kech qaytishini aytdi. Petrone kelganining ertasi kuni qo‘shni ayol bilan to‘qnashib qoldi; uni kattakon tangani ushlaganday qo‘lida o‘ynagan kalit raqamidan tanib oldi. Porte1 ularning ikkovidan kalitlarini oldi, taxtaga ildi va ayol bilan xatlar haqida gaplashdi. Petrone razm solib, ayolning yoshgina va ko‘rimsiz ekanligi va shu yerlik ayollar kabi yaxshi kiyinmaganligini sezdi.
Uning taxminiga ko‘ra, qadama naqsh yetkazib beruvchilar bilan shartnoma tuzish uchun bir haftacha vaqt ketardi. Kechga borib u narsalarini olib, joyladi, qog‘ozlarini taxladi, vannaga tushdi va bir aylanib kelay, deb ko‘chaga chiqdi, so‘ngra idora tomonga yo‘l oldi. Qahvaxonadagi yengilgina mayxo‘rligu bir xonadondagi ziyofat bilan o‘tgan muzokaralar qoq yarim tunga qadar davom etdi. Uni otelga soat ikkilarda olib kelib tashlashdi. U azbaroyi charchaganidan birpasda dong qotib uxlab qoldi. Soat to‘qqiz deganda o‘rnidan turdi, ko‘zlaridan hali uyqu ketmagan daqiqalarda yarim kechasi uni qandaydir go‘dak yig‘isi bezovta qilganiga xayoli ketdi.
Ketishi oldidan birpas porte bilan gaplashdi (porte nemischa talaffuzda gapirardi), undan avtobus yo‘nalishlari hamda ko‘chalar nomlarini so‘rab olgach, nomeriga chiqadigan xollni loqayd ko‘zdan kechirdi. Uniki va qo‘shni nomer eshigi o‘rtasiga qo‘yilgan tagkursida Venera Milosskayaning g‘aribona nusxasi turardi. Sal nariroqda, hammayoqdagiday kreslo va jurnal stollari qo‘yilgan yon tomondan mehmonlarga mo‘ljallangan mo‘‘jazgina xonaga o‘tilardi. Odamlarning gangir-gungir ovozlari tingach, sukunat go‘yo hovuchlab sochilgan kul singari mebellar va pol kataklariga to‘kilib, singib ketardi. Lift sabrsizlik bilan qaldir-quldur qilar, xuddi shunday gazeta ham tajang shitirlar yoki gugurt «chirq» etib chaqilardi.
Yig‘ilish kechga borib tarqadi. Petrone 18 iyul ko‘chasi bo‘ylab sayr etdi, so‘ngra Mustaqillik maydonidagi qahvaxonada tamaddi qildi. Hamma ishlari ko‘ngildagiday ketmoqda, ehtimol, u o‘zi chamalaganiday, Argentinaga ertaroq qaytishi ham mumkin edi. U Argentinada chiqadigan gazeta va bir quti ingichka qora sigaralardan sotib oldi-da, otelga jo‘nadi. Otel yonidagi kinoteatrda ikkita tanish film ketayotgan ekan, ammo uning kino ko‘rish tugul, biron yoqqa borishga ham istagi bo‘lmadi. Boshqaruvchi u bilan so‘rashdi-da, yana choyshablar kerak emasmi, deb so‘radi. Ular gaplashib o‘tirdilar, chekishdilar va xayrlashdilar.
Petrone yotish oldidan yonida olib kelgan qog‘ozlarni tartibga soldi, keyin erinchoqlik bilan gazeta ko‘ra boshladi. Mehmonxona jimjitligi kishini ziq qilib yuborardi; ahyon-ahyon Soriano ko‘chasidan o‘tgan tramvaylar taraqa-turug‘i bir lahzaga ana shu jimlikni buzardi-yu, yana atrofga toshday og‘ir sukunat cho‘kardi. Petrone xotirjamgina, yo‘q, toqatsizlik bilan gazetani savatga uloqtirdi va loqayd ko‘zguga qaragancha yechindi. Ancha eskib qolgan ko‘zguli javon qo‘shni nomerga kiriladigan eshikni to‘sib turardi. Petrone bu eshikka ko‘zi tushib, nega uni oldinroq payqamaganiga hayron bo‘ldi. U shunda ushbu bino otel uchun mo‘ljallanmaganligini angladi: bunaqa oddiy mehmonxonalar uchun ilgari idora va xonadon bo‘lgan binolardan foydalaniladi. Ha, u qo‘ngan joy borki (u safarga ko‘p chiqardi), hammayoqda shunday berk eshiklar uchrardi, ba’zan eshiklar hech narsa bilan yashirilmagan, ba’zan esa javon, stol yoki kiyim ilgich bilan to‘silgan bo‘lardi, bu xuddi ko‘kraginimi, qorninimi qo‘llari bilan yashirgan ayol holatini eslatardi. Baribir yashirsang-yashirmasang, eshik joyida turar, javon ustidan qaqqayib ko‘rinib turardi. Qachonlardir shu eshikdan kirishgan, yopishgan, «tars» etkazib ochishgan, unga hayot bag‘ishlashgan, hozir ham uning tavaqalari devorga o‘xshamay, o‘zining eshik ekanligini bildirib turardi. Petrone ana shu eshik ortidan – boshqa javon qo‘yilgandir, deb faraz qildi, balki qo‘shni ayol ham ana shu eshik haqida o‘ylayotgandir, deb o‘yladi.
U horib-charchamagan bo‘lsa-da, dong qotib uxlab qoldi va shu yotishida uch soat uxladi, biroq yuragida qandaydir g‘ulg‘ula bilan biror noxush voqea yuz berganday uyg‘onib ketdi. Turib, chiroqni yokdi, soatga qaradi – ikki yarim bo‘libdi, yana chiroqni o‘chirdi. Shunda qo‘shni nomerda chaqaloq yig‘ladi.
Avvaliga hech nimaga tushunmadi, hattoki quvonib ham ketdi – demak, kecha unga bola yig‘isi tinchlik bermagan ekan-da. Hammasi ravshan, yanglishmabdi, endi bemalol uxlayversa bo‘ladi. Lekin shu payt xayoliga boshqa fikr keldi; Petrone asta o‘tirib oldi-da, chiroqni yoqmay, diqqat bilan quloq tutdi. Ha, yig‘i o‘sha yoqdan, eshik ortidan eshitilmokda edi. Yig‘i eshik tirqishlaridan o‘tib, karavot oyoqlariga kelib urilmoqda edi. Bu nimasi bo‘ldi? Uyoqda qanaqasiga bola bo‘lsin, boshqaruvchi aytdi-ku axir, o‘sha nomerda birgina ayol bor – uning ham kuni ishxonada o‘tadi. Balki ayol biror qarindoshiningmi yoki dugonasiningmi bolasini o‘zi bilan birga olib kelgandir... Kecha-chi? Hozir u kecha ham aynan shunday, go‘dak nolasidan boshqa hech bir narsaga o‘xshamaydigan yig‘ini eshitganligini angladi: go‘yo biror joyi og‘riyotganday, ingillagan, uzib-uzib, xo‘rsinib arzi dod qilgan go‘dak ovozi edi bu. Balki go‘dak bir necha oylik bo‘lgandir – odatda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar big‘illab yig‘lab, qotib qoladi. Petrone nima uchundir go‘dakni – albatta o‘g‘il bola deb, nochorgina, nimjon, arang qimirlaydigan, burishib-tirishgan chaqaloq deb tasavvur qildi. Mana, u kechalari zorlanadi, o‘zi kasal, birovning e’tiborini tortmaygina asta ingillaydi. Agar ana shu eshik bo‘lmaganida edi, bola haqida hech kim hech nimani bilmasdi – bolaning ohu nolasiga hech qanday yurak dosh berolmaydi, buni ta’riflab ham bo‘lmaydi.
Petrone nonushta qilib, sigara chekarkan, yana bolaga xayoli ketdi. Aloq-chaloq o‘tgan tunlar kunduzi ishlashga xalaqit beradi, yana-tag‘in yig‘i uni kechasi ikki marta uyg‘otib yubordi. Ikkinchi marta avvalgisidan battarroq bo‘ldi: ayolning – juda past, jo‘rttaga qilganday, aniq-tiniq ovozi – yanada xalaqit berdi. Go‘dak ovozi bir daqiqaga tindi, yana qisqa-qisqa ingroq rasmana achchiq arzi dodga aylandi. Yana ayol tushunarsiz so‘zlarni pichirladi, jismi-joni azobda bo‘lgan, hayot yo o‘lim talvasasida yotgan chaqalog‘ini bari onalar kabi obbolab, ovutdi, duo qildi, jonini qo‘ygin, deya Xudodan so‘radi.
«Hammasi joyida, ammo-lekin boshqaruvchi meni boplab laqillatibdi», deb o‘yladi Petrone xonadan chiqarkan. Bu yolg‘on uni azbaroyi g‘azablantirib yubordi, buni yashirib ham o‘tirmadi. Biroq boshqaruvchi hayratidan yoqa ushladi.
– Bola deysizmi? Yanglishmayapsizmikin. Mehmonxonamizda emizikli bolalar yo‘q. Yoningizdagi nomerda – yolg‘iz xonim turadi, men buni sizga aytgandim-ku axir.
Petrone darrov javob qaytarmadi. Bu ikki narsadan biri bo‘lishi mumkin: yo haftafahm boshqaruvchi nayrang qilyapti, yoki bu yerning akustikasi qo‘pol hazil qilib, u bilan o‘ynashyapti. Suhbatdoshi xuddi bularning bari uning ham g‘ashiga tekkanday, zimdan ko‘z qirini tashladi. «Ehtimol meni qo‘rqqanidan boshqa nomerga o‘tkazinglar, deb talab qilishga jur’at qilolmayapti, deb xayol qilayotgandir», – deb o‘yladi Petrone. Qat’iyan barini inkor qilib turishsa, gapingni ma’qullatishdan foyda yo‘q. Petrone yelkasini qisdi va gazeta so‘radi.
– Balki tushdir, – dedi u. Buni gapirishga, umuman, tushuntirib berishga to‘g‘ri kelgani unga yoqmadi.
Kabareda kishi o‘lguday xit bo‘lib, zerikdi, dasturxon atrofida o‘tirgan ikki mezbon mulozamati juda sust bo‘ldi, shu sababli Petrone charchadim, deya bahona qildi-yu, mehmonxona tomon ravona bo‘ldi. Shartnomaga ertasi kuni imzo chekadigan bo‘ldilar: umuman olganda, u ishlarini bitirdi.
Vestibyul shunday jimjit ediki, u o‘zi ham bilmagan holda oyoqlari uchida yurdi. Karavotda oqshomgi gazeta va uyidan jo‘natilgan maktub yotardi. U xotinining dastxatini tanidi.
Petrone uyquga yotishdan avval javonni va undan tepada turtib chiqib turgan eshikni uzoq ko‘zdan kechirdi. Agar javon ustiga ikkita chamadon ko‘yilsa, tamom, devor ko‘zdan yo‘qoladi, keyin ovozlar ham uncha eshitilmaydi. Bu paytda, avvalgiday, sukunat hukm suradi. Otel uyquga ketgandi; narsa-buyumlar ham, odamlar ham uyquda edi. Lekin ko‘ngli bezovta Petrone uchun bari nimagadir ishora qilganday – bu yerda qandaydir noxushlik borday, hamma ham uxlamayotganday, ana shu sukunat zamiridan nimanidir kutayotganday tuyulib ketdi. Ichidagi ta’rif qilib bo‘lmas qo‘rquv uyga ham, odamlarga ham ko‘chib o‘tayotganga o‘xshardi, ular ham o‘z nomerlarida biqinib, uxlamay o‘tiribdilar. Qanday tentaklik-a!
Soat uchda bola yig‘isini boshladi, Petrone bunga uncha ajablanmadi. U qaddini bir oz ko‘tardi, balki qorovulni chaqirsammikin, deb o‘yladi – bunaqa sharoitda uxlab bo‘lmasligiga u guvoh bo‘la qolsin. Bola asta yig‘lar, ovozi arang eshitilardi, goho bir oz jimib qolardi, biroq Petrone yig‘i hozir yana avjiga chiqishini bilardi. Oradan o‘n-o‘n ikki soniya imillab o‘tdi, bir on nimadir xir-xir qildi, keyin zaifgina chiy-chiy ovoz birdan quloqni teshib yuborguday big‘illadi.
Petrone chekdi va ayol chaqalog‘ini tebratib ovutsin, deb devorni asta chertsammikin, deb xayol ham qildi. Shunda birdan ayolga ham, boshqaruvchiga ham ishonolmasligini tushunib yetdi – ajablanarli tomoni shunda ediki, u boshqaruvchining aldaganiga ham ishonmasdi. Bolasini sabot bilan ovutib, asta koyigan ayol ovozi go‘dak yig‘isini bosib ketardi. Ayol chaqalog‘ini allalab, ovutmoqda edi, shunda Petrone uning karavotcha tepasida qanday o‘tirgani yoki belanchak tebratayotgani, yo bolasini qanday bag‘riga olayotganini tasavvur qildi. Lekin u boshqaruvchining ishontirib aytgan so‘zlari his-tuyg‘ular guvohligining ustun chiqishiga olib kelganligini sira aqliga sig‘dirolmayotgan edi. Vaqt o‘tmokda, go‘dak zorlanishi goh tinib, goh bu nola ayolning pichir-pichirini bosib ketmoqda edi. Petronening nazarida, bu – maynavozchilikka, bir o‘yinga, yovvoyilarcha bema’ni o‘yinga o‘xshab ketdi. Shunda u pana-panada qo‘g‘irchoq o‘ynaydigan befarzand ayollar, ularning jiyanlari yoki jonivorlarni yaxshi ko‘rib, shular bilan ovunishlaridan ko‘ra xatarli bo‘lgan, onalikni ixtiyor etgan, shunga intilgan, xayoliy, yolg‘ondakam onalik haqida eshitgan gaplari, mishmishlarni xotirladi. Ayolning o‘zi, o‘zginasi zorlanyapti, nola qilyapti, ingrayapti – bola esa yo‘q. U yo‘q bolani allalab, belanchak tebratyapti, u bo‘m-bo‘shliqni allayapti, chinakamiga ko‘zyosh to‘kyapti, axir shunday ayol riyokorlik qila olarmikin – uning ko‘nglida qayg‘u, bo‘m-bo‘sh xonada qayg‘u bo‘lsa, beparvo oqarib kelayotgan tongni qayg‘u bilan qarshi olsa...
Petrone chiroqni yoqdi – uxlayolmadi – keyin o‘yladi: nima qilsa bo‘ladi? Butunlay ruhi tushib ketdi, ana shu o‘yinga, soxtalikka ro‘baro‘ kelib ham ruhi tushmasinmi? Bu voqea ana shu tong otishi oldida ro‘y berdi, bu voqea haqiqat va ayni paytda toqat qilib bo‘lmas darajada yolg‘on edi. Buning tagiga yetish uchun devorni taqillatish kamlik qilardi. U hali uyqudan uyg‘onganicha yo‘q, garchand yaxshi uxlolmagan bo‘lsa-da, birdan astagina chang eshik qolib, javonni surayotganini payqadi.
U oyoq yalang, pijamada – xuddi mingoyoq kabi butun badani bilan eshikka qapishib oldi va chang bosib yotgan qarag‘ay og‘och tavaqalarga lablarini bosdi va xuddi anavi ko‘rinmas chaqaloq kabi chirillab yig‘lab yubordi. U yanada qattiqroq ho‘ngrab yig‘ladi, yig‘layverib, nafasi og‘ziga tiqildi, yig‘layverib qotib qoldi. Birdan bir lahza ichida shippaklarning sharaqlashi va bo‘rondan darak bergan, go‘yo tarang tor uzilgan kabi ayol kishining hayqirib yuborgan oniy faryodi qulog‘iga chalindi.
Soat o‘nlardan oshgach, porte yonidan o‘tdi. Bundan oldinroq, soat to‘qqizlarda u porte hamda yana bir ayolning ovozini eshitdi, yana allakim devor ortida narsalarni surdi. Hozir lift oldida safar qutisi va ikkita katta chamadonga ko‘zi tushdi. Boshqaruvchi, aniq dovdirab qoldi.
– Uyquga qondingizmi? – deb so‘radi u shunchaki xizmat yuzasidan, o‘zining e’tiborsizligini zo‘rg‘a yashirib.
Petrone yelkasini qisdi. Surishtirib, bilishining hojati yo‘q, baribir ertaga ketadi.
– Bugun tinch uxlaydigan bo‘ldingiz, – dedi boshqaruvchi narsalarga imo qilib, – qo‘shningiz bir soatdan keyin jo‘nab ketyapti.
Boshqaruvchi javob kutdi, shunda Petrone uni nigohi bilan ma’qulladi.
– Shu yerda tuppa-tuzuk yashab turuvdi, mana – ketyapti. Ayollarga tushunib bo‘lmaydi o‘zi.
– To‘g‘ri, – dedi Petrone. – Ularni tushunish qiyin.
Garchand u soppa-sog‘ bo‘lsa-da, ko‘chada chayqalib ketdi. U achchiq qahva ho‘plarkan, ishlarini unutib, yop-yorug‘ kunduzni ham sezmay, hamon o‘sha haqda o‘ylamoqda edi. Qo‘shni nomerdagi ayol uning, Petronening dastidan qo‘rquvdan talvasaga tushib, ketib qoldi. «Bu yerda tuppa-tuzuk yashab turuvdi...» Ehtimol kasaldir, ammo – beozor edi bechora. Ayol emas, uning o‘zi ketishi kerak edi aslida. Ayol bilan gaplashib ko‘rish, kechirim so‘rash, qolishga ko‘ndirish, birovga miq etmaslikka so‘z berish kerak. U orqasiga qaytdi, to‘xtadi. Yo‘q, bunday qilsa, telbalik bo‘ladi, ayol uning so‘zlarini to‘g‘ri tushunmaydi. Yana-tag‘in ishbilarmonlar bilan uchrashuvga boradigan vaqti ham bo‘ldi – ularni kuttirib qo‘yish noqulay. Battar bo‘lsin, bilganini qilmaydimi menga desa. Qip-qizil jinni. Boshqa otelni topadi-da, yo‘q chaqalog‘ini allalab o‘tiraveradi.
Tun yana uni azobga qo‘ydi, jimjitlikka-ku, toqat qilib bo‘lmadi. U qaytishida beixtiyor kalitlar taxtasiga qaradi, unda qo‘shni nomer kaliti ko‘rinmadi. To‘sig‘i ortida esnab o‘tirgan porte bilan birpas gaplashib, nomeriga keldi, uxlay olishiga uncha ko‘zi yetmay, stolga oqshomgi gazetalar va yangi detektiv kitobni qo‘ydi, chamadonini joyladi, qog‘ozlarini tartibga soldi. Havo issiq bo‘ldi, u derazani lang ochdi. Ozoda, sarishta to‘shak unga noqulay tuyuldi. Nihoyat atrofga sukut cho‘kdi, u tarashaday qotib uxlashi mumkin edi – lekin uxlolmadi: to‘shakda uyoqdan-buyoqqa ag‘darildi, osoyishtalik – o‘sha, o‘zi shunday ustomonlik bilan erishgan, shunday intiqom bilan qaytarib berilgan sukunat uni endi ezgandan ezmoqda edi! Achchiq, istehzoli ovoz qulog‘iga, go‘dak yig‘isisiz uxlay olmaysan ham, uyg‘onolmaysan ham, deya shivirladi. Yig‘i yetishmayotgan edi, oradan bir oz vaqt o‘tdi, u mixlab tashlangan eshik ortida zaif, qadrdon ovozni eshitdi, shunda qo‘rquv aralash, qochish istagiga hamohang – ayolning aldamaganligini angladi, chaqalog‘im nihoyat yig‘isini bas qilarmikin, deya bolasini allalab, ovutib, belanchagini tebratgan ayol haq bo‘lib chiqdi, ular – endi uxlab qoldilar.

Rus tilidan Ma’suma AHMEDOVA tarjimasi.


_______
* Mehmonxona shveytsari.

Tarjimondan


 «Argentinaning birinchi raqamli adibi» — XX asrning 60 -70 yillari jahonning nufuzli tanqidchilari mashhur yozuvchi Xulio Kortasarga shunday ta’rif bergan edilar. Bu baho hozir ham o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Yozuvchining «Imtihon», «Yutuq» kabi romanlari, «Ta’qibchi», «Manuelning kitobi» kabi qissalari, «Boshqa bir osmon», «Janubiy shosse», «Avtobus», «Iblis so‘lagi», «Istilo qilingan uy» kabi hikoyalari jahon adabiyotiga munosib ulush bo‘lib qo‘shildi. Xulio Kortasar (1914-1984) nasrning barcha janrlarida barakali ijod qildi. Aytish mumkinki, mohir hikoyanavis Kortasar hikoya janrida kashfiyot yasay oldi.
Biz e’tiboringizga havola etayotgan «Mixlab tashlangan eshik» hikoyasida usta ishbilarmon Petronening kechinmalari orqali insoniy muloqot ehtiyoji his qilinadi. Kortasar tilga olgan eshik ortida eshitilgan yig‘i, go‘dak ham, uni allayotgan ona ovozi ham – bularning bari boshqa bir inson, Petronening tungi «men»i, uning shaxsan yolg‘izligidir; o‘zi yop-yorug‘ kunduz kuni tan olmagan, anglab yetmagan beg‘araz, toza insoniy muloqotga, inson taftiga kuchli ehtiyoj sezishidir.
Xulio Kortasarning boshqa hikoyalari kabi «Mixlab tashlangan eshik» hikoyasi ham bizning hikoya janri haqidagi tasavvurimizni boyitadi, olam va odam haqida chuqurroq o‘ylashga, fikrlashga undaydi.

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.