Liza haftada bir marta qishloqqa, pochta qutisiga tushardi. Qishda eski, to‘mtoq, lekin hali mahkam chang‘isida yelib kelar, Ionning kemaday katta, obdon moylangan etiklarida ozg‘in, quruq oyoqlari suzib yurar, shu vajdan gazeta qog‘ozlarini unga tiqardi. Chang‘i tayoqchalariga suyanib, so‘qmoq bo‘ylab ucharkan, ortidan qor bulutlarini ko‘tarib, Qashqa tog‘laridan enayotgan afsungarga o‘xshab ketardi, botqoq do‘ngliklari suv bilan qoplangan kuzgi kezlarda ming mashaqqatda yo‘llarni paypaslab bosar, dag‘al etiklar ichida oyoqlari lo‘killab turardi.
Yozgi o‘tloq so‘qmoqlaridan sal cho‘kkan botqoq suvlari bo‘ylab dadil o‘tar, qishloqda paydo bo‘lib qolsa, odamlar derazalaridan mo‘ralab: “Mo‘‘jizaning o‘zginasi-ya, Liza hecham qarimaydi”, — deyishar, bolalarini yuborib, qahva ichishga taklif qilishar, bundan Liza ham xursand bo‘lardi.
U kirishimli edi, keksa ayolning yuzidagi jo‘g‘rofiya xaritasiga chizilganday kesik-kesik ajinlariga bolalar qiziqsinib tikilishar, hadik va hayajon o‘tida nozik barmoqlarida bo‘rtib turgan ko‘m-ko‘k tomirlari, terisini ushlab ko‘rishar, bu tomirlar filnikiday ko‘rinib qolgan suyaklari ostida bo‘linib-bo‘linib ketgan keng vodiylar, tog‘ tizmalariga o‘xshab ketardi.
Qishloqka olib boradigan tor so‘qmoqdan tushgan joyga uchta ustunga moviy, sarg‘ish va qizil pochta qutilari qoqilgan. O‘n yillar burun atrofdagi to‘siqlar buzilib ketgan, biroq davlat tamg‘asi bosilgan uchta ustundagi qutilar olib tashlanmagan.
Liza sarg‘ish qutining yoniga kelardi. Unga qachonlardir qora harflarda kichkina tog‘ qishlog‘ining nomi yozilgan, ammo allaqachon o‘chib ketgan. Qolaversa, bu ahamiyatsizday, chunki xat tashuvchi qishloq odamlarini yoddan bilardi. Endi u ham Lizaday qaridi.
Lizaning hayotida uchta muhim voqea ro‘y berdi: “Titanik” halokati, Yonning halok bo‘lishi va lotereya yutug‘i. So‘nggi voqealar xabarini pochtadan olar edi. “Titanik”dan tasodifan xabar topdi: uyiga shu xabar bosilgan gazeta bilan yo‘lovchi kirib keldi. Odatda, u gazeta o‘qimasdi, hozirgiday yolg‘iz qoyalarga urilib, parchalanib ketgan kema halokati uni shunday esankiratdiki, xotirasiga o‘rnashib, nimalarningdir ishoratiga aylandi. Xayolidan o‘chirib yuborolmadi. Bu dunyoda ro‘y bergan boshqa ko‘rgiliklar oldida hech gap emas edi. O‘sha yo‘lovchi Yonning otasi bo‘ldi. O‘rmondan ko‘plar qatori unikiga kirib keldi. Tong otgach, qahva, yotoqqa haq to‘ladi-yu, ketdi. Liza uni boshqa ko‘rmadi. Bu uning yagona xatosi edi. Yosh va go‘zal ekan, bunga yetarlicha e’tibor bermadi. Yoz tonglarining birida Yon tug‘ildi. Yonida hech kimi yo‘q, faqat o‘rmonda kakku kukulardi. O‘ziga kelgach, sigiri uchun o‘t o‘rib kelishga chiqib ketdi.
Yon ko‘zga yaqin bo‘lib o‘sdi, maktabga chikdi. Qobiliyatli, mexanikaga mehri oshdi, onasiga yordamlashardi. Yana bitta sigir sotib olishdi. Nemislar kirib kelganda bolalar bilan qishloq yo‘liga tushdi, nemis avtomobilini qo‘lga olishdi. Yonni shaharga tutash qishlokda o‘ldirib ketishdi. Nemislar radio eshitishni taqiqlashganda u bitta sigirini sotib, radio oldi, qolgan puliga — lotereya chiptasi. Chiptaga yutuq chiqdi. Liza pullarni yerto‘laga yashirib qo‘ydi. Har gal yerto‘lada pullarni qaytadan sanarkan, burchakka biqinganicha o‘g‘lining o‘lganini eslar, xonasiga kirib, radiodan dunyoda bo‘layotgan dahshatli voqealarni tinglar, xayoliga “Titanik” halokati kelardi.
Liza haftada bir marta pochta qutisiga kelib, xat kutardi. Uni kim ko‘rib qolsa, gaplashar, nima uchundir odamlar ayol oldida o‘zlarini aybdorday sezishar, tirnoqcha bo‘lsayam yordam bergisi kelardi. “Lizaning bir o‘zi yashashi yaxshi emas, unga bir kori-hol bo‘lib qolsa-chi?” deyishardi bir-biriga.
Liza bolalarning mitti qo‘llarini qarigan, kattiq qo‘llari orasiga qisgancha, birga uylariga kirardi. Bolalar uni yaxshi ko‘rishar edi, boshqa dunyodan kelib kolgan, deb bilishar, yuzidagi ajinlarni tomosha kilishar, hamma narsani biladi, deb ishonishardi.
Kattalar ham Liza bilan suhbatlashishni xush ko‘rishar, radiongiz bormi, deb ochiq aytishmasa-da, dunyoda nimalar bo‘layotganini bilishga qiziqishardi. Liza chindan ham ko‘p narsani bilar, eshitganlaridan ayrim tafsilotlarinigina emas, odatda, qariyalar shunday qilishadi, balki uzun-uzun shaharlar va qishloqlar nomlarini ham butunicha aytolardi. Xaritaga qushlar tumshug‘iday sarg‘aygan, bukchaygan barmoqlarini yurgizib, front chizig‘ini qaerdan o‘tganini ko‘rsatardi. Qishloqdagi ayrimlarda radio bo‘lsa-da, eshitganlarini aytishmas, aks holda, buning uchun jazo muqarrarligidan qo‘rqishardi. Odamlar turmush tashvishlari, yumushlaridan ortolmay, dunyoni unutib yashardi.
Lizaning esa o‘ylashga arzigulik ishlari yo‘qdek, sigiri, chog‘roqqina dalasini aytmasa. Dalasini odamlar haydab, ekib-tikib berishadi, o‘rmondan o‘tinlar keltirishadi. Liza qish g‘amida o‘tlarni o‘zi o‘rib, quritadi, o‘tinlarni yorib, taxlab ko‘yadi. U boshqalarning esida turmaydigan atamalarni yodlashga usta, dunyo yangiliklarini yetkazuvchi xabarchiday qishloqqa kirib kelardi. Odamlar olamdagi aql bovar qilmas voqealardan yoqa ushlar, tavba qilishardi.
Liza esa minglab qurbonlar, payhon etilgan dalalar, kuli ko‘kka sovurilgan shaharlardan so‘zlarkan, “Titanik” halokati yodiga tushar, kiprik qoqmay olislarga uzoq tikilardi. Uning nazarida millionlab qurbonlarni cho‘kib ketgan odamlar bilan qiyoslab bo‘lmasdi. Bu baxtsizlik uni o‘shandayoq shunday iztirobga soldiki, yuragida azob tomir otdi, o‘zi-da o‘sha ezg‘inlik ichida yashadi.
Shundan buyon eng og‘ir fojialar ham unga aloqador emasday, chet-chetlarda shunchaki ro‘y berayotgandek tuyulardi.
Kech tushdi, shamol qayinlarni tebratdi, barglar oynalarni silab o‘tdi. Radioni buradi, orkestr ohanglari uyni to‘ldirdi: Londonda uch yuzta odam Liza uchun kuy chalardi. Betxoven musiqasi toshqinday, sharsharaday chinni kuchukcha bezatib turgan shkaflar oralab, deraza raxlari bo‘ylab, uy gullaridan sirg‘alib, shiddat bilan oqdi.
U yana “Titanik” qayg‘usiga cho‘kdi, to‘ntarilgan palubani ko‘rdi, erkaklar, ayollar va bolalarning chinqiriqlarini eshitdi. Bu qo‘rqinchli tovushlar tunni parchalab, dengizga quyilardi. Dengizning muzli to‘lqinlari xonasida ham suzib yurganday yuragini moviy cheksizlikning sovuq nafasi to‘ldirdi. Musiqa tugadi, u uzoq o‘tirdi, so‘ng enkaygancha to‘qiy boshladi… Yonga.
Odamlar o‘rmonga ahyon-ahyon kelishar, odatdagidek, Lizanikida tunashardi. Qachonlardir bu u uchun pul topish zarurati edi, qahva va yotoqqa pul to‘lashardi. Biroq hozir urush, odamlar uncha-munchaga o‘rmonga chiqishmaydi, o‘tib qolishsa ham uning uyiga birrov ko‘z tashlab o‘tishadi. Ba’zan Lizaning uyiga yetmaslaridanoq radio tovushini ilg‘ashar, qorong‘ilik, tun, shomda uzoq-uzoqda miltillab turgan olovdan ko‘z uzolmasdilar. U oynalarni qalin pardalar bilan qoplamas, yarim tungacha simfoniyalar bag‘riga singib ketardi. Chet tillardagi xabarlarni tushunmagani uchundir ular yanada vahima va sirli tuyulardi. Odamlar tosh qotib, uning uyidan kelayotgan dunyo tovushiga quloq tutar, hech qachon hech kimga churq etishmasdi. Liza o‘g‘li o‘lgach, aqldan ozgan, deb o‘ylashardi.
Bir kuni u ham uy yonidan o‘tib ketdi, bir oyog‘ini sudrab bosardi — Liza tanidi. U yo‘l bosib tolikkan mehmonning peshonasiga tushib turgan qalin sochlarini ko‘rdi, meni tanirmikan, degan o‘yga bordi. Qahva tayyorladi, u eski stol atrofida o‘tirib, ichib bo‘lguncha, Liza ichkari xonada o‘rin soldi. O‘shandagiday ochiq eshik orasida gaplashishdi. Bu o‘ttiz yil oldingi vokea edi. Liza yetmishni qoraladi. Qishloqdagilar uni qariyalar uyiga yuborish kerakmikan, deb mulohaza qilishdi. Lekin bu haqda eshitishni ham istamadi.
Mehmon qahvani ho‘plarkan, urush va o‘zi haqida bir oz so‘z ochdi. U tikuv mashinalarini tuzatardi, ha, Liza buni ham esladi. Qishloqma-qishloq yurib, ish haqlarini yig‘ardi. Tikuv mashinalari uchun nimalardir ixtiro qilmoqchi ham bo‘ldi-yu, bundan ish chiqmadi. O‘sha payt hamon Lizaning yodida. Agar ozgina puli bo‘lganda ishlari yurisharmidi, yaxshi bo‘larmidi… Vaqt yetmaydi, ha, vaqt. Liza bularni o‘shanda ham tushunolmasdi. U xonada yostiqlarining so‘kilib ketgan joylaridan chiqib turgan poxollarni olib tashlar, bugun kim kelishini bilganimda yangi poxollar solib qo‘yardim, derdi o‘zi o‘ziga. “Fikrni bir joyga to‘plab olishga vaqt yetmaydi”.
“Fikrni jamlamoq”. Eng muhimi — shu. Liza bu so‘zni ko‘p esladi, ma’nosini keyinroq angladi. Oshxonaga qaytdi, mehmonning kelbatli yelkalariga ko‘z yugurtirdi, stol ustida chiroq yonib turar, u o‘shanda ham shu ko‘yi o‘tirardi. Yigirma yetti yoshida yigit ketgan Yonning o‘lganiga ham ikki yil bo‘libdi…
— …La’nati nemislar, — dedi mehmon. U qiynalib-qiynalib toshday buterbrodlarni chaynarkan, bor omadsizligini ular ustiga ag‘darardi. Liza pechka yonida turib, unga yana qahva quydi. — Yil ortidan yil o‘tadi, eski tikuv mashinalari orasida odamlardan haqini terib, umring oqadi. Bugun bekorchilikdanmi, o‘rmon oralab yurgim keldi…
Liza pechkaga o‘t qaladi, tashqarida sovuq, izg‘irin. U bu haqda ilk bor xayolga berildi: qishlokdagilar qariyalar uyiga borsang, ma’qul bo‘lardi, deyishdi. Uyiga qo‘qqisdan mehmon kelib qolsa, radiosi borligi uchun javob berishga majbur. Xayolida bir so‘z chaqnadi: u ham esladimi? O‘rmonda turli odamlar uchraydi, to‘g‘ri kelgan joyda istaganlarini qilishadi. Balki u ham shundaylardandir yoki chindan ham hech nimani eslolmas…
Liza radioni buradi, lekin qisqa to‘lqinlarni ushlay olmadi, mehmon apparatni oldi-da, chiroq yorug‘ida nimalarnidir izlashga tushdi. Ayol uning ozg‘in qo‘llari, nozik barmoqlariga tikildi. Shu qo‘llar unga juda yoqar, o‘ziga rom etgan, shuning uchun ham unutolmagandir…
Liza apparatdagi ko‘z ilg‘amas simlarni boshkarayotgan qo‘llardan ko‘z uzolmasdi. Mehmon ishini tugatdi, radioni yoqdi. Ikkalasi yonma-yon o‘tirib, dunyo xabarlari — kulfatlar, musibatlar, voqealarni tinglashdi. “Ha, — o‘yladi Liza, — uning qo‘lidan hamma ish keladi.” Yana “Titanik” halokatini esladi. Ko‘z oldida qiyshayib ketgan ulkan kema zulmatga cho‘kib ketdi, dengiz olovni yutib yubordi. Musiqa yangradi, ayozli tunda dengizga cho‘kayotgan odamlar qichqiriqlarini eshitdi. Birdan birinchi bor uzoq yillardan buyon unutib qo‘ygan xotirjamlikni tuydi.
* * *
Ertalab mehmon qahva va yotoq uchun haq to‘ladi. Liza unga qutini tutdi. Ayol tong otmasdanoq yerto‘laga tushib, pullarini so‘nggi bora sanadi. Yon o‘ldi. Avvaliga u hech nima olgisi kelmadi, biroq oldi. Liza u ko‘zdan yo‘qolguncha qo‘lida qutini ushlab, qanday ketayotganini jimgina kuzatdi. U bir oyog‘ini sudrab borar, oqsoqlanishi oldinlari bu qadar bilinmasdi. Nihoyat, changalzorga kirib ketdi. Yomg‘ir shivalar, Lizani yana o‘ylar chirmab oldi: uni esladimikan? Liza buni undan so‘ramadi. Tuni bo‘yi “Titanik”, urushlar, Yon xayolidan ketmadi, uxlolmadi, yaxshiyam, radiosi sozlandi.
Liza tosh darchadan uyga kirdi, paqirni olib, og‘ilxonaga yo‘naldi. U Lizaga “fikrlarini bir joyga jamlab” ish boshlasa, xat yozishga so‘z berdi. Ayol har hafta qishloqqa tushib, sarg‘ish qutidan maktub axtaradi, ko‘ngli yengil tortadi. Yo‘lda chiqib qolganlar bilan suhbatlashadi. U bu kutish, qariyalar uyi, posbon, dunyo musibatlarini unutish, Yon sog‘inchiga bas kela oladigan kuch, panoh ekanligini his etdi. Kechqurunlari radio yonida o‘tirib, nelardir to‘qirdi. O‘g‘li ham, eri ham urushda bo‘ldi. Ikkalasining ham qo‘llari chayir, mohir, har qanday ishni uddalardi.
Qishloq yo‘li bo‘yida ustunlarga qoqilgan pochta qutilari yonida Liza kutish har qanday balolardan asraguvchi kuch ekanligini tuydi. “Titanik” halokatini hanuzgacha unutib-unutolmayotganini sezdi. Jahonda ulkan baxtsizliklar shu qadar ko‘pki, barini o‘lchab bo‘lmaydi. Bular — uning ham hayotidagi eng katta voqealar…
Liza har safar bo‘m-bo‘sh pochta qutisiga ko‘z tashlarkan, borlig‘ini yana kutish va baxt hissi chulg‘ardi.
Ruschadan Oygul Suyundiqova tarjimasi