Gul Pocho Mir Said Pocho o‘g‘li (adabiy taxallusi Ulfat) afg‘on adabiyotining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, iste’dodli yozuvchi, shoir, olim va taniqli davlat arbobidir. U 1909 yilda Nangrahor (Sharhiy) viloyatining Lagmon degan joyida ruhoniy oilasida dunyoga kelgan.
Uning ijodiy faoliyati asrimizning 30-yillaridan boshlanadi. U dastlab «Anis» gazetasida kotib vazifasida, keyin Kobulda ta’sis etilgan «Adabiy anjuman»ning ta’lim va tarjima bo‘limida, pashto‘ tilini tarqatishda katta xizmat ko‘rsatgan «Zeray» gazetasida ishladi. Ulfat 1937 yili mart oyida tashkil qilingan «Pashto‘ to‘lina» (Afg‘on akademiyasi) ning lug‘at va grammatika bo‘limiga mudirlik qildi va 1941 yili «Isloh» gazetasi hamda «Kobul» jurnalida redaktor bo‘lib ishladi.
1949 va 1952 yillarda Afg‘oniston parlamentiga deputat qilib saylandi. Shu yillarda Ulfat o‘zining «Ulus» nomli shaxsiy gazetasini nashr qildi. 1956 yildan 1963 yilga qadar «Pashto‘ to‘lina»ga prezident bo‘lib turdi.
Gul Pocho Ulfatning «Bahor taronasi», «Yoniq chiroq», «Ozodlik payg‘omi», «Tanlangan she’rlar» kabi she’riy to‘plamlari, «Tanlangan nasr», «Yangi uslub» kabi prozaik to‘plamlari, «Adabiy bahslar», «Mantiq», «Milliy qahramon Xushholxon Xattak» kabi ilmiy monografiyalari va pashto‘ tili va adabiyotiga oid o‘nlab ilmiy maqolalari, chet el adabiyoti namunalaridan pashto‘ tiliga qilingan tarjimalari afg‘on kitobxonlari tomonidan zo‘r qiziqish bilan o‘qilgan.
Uning «Begunoh mahbus», «Hayot sozi», «Ajib inson», «Dono maslahat», «Kelgusi kun», «Ey, zindonchi» kabi hikoyalari, «Men shundayman», «Juldur kiyingan sohibjamol» (1970) va boshqa she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
RUBOIYLAR
Yaxshi odam bo‘lsa yomonga ulfat,
O‘shal davraga mos kasb etar odat.
Insoniy fazilat o‘rnini asta
Egallay boshlaydi hayvoniy xislat.
***
Der qirg‘oqda yotgan bir siniq sopol:
Men loy edim, ko‘za yasadi kulol.
Bir go‘dak tosh urib sindirdi, meni
Ko‘tarib kelardi bir sohibjamol.
***
Baliq der: hayotning boshi daryoda,
Samandar der: borliq — o‘tla ifoda.
Qushlar der: tiriklik faqat havoga,
Haqiqat bormikin, do‘stlar, dunyoda.
***
Atrofda sukunat edi hukmron,
Hatto go‘daklar ham qilmasdi suron.
Nogoh bir devona paydo bo‘ldi-yu
Shodlik va xandaga to‘ldi har tomon.
***
To‘ti so‘ylasa ham qanchalik biyron,
Odam emasligi barchaga ayon.
Odamning odamlik fazli bo‘lmasa
So‘zlashiga qarab sanama inson.
***
Shamda yonmas esa, parvonami ul,
Gul deb o‘rtanmasa, ul nechuk bulbul?
Bir siniq ko‘ngilni ko‘rib o‘zi ham
Shikasta bo‘lmasa, u qanday ko‘ngil?
***
Kulfatdan qo‘rqmagay sabrli odam,
Boladek besabab sevinmagay ham.
Sabrsiz kishining bo‘lmas me’yori
Shodmon bo‘lganda ham, chekkanda ham g‘am.
***
Qaynar ko‘zgu kabi musaffo chashma,
Ko‘zalar so‘zlashar. Biri der: oshna,
Biz-ku suv ichamiz chanqamasak ham,
Qandoq bo‘lur ekan suv ichsa tashna.
***
Yurak kulbasida yashar muhabbat,
Boshni makon etmish aql va fikrat.
Baland qasrlardan aql izla-yu
Va lekin muhabbat izlama faqat.
***
Gul rangin maqtaydi bulbul doimo,
Gul bo‘yin ardoqlar tong esgan sabo.
Rangu bo‘y savdosi tushib bo‘ldilar:
Sabo sargardonu bulbul sernavo.
***
Oftobning nurida hayot gavhari,
Oyning shu’lasida surur nazari.
Shu ikki nur ila mavjuddir olam,
Bor uning tunu kun, shomu sahari.
***
Olamda fikratsiz kim qilsa nekor
Jonini xor qilur, fikratni bekor.
Agar ayru tushsa fikrat va amal,
Bo‘lur har ikkiei albatta abgor.
***
Ming yillar tubida hayot nishoni,
Tug‘ilar, tark etar vujud dunyoni.
Bilmaymiz, ibtido, intiho qayda
Biz ko‘rib bor deymiz falak davroni.
***
Jahonda har zarra sevgiga hamdam,
Ishq dostonin so‘ylar siniq sopol ham,
Oshiqlar roz aytgan daryo bo‘yida
Necha ko‘za sinib topmadi barham.
***
Gul bargi bulbulga oshiyon bo‘ldi
Shoirlik bulbulda namoyon bo‘ldi.
Gullarning g‘unchasi dositon bo‘ldi,
Baytu g‘azallarga dilu jon bo‘ldi.
***
Buyuk podishohlar — Mahmud, Shoh Jahon
Muhabbat daftarin ochdilar pinhon
Oy yuzli dilbarlar ishqi oldida
Hech bir martaba yo‘q, teng barcha inson.
***
To‘lin oyga boqar shoir intizor,
Guldan bahra istar nasimi bahor.
Bular tama’ emas, shodlik istagi,
Do‘stlikdan hosil shu, Ulfat shunga zor.
***
Shahar bo‘lmish edi xarob, vayrona,
Devorga qo‘nmishdi boyqush yagona.
Ul aytar edikim, buzuq bu devor
Edi mohir me’mor tiklagan xona.
***
Xushbo‘y uchgan kabi bog‘i safodan,
Oq bug‘ ko‘tarilgan kabi daryodan.
Jismimiz aylanib xoki turbatga
Ko‘kka g‘uborimiz uchar sahrodan.
***
Yuz ochib kuldiyu so‘yladi nahor:
Jahonda shundayin qonun ustivor,
Zaif oy o‘rnini olgandek oftob,
Qudrat doim g‘olib, ojizlik nochor.
***
Sahrodagi guldek o‘saman tanho,
Hech kimsa men bilan qiziqmas aslo.
Go‘zallik ko‘rmaydi hech kimsa menda,
Xursandman gar inson boqsa bir qiyo.
***
Aql o‘lmas bo‘lsa agar, u tobda
Insonga donolik yo‘qdir kitobda.
Bilim — ziyraklik, ey toat bandasi,
Bekor o‘ltiribsan cho‘kib mehrobda.
***
Sabrning ma’nosi nedir dunyoda?
Faryod chekmaslikmi kulfat baloda?
Yo farzand o‘lganda yulmaslikmi soch?
Sabrning ma’nosi asli — iroda.
***
Zahmatdan qo‘rqmagay sabrli odam,
Boladek besabab sevinmas har dam.
Sabrsiz kishining bo‘lmas me’yori —
Qahru g‘azabda ham, shodmonlikda ham.
***
Asli hayotda ham shunday bo‘lar goh,
Komron tashnadan bo‘lmagay ogoh.
Ko‘zadek semirgan, serob bo‘lganlar.
G‘arib holini ne bilsin, e voh!
***
Qalblar tutashganda paydo muhabbat
Sevgi tug‘dirolmas mol ila davlat.
Muhabbatsiz ehson ehsondir faqat,
Ishq paydo qilolmas bundoq muruvvat.
***
Chin do‘st topa olmas ul kimsa o‘zga —
Tilda o‘zi, bo‘lsa dilida o‘zga.
Yurak otashida yashar muhabbat,
Ul na kaftga sig‘ar va na og‘izga.
***
Yangi in quradi qaldirg‘och — oyim,
Bulbulni to‘yg‘izar gulga xudoyim.
Navbahor olamni yangilar, ey do‘st,
Zamona o‘zgarib turadi doim.
***
Hayot tomchilarin yubordi osmon
Turfa xil chechaklar urdilar javlon.
So‘ng barglarni yuldi kuz shamollari...
Shu taxlit aylanur hayot va zamon.
Erkin Vohidov tarjimalari