OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xushholxon Xattak (1613-1691)

Xushholxon Xattak 1022 hijriy (ya’ni melodiy 1613) yilda Peshovarning sharqida joylashgan Akora degan joyda tug‘ildi. Xushholxonning otasi Shahbozxon o‘sha vaqtda 22 yoshda bo‘lib, boburiylardan Shoh Jahon xizmatida edi.
Xushholxon bolaligidayoq o‘zining katta iste’dod egasi ekanligini namoyish qildi. O‘z davridagi ilmlarni qunt bilan o‘rganib chiqdi. Xon oilasidagi tarbiyaga ko‘ra, bo‘lg‘usi sarkarda va shoir Xushholxon avvalo harbiy mashg‘ulotlar: chavandozlik, kurash va ov qilish kabi hunarlarni o‘rgandi. Balog‘atga yetgach, Xushholxon arab, fors va hind tilidagi ilmiy va adabiy kitoblarni mutolaa qiladi. 16 yoshidanoq she’r ijod qila boshlaydi. Bu she’rlarida uning o‘z zamonasidagi ko‘pgina fanlardan xabardor ekanligi ko‘rinib turadi. U falsafa, biologiya, astronomiya, kimyo, farmakologiya, sotsiologiya, harbiy texnika va strategiya kabi ilmlarni chuqur o‘rganib chiqkan. Ota-bobolari singari Xushxolxon xam Xattaklar xoni sifatida 1641 yildan boshlab Boburiylar xizmatini o‘tay boshladi. San’at va she’riyatni juda yaxshi qadrlagan Shoh Jahon Xushholxon Xattakning harbiy talanti va she’riyat sohaeidagi mahoratini yuqori baholab, uni «jang maydonining sheri va qalam sohibi» deb ataydi.
Ammo, Avrangzeb davriga kelib, Xushholxon boshchilik qilayotgan Xattaklar xonligi va boshqa afg‘on qabilalari Boburiylar hukmronligiga qarshi chiqa boshladilar. Avrangzeb Xushholxonning afg‘on qabilalarini birlashtirib, o‘ziga qarshi kurashga otlantirish niyatida ekanligini sezgach, o‘zining Peshovardagi hokimiga Xushholxonni ushlab, Dehliga keltirishni buyuradi.
Xushholxon besh yildan ortiq qamoqda va ta’qib ostida saqlanadn. Zindondan qutulgach, Xushholxon umrining oxirigacha afg‘on qabilalarining milliy-ozodlik kurashiga boshchilik qildi. Afg‘on xalqiga o‘zining o‘tkir, ta’sirchan she’rlari bilan ma’naviy ozuqa berdi. Shuning uchun ham afg‘onlar Xushholxonni milliy qahramon, zabardast shoir sifatida hozir ham zo‘r hurmat bilan tilga oladilar. Chunki Xushholxon afg‘on adabiyoti xazinasiga munosib hissa qo‘shgan talantli shoirgina bo‘lib qolmay, balki XVII asr afg‘on xalhi tarixida chuqur iz qoldirgan ajoyib sarkarda ham edi.
Shoir afg‘on klassik poeziyasiga aruzni joriy etib, 40000 baytdan iborat devon yaratdiki, undagi g‘azallar, qasidalar, ruboiylar, qit’alar, muxammaslar, musaddaslar, masnaviylar, tarji’bandlar o‘zining go‘zalligi va teran fikrliligi bilan hozirgi zamon she’riyat muxlislarini ham maftun etib kelmoqda,
Sharqshunos olimlarning aytishicha, Xushholxon 100 tomdan ortiq asar yaratgan bo‘lib, bulardan mashhurlari «Dastornoma», «Boznoma», «Tibnoma», «Faraxnoma» va boshqalardir.
Xushholxon Xattak 78 yil umr ko‘rdi. U 1100 yili (hijriy) rabi-ul-avval oyining 28-kuni, ya’ni 1691 yilda vafot etdi.

G‘AZALLAR

Ey mug‘anniy, kel, qo‘shiq aytib chalib bergin rubob,
Yangi-yangi na’malardan qil hikoyat bobma-bob.

Xonaqohni mayli manzil aylasin ul shayxlar,
Hadya qil menga bahoriy gul bilan salqin gulob.

Ul gadolarkim qorin qayg‘usida kun o‘tkarur,
Podshohlar mamlakat ahvolidan bergay hisob.

Shohlarning qasrida ham shod, ham noshodmen —
Kim birov shukr etsa unda, o‘zgasin holi xarob.

Unda axtarma vafo birla karamni, ahli ishq —
Kim, jafo otashlaridan bo‘lg‘usi bag‘ri kabob.

Boda ichgaylar mudom shodlik bilan yo g‘am bilan,
Chunki bunda oshkoro sotilur yolg‘iz sharob.

Bahramand bo‘lmoq go‘zallar husnidan ermish gunoh,
Unda, Xushhol, sen butun umringni bilgaysan sarob.

* * *

Tun yarmida kulbam sari keldi pari paykar,
Xushbu nafasidin sochilib mushk ila anbar.

Zar ko‘ylagi, kamzullari egniga yaroshib,
Boshdin to oyoq, nuri tajalliyki, sarosar.

Oq chehrada iffatli safo barq urar erdi,
Tundek qaro kokillari ham zulmatu kofar.

Chun erdi go‘zal husnu jamoli bila sarmast,
Ham boda ichar, ho‘llarida lim to‘la sog‘ar.

Sho‘xu shirin kayfdan o‘zin ham taniy olmas,
Ziynatlari ham yoqutu la’l — jonga sitamgar.

Bexosda uchib jannati bu uyqu ko‘zimdan,
Aytdim o‘zima: «Hurmi, bashar bo‘ldi bu dilbar?»

Ul bo‘lsa turar menga qilib noz, ro‘paramda,
Ko‘zlarda karashma tig‘i ham kiprigi xanjar.

So‘zlardi menga: «Bil, bu jahon xo‘blaridanman,
Xo‘blar ichida bormi menga, aytchi, barobar?

Ko‘pdir menga bu yer yuzida oshig‘u shaydo,
Iqboli kular, bo‘lsam agar kimga muyassar».

To subhu sahar chog‘igacha bo‘ldi yonimda,
Xushholni behol ayladi da, ketdi u dilbar.

* * *

Bo‘libman bu olam koriga hayron,
Ko‘plar nafs yo‘lida emishlar qurbon.

Shunday xudbinliklar qilishar gohi,
Saboq olsa arzir ulardan shayton.

Bu yo‘lda Qur’onni etmishlar qurol,
Bu ishlar qaydayu, qaydadir Qur’on.

Dononi qaerdan izlab topay men,
Ular kimyo bo‘lib, ko‘paymish nodon.

Yaxshi odam misli la’lu yoqutdir,
Nokaslar tog‘dagi xuddi yush xirmon.

Yaxshilar ko‘p ermish o‘zga ellarda,
Ammo yalchimadi yaxshiga afg‘on.

Bu haqda ko‘p aytdim afg‘on eliga,
Quloq osmadilar so‘zimga bir on.

Yaxshilikdan ular olis emasdir,
Ammo ittifoq yo‘q, shu dilda armon.

Bahlul va Shershohlar ibrat emasmu,
Ularning izmida bo‘ldi Hindiston.

Ular ko‘p asrlar shohlik qildilar,
Donoliklaridan so‘zlaymiz hamon.

Birlikka bosh qo‘shsa afgon ulusi,
Xushholning dardlari topgaydi darmon.

* * *

Rost, mayxo‘rman, ayo shayx, men bilan ko‘p qilma jang,
Baxtli erdim gar o‘zingga sen meni o‘xshatmasang.

So‘zla, so‘zla, so‘zlaringga barcha qoil, voizo,
Qayda ko‘p so‘zlash bilan daryo suviga kirdi rang?

Xilvatimda, behuda, naf’u zarardin urma lof,
Gar qo‘lingdan kelsa dunyo bo‘lmagaydi senga tang.

Barcha mazhablar aro dil dardiga darddoshman,
Ammo sen bilganlaring — afsonalardir rang-barang.

Mutribo, sozing olib, navro‘z surudin boshlagil,
Xonish aylab, bu ko‘ngilga so‘zlasin nay birla chang.

Har taraf nargis-la sunbul, lolalardan zebnok,
Ya’ni, Xushhol, ko‘nglimizga navbahor solmish jarang.

Jumaniyoz Jabborov tarjimalari

RUBOIYLAR

Tutunning neligi ma’lumdir senga,
Agarchi yaratmish uni alanga,
Ammo o‘t bo‘la olmas, yona olmas ul,
Havo ko‘tarmasa uni balandga.

* * *

To‘g‘ri yo‘lga solur odamzodni pand
Pand sirin anglatur elga donishmand.
Hammaga ayonkim yaralmish azal —
Inson uchun pandu xayvon uchun band.

* * *

Xislatlar ichra soz adolat, insof
Yaxshi-yu yomonga ayla dilni sof.
Kim tishing sindirsa, tishini sindir,
Uzr istasa, etgil dandonin maof.

* * *

Sevgidan xabarsiz bo‘lsa gar inson
Sevmoq unga aslo bo‘lmagay oson.
Umr sanamagil yorsiz umrni,
Yuraging qon bo‘lur, ranging za’faron.

* * *

Mag‘rurlanma, odam, bo‘lsang-da sulton,
Zabun bo‘lma taqdir aylasa cho‘pon,
Charx falak ishlari shunday bebaqo,
Yangi naqshlar qilar har yangi davron.

* * *

Agar bir kimsaga bersayu yordam,
So‘ngra minnat qilsa nomard ul odam.
Nomard dorusini olib ichmagin
Erta azob chekib o‘lar bo‘lsang ham.

* * *

Donish so‘zin olib, tilingni tiygil,
Jahling kelsa g‘olib, tilingni tiygil,
Jonu jahon ketar, ham imon ketar
Yomon tildan holib, tilingni tiygil,

* * *

O‘z kadrini bilgan bo‘ladi farzand,
Otaning so‘zini aylasa pisand.
Ajdodlari sha’nin ko‘targan o‘g‘lon
Bilki, o‘z nomin ham ko‘tarur baland.

* * *

Kishi g‘ayrat ila davlat topg‘usi,
Sha’nin ardoqlasa, izzat topg‘usi.
Bul ikki narsadur bir-biriga esh,
Kimki mehnat qilsa, rohat topg‘usi.

* * *

Agar kishi bo‘lsa badfe’l, badbunyod,
Unga yo‘ldosh bo‘lur har ishda fasod.
Yaxshilik ko‘yidan bo‘lgay bexabar,
Yomonlik fanida ul komil ustod.

* * *

Pandu nasihatni tinglagay oqil.
Sen ham nasihatni tinglaganga qil.
Mening pandim shulki, kim o‘z kosasin
Sindirsa, o‘zgaga muhtoj bo‘lur, bil.

* * *

Qay dilga oshino bo‘lsa muhabbat,
O‘lsa ham tirik deb hisobla albat.
Dunyodan o‘tdilar Farhodu Majnun
Lekin ular nomi dillarda abad.

* * *

O‘g‘lon, sen ilmni qil doim e’zoz
Aqlu farosatga ilmdir ustoz.
Meva bermaydigan ulkan daraxtdan
Kichkina bo‘lsa ham mevaligi soz.

* * *

Gulzor yaratadi do‘stlik, ittifoq,
Tikanzor yaratar kin ila nifoq.
Tikandan bahramand faqat xorkashlar,
Oqilu hushyorlar gulzorga mushtoq.

* * *

Kimningki fazli yo‘q, ammo go‘zaldir —
Ichi bo‘sh munaqqash chinni ko‘zadir.
Bo‘sh idish foydasiz oltin bo‘lsa ham,
Sopol ko‘za husni totli bo‘zadir.

* * *

Mevaxo‘rlik qilar bog‘da to‘rtovlon,
Bir meva shirindir, birisi nordon.
Dedilar: achiq ham kerak dunyoda,
Yo‘qsa shirin qadrin bilmasdi inson.

* * *

Ikki narsa kerak vujud uchun, bil,
Birinchisi dildir, ikkinchisi til.
Dilni sen mehr ila shafqatga to‘ldir,
Tilni haqiqatning o‘tkir tig‘i qil.

* * *

Sochim oq, ko‘ngilda va lekin surur,
Soqol oq, yuzimda bu oqliqdan nur.
Yoshlikning ketganin angladim faqat
Ko‘z birla tishlardan ketganda futur.

* * *

Qo‘lingda kam bo‘lsa birorta barmoq
Qolgan barmoqlarning holi ham chatoq.
To‘rt barmoq musht emas gar oqil esang —
O‘zing fahm etursan nedir ittifoq.

* * *

Filning sher bilan jang qilishi oson,
Ammo tildan kelgan ofatdir yomon.
Har kim o‘z tiliga farmon qilolsa,
Uni Rustam degil ham dono Luqmon.

* * *

Yurt tuprog‘i mushki anbardin a’lo,
Yoqqan qori issiq suvdek jonfizo.
Yurak, sen bamisli daryodagi xas,
Qayon eltmoqdadir seni bu daryo?

* * *

Olamda yo‘qlik bor, zeridaslik bor,
Olihimmatlik bor hamda pastlik bor.
Va lekin dunyoda bor tubanlikdan
Tubanroq bir xislat — xudparastlik bor.

* * *

Barchaga ko‘ngildan chin hayrixoh bo‘l,
Yo‘lin yo‘qotganga yo‘ldosh, panoh bo‘l.
Saxiy bo‘l, toj-taxting bo‘lmasa hamki,
Himmat, muruvvatdan sen podishoh bo‘l.

* * *

Farzanding gar yiroq bo‘lsa hunardin,
Farqi yo‘qdir uning hayvondin, xardin
Molu davlatingga bino qo‘yma hech,
Hunar ming bor afzal zo‘r ila zardin.

* * *

Daraxt ma’lum bo‘lar berganda samar,
Yo achchiq bo‘ladi yo shirin-shakar.
Farzand ham daraxtga o‘xtar yetilib
Bo‘lar yo oqilu va yo badhunar.

Erkin Vohidov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.