Abdulfath Bustiy - O‘rta osiyolik arabnavis shoir
1
O‘zgaroqdir o‘zga kunlardan bu kun,
Bir-birin quchmish bulutlar birla shom.
Ursa chaqmoq xuddi oshiq qalb bo‘lib,
Zil bulut ko‘z yoshi hech bo‘lmas tamom.
Yer yuzi majnun yonog‘in eslatar
Unda ko‘z yosh seli aylarkan davom.
To‘rtta istak aylasin ko‘nglingni band,
Yaxshi kun mazmuni shundandir mudom:
Do‘st yuzi, ayvonda go‘zal manzara,
Shod mug‘anniy, ham sharob to‘lgan bu jom.
2
Ey saidim, ul kitobingdan yozilmish g‘am bu on,
To‘ldi xursandlik va shodlik nuriga olam bu on.
Sehri bor erkan kitobning, sehri xursandlik erur,
Shul sabab g‘amdan qutulgay u bilan hamdam bu on.
Ko‘p latif mazmun va ma’nolar bilan bo‘lgay nikoh,
Qancha lafzu qancha so‘zlar bo‘lsa unda jam bu on.
Shishai asbob ichinda xuddi jo‘shganday sharob,
Bir mijozli tanda ruhday shod kezar ul ham bu on.
3
Mabodo rostakamdan bo‘lsa jannat,
Bu dunyo jannati — beshak Samarqand.
Uni Balx birla taqqos etma aslo,
Etilmas hech qiyos xantal bilan qand.
Husniddin Sharipov tarjimasi