Abu Sulaymon Hattobiy - O‘rta osiyolik arabnavis shoir
1
Ko‘ngil der: «Koshki sahrodan uchib kelgan shu bir xurram
Va sayrab to‘ymagan oddiy, qiyossiz qush bo‘lib qolsam...»
Shamol qiynaydi, tahqirlaydi bog‘ning shoxlarin tinmay,
U qush chayqalgan ul shox uzra soz aytar turib mahkam.
Agar och qolsa, u tuproq titar ohista don izlab,
Mabodo bo‘lsa chanqoq, suv uchun ham chekmagay ko‘p g‘am.
U o‘ylab ertaning rizqin kechirmas tunlarin bedor
Va bermas erta, ya’ni oxirot kelgach hisobot ham.
Faqat lazzatni totding, ko‘rganing ham yaxshilik bo‘lsin,
O‘zin baxtli sezar, ey qushcha, senga o‘xshagan odam.
2
Etsa yirtqich senga tahdid, topilur qochmoqqa joy,
Lek yomon odam ishidan hech panoh yo‘q voy-voy.
Qancha ellar borki, yirtqichdan malolat ko‘rmagan,
Lek odamzoddan aziyat chekmagan yo‘q, hoynahoy.
3
Hayot tinch bo‘lsa, bilgin sen g‘animat,
Kirar junbushga u sal o‘tsa fursat.
Mudom tinchlikka intil, u — garovda,
Abad sen birla turmas hech omonat.
Husniddin Sharipov tarjimasi