TABIATNING SHOIRGA AYTGAN SO‘ZLARI
Meni qo‘y.
Go‘zalligim haqida
qasidalar kuylashing
jonimga tegdi.
Satrlaringda
uyqusirab totilgan hislar,
oyning shu’lasi,
novdalarning shitirlashi
va irmoqlarning shildirashi madh etilar…
Jonimga tegdi
bunday satrlar.
Sening ko‘zlaring
tunning miltiragan yog‘dusidan
qanday bahra topar,
minglab odamlarning nigohlaridan
armon, g‘azab
va qullik
dunyoga boqqayotgan payt,
tun sukunatini
och-nochor qardoshlaringning
ingrashlari buzayotgan damda
qanday qilib oyga termulish
va oshufta qushlarning
sho‘x sayrog‘ini tinglash mumkin?
Umidning nurlari,
ozodlik urug‘i,
g‘amsiz ko‘zlar,
adovatsiz dillar!
Sizsiz tabiatning,
zaminning va samoning,
quyoshning va suvning
go‘zalligi keraksizdir!
Men Qudratli Aql,
Abadiy Daryodan yaralganman!
Oddiy toshtarosh
mening asosimga ko‘p asrlar
mehnatini sarflagan.
Oftob nuridan qorayib ketgan
falloh tillorang shingillarni
sharobga aylantirar
va dehqon yerga urug‘ tashlar…
Mening ularsiz qimmatim bormi?
Meni qo‘y.
Go‘zalligim haqidagi qasidalar
jonimga tegdi
Odamlar haqida yoz!
Har lahzangni
qayg‘uga botgan yurtingga
baxsh et.
Qariga va yoshga
umid berolgin,
tonggi yulduz bo‘lib porla,
qalb qoning bilan,
isyonkor yuraging bilan
qardoshlaringni
ezgulikka,
tinchlikka chorla.
Karim Bahriyev tarjimasi