OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bobo Tohir (980-1055)

Bobo Tohir (Uryon) - Eronning shimoliy-g‘arbidagi Hamadon shahrida tug‘ilgan. U irfon sohibi, o‘z ta'biri bilan aytganda, samovot ilmining donishmandi edi. Musiqadan yaxshigina xabardor bo‘lib, o‘z taronalarini kuyga solib aytib yurgan.

«Uryon» so‘zining lug‘aviy ma'nosi «yalashg‘och» bo‘lib, shoir o‘ziga bu taxallusni qo‘llar ekan, bizningcha, uning tasavvufiy mazmunini ko‘zda tutgan: unga ko‘ra uryon - bu dunyodan fard bo‘lishga, Olloh yo‘lida mujarrad bo‘lishga ishora. Shoir nomiga qo‘shilgan «Bobo» unvoni ham uning tasavvuf pirlari jumlasidan bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Bobo Tohir darveshtabiat kishi bo‘lib, qalandarona hayot kechirgan. Afsonalardan birida aytilishicha, u odamlar bilan muloqotdan qochib, Alvand tog‘ining qorli cho‘qqilarini makon tutgan. Bu narsa uning she'rlarida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan. Shoirning goh orifona mushohada-mulohazalar, goh oshiqona zavqu shavq bilan yozilgan, rindona jazabayu shathiyotga omuxta, ishqu oshuftalik, dardu hasratga yo‘g‘rilgan taronalari uning murakkab, notekis, og‘ir hayotidan, ruhiy poyonining cheksizligi-yu, qalb tebranishlarining rang

barangligidan, turfa holatiyu kayfiyatidan hikoya qiladi.

Bobo Tohirning ijodiy merosi uncha boy emas. Uning forsiyda taxminan 350 ta to‘rtligi ma'lum bo‘lib, keyingi vaqtlarda dunyoning ko‘pgina tillariga tarjima qilingan. Shoirdan forsiyda yozilgan 4 g‘azal ham qolgan, deyishadi.

Tarixiy manbalar va tazkiralarda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, uning arab tilida tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan bir necha risolalari mavjud. Lekin hozirgi kunda uning «Kalamoti qassor» («Muxtasar so‘zlar») asari ma'lum. U Bobo Tohirning tasavvufiy aqidalari va axloqiy fikrlari majmuidan iborat. Shuningdek, uning arabcha ikki masnaviysi va bir necha qit'alari bizgacha yetib kelgan. Ularning barchasida irfon aqidalari, so‘fiyona ma'rifatu haqiqat, zikru ibodat, vajdu ilhom va jazabayu muhabbat xususida so‘z boradi.

Bobo Tohirning nomini olamga yoygan uning dubaytiylari - to‘rtliklari hisoblanadi. U o‘zi mansub luriy lahjasida, xalqona usulda, sodda va ravon uslubda yozadi. Lekin shoir taronalaridagi tashbehu timsollar o‘zining go‘zal va ohorliligi, ma'nolari keng va teranligi, falsafiy fikru mulohazalar ko‘lamli va haqqoniyligi bilan kishini hayratga soladi. Bu taronalar bejiz fors mumtoz so‘z san'atining oltin fondidan joy olmagan.

Shoir she'rlarida ilohiy va insoniy ishq ajib bir tarzda uyg‘unlashib ketgan, ularni o‘zaro ajratib, mana bu - ilohiy, mana bu esa - insoniy ishq, deb bo‘lmaydi. Shoirning komil ishonchiga ko‘ra ilohiy ishq insoniy ishqdan o‘sib chiqadi va, o‘z navbatida, insoniy ishq yuksala borib, pirovard-natijada ilohiy ishqqa aylanadi. Bobo Tohir ijodida ham charxu falakdan, zamonadan, odamlardan shikoyat ohanglari, o‘tkinchi dunyoni tanqid qilish motivlari uchraydi. Bu uning o‘z davri bilan hamnafas shoir bo‘lganligini tasdiqlaydi.

Bobo Tohir taronalari xalqona bo‘lganligi uchun kitoblardan ko‘ra xalq og‘zida ko‘proq tarqalgan va, asosan, xalq xotirasi orqali bizgacha yetib kelgan.

Shoir she'rlarini o‘z ichiga olgan qo‘lyozmalarning aksar XVIII-XIX asrlarga taalluqli ekanligi ham buning yorqin dalilidir. Eron, Xindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Tojikistonda ular, ayniqsa, mashhur va ko‘pincha xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan qo‘shilib ketgan.

Bobo Tohir ruboiylari bugungi kunda o‘zbek o‘quvchilari tomonidan ham sevib mutolaa qilinmoqda. Shoir ijodidan namunalar Sh. Shomuhamedov va Abdulhakim Shar'iy Juzjoniylar tomonidan tarjima qilinib, nashr etilgan[1]. Lekin bu tarjimalar barmoq (Juzjoniyning 10 ta aruziy tarjimasidan tashqari) vaznida amalga oshirilgan bo‘lib, biz ularni o‘z an'anaviy vazni- hazaji musaddasi mahzuf (maqsur) vaznida tarjima qildik. Avvalgi tarjimalarda sodir etilgan ma'no buzilishlarini tuzatishga intildik. Ayni paytda, shoir mahorati-yu, dubaytiylarining badiiyatini ham imkon qadar qayta yaratishga harakat qildik. 


[1] Injular ummoni. - Toshkent, 1988. 120-149-betlar;  Rudakiy va Bobo Tohir she'riyatidan. - Toshkent, 1994. 89-139-betlar; Juzjoniy A. Sh. Tasavvuf va inson. - Toshkent, 2001. 157-162-betlar.

 

RUBOIYLAR

1

Kel, ey bulbul, chekaylik oh sahardan,
O’qi ishq darsini bu darbadardan.
Sen o‘rtansang gul ishqida tunu kun,
Men uzmasman ko‘ngilni labshakardan!

2

Mening dardim kabi dard yo‘q jahonda,
Bu so‘ngsiz dardu g‘amdan dil figonda.
Xabardor bo‘lsa kim dardu g‘amimdan,
Qolar g‘am ichra misli Nuh to‘fonda.

3
Xudoyo, o‘ngla bu bandang ishini,
O’zing yolg‘iz kishilar hamnishini*.
Degaylar hech kimi Tohirni yo‘qdir,
Xudoyim bor, netay o‘zga kishini?!
__________
* Hamnishin — birga o‘ltiruvchi, do‘st, hamsuhbat, ulfat.

4

Dilo, ko‘p behushu hayrona yurdim,
Bu nomus shishasshsh toshga urdim.
Na hojat nangu nomus* — kimki oshiq,
Nangu nomusni ishqsizlarga berdim!
________
* Nangu nomus — obro‘, sharaf.

5
Ko‘rib jabru jafo charxu falakdan,
Arimas qayg‘u-g‘am bir dam yurakdan.
Samoni bo‘ylasa ohim tutuni,
Ko‘zim yoshi enar pastga etakdan.

6

Xudo olsin, iloyo, bu jahrnni!
Omon qo‘ymas, omon hech bitta jonni.
Tug‘ilmay bitgasi, ikkinchisi der:
Ajal oldi falon ibni falonni.

7

Muhabbatsiz ko‘ngilning so‘lgani soz!
Kishining dardi yo‘qmi — o‘lgani soz!
Bu ishq yo‘lida sobit bo‘lmagan tan
Kuyib otash aro kul bo‘lgani soz!

8

Amon, ey al-amon shum toleimdan!
Fig‘on, yuz ming fiton kuygan dilimdan!
Yurak-bag‘rim qon etdi charxi zolim,
Qachon qo‘l tortar u jabru zulmdan?!

9

G’amim behaddu dardni yo‘q hisobi,
Iloj topmay oshar dil iztirobi.
Tushunmas bu nasihatgo‘y, Xudoyim,
Menga bog‘liq emas-ku ipgq azobi?!

10

Kel, ey qo‘ngil, kel, ey do‘sti qadrdon,
Ul ishni kilmaki, so‘nggi pushaymon.
Bu tushkun, qayg‘uli kunlar-da o‘tgay,
Surarmiz biz-da davronlar bearmon.

Ergash Ochilov tarjimalari 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.