OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farididdin Attor (1145-1221)

Jahon so‘z san’atining zabardast namoyandalaridan biri, yirik mutasavvif shoir Farididdin Abuhomid Muhammad ibn Abubakr Ibrohim Nishopuriy Nishopur atrofidagi Kadkani qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Abubakr ibn Ibrohim attor va tabib edi. Bu kasb o‘g‘liga ham meros bo‘lib o‘tgan. Shoirning Attor nomi bilan xalq ichida mashhur bo‘lishi va uni adabiy taxallus qilib olishi shundan.
Yoshligidan ilm tahsiliga qiziqqan Muhammad adabiy, diniy, hikmatu kalom, nujum, tib va dorishunoslik fanlarini chuqur o‘zlashtirib, o‘z davrining peshqadam kishilaridan biriga aylanadi. U so‘fiylik muhiti va tasavvuf ahli orasida yashaganidan bu ta’limot unga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Uning o‘zi ham yirik shayx va avliyo bo‘lgan. Shayxlar shayxi Majdiddin Bag‘dodiy qo‘lidan darveshlik xirqasini kiygan. Eronlik mashhur adabiyotshunos Sayid Nafisiy ham uni kubraviya tariqatining davomchisi bo‘lgan, deb hisoblaydi. Shunga qaramay, Attor tariqat sulukida Shayx Rukniddinning muridi sanaladi. Aslida u uvaysiy bo‘lib, mashhur so‘fiy Mansur Hallojning ruhidan tarbiya topgan. Alisher Navoiy Jaloliddin Rumiy tilidan bu haqda:
«Shayx Mansur Halloj nuri yuz ellik yildin so‘ngra Shayx Farididdin Attor ruhiga tajalli qildi va uning murabbiysi bo‘libdir», — deb yozadi. Ayni paytda, Attor Jaloliddin Rumiyning kelajagini bashorat qilib, unga o‘zining «Asrornoma» kitobini hadya etgan.
Rumiyning: «Attor ruh edi-yu, Sanoiy uning ikki ko‘zi. Biz Sanoiy va Attor izidan keldik», — degan iqrori bejiz emas. Alisher Navoiyning ham Attorga ixlos-e’tiqodi baland bo‘lib, besh yoshida «Mantiq ut-tayr»ni yod olgani, bir umr uning ijodidan ta’sirlanib, hayotining so‘nggida unga «tarjuma rasmi bila» javob aytgani — «Lison ut-tayr»ni yaratgani ma’lum. Bu dostonda Navoiy Attorni — Qaqnus, o‘zini — Qaqnus bolasiga o‘xshatgan edi.
Attor juda sermahsul shoir bo‘lib, undan 50 ming bayt she’riy asar qolgan. Shoirning she’riy devoni, «Muxtornoma» ruboiylar to‘plami, «Mantiq ut-tayr», «Xusravnoma», «Asrornoma», «Ilohiynoma», «Musibatnoma», «Bulbulnoma», «Ushturnoma», «Javhar uz-zot» dostonlari va «Tazkirat ul-avliyo» tazkirasi ayniqsa mashhur.
Attor asarlari, asosan, tasavvuf haqiqatlari bayoniga bag‘ishlangan. Shuning uchun ham uning tasavvuf adabiyotidagi maqomi yuksak. Mutasavvif shoir bo‘lganligi uchun Sho‘ro davrida bizda Attor ijodiga mutlaqo murojaat qilinmagan. Mustaqillikdan keyin Najmiddin Komilov shoirning «Ilohiynoma» masnaviysining nasriy tarjimasini e’lon qildi. Kitobga Attorning hayoti va ijodini yorituvchi, dunyoqarashi va asarlarining mohiyatini ochib beruvchi kirish va so‘ng so‘zlar ham ilova qilingan. Mirzo Kenjabek esa «Tazkirat ul-avliyo» asarini turkchadan tarjima qilib, nashr ettirdi.
Farididdin Atgor — forsiy so‘z san’atidagi zabardast ruboiynavislardan biri hisoblanadi: uning «Muxtornoma»si 5000 ta ruboiyni o‘z ichiga oladi. Albatta, ularning barchasi bizgacha yetib kelmagan. Asarning Eronda nashr etilgan so‘ngga nashrida, ilovalar bilan qo‘shib hisoblaganda, 2279 ta ruboiy berilgan.
So‘fiyona ruh va mazmunga yo‘g‘rilgan bu ruboiylar, bir so‘z bilan aytganda, Ollohni ulug‘lash, ilohiy ishqni avj pardada kuylash, insonlik mohiyatini anglash, kamolot yo‘lida parda bo‘lgan jism, nafs va dunyoni mazammat qilish, ma’shuqa ta’rif-tavsifi, visol umidi-yu, ayriliq azoblari tasviriga bag‘ishlangan.


RUBOIYLAR

1

Ey dil, shod bo‘l, yaxshi-yomon o‘tgusidir,
Bir kuni qulni begumon o‘tgusidir.
Bor ne’matiyu quvonchi bu dunyoning
Umring kabi solgancha suron o‘tgusidir.

2

Sham shulasi tushmish sharobga bu kecha,
Sust ketdi dilim mening kabobga bu kecha,
Qo‘y uyquni, ber quloq rubobga bu kecha,
Obod ne bor, yuz tutar xarobga bu kecha.

3

Gul ochdi yuzin, biz-da ko‘ngil ochgaymiz,
May shavqi bilan g‘am qo‘lidan qochgaymiz.
Gul qovjiragay o‘tsa bahor, vaqt yetsa,
Bizlar-da ajal sharbatini ichgaymiz...

4

Imkon bor ekan, topib yaqin ulfatni,
Bog‘-rog‘lar aro joyiga qo‘y ishratni.
To bog‘lamayin qo‘lu oyog‘ingni ajal,
Sol ishga, uvol qilma kuchu quvvatni!

5

Gul jilva qilib, yashnadi bo‘ston, ey do‘st,
Sayr ayla g‘animatda guliston, ey do‘st;
Xar narsani xohlasang — muhayyo bunda,
Qil aysh ila ishratni bearmon, ey do‘st!

6

Gul to‘nini chok qilibdi — kirsam boqqa,
Ko‘r: g‘unchani yel solibdi ne qiynoqqa.
May ich, yel esar sensiz-u mensiz ham ko‘p,
Biz-chi, yotamiz boshni qo‘yib tuproqqa.

7

Dunyo to qiyomat bevafo bo‘lgaydir,
Haq bandasiga ishi jafo bo‘lgaydir.
Ming yil yashasang-da Nuh kabi dunyoda,
Bir kun seni jisming-da fano bo‘lgaydir.

8

Ey dil, chekasan jahon g‘amini tokay?
Kelgan o‘sha labga jon g‘amini tokay?
It, cho‘chqaga kon bu iflos manzil aro —
Chekmoq do‘zaxiy taom g‘amini tokay?

9

Ey dil, bu tuban dunyo uchun xor bo‘lma,
Murdoriga karkas* qushidek yor bo‘lma.
Dunyoga jaxrn xalqi giriftor bo‘ldi,
Sen o‘zni tani — unga giriftor bo‘lma.
_________
* Karkas — o‘limtik bilan kun ko‘ruvchi yirtqich qush.

10

Tokay bu jahon bizga qilar ranju sitam?
Qiynaydi qachongacha xayoli ko‘nu kam?
Hech narsaga arzimaydi har ikki jahon,
Har narsa uchun muncha chekarmiz nega g‘am?

Ergash Ochilov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.