OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirzo G’olib (1797-1869)

O’zining beqiyos ijodi bilan urdu adabiy tiliga asos solgan va hind she’riyatining mumtoz davrini yakunlagan, ham Pokiston, ham Hindistonning faxru g‘ururiga, har ikki millatning timsoliga aylanib ketgan otashnafas shoir Mirzo Asadulloxon G’olib asli turkistonlik — o‘zbeklarning oybek urug‘idan bo‘lib, uning bobosi Mirzo Qo‘qonbek Samarqand amirzodalaridan bo‘lgan otasi Tursunxon bilan arazlashib, XVII asr o‘rtalarida Hindistonga borib qoladi. Mirzo G’olib ana shu kishining o‘g‘li Abdullabek va Buxorodan Hindistonga kelib qolgan Xoja G’ulom Husaynning qizi Izzatunnisodan Agra shahrida tug‘iladi. Ma’lum bo‘ladiki, hind zaminida tug‘ilgan bo‘lishiga qaramay, Mirzo G’olib ota tomonidan — samarqandlik, ona tomonidan esa — buxorolik. Binobarin, uni nafaqat hind va urdu, balki o‘zbek xalqining ham shoiri deyishga haqlimiz.
Ma’lumki, Hindistonda yashab ijod etgan mashhur fors-tojik shoiri Xusrav Dehlaviyning kelib chiqishi ham asli Shahrisabzdan bo‘lib, o‘zbeklarning lotin urug‘idan edi. Shuni nazarda tutib, Mirzo G’olibga zamondosh bo‘lgan shoir Nayyar yozgan edi: «Hindistonda fors she’riyati lotin urug‘idan bo‘lgan turkdan boshlanib, oybek urug‘idan bo‘lgan turkda nihoyasiga yetdi».
Mirzo G’olib nazm bilan birga nasrda ham qalam tebratgan. Uning «Dastanbu», «Mehri nimro‘z», «Panji ohang» kabi asarlari urdu adabiyotining noyob durdonalari hisoblanadi. Mirzo G’olib Soib Tabriziy, Mirzo Bedil kabi buyuk salaflariga ergashib, sabki hindiy — hind uslubida ijod qilgan. Bu uslubda yozilgan she’rlarning badiiy jihatdan pishiq, mazmunan teranligi — bir necha ma’no qatlamiga egaligi ma’lum. Shuning uchun ham ularni tushuntirish uchun qator-qator sharh kitoblari yaratilgan Shuning uchun ham ularni boshqa tillarga tarjima qilish qiyin. G’olibni suxanvarlik bo‘stonining bulbuli va ma’no shakkaristonining to‘tisi, deb lutf etadilar. Urdu munaqqidi Abdurahmon Bijpuriyning yozishicha, Hindistonda eng o‘qimishli kitoblar bu — muqaddas «Veda» va Mirzo G’olibning devoni hisoblanadi.
XX asrda Mirzo G’olibning shuhrati butun dunyoga yoyildi. Bugungi kunda shoir asarlari nashr etilmagan, uning nomini bilmaydigan xalqlar juda oz. Dehli, Aligarh, Haydarobod, Lohur va Karachi shaharlari bu zabardast so‘z san’atkori ijodini o‘rganishda yirik markazlar bo‘lib kelmoqda. Hindiston hukumati, shaxsan Indra Gandi tashabbusi bilan Dehlida tashkil etilgan G’olib uyi va G’olib akademiyasidagi kitob javonlari jahonning turli mamlakatlarida chop etilgan shoir haqidagi risolalar va asarlarining turli tillardagi tarjimalari bilan to‘la.
O’zbek tilida Mirzo G’olibning «Shaydo» (1965) va «G’azallar» (1975) to‘plamlari nashr etilgan. Shoir she’rlarini urdu va fors tillaridan Yong‘in Mirzo, Rahmonberdi Muhammadjonov, Mirtemir, Vasfiy, Chustiy, Shoislom Shomuhamedov, Sulton Qo‘qonbekov, Hamid G’ulom, Po‘lat Mo‘minlar tarjima qilishgan.

 

***

Desam, G`olib, yerim — pok hoki Turon, 
Asil zotim bilan bag`rim farahmand.

O`zim turkzodayu naslim-da turkzod, 
Buyuklar qavmi birla asli payvand.

Urug` bo`lmish menga oybeklar aslan, 
Kamolan oyga nisbat, balki o`nchand.

Otam kasbin desam dehqonchilikdir, 
Bobom bo`lmish zamindori Samarqand.

Uzim haq fayziga shogird erurman, 
Erurman fozil insonlarga farzand.

Yonishda hamnafasman barq ila men, 
Saxovatda bulutlar birla monand.

G`amu anduxki bor, shodman alardin, 
Farah, baxt yo`q-ki anga dog`i xursand.

Hama heshlarki o`tmish, yig`lagaymen, 
Tiriklikdan kularman bo`yla xushxand.


***

Qoshi yosi qatlima tadbirdir, 
Ne ajab, uy toqida shamshirdir.

Sevgida bemorligimni so`rmagil, 
Ul Iso ko`zgusida tasvirdir.

Men junun dashtida sargardon esam, 
G`am dilimning poyida zanjirdir.

Bu ko`ngil vayronadir, favvora — ko`z, 
Sel siniq, bu uyga ne ta’mirdir.

Vah, qalamning yoqasin yirtdi Asad, 
Chok dil inshosi bu tahrirdir.


***

Muhabbat tuxmin ekdim jonima, anduh samar bo`ldi, 
Umidim shuki, qosid, yorga xolimdan xabar buldi.

Yog`ib charxi falakdan bu jafokash boshima toshlar, 
Urushdi toshga toshu misli guldasta sharar buldi.

Ko`ngil dardi ko`rinsa kuzguda yuz rang bilan, denglar 
Xazonu sog`aru dil qoniyu zahmi jigar buldi.

Nigohim bo`ldi ovora seni izlab va lek oxir 
Qorong`u bo`ldi olam senga, dil sohibnazar bo`ldi.

Junun ahlini zohid ayb etar bo`lsa ajab yo`qdir, 
Junun zanjiri zuhdning eshigiga bandi dar bo`ldi.

Asad, gar g`uncha gulning shavqatiga borgoh bo`lsa, 
Diling Bedil yo`liga gul sochib, satring guhar bo`ldi.


***

Parivash chehrasiga bersa oro, 
Qilar hayrat bilan ko`zgu tamosho.

Ketar jonim olib karvonda yorim, 
G`uborin ko`zlarimga ayladim jo.

Meni uyquga eltdi dardi hijron, 
Xayoli kiprigimda bo`ldi paydo.

Kular gul yig`laganda bulbuli zor, 
Men u gul xandasidan xoru rasvo.

Firoq o`qin pari ko`ksimga otdi, 
Ajab, g`am tori uzra undi ra’no.

Fano dashtin tutar maskan murodim, 
Anga parvo yo`qu menga tasallo.

Asad, ojizligingni angladingmi, 
Nechun bilding o`zingni buncha dono?

***

Egam, ismingni aytmoq, jur’atin bergil zabonimga, 
Ko`ngil — xomush sadaf, dur jilvasin bergil bayonimga.

Tarahhum ayla mendek bedilu mahzunga, lutf etgil, 
Charog`i subh ber shomimga, gul faslin hazonimga.

Qilib nazzora jonimni olursan, ey pari paykar, 
Kuyarsan dastu poyingga hino oluda qonimga.

Ko`rib ko`zguda ruhing aksini u chashmi mashshota 
Bo`libdir xunfishon, bersin to`zim bu xasta jonimga.

Qilarkan tunda bulbul nola, tong uyqudan uyg`ongay, 
Umidim tongi uyg`onmas nechun betin fig`onimga.

Kamina takribu sidqin sinab ko`rmoqqa rahm aylab, 
Yubording ming tuman ranju mashaqqat imtihonimga.

Jamolingdan saboh ravshan, guliston bo`yla zevardir, 
Asadga tor qafas qurding, nazar sol bu makonimga.

Erkin Vohidov tarjimalari

RUBOIYLAR

1

Har pardani, G’olib, o‘z navosi bordir,
Har go‘shani o‘z fayzu safosi bordir.
Pok ayladi jismimni jahon tashvishidan —
Bangolani xush obu havosi bordir.

2

Umrim bo‘yi taqdir qo‘lida xor bo‘ldim,
Umrim bo‘yi omadga umidvor bo‘ldim.
Sarmoya yo‘g‘-u, foyda xayolin qildim,
Bir va’da yo‘g‘-u, ko‘yida ko‘p zor bo‘ldim.

3

Men rozi emasman bersalar jannatni,
Haq dargohidan turli-tuman ne’matni.
Jon qayta tanamga kirsa, sarf etgay edim —
Bir ko‘rgali seni, bu buyuk davlatni!

4

Yo Rab, jahon ahliga dili xurram ber!
Jannat tilaganga otashini ham ber!
Shaddod* xafa o‘tdi sendan ko‘rmay o‘g‘il,
Odam mulkin qavmiga qilmay kam ber!
_____________
* Shaddod — afsonaviy arab podshohlaridan birining nomi. U go‘yo hudolik da’vo qilgan emish.

5

Bemorman-u, may dardima darmon bo‘lgay,
Ham quvvati dil, ham rohati jon bo‘lgay.
Otamga* dedim: may ichgali mayl ayla,
To boda ichish rasmi farovon bo‘lgay!
__________
* Bu yerda Odam Ato ko‘zda tutilmoqda.

6

Qo‘rquv ila ko‘nglim to band ermas edi,
Hech narsaga qattiq payvand ermas edi.
Orzum meni Ka’bayu safardan g‘ayri —
Tarki elu xotin, farzand ermas edi.

7

Dunyo sen uchun aysh-ishratiston bo‘lsin!
Shodlik guli yuz rangda namoyon bo‘lsin!
Keldi hayitu bahor xurramlik olib,
Mendek necha yuz jon senga qurbon bo‘lsin!

8

Ko‘z oldida bemorni faqat turgay yor,
O’z naf’u ziyoni-la ishi yo‘q zinhor.
Tolibga talab qilgani ne imkon bor?
Yo‘q mevasi bersa-da xino barg bisyor.

9

Suhan* suvi oldida bekor qandu nabot,
Teng kelmas unga Nil ila Jayhunu Firot.
Hind otli bu bir parcha yeri olamning —
Zulmatdir-u go‘yo, Suhan — obi hayot.
____________
* Suhan — Hindistondagi daryo.

10

Har lahza azal lutfini yod etguchi bo‘l,
Har qancha balo ko‘pmi, quvonch undan mo‘l.
Kufr ichra menu San’on aro farq bordir,
Ehson boshqa, toat haqi boshqadir ul.

Ergash Ochilov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.