OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Najmiddin Kubro (1145-1221)

Mashhur shayx, yirik tasavvuf olimi, xalq qahramoni va otashnafas shoir Najmiddin Kubro Xiva yaqinidagi hozirgi Sayot qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning to‘liq ismi - Ahmad ibn Umar Abuljannob Najmiddin al-Kubro al-Xivaqiy al-Xorazmiy. «Shayxi valiytarosh» - «Avliyolar yetishtiradigan shayx» nomi bilan shuhrat qozongan bu ulug‘ inson tasavvufdagi mashhur kubraviya tariqatiga asos solgan. Bu tariqat ahllari xufiya zikrni targ‘ib etganlar. Kubraviya ta'limoti asosan Markaziy Osiyo va qisman Eronga tarqalgan.

Najmiddin Kubroning o‘nga yaqin asarlari fanga ma'lum. Uning, ayniqsa, «Al-usul al-ashara» («O'nta usul»), «Favoyih ul-jamol va favotih ul-jalol» («Jamol xushbo‘yliklari va jalolning kashfi»), «Risolat ul-hoif ul-hoim an lavmat il-loim» («Qo‘rquvchi ovvoralar va malomat etguvchi malomatiylar haqida»), «Tafsir», «Sharh us-sunna val-masolik» («Sunna va ezguliklar sharhi») kitoblari mashhur. Kubro o‘z asarlarini asosan arab tilida yozgan. Faqat boshlovchi so‘fiylar uchun qo‘llanma sifatida yaratilgan «Fi odob us-solikin» («Soliklar odobi haqida») asari va ruboiylarini forsiyda bitgan. Ingliz sharqshunosi J.S.Trimingem «Soliklar odobi haqida» asari tasavvufning eroniylashuvida muhim bosqich bo‘lganligini qayd etadi.

Najmiddin Kubro islom ahkomlari va tasavvuf talablarini xalq o‘rtasida nazariy jihatdan targ‘ib-tashviq qilish bilangina kifoyalanmay, o‘zining mardona xatti-harakati bilan uni amalda ham ko‘rsatadi. Gap shundaki, mo‘g‘ul galalari Xorazm tuprog‘iga bostirib kelganida u boshqa o‘lkalardan kelgan muridlarining begona zaminda o‘lib ketishlarini istamay, ularni tug‘ilgan yurtlariga jo‘natib yuboradi, o‘zi esa shahar mudofaasiga otlanadi. Shogirdlarining birga ketish to‘g‘risidagi takliflariga javoban: «Men shu yerda shahid bo‘laman. Menga Xorazmni tark etishga ruxsat yo‘q!» - deydi va qo‘liga shamshir tutib, qo‘yniga tosh to‘ldirib, yov qarshisiga chiqadi. Ularga tosh otadi, bir nechtasini nayza bilan urib yiqitadi. Dushmanlar unga kamondan o‘q uzadilar. O'qlardan biri Shayxning ko‘kragiga sanchiladi. Shahid bo‘layotgan paytda u dushman qo‘lidan bayrog‘ini tortib olib, shu darajada mahkam siqib ushlaganki, o‘n kishi bo‘lib ham uning qo‘lidan bayroqni olisholmagach, barmoqlarini kesishga majbur bo‘lishgan.

Ba'zi bir tadqiqotchilar Kubroning «Ruboiylar» kitobi ham mavjudligi to‘g‘risida ma'lumot bergan bo‘lsalar-da, bu noyob to‘plam hali topilgan emas. Biz faqat atoqli sharqshunos Ye.E.Bertels tomonidan Kubro qalamiga mansubligi taxmin qilinib, turli tazkira va bayozlardan tanlab olingan va olimning «Tasavvuf va tasavvuf adabiyoti» kitobida keltirilgan 25 ta ruboiygagina egamiz[1]. Eronda nashr etilgan «Ruboiynoma» to‘plamida ham shayx-shoirning 8 ta ruboiysi keltirilgan bo‘lib, ulardan faqat bittasi Ye.E. Bertels keltirgan ruboiylar orasida uchramaydi[2]. Demak, hozirgacha bizga buyuk vatandoshimiz ijodiga tegishli 26 ta ruboiy ma'lum.

Bu ruboiylar nisbatan qisqa fursat ichida uch marta o‘zbek tiliga o‘girildi. Dastlab Jamol Kamol ularni an'anaviy vazni va mumtoz uslubini saqlagan holda o‘zbekchalashtirdi[3]. Keyin Najmiddin Kubro tavalludining 850 yilligi munosabati bilan Matnazar Abdulhakim bu ruboiylarning yangi tarjimasini amalga oshirdi[4].

Najmiddin Kubro qalamiga mansub ruboiylar, asosan, tasavvuf dunyoqarashi targ‘ibiga - Haqiqatni izlash, Ollohga bo‘lgan ishqni kuylash, Haq yo‘liga da'vat qilish, Olloh muhabbatini qozonish maqsadida tariqatga kirgan solikning hol va maqomotning turli bosqichlaridagi o‘y va kechinmalari, ranju iztiroblarini tasvirlash, so‘fiy-darveshlarni ulug‘lash, Haqning mazhari bo‘lmish ma'shuqa go‘zalligini ta'rif-tavsif etish, goh visol umidi, goh hijron azobidagi oshiq holatini ifodalashga bag‘ishlangan. Bu ruboiylarda ishqni tark etish tilagi, butxonaga mayl, shahid bo‘lish orzusi, faqru fano va boshqa tasavvufiy holat-kechinmalar xususida ham so‘z boradi.

 


[1] Bertels Ye.E. Chetverostishiya sheyxa Nadjm ad-dina Kubra // Izbrannie trudi. Sufizm i sufiyskaya literatura. - Moskva, 1965. str. 324-328.

[2] Qarang: Ruboiynoma. Guzidai ruboiyot az Ro‘dakiy Samarqandiy to imro‘z. - Tehron, 1372 (hijriy). S. 189-190; 449.

[3] 333 ruboiy (Forsiydan J.Kamol tarjimalari). - Toshkent, 1991. 49-53-betlar.

[4] Qarang: Shayx Najmiddin Kubro. Jamoling menga bas. Ruboiylar (Forsiydan M. Abdulhakim tarjimasi). - Toshkent, 1994.

 

 RUBOIYLAR

1

Har narsaki, yo‘qmi — yo‘q o‘shal misli shamol,
Har narsaki, bormi — oqibat topdi zavol.
Bor narsani olamda gumon et yo‘q deb,
Yo‘q narsani bor debon biroq ayla xayol...*
___________
* Bu ruboiy Umar Xayyomga ham nisbat beriladi.

2

Yo‘lingda aql hadis va afsona topar,
Ko‘ying sari yo‘l mardumi devona topar.
Savdoying ila men kabi ming dilso‘xta
Ka’badan ilik tortar-u, butxona* topar.
__________
* Butxona — lohut olamiga ishora, ya’ni vaxdati kull bo‘lib, ahadiyat zotining mazhariyati ma’nosida ham keladi.

3

Yo Rab, o‘zing asra, dil judolik istar,
Sendin kechib, o‘zga-la oshnolik istar.
Ishqingdin ilik tortsa — tutar do‘st kimni?
Ko‘yingdan oyoq tortsa — xatolik istar.

4

Haq yo‘liga har lahza sa’y etmak lozim,
Dunyodan etak tortmag-u, ketmak lozim.
Diydangni davola, zero, olam hama — Ul,
Ko‘rmak Uni — asroriga yetmak lozim.

5

Oshiq kishining ko‘ngli to‘la dard bo‘lgay,
Dil dardi bilan mard yana ham mard bo‘lgay.
O’z ishqi o‘tida u yonarkan, bul dam
Do‘zax o‘ti o‘zgalar uchun sard bo‘lgay.

6

Ey diyda, o‘zingsan begumon dushmani dil,
Sen bois uchar yelga hama xirmani dil.
Bas, solma nazar begona yuzlarga sira
Jurm* ostida qolmasin, desang, gardani dil.
_________
* Jurm — gunoh, ayb.

7

Ul bodani ichmadimki, hushyor o‘lsam,
Ul mast emasman dag‘i bedor o‘lsam.
Tark etsam adam birla vujudni, tong yo‘q,
Bir jilvai husning ila xummor o‘lsam.

8

Naqsh etsam-u toatimni parcha nonga,
Bersam uni itga — yotibon zindonga,
Kelgan esa-da ochligidan afgonga,
Urmas tishini nomus etib ul nonga.

9

Ey dil, bu qadar muflis* ekansan, rasvo,
Sen loyiqi toza ishq emassan aslo.
Shiddatli alangadir bu ishq — ermas suv,
Ul ishq ila bulhavas* bo‘lolmas oshno.
__________
* Muflis — bechora, benavo; befahm.
* Bulhavas — yengiltak, beqaror.

10

Ey tun, hademay saharga aylangaysan,
Bul dardi dilim quvishga shaylangaysan.
Maqsud sari yetkazishga dilni balki,
Ey tong, o‘zing, beshubha, saylangaysan.

11

Pinhon emas aslo — ichda bir dev bordir,
Boshini ko‘tarmog‘i uning dushvordir.
Iymonini ming martaba talqin qildim,
Ul asli azal muslim emas, kuffordir.

12

Ishqingni bu mardonayu farzona ko‘ngil,
Bir soniya tark etmadi, jonona, ko‘ngil.
Ishq bodasini qo‘limda tutgan lahza
Liq to‘ldi jigar qoniga paymona, ko‘ngil.

13

Sendan hama sho‘xlik va parishonligimiz,
Sendan hama oshuftayu hayronligimiz,
Har toriga kokilingni dil boylashimiz,
Sendan hama g‘uncha kabi xandonligimiz.

14

Darvesh eliga aylama ta’naki, ular
Qanday tug‘ilgan esa — shunday o‘lar.
Bir olam zar bergil-u, ol bir arpa —
Bilmoqchi esang kimligini asli ular.

15

Bir tal’ati mohki, olamoroyi hama,
Vasli kecha-kunduz tamannoyi hama.
Gar el kabi suymasa meni — voy menga,
Lek hammani suysa men kabi — voyi hama.

16

Bir kun ko‘rasanki, jon tanimdan ketgan,
Boshimga figon chekib xaloyiq yetgan.
Koshki kelib boshimda o‘tirsang, aytsang:
O’ldirgan o‘zim, o‘zim pushaymon etgan...

17

Vaslingdan o‘lib dil firo‘z* tun oxirida,
Hajringdan o‘lib didado‘z* tun oxirida,
Ey, kokili kun so‘shtida tundek zulmat,
V-ey, orazi xuddi kunduz tun oxirida.
____________
* Firo‘z — baxtli, kishi.
* Didado‘z — intizor.


18

So‘fiy bo‘lib, ayla bir kecha ohu fig‘on,
Dunyoni yaratgan haqqi, qo‘ztol shu zamon:
Xanjarni qo‘lingga ol-u, et o‘zni shahid,
Yor vaslini istasa, netar jismni jon...

19

Ishqing mayini ichib, bu dil mast bo‘lgay,
Hajring g‘amini chekib, u, bil, past bo‘lgay.
Bir boqsang agar — ko‘yingda tuproq bo‘lgan
Jonsiz tanaga jon yana payvast bo‘lgay!

20

Har kimki, qilar ko‘rgali ul yuzni talab,
Yengib g‘ururini, aylasin o‘zni talab.
Ul qayda-yu, biz qayda — ko‘ring qismatni:
Somon bo‘libmiz qilib yulduzni talab...

21

Ul mohliqolarki, asil yurti Chigil*,
Tuproqmi asosi yoki nur, so‘yla-chi, gil?
Ko‘nglingni olib qo‘lga, qilar qasd jonga,
Voh, bu ne baloki, etdi holimni chigil.
________
* Chigil — qadimgi turkiy qabilalardan birining nomi. Chigil qizlari o‘z go‘zalliklari bilan mashhur bo‘lganlar.

22

Sunbul sochidan men begumon qo‘rqarman,
Xatgi xushu fe’li beomon — qo‘rqarman.
Xalq qo‘rqsa yomon ko‘zdan agar, men sho‘rlik
Yaxshi ko‘zidan yorning yomon qo‘rqarman.

23

Har sabzaki, suvning bo‘yidan joy olmish,
Ul tal’ati hur aksini yodga solmish.
Xorlik bila lolalar uza qo‘yma qadam,
Ul lola sanam vujudidan timsolmish.

24

Bandashta faqirlikni shior etmishsan,
Qam yorsizu mahramsizu zor etmishsan,
Bas, qaysi ibodatim uchun men birlan
Do‘stlik va yaqinlik ixtiyor etmishsan.

25

Sensan ikki olamni yaratgan Birubor,
Ko‘yingda o‘lib bandalaring xoku g‘ubor.
Sendan ulashish rizqini har jonzotning,
Sendan yaratish — xohi mo‘g‘ul, xohi totor...

26

Yor ishqini kim ko‘ksi aro jo qildi,
Har ikki jahon mulkini paydo qildi.
Kim vaslidan ogohlik topsa bir dam,
Gar o‘lsa-da, xun haqqini ado qildi...

Ergash Ochilov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.