OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pahlavon Mahmud (1247-1326)

Mazmunan boy va teran, shaklan pishiq va go‘zal falsafiy ruboiylari tufayli «Xorazm Xayyomi» nomi bilan shuhrat qozongan bu ulug‘ inson Pahlavon Mahmud, Puryorvaliy deb dovrug‘ taratgan hassos shoir, yengilmas pahlavon va mashhur avliyodir. Eron, Hind kabi ko‘plab Sharq mamlakatlaridagi kurash musobaqalarida qatnashib, hamisha zafar quchgan, bir umr kuragi yerga tegmay, mamlakatning birinchi polvoni, pahlavonlar peshvosi bo‘lgan.
Ko‘pgina manbalarda shoirning «Kanz ul-haqoyiq» («Haqiqatlar xazinasi») nomli masnaviysi borligi aytiladi. Ammo Yo. Ishoqovning ma’lumot berishicha, eronlik olim Said Muhammad Ali Safir 1967 yili uni Mahmud Shabustariyga nisbat berib, nashr ettirgan.
Pahlavon Mahmud «din nazariyasi, falsafa va mantiqqa doir bir necha risolalar yozgan» bo‘lsa-da, ular hozirgacha topilgan emas. Pahlavon Mahmudning vasiyatiga ko‘ra shogirdlari uni o‘zining po‘stindo‘zlik do‘koni atrofiga dafn etganlar. Keyinchalik u qabr ustida maqbara tiklanib, avliyo poyiga Qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan Xiva xonlari ko‘milgan. Bu maqbara nodir me’morchilik yodgorligi sifatida mana necha asrdirki, barchaning diqqatini o‘ziga tortib kelmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar bu buyuk insonning qabrini ziyorat qiladilar. Maqbara devorlariga shoir ruboiylari darj etilgan.
Pahlavon Mahmud Xivadagi futuvvatchilar jamoasining boshlig‘i, javonmardlar peshvosi bo‘lgan. Uning o‘zi ham mardlik va saxovatning eng oliy namunalarini ko‘rsatib, boshqalarga ibrat bo‘lgan. Ruboiylarida futuvvatning nazariy qoidalarini bayon qilgan.
Ma’lumki, javonmardlikka ko‘proq pahlavonlar talabgor bo‘lganlar. Shu jihatdan, Pahlavon Mahmud pahlavonlarni tarbiyalovchi ustozgina bo‘lib qolmay, balki javonmardlik odobini o‘rgatuvchi pir ham edi. Javonmardlarning shiori dunyodagi yovuzlikning barcha ko‘rinishlariga qarshi hamisha, hamma yerda ezgulikni himoya qilish, targ‘ib etish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bu g‘oyalar Pahlavon Mahmudning ko‘pgina ruboiylarida o‘z aksini topgan.
Pahlavon Mahmud hayoti va ijodini o‘rganish, ruboiylarini topib, xalqqa yetkazishda taniqli olim va zabardast mutarjim To‘xtasin Jalolovning xizmatlari katta. Shoir ruboiylarini, shuningdek, Muinzoda, Vasfiy, Ulfat, Boqir, M. Abdulhakim kabi tarjimonlar ham tarjima qilganlar. Yo. Ishoqov, H. Homidiy, N. Komilov, S. S. Buxoriy, M. Hasaniy, Y. Jumaboev kabi olimlar bu buyuk vatandoshimiz adabiy merosi va tarjimai holini ma’lum darajada tadqiq etganlar.
Pahlavon Mahmud ruboiylari badiiy tasvir vositalariga boy, xalqona sodda va yengil uslubda, ifoda tarzi aniq va lo‘nda, o‘ynoqi, sershiddat tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan. Barcha Sharq shoirlari kabi Pahlavon Mahmud ham ikki ulug‘ manba — Qur’oni karim va Hadisi sharifdan ta’sirlangani, ulardan ilhomlanib qalam tebratgani qudsiy nafas ufurib turgan ruboiylaridan shundoqqina sezilib turadi. Ayniqsa, ilohiy ishq tarannum etilgan va vahdati vujud falsafasini tushuntirishga bag‘ishlangan she’rlarida bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Lekin shoir faqat ilohiy mavzular bilangina chegaralanmay, zaminiy dardni ham qalamga olgan. Pahlavon Mahmud ruboiylarida ilohiy va dunyoviy dard ko‘pincha birga, o‘zaro qo‘shilib zuhur etadi.
N. Komilov: «Pahlavon Mahmud ruboiylarini to‘rt guruhga bo‘lish mumkin: birinchisi — zamona ahlidan nolish, ijtimoiy tengsizlikni ifodalovchi ruboiylar; ikkinchisi — tariqat suluki haqida yozilgan ruboiylar; uchinchisi — vahdati vujud falsafasi asoslarini tushuntiruvchi ruboiylar va to‘rtinchisi — ilohiy ishqni tarannum etgan ruboiylar», — deb yozgan edi. Kezi kelganda, biz shu paytgacha shoirning axloqiy qarashlariga nisbat berib tadqiq etgan pand-nasihat ruhidagi ruboiylari aslida futuvvat ruknlarining she’riy ifodasidan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim. Ha, bunday she’rlarida u javonmardlar axloqini targ‘ib etgan, ulardan ibrat olishga chaqirgan.

 

RUBOIYLAR

Oh tortgan chog‘ingda yo‘lga ko‘z tutgil, 
Yo‘lda quduq bordur, ehtiyoting qil, 
Do‘st uyida mahram bo‘lgan vaqtingda,
Ko‘lingni, ko‘zingni, dilni tiya bil.

* * *

Ul qodirki arpu aflok yaratdi, 
Ko‘ngulda dog‘, dilni g‘amnok yaratdi. 
Mushkin zulflarniyu yoqut lablarni
Yerga qorib, oxirda xok yaratdi.

* * *

Necha yil ilm-hunar payida bo‘ldik, 
Necha yil zarzevar payida bo‘ldik, 
Olam sirlaridan bo‘lganda ogoh,
 Bari ishsh tashlab, qalandar bo‘ldik.

* * *

Tuproq to‘shagida yotgan ko‘p ko‘rdim, 
 Yer qaro bag‘riga botgan ko‘p ko‘rdim, 
Yo‘qlik olamiga ko‘z tashlaganda,
Kelmagan ko‘p ko‘rdim, ketgan ko‘p ko‘rdim.

* * *

Ko‘nglim oppoq, na kek va ne kiynam bor, 
Dushmanim ko‘p, valekin men hammaga yor, 
Mevali daraxtman, har bir o‘tkinchi,
Tosh otib o‘tsa ham menga bo‘lmas or.

* * *

Podsholik istasang, bo‘l el gadosi, 
O’zingni unutu, bo‘l el oshnosi, 
El toj kabi boshga ko‘tarsin desang, 
El qo‘lin tutqinu bo‘l xokiposi.

*****************************

1

Ey dil, yana dilbarga asir tushdingmi?
Dildori sitamgarga asir tushdingmi?
Alhol, qutulolmay qo‘lidan bittasining,
Boz bir pari paykarga asir tushdingmi?

2

Gul qo‘lda, qadah bongi quloqda bo‘lsin!
Dunyo g‘amidan kech — u uzoqda bo‘lsin!
Suv nag‘masi ostida, bulut soyasida
Jom qo‘lda mudom, qo‘za quchoqda bo‘lsin!

3

Dildor so‘radi: «So‘yla, nechun qayg‘uda dil?
Yo bir pari tal’atmi kulib oldi ko‘ngil?»
Tutdim qo‘liga ko‘zgu-yu, qildimki javob:
«Oyinada ko‘rganing g‘amim boisi bil!»

4

Harchandki, ishqdan gahi begona esam,
Oshnoyu halovat bila hamxona esam,
Bo‘lmang sira hayron yana bir hur uchrab,
Ahdim unutib, ko‘yida devona esam.

5

Voqif ekanimda kelishingdan, dilbar,
Sochgan bo‘lar erdim qadamishta gullar.
Sochib, yana tergay edi kiprik muztar,
Xoki qadaming ko‘zimga aylab gavhar...

6

Sen deb bu ko‘ngil tiyg‘i malomatga ko‘nar,
Bitmas yarasi garchi qiyomatga qadar.
Hech kimsa omonlik tilamas, sen tug‘ilib —
Hajringda faromush etdi sog‘likni bashar.

7

Kimni qarama, katta gapirgay so‘zni,
Tortishni tilar guldek o‘ziga ko‘zni.
O’z soyam ila so‘zlashaman men tunu kun,
Ko‘rgan kabi oyinada go‘dak o‘zni.

8

Noz bobida yor ko‘ziga kim kelgay teng?
Soz bo‘lsa karashma, g‘amzalar — mizrob* deng!
Ovlaydi baliq kabi ko‘ngillar qushini,
Boq: ham ipu ham qarmoqdir zulfi uning!
__________
* Mizrob — tanbur, rubob chalinadigan tirnoq, noxunak.

9

Qoldirma meni yo‘limdan, ey olifta,
Qo‘y, qilma meni shamol kabi oshufta.
Yo‘limga muattar gul isini sochma,
Bunda bari tuproq hidiga og‘ushta.

10

Orif kishilarni sen bashar gavhari bil,
Har mahdudlik — ko‘tohnazarlikka3 dalil.
Ishqsiz kamol bo‘lmas bu olamda,
Asli ko‘zadan murod kuloldir butkul.
__________
* Ko‘tohnazar— kaltabin, fikri mahdud, aqli qisqa.

Ergash Ochilov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.