OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Franchesko Petrarka (1304-1374)

Petrarka (Petrarca) Franchesko (1304.20.7, Aretsso — 1374.19.7, Arkua, Paduya shaxri yaqinida) — italyan shoiri, italyan adabiy tilining asoschilaridan biri, faylasuf. Monpele (1316), Bolonya (1320) universitetlarida xuquqshunoslikdan ta’lim olgan. 1326 yil Avinonga ko‘chib borib, diniy rutbani qabul qilgan va oliy martabali ruhoniylar bilan yaqinlashgan.
Petrarka o‘rta asr aqidalaridan mutlaqo xoli bo‘lmagan esada, Uyg‘onish davrining gumanizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan madaniyatiga tamal toshini qo‘ygan. Petrarka lotin tilidagi «Dunyoga nafrat to‘g‘risida» (1342—43) falsafiy risola, «Uzlatdagi hayot to‘g‘risida» va «Rohiblar farog‘ati to‘g‘risida» (1346—66) risolalari muallifi. Petrarka she’riyatni o‘rta asr maddoxlari hujumidan himoya qilar ekan, uning katta tarbiyaviy va estetik qimmatga ega ekanligini alohida ta’kidlaydi. Petrarka «O‘zimning va boshqa ko‘plab kishilarning johilligi to‘g‘risida» (1367—70) asarida Aristotel «Etika»sida bayon qilingan mavhum fiqolarni rad etadi qamda amaldagi axloq me’yorlarini va insonni yaxlit holda o‘rganish g‘oyasini afzal, deb hisoblaydi. Petrarkaning «Avlodlarga maktub» (1374) nomli muxtasar avtobiografiyasi ham muayyan axamiyatga molik.
Petrarka antik dunyoni ideallashtirgan Yevropa shoirlaridan biri sifatida lotin shoirlarining qo‘lyozmalarini to‘plab, ularga sharhlar yozdi, ayni paytda o‘z asarlari bilan klassik lotin tilini tiklashga urindi. Agar uning lotin tilidagi «Afrika» (1339—42, tugallanmagan) dostoni Vergiliyning «Eneida»si uslubida yozilgan bo‘lsa, majoziy mazmundagi «Bukolikalar» (1346—57) asari cho‘ponlar eklog (qo‘shiq)lariga tatabbu tarzida maydonga kelgan. Petrarka italyan tilida xam ijod qilgan. Uning italyan tilidagi lirik asarlarida ishqiy va siyosiy mavzular ustuvorlik qiladi. Petrarkaning «Mening Italiyam» asarida vatan jarohatlangan go‘zal ayol qiyofasida gavdalanadi.
Petrarka ijodida Lauraga bag‘ishlangan lirik she’rlar turkumi, ayniqsa, katta badiiy qimmatga ega. Shoirning e’tirof etishicha, u Laurani 1327 yil Avinon shahridagi ibodatxonalarning birida uchratib, uni bir umrga sevib qolgan. Petrarkaning Lauraga bag‘ishlangan she’riy turkumi «Kansonere» deb atalgan («Madonna Laura hayotiga» va «Madonna Laura o‘limiga», 2 qism). 317 sonet, 29 kansona, 9 sekstina (to‘qqizlik), 7 ballada va 4 madrigaldan tashkil toptan «Kansonere» o‘ziga xos she’riy kundalikdir. Petrarka, salaflaridan farkdi o‘laroq, sevimli ayol obrazini aniq-tayin va hayotiy belgilar bilan boyitgan. Shu sababdan ham uning lirikasi nafaqat italyan, balki Yevropa lirikasi taraqqiyotida yangi davrni tashkil etadi. Petrarka, lirik she’rlaridan tashqari, tersina (uchlik) bilan yozilgan «Tantanalar» (1354) majoziy dostonini ham Lauraga bag‘ishlagan. Petrarka lirikasi, ayniqsa, sonetlari Yevropa shoirlari ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘zbek she’riyatida Usmon Nosir, Rauf Parfi va boshqa Boyqobilov singari shoirlar ijodida sonet janrining paydo bo‘lishi va taraqqiyoti ham Petrarka ijodining ta’siri samarasidir. Petrarkaning bir qancha sonetlari o'zbek tiliga tarjima qilingan.

* * *

Chaman undi qiz qarashida,
Qoq tuyg‘ular tiriklik tuydi,
Sho‘x kapalak qanoti kuydi,
Ul nigohning shan otashida.
 
Kapalakdek asir bo‘ldim men,
Ma’sum nazar, foje’ qarashga.
Muhabbatni suyub tarashda
Kapalakdek basir bo‘ldim men.
 
Bilamanki, etarkan ta’qib,
Kul qiladi ul shahlo oftob,
Eski og‘riq – eng sodiq raqib.
 
Muhabbatning tuhfasi – sarob,
Ulfat bo‘lsam – gulchambar taqib,
Ajal tutar qo‘limga sharob.
 
 * * *

Aldoqchi umidlar, soxta tantana
Va yolg‘on ishonchlar kelganda g‘olib,
Yer, ko‘k egasiga bo‘laylik tolib,
Dilda oliy qudrat xotiri yana.
 
Fano – qora hayot, yashil maysazor,
Gullar orasida ilon soyasi.
Tiriklikning barcha bargu poyasi
Azal e’tiqodga yetkazar ozor.
 
Bo‘g‘izdan sirg‘alib o‘tmasdan ramaq,
Ko‘ngil topa olsin abadiy orom.
Bizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasa gar haq,
 
Yana mangu yo‘ldan ozdirar avom.
Borlig‘-u, adamda bir savol mutlaq:
Yo‘lsizning da’vati – qandayin maqom?!
 
 * * *

Unutmaylik u oy, yil, kunni:
Nigohlarda chaqnadi chaqin,
Borlig‘imda balqidi yolqin,
Ko‘zlarimga berkitdim uni.
 
Ilk og‘riqni unutganim yo‘q,
Naq Yaratgan olgandi mo‘ljal,
Bor hayotim bo‘lgandi o‘lja,
Yuragimga botgan edi o‘q.
 
Unutilmas ul og‘riq, ingroq,
Bulbullarni o‘rtagan ovoz,
Qutlug‘ ism baxsh etgan titroq.
 
Satrlarim, sizga keng parvoz,
Qatingizda o‘shal nom yangroq.
Ismin yozsam gurillar qog‘oz.

 * * *

Xob aro baxtliman, g‘am ichra quvnoq,
Soya va shamolni suyub silarman,
Bo‘ronda cho‘kmaslik yo‘lin qilarman,
Dengizga boshlarman dilimdan irmoq.
 
Sohilda tiklayman qumdan qasrlar,
Olisdagi quyosh ko‘zim oladi,
Yulduzni ko‘zlagan ko‘zim toladi,
Shirali tumandek suzar asrlar.
 
Muhabbat, qa’ringga chorlagan jarsan,
Yarador turibman dara labida,
Yil hisobi bilan yigirma qarzsan,
 
Tuzog‘inga tushdim ishq talabida.
Tilla to‘rda vasl mayin icharman,
Muhabbat, hayot va shon matlabida.
 
 * * *

Men aqldan ozaman, agar
Topolmasam ma’shuqdan nishon,
Yurak bo‘lur zo‘r ishqqa kuldon,
Raqibamdan yetmasa xabar.
 
Kamolidan yetsa bir asar...
Toza jamol yetkazar qayg‘u,
Ko‘k yashirgan ma’suma oy u,
U nurafshon, u durri akbar.
 
Osmonni tark etgandek xurshid,
Lablarimdan to‘kilar hayot,
Tiriklik – bu chirib tushgan chit.
 
Suygulimdan yetmaydi najot,
Qirchillama men kabi yigit
Judo bo‘lar sevgidan, nahot?!.
 
 * * *

U jonimda, u jonginamda:
Jonga qo‘ydim jononimni men,
Jonga o‘ydim yomonimni men,
Abadiyan u yonginamda.
 
Qabrim toshi tutgan yozuvda
Muhabbatim umri aks etar,
Bo‘m-bo‘sh qalbim oqaru ketar,
Iztirobim oqizgan suvda.
 
Hasratimdan o‘yilgan o‘ra
Tubidaman, ojizman va kar.
Yaralarim tilgandan ko‘ra,
 
Koinotda beiz va besar
Yitgan ruhdan mehrimni so‘ra:
Ishq shamoli qay sori esar...

 * * *

Ozurda jon, atrofni tani:
Shu tepada, shunda kecha-kun.
Duch kelgandi iqboli nigun.
Bizni tashlab ketdimi, qani?
 
Endi bunda qolaylik, do‘stim.
Ko‘rinarmi uzoqlardan yor,
Yordan boshqa qayg‘ular bekor,
Do‘st, ustingda ilohiy po‘stin.
 
Xun yurakka yana so‘z qotding,
Tushmagandek o‘rtaga hijron,
Qachonki sen sog‘inchga botding –
 
Sevding! Seni tark etdi shu on,
O‘zga qalbda uni uyg‘otding,
Otdi seni dil qa’ri tomon.
 
 * * *

Go‘zal chehra! Maftunkor nigoh!
Raso qadda eshilgan g‘urur!
Kibru shafqat omuxta surur –
So‘z va shuur soyabon, panoh!
 
Nurli kulgich yo‘q endi, zotan,
Jilmayadi mangu uyquda,
U fanoga borsin osuda,
Saltanatlar tutsinlar motam.
 
Jon, qonimda edi har nafas,
Oramizga tushdi judolik.
Hatto ajal qilmoqda havas!
 
So‘zboz emas, kasbim – fidolik:
Shamollarda sovrilgan so‘z, sas –
Hajr tuni oqqan qarolik.
 
 * * *

Kurtaklarda shitirlar bahor,
Yuzlarimga urilar tafti,
Yuzlarimni silaydi kafti,
Sho‘r qismatdan yetmoqda ozor.
 
Quyosh kabi issiq qiyofa,
Yuragimning naq yarasida,
Tilla sochlar sharsharasida
Dur, gavharlar tuzmish ziyofat.
 
Mavjlanadi zebo kokillar,
Oq yelkadan, o, quyiladi!..
Xotirani o‘rtar u yillar.
 
Chigal tugun – vaqt uyuladi,
Momiq qo‘llar sirtmoqni silar...
Qora sharpa naq tuyuladi.

Ruschadan Salim Ashur tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.