OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mikelanjelo (1475-1564)

Mikelanjelo Buonarroti (Michelangelo Buonarroti) (to‘liq nomi Mikelanolo di Lodoviko Lionardo di Buonarroto Simoni; 1475.6.3, hoz. Kapreze—Mikelanjelo, Toskana — 1564.18.2, Rim) — italyan haykaltaroshi, rassomi, me’mori va shoiri; Uyg‘onish davrining buyuk arboblaridan. Rassom Girlandayo (1488—96) va haykaltarosh Bertoldo di Jovanni (1489— 90)dan ta’lim olgan. Jotto, Donatello, Mazachcho kabilarning asarlari va qad. haykaltaroshlikni o‘rganishi Mikelanjeloning ijodiy kamolotiga muhim ta’sir ko‘rsatgan. Mikelanjeloning dastlabki asarlaridayoq uning ijodiga xos asosiy xususiyatlar — mahobatlilik, obrazlar shaklining qudrati va dramatizmi, inson go‘zalligiga ehtirom ko‘zga tashlanadi: «Zinapoya oldida turgan Madonna» va «Kentavrlar» releflari (ikkalasi ham marmar, taxm. 1490—92). «Vakx» haykali (1496—97, Rim), «Isoga motam» haykallar guruhi (1498— 1501, Rimdagi Avliyo Pyotr ibodatxonasi)da an’anaviy gotika tasviriga yangi insonparvarlik mazmunini singdirgan. 1501 y.da Florentsiyaga qaytgan Mikelanjelo respublika fuqarolarining jasoratini ifodalovchi «David» hay-kali (1501—04), «Madonna» (1503), «Muqaddas oila» («Madonna Doni», 1503—05) kartinalarini yaratdi. Mikelanjelo 1505 y.dan Rim Papasining iltimosiga ko‘ra, qabr yodgorligi yaratish ustida ishladi, shular jumlasidan: buyuk jo‘shqinlik va irodaga ega bo‘lgan titan «Moisey» (1515—16, Rimdagi cherkovda) yodgorlikning markaziy bo‘lagiga aylangan; «Isyonkor qul» va «O‘layotgan qul» (1513—16, Luvr) asarlarida kuch-qudratga to‘liq kishanlarni uzayotgan va zanjirdagi o‘limiga rozi bo‘lgan ikki navqiron qarama-qarshi qo‘yiladi. Mikelanjelo yaratgan asarlaridagi obrazlar yorqinligi b-n qimmatlidir.
1520 y.dan Mikelanjeloning qarashlari fojiali tus ola boshladi. 1534 y.da Rimga butunlay ko‘chib o‘tadi. Ijodidagi bu ohanglar Florentsiyadagi San-Lorentse cherkovida Lorentso va Juliano Medichi qabrlariga ishlagan yodgorliklarida o‘z ifodasini topdi (1520—34).
Rimdagi Sikst kapellasida «Dahshatli sud» freskasini yaratdi. Umrining oxirigacha o‘zining qabriga o‘rnatiladigan yodgorlik — «Isoga motam» haykallar guruhi ustida ishladi (1555—64), uning loyihasini shogirdlari nihoyasiga yetkazgan.
Mikelanjelo umrining oxirgi yillarida she’riyat va me’morlik b-n shug‘ullandi. 1546 y.dan Rimdagi Avliyo Pyotr Sobori, Kapitoliy maydoni ansambli me’morligi ustida ishladi, o‘limidan so‘ng uning loyihasi asosida qurib bitkazilgan. «She’rlar» kitobi vafotidan so‘ng dastlab 1623 y.da nashr qilingan. Mikelanjelo g‘oyalari insonparvarlik, xalqchillik, realizmning keyingi rivojiga xizmat qildi. Mikelanjelo asarlarida insonga muhabbat va uning ulug‘vorligi hamda go‘zalligiga ishonchni saqlab qola oldi va ifoda eta oldi.


IKKI SONET

Hikmatni qa’rida marmar jo qilar –
Unga so‘z qo‘sholmas hatto daho zot.
Marmar hikmatini aylagay ozod
Faqat teran aql elchisi – qo‘llar.

Quvonchmi kutarman yo chekarman g‘am –
Marhamatli donna, qarzdorman – sizni
Ko‘rsam uyalarman – jamolingizni
Madh etmoqqa ojiz manim qo‘lim ham.

Na ishq, na yuzingizda balqigan sehr,
Na qahr, na la’nat, na bu iztirob
Aybdordir! Faqat men – o‘zim gunohkor!

Zero sizda yashar o‘lim va mehr,
Men bo‘lsam – aldadim bamisli sarob:
Men faqat o‘limni ayladim oshkor.

* * *

Nahot, donna, nahot (o, garchi qiyin –
Buni tan olmoqlik), marmarda ayon
Bo‘lgan chehra yashar abadul zamon
Hatto yaratgani o‘lgandan keyin?

Ha! Inson dunyoda abadiy qolmas!
San’atning qismati yuksak, misli baxt,
Hatto tabiatdan yuksak! Hatto vaqt
San’at yaratganin o‘ldira olmas.

Shu sabab marmarga va bo‘yoq-rangda
Sizni va o‘zimni qilib namoyon
Boqiylik qudratin bag‘ishlay deyman.

Asrlar o‘tsa-da, odamlar anglar:
Siz qanday go‘zalsiz! Men qanday giryon!
Naqadar donoman – sizni suyibman!

Xurshid Davron tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.