OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chon Chhol (1537-1594)

Chon Chhol (1537-1594) - koreys shoiri. U koreys tilida birinchi marta "Songan kasa" deb nomlangan she'riy to'plamni tuzgan. Unga kasa - lirik she'rlar va 80 dan ortiq sijo kiritilgan. Uning she'rlari koreys xalqining milliy qo'shiqlariga aylangan. Chon Chhol tug'ilgan kun butun millat tomonidan keng nishonlanadi.

* * *

Dengiz  tindi,sohilda  yurdim,
Seni  kutdim - nega  kelmaysan?

Oy  tog'  osha  chiqdi  osmonga,
Seni  kutdim - nega kelmaysan?

Axir  seni  qayda  kutayin?
Seni  qanday,  ayt , unutayin?
 

* * *

Yuragimdan  oyu  yulduzni
Yulib  olib  osmonga  otdim.
Huv, to'qson liga  cho'zilgan
Osmonda oy-yulduzim qotdi...
Oyim  yonsin,yulduzim  yonsin,
Uni  ko'rib yorim  quvonsin...


* * *

Mayli, garchi  bitta  oq  ko'ylagim  bor,
Men uni yaxshilab  yuvib  olaman.

Quyoshning  tig'ida  quritib  yak  bor,
Dazmollab  tong  payti  kiyib  olaman.

Top-toza  matoning  ostidan  birdan
Ko'tarilar  qanot  misoli  elkam...
 

* * *

Bir  soya  sirg'aldi  sokin  suv  uzra *-
Ko'prikdan  o'tardi  qari  ruhoniy.

'Yurmagan  yo'ling-ku  qolmagan, aytgin,
Taqdir  qayga  eltar  ushbu  on seni?'

Yo'lidan  to'xtamay chol  menga  shu  dam
Osmonni  ko'rsatdi  hassasi  bilan...


* * *

Kommungoning bir  torin  chertdim -
U  kuyladi,farog'at  bor  deb...

Yana  bitta  torini  chertdim -
Mung  yangradi,dil  yorga  zor  deb...

Toki  firoq  bor  ekan, yorim,
Kim  aytar: g'am,hasrat  bekor deb?..
 

* * *

Yorim  bilan  xayrlashar  on
Kuz  shamoli  sochardi  xazon.

Mana,erib  ketdi  muzu  qor,
Gullarini  uyg'otdi  bahor.

Qayg'urarman:  hech  darak  bermas -
Nahot,endi u  menga  yormas?!
 
Xurshid  Davron  tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.