ONAM UCHUN DUO
Yuzida avliyoniki kabi chuqur ajinlar
Barmoq bo‘g‘imlari qattiq siqilgan
Vaqt va shu’lani o‘ziga chorlab
tong etagida yuradi onam
gulxan alangasi singari
Tirnoqlari ila zulmatni haydar
Bir umr horg‘in
sertashvish onamning
yuzidan arimas
reza-reza ter.
Erta tong
Hovlida kezingan izg‘irindan
ko‘kargan lablari pichirlab
duo o‘qir onam kaftini ochib
izg‘irinni sal nariga quvmoqlik uchun.
Sabot ila, quruq ko‘z yoshlar ila
o‘zi uchunmas
o‘zgalarga bag‘ishlab bor hayotini
uzzukun shundoq yashaydi onam
Umri o‘tdi,
tiriklik g‘amida yeldi, yugurdi.
mana endi topgani
bir uyum tuproq.
Xush ko‘rmasdi qashshoqlikni u
achinmadi o‘tgan umriga.
U yo‘l oldi o‘zga dunyoga.
Ey to‘lin oy!
Onamning qabri osha mo‘lroq yog‘du soch,
Madad ber unga, madad ber!
YOZ BOSHLARIDA
Bahor kunlari
soyalar orasidan
gulbarglari bilan uchib ketmoqda.
Siz eshita olasizmi
sarg‘ayib uchayotgan tovushni,
bo‘g‘ilib uchayotgan tovushni,
devorlar tutquni o‘sha tovushni
Jarliklar yashirar aks-sadoni,
ashyolarni uloqtirib o‘ylamay-netmay
huvillagan qalb ichra mum kabi erib
tovushsiz, tovushlar tuguni ila
xuddi chirt uzilgan sim yanglig‘
yiroqlashib ketayotir bahor kunlari.
DEHQON
Tongdan sal avvalroq uyg‘onib
shudringlarni bezovta qilar.
Yangi g‘ayrat ila
qutlarkan tongni
siypalab qo‘yadi karam jo‘yagin.
Dehqonning qalb quvvati
er kuchiga kuch qo‘shadi.
Ko‘tarilayotgan quyosh nuri ostida
yaproqlarni tebratar yam-yashil shamol
Shu alfozda hamjixat bo‘lib
bir-biriga ko‘mak berishib
ulkan tongni qarshi olishar hamqishloqlar.
KO‘L
Bu— o‘tgan vaqtlardir iziga qaytgan
muzga do‘ngan kumush tomchilardir
Bu— kulgusiz va yig‘isiz
O‘lim va Vaqt haqidagi bahs.
Bu— hayot nafasi to‘xtab turgan maskan.
Bu— Borliqning bori-yo‘g‘i.
Berdi Rahmat tarjimalari