OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Blaje Koneski (1921-1993)

Blaje Koneski (1921-1993) nafaqat taniqli shoir, nosir, munaqqid va essenavis, shuningdek, tilshunoslik va tarix sohasnda ko‘plab tadqiqotlar bntgan olim. Birinchi bo‘lib adabiy makedon tilining ilmiy grammatikasini yaratgan, makedon tilining tarixini o‘rgangan. Makedoniya Fan va san’at Akademiyasinpng birinchi raisi. «Ko‘priklar» (1945),«Yerga muhabbat» (1948), «She’rlar» (1953), «Kashtachi» (1955), «Xotiralar» (1974),«Eski va yangi she’rlar» (1979) nomli o‘ttizdan ortiq she’riy kitoblar muallifi. Juda ko‘plab adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan.

KAMPIR

Qorong‘i darvoza oldida kampir —
uning qulog‘i kar, damba-dam alanglar,
go‘yo kimdir masxaralab kular ustidan.

Qorong‘i darvoza oldida kampir —
ko‘zi xira tortgan, juda erta yotar,
tushida so‘zlashar o‘lganlar bilan.

SULI

Bukilgan kampirlarning xotirjamligi
taqdirga tan bermoq.
So‘zlar sassiz, ohangsiz, oz —
oddiy so‘zlarni-da
shivirlaydi qurimshiq lablar.

Ammo shamol tursa
boshlari silkinar,
qo‘llari silkinar,
tog‘lar aro bekingan qishloqda, yozda
yangragan kuydayin qayg‘uli,
tubi yo‘q, tilovatday
bir qo‘shiq.

KO‘L QIRG‘OG‘IDA UXLAGAN BOLA

Sen uxlaysan, bola,
ko‘l o‘yga cho‘mar —
u sening taqdiring haqida o‘ylar.

Sen uxla, bola,
ko‘l bo‘lsa ruhingga kiradi asta,
tubida har bir tosh ko‘rinib turgan
qo‘ltiqchaga kirib borganday.

Sen uxlaysan,
bu dam ko‘lning eng oddiy hayajoni ham
seni olib ketish uchun
kelajakda tug‘ilajak
yuksak to‘lqinlarning ibtidosidir.

Uxla, bola,
ko‘l yuraging ustida ishlar
va o‘ylar kelajak hayajonlaring.

TO‘LADAN KELGAN UCH AYOL

To‘ladan kelgan uch ayol ko‘l bo‘ylab suzib borar,
suzar tiniq suv aro uch silliq baliq kabi.
To‘ladan kelgan uch ayol uch iz qoldirar suvda,
qo‘llarin bir maqomda aylantirishlari ila,
to‘shlarining yoqimli qichiq harakatlari ila,
suvning hirsin qo‘zg‘atgan
ko‘kraklarning o‘yini ila
to‘ladan kelgan uch ayol uch iz qoldirar suvda.

Men ko‘raman o‘ng qo‘lning har bitta shiddatini,
chap qo‘lning g‘ayratkor sur’atini,
har ikki panjaning aniq harakatini,
suv ostidagi juft tovon, juft boldir suratini.
Garchi men ularga boqib turgan dam
vaqt to‘xtab qolsa-da, ular yiroqlab ketar
men hech qachon borolmaydigan ovloqlar qadar.
To‘ladan kelgan uch ayol unda chalqancha yotar,
nafas rostlamoq uchun,
bir oz dam olmoq uchun.

Endi ko‘kka qadalar ularning nigohlari.
Ular tani ko‘lning hayajonidan
qalqinib-qalqinib turar
va yaltirar kunnnng tig‘ida
baliq tangalariday.

Ularning kulgulari tangalardek jaranglab
etib kelar menga ham,
go‘yoki oramizda qandaydir yaqinlik bor —
men kutaman ularni g‘alat hayajon bilan.

XASTA DOYCHIN*

Kuchim to‘lib ketganda,
qudratim seldayin to‘siq bilmaganda,
meni bir umrga shonga burkovchi
ulug‘ jasoratga qodir bo‘lganda,
ovozim yetganida aytmoq uchun buyuk so‘zlarni,
qo‘lim eng og‘ir qilichni dast ko‘tarmoqqa,
oyog‘im eng zalvor qadamni tashlamoqqa qodir bo‘lganda —
mana shunday damda
men mag‘lub bo‘ldim.

Yiqildim, hosilini ko‘tarolmagan olcha daraxtiday.
Qanday bir masxara sharpa meni yiqitdi,
go‘rga kirgan ilondek ongimga ham kirdi u,
kulgumga ko‘zi tegdi,
qayg‘umga qayg‘u qo‘shdi —
toki shubhaga to‘lib, chuqur o‘y sursin deya.

Ko‘p o‘yladim, keyin
o‘zimni ojizu xoksor,
pastkash ekanimni anglab qoldimu
tanam bo‘shashdi,
qo‘llarim toldi,
qilich tushib ketdi madorsiz qo‘ldan,
ko‘rna-to‘shak qilib men yotib qoldim.
Mana, to‘qqiz ynlki yotibman hanuz,
to‘qqiz bor almashdi ko‘rpa-to‘shagim,
so‘ngaklarim, bormi, yo‘qmi — bugun bilmayman,
sayxonlikda, quyosh olov sochgan qo‘riqda
bemador yotibman chilparchin bo‘lib,
men bo‘linib ketgandayman suyakma-suyak
va sochilib yotgan suyaklarimni
maysalar beomon teshib o‘tdilar.
Bu maysalar qo‘ynini ilonlar makon etgan.
Tezroq, deyman, tushsam sovuq, qorong‘i go‘rga —
ammo meni bir umrga shonga burkovchi
jasoratni bajo aylamagan qadar
o‘lim kelmas,
o‘lim kelmas, mening qoshimga.

Sen, noma’lum ayol, bu dunyoda yagona,
singlimsan, volidamsan,
sen meni deb ko‘p aziyat chekding,
sen azob nimaligini yaxshi bilasan,
qoshimga kel, munis hamshiram,
sochilib yotgan suyaklarimni terib kel, ijirg‘anma,
bir joyga to‘pla, meni bir joyga to‘pla,
uch yuz quloch oppoq bo‘zga o‘ragin, keyin
sokin so‘zlarni-da menga shivirla,
oyoqqa qo‘ygin meni,
yana yurmoqqa o‘rgat meni boshqatdan,
qo‘limga qilich ber,—
toki o‘ldirayin qora Arabni,
o‘ldirsam, tinchgina o‘laman.
________
* Doychin — janubiy slavyanlar xalq qo‘shiqlari qahramonlaridan biri, mifologik obraz.

TO‘G‘ON

Mening qariyalarim, nahotki sonsiz arabni ishlatib, toy-toy paxta bosib, bir quloch-bir quloch mixlar urib, Markovo minoridagi qirol Marko ko‘targan to‘g‘ondan qo‘rqishmasa? To‘g‘on suvni to‘sib Prilepa vodiysini qutqarib qolgan, bo‘lmasa bu vodiy o‘rnida Oxrid ko‘liga o‘xshagan ko‘l paydo bo‘lishi shak-shubhasiz edi.
M. Sepenkov.

Men to‘g‘onni ko‘tarmoqqa
qancha paxta toyin bosdim,
qancha latta toyin bosdim,
qumu shag‘al,
toshu xarsang —
men ularni bo‘shliqlarga tashlayverdim, tashlayverdim,
toki suvnnng shnddatiga dosh bersin deb.

Bu men kutgan lahza edi!
Uyqum tamom o‘chgan edi,
yarim tunda borar edim to‘g‘on yoqqa,
suvning ko‘tarilayotganin eshitmoq uchun.
Suv bo‘lsa g‘uvurlab, guvlab ingrardi,
erning qa’rida
go‘yo kimgadir achchiq-achchiq so‘zlardi —
Men-chi, anglamasdim uning so‘zini —
go‘yo yerdan otilib chiqmoqni istardi,
xuddi g‘ordan ovga chiqqan
malla ayiq kabi
qop-qora tunda.

Men bilardim: to‘g‘on
kutayotir o‘z muhlatini.
U kutayotir ona go‘dagini uxlatishini,
kutayotir ona allasining nihoyasini,
g‘altak ipning tinishini kutayotir,
u kutayotir dehqonlarning tushlikni yeb bo‘lishlarini,
kutayotir paytavani yechib qo‘yib
cho‘zilib yotishlarini,
u kutar kul ostidagi so‘nggi cho‘g‘ning
so‘nishini ham,
sayisdagi so‘nggi qo‘ng‘iroqchaning, itlarning
tinishini ham.
U kutar uyqusizlik va yo‘tal azob berayotgan
chollarning ham orom topishini.
Kutayotgan lahzasining ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar
bo‘lishini istaydi to‘g‘on.
To‘g‘on kutar o‘z muhlatini.

Hamma uxlar,
faqat men mijja qoqmayapman bu og‘ir tunda,
pistirmada yotgan qaroqchi kabi kutyapman —
suvning botiniy shovqinlari tanamda guvlar —
kutayapman —
chunki suv eng qabih jinoyatlar boshlash oldidan
o‘yga cho‘mib tinchib qoladi.
Shunday damda qichqirgim, qo‘llarimni silkitgim,
odamlarni uyg‘otgim keladi mennng!

Shundan keyyan men qaror qildim:
to‘g‘on qaddin ko‘tarmoq uchun
qancha paxta toyin bosdim,
qancha latta toyin bosdim,
qumu shag‘al, toshu xarsang —
men ularni teshiklarga tashlayverdim, tashlayverdim,
toki suvning shnddatiga dosh bersin deb,
Qanchalar quvondim
suvning bo‘yniga sirtmoq tashlaganimdan,
uning yer qa’ridagi guldirashini
go‘yo shafqat tilab
yalinganday bo‘g‘ilganidan,
men bo‘lsam shafqatsiz tuyg‘udan sarmast
battarroq-battarroq bo‘g‘averardim,
tirnoqlarimni botirardim, yulardim, qamchilardim,
ustiga xarsangtoshlar tashlardim,
shoshilardim — u o‘ziga kelmasin deya.

Nihoyat nafasim tiqilib, terga botib garq
peshanamni artganimda loy qo‘lim bilan,
sal qaddimni rostlab, endi miriqib
toza havo va sukutdan yayragan damda
men eshitdim —
er ostida go‘yo kimdir xoxolab kuldi,
og‘zini qo‘li bilan to‘sganday bo‘g‘iq.

Gangib qoldim.
Yana zulmat, yana yarim tun,
hamma uxlar, faqat men bedor,
to‘g‘on guvlar qulog‘imga bor sasi bilan,
guvlar butun kuchi bilan vujudimda u,
ko‘kragimda mavj urib,
botiniy yer osti suvlari oqar
tomirlarimda yugurib,
go‘yo to‘g‘onni ko‘targanim uchun
u aytmagan, aytolmagan so‘zni
aytmog‘im shart edi endi men o‘zim.

Jim tinglayman:
to‘g‘onda suv ko‘tarilmoqda,
to‘g‘onda suv kutib yotar o‘z muhlatini —
kutayotgan lahzasining ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar
bo‘lishini istaydi to‘g‘on.
O‘sha lahza u guvillab ozod bo‘lajak,
oqib ketar, bosib ketar, oqizib ketar
va tinajak faqat cheksiz dalalar aro.

QO‘RG‘ON

Marko Varoshada qo‘rg‘on tiklamoq bo‘lganida tekinga ishlatish uchun juda ko‘p xalqni: erkagu ayolni, katta-yu kichikni yig‘di. Pletvardan to Varoshagacha g‘ishtni qo‘lma-qo‘l berib turishdi. Ona sutiga to‘ymay yetmish go‘dak nobud bo‘ldi.
Afsonadan.

Mustahkam devorli, yuksak minorli
mening toshqo‘rg‘onim quyoshli kunda qad tiklayotir,
vodiydagi qoya uzra qanot yozayotir lochin singari
va bir boshdan dalalarga ko‘z tikayotir.

Aslida dunyoga kelganman yovuzlik oldida sad,
yovuzlikka xavf solguvchi shu qo‘rg‘onni tiklamoq uchun,
shamollarga basma-baslikka
qoya uzra o‘sib chiqqan qarag‘ay kabi
bu manzilda toshqo‘rg‘onim
qad tiklashini,
bu manzilda yovuzlikka yuzma-yuz chiqib
bir qadam ham siljishiga yo‘l bermay, yovuz
niyatlarini barbod aylamoqni ham
anglamoq baxtini taqdir menga ayladi nasib.

Shu sabab yig‘dim men katta-kichikni,
erkagu xotinni,—
juda ko‘p xalqni,
umrning borar yo‘llarini bilmay yashagan
xalqni to‘pladim.
Zanjir bilan bog‘lamadim ular qo‘lini,
oq g‘isht bilan bog‘ladim men ular qo‘lini,
Pletvardan to Varosha qadar
bir-biriga uzatgan oppoq g‘isht bilan,
to‘lqin kabi oqdi qadoq bosgan
kaftma-kaft oshib
quyoshning tig‘ida yaltiragan
oppoq g‘ishtlarim.

Hatto ich-ichimdan istasam-da
bu qo‘llarning horishini,
azobdan yuzlarning burishini,
chanqovdan lablarning qurishini
ko‘rmoqqa haqqim yo‘q edi.

Hatto ich-ichimdan istasam-da
onalarnnng qarg‘ish-faryodini,
oftob tig‘ida chaylada yotgan
ona emchagini izlab qo‘llarin cho‘zgan
va topolmagan och chaqaloqning
chirillashini ko‘rmoqqa ham haqqim yo‘q edi.

Chunki, mening ahdim bor edi: qurmoqchi edim
yovuzlikka basma-bas
turadigan toshqo‘rg‘on!

Mana, kun tig‘ida toshqo‘rg‘onim qad tiklayotir
qoya uzra kuchli qanotlarnni
yoyib turgan lochin misoli.

Biroq, asta-sekin cho‘kadi oqshom,
qorong‘ilik ichga yutar oq minorlarni,
qubbalarda o‘cha boshlar shamchiroqlar va
hammayoqni qurshab olar sokin sukunat —
shunda tandan ketar,
tamom bitar,
izsiz yitar mening qudratim.
Go‘yo borliq cho‘ka boshlar zaminga asta,
go‘yo oldin ham hech narsa bo‘lmagan kabi,
go‘yo men hech qachon hech narsa yaratmaganday.

Uyqu kelar qum yo‘lakdan shundoq holatda,
uyqu kelar ongning so‘nggi sarhadini birma-bir bosib
achchiq gumonlarni tashqariga bo‘shatmoq uchun,
toki gunohim-la qoldirmoqqa meni yuzma-yuz.

Shunda qorong‘ilik qo‘ynidan yaqinlashar menga olomon;
bolalaru qariyalar,
erkaklaru xotinlar,
bir qancha xalq —
xalqkim, faqat yashayotgan
va qadoqli qo‘llardagi oppoq g‘ishtlarday
taqdir tamg‘alarni ko‘tarib kelayotgan:

«Qirol Marko, sen ko‘rmading o‘limimizni,
biz esa o‘lardik,
sen eishtmadnng, tepa soching tikkaymadi,
jo‘juqlarimiz —
bolalarimiz qichqirig‘ini eshitib, biz esa eshitardik.
Qirol Marko, saratonda qurigan quduqday
bizning alamlarniyam balolar quritgan,
bizni so‘nggi umidimizdan ayirgan
sening haqiqatingga biz tupuramiz!»

Mening telba tushlarim aro
qichqiradi o‘lik chaqaloqlar
qayg‘uli farishtalarday.
Men yolg‘iz qolaman,
najotsiz, xoksor,
hatto g‘azabimsiz, qahrimsiz qolaman
va tuyaman boshqa bir haqiqat bor,
mening, yaxshilik va yovuzlik sarhadida
bor narsani tekislanishiga ishongan,
bir-biriga qo‘shilayotgan daryolarday loyqalangan,
faqat dengizlarda tinadigan to‘lqinlardek
haqiqatimdan bo‘lak
boshqa bir haqiqat borligini anglayman.

ITTEPA
(Epilog)

Prilepa yonidagi Ittepada Marko bir necha kun tinimsiz jang qildi. Har qilich siltaganida, dushman qoq ikkiga bo‘linar, biroq to‘rtta bo‘lib qayta tirilardi. Marko hech qachon dushmannn yengolmasligini anglab, otini qayta taqalab, toki dushman qo‘rg‘onda hech kim yo‘qligini bilmasin deb shamol esayotgan yoqdan turib nog‘ora chalishni buyurdi va tunga singib ketdi.
Afsonadan.

Bu jangda men tinim bilmasdan
urushmog‘im,
kecha-kunduz
bilagimgacha qonga belanib,
tizzamgacha qonga botib holdan ketgunimcha
kerak edi savashmog‘im tinim bilmasdan —
toki so‘ngi muhlat qadar
o‘zimni sinay, dedim,
toki ostonaga yetib borolmay, dedim,
toki saratondagi quduqdek qurib qolay, dedim,—
his qilmoqchi edim eng so‘nggi istagimni:
toki hech kim o‘limimga bo‘lmasin guvoh!

Ittepaga yo‘l olaman subhi azondan —
olomonning qilig‘idan g‘azabga to‘lib,
iblislarga solaman vahm,
qilichimni chapga siltayman,
qilichimni o‘ngga siltayman,
siltayveraman, siltayveraman
ezg‘ilayman, qiyma etaman —
o‘rmondan yo‘l ochayotganda
daraxlarni shunday kesishar.

Biroq, oqshom horib-tolib ortga qaytganda
men o‘ldirgan iblis zoti qayta tirilar,
menga qarshi yana qayta ko‘taradi bosh,
go‘yoki men elak bilan suv tashiyapman,
go‘yo barcha savashlarim ketmoqda bekor,
erga sochgan donlarimdan
bug‘doy emas, g‘umaylar unar.

Mana, yana tun cho‘kdi,
yarim tun bo‘ldi,
qulog‘imni ding tutgancha tinglayman ziyrak:
yovuzlik ko‘paymoqda va iflos suvday
U borliqni egallab borayotir.
Shunday damda go‘yo borliq
erga cho‘kib ketayotganday,
go‘yo zaminning o‘ziyam hech qachon bo‘lmaganday,
go‘yo men hech qachon hech narsa
qilmaganday tuyulaveradi,
tuyulaveradi.

Tulporimni boplab taqalang,
shamol esgan yoqdan nog‘orani uring zarb bilan,
toki mening arvohimdan titrasin ular,
toki ular o‘limimga bo‘lmasin guvoh!
Ko‘rmasa bas o‘limimni biror kas faqat,
toki to‘y kechasi
kelinchak kabi
U yolg‘iz bir o‘zi kelsin qoshimga.

Xurshid Davron tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.