Taniqli shoir va essechi Radovan Pavlovski 1937 yilda Serbiyaning Nish shaharchasida tug‘ilgan. «Qurg‘oqchilik, to‘y va ko‘chmanchilik» «Kema»,«Choshgoh», «Shaffof qilich nurida», «Ilon o‘ylab ham ko‘rmagan quyosh haqida», «Bazm», «Urug‘», «Chaqmoq», «Qorovullar» va boshqa she’riy to‘plamlari chop etilgan.
TUSH PAYTIDA UXLAB QOLGAN YIGIT
O‘lim sadolari
uxlatar seni,
navjuvon yigit.
Ko‘zlaringni och!
Ko‘katlar, chopqilar sasiga to‘lgan
poyonsiz bir dala senga intizor.
Ertalabki oftob — taomli barkash
ustida nonlarin sindirar
er haydovchilar.
Tush payti kechaning qora iplarin
yashirib qo‘ygan.
Tagingda ko‘mgansan oyu toshlarni.
Xilvat joydan o‘nlab chavandoz
dahshat to‘lqiniday bostirib kelar,
Zaifgina o‘simlik
erga bog‘lab qo‘ygan barmoqlaringni,
Tushgi xumor lablaringdan o‘ptirmaguningcha
qo‘yvormaydi endi u seni..
Maysalardan ko‘tarilar marhum
oshiqlarning qo‘shig‘i.
Ko‘zlaringni ochaqol, yigit!
Tok novdalaridan to‘qilgan qayig‘im
dengiz sari chorlaydi meni
xirqiragan ovozi bilan.
Goho uyqudagi mavjudotda
jondan asar bo‘lmas.
Goho jinnimasmanmi, deb
so‘rayman o‘zimdan o‘zim.
Mana, oqshom tushdi.
Seni uyg‘otmoqchi bo‘lishar,
Sen esa yulduzlar xaritasin chizarkan
chuqur-chuqur nafas olasan,
ko‘zlaringni ochaqol, yigit!
So‘ylab bergin qanday tushlar ko‘rganingni.
Keyin salqinlamoq uchun tegirmon shamolidan
Temir Daryo bo‘yiga boramiz uchqur otda.
Shamoldan tikilgan ko‘ylagimni
ezilgan chechak-la qadagach,
uyga kiraman, o, sevgi!
O, navjuvon yigit, aytgil,
agar ko‘zlaringni ocholmayotgan bo‘lsang,
loaqal tushingda ne ichayotganing ayt?
UCH BOSHLI ARAB HAQIDA UCH BOSHLI QO‘SHIQ
1
Birinchi boshidan moviy shamol otilar,
shundan bog‘lar ko‘rinmokqa jur’at qilolmas.
Chodirlarni, ohlarni cho‘zib yoyadi.
Qishloqlarda kapalakgullarning
ko‘zlarini suzdirib o‘tar.
Uning ipak kabi ovozi
yosh qizlarning tushiga kirib,
alg‘ov-dalg‘ov qilar, qilich ishorasi-la
unlarini o‘chirar.
Ochlikning ikki tunji
bir-biriga tegar havoda,
giryadan darak berib,
xiralashar so‘ng.
Qorlar,
qishloqlarni yoritgan qorlar
erib ketar dahshatdan.
Zargar esa
qizlarning ko‘z yoshlaridan
marvarid yasaydi
Qora Arabning moviy shamoliga.
2
Ikkinchi boshidan qizil shamol otilar.
Yonayotgan iplarda o‘ralashgan yulduzlar
unga to‘shak hozirlar.
O, muhabbat alangasi.
Olov yuragidan kul olib
yopishtirdi ko‘rinarli joyga lulliqurt
qoraligi ko‘rinib turmog‘i uchun.
Uning dardi qo‘zir havoda
va oydinda ko‘rinar faqat.
Yashil zontlar ustidan
zahar tizillatarkan,
qurbonlarni cho‘ktirar dengiz.
So‘yilgan, qip-qizil suvlar oqadi
uch yuzta dahshatli dod-faryod bilan
ko‘priklarni buzaroq.
Qizil shamol kultepalar bilan
qaytib kelar Qora Arab boshiga.
3
Uchinchi boshidan
qora shamol otilar
senga.
Kema yasab bo‘psan daraxtdan.
O, bosqinchi Qora Arab,
Qiliching qinidan
atirgul olding,
Iztirob chek!
Sening ruhing kapalakka aylandi.
BOSQINCHI QORA ARAB
1
Girya,
Qo‘ng‘iroqlar,
Uf,
qanday g‘amgin qo‘ng‘iroqlar!
Qora Arab uchqur otda,
qilichiin yalang‘ochlab,
o‘tdi oppoq yo‘llardan.
Atirgullar erib ketdi
bosh ustnda aylanib,
girya singari
Uh, havoni buzgan
bu qora qilich.
2
Qora Arab uxlagani qora minor sari ketdi.
Biroq uning tushini ko‘rsichqonlar kemirar.
Oy daraxtlar orqasiga yashirinar bog‘da.
Nog‘oralar, surnaylar,
Bu kimning nish urayotgan danagidir.
Qora Arab aylanar
qora yo‘llarda,
Qilichiga kakku qo‘nib
«Kuk-ku»lay boshlar.
Birga uxlamaydi yurak va qilich,
«Kuk-ku»lay boshlar.
Uyqudan qo‘rqaman,
aqldan ozgan holda
uyg‘onishdan qo‘rqaman.
3
Suvlar qurib qoldi.
Men uchun bir ohni chechakday uzgin.
Qiyindir yurakni o‘ldirmak.
O,bosqinchi Qora Arab!
So‘ylashaman halok etilgan
ruhlar bilan yarim kechasi.
Goho toshqin bo‘lar
faqatgina bir odam uchun.
SUV BOSQINI
1
Suv Bosqinining moviy nog‘orasi
daranglar adirlarda.
Sohildagi uyda sarosimalik.
Boshimizni og‘ir suvga
to‘ldirar osmon,
o chiroyli dunyomiz!
Naslimizni yerga ko‘mmoq zarur.
Uchma, bas qil parvozni, qushcha,
og‘irlikni ko‘tarma.
Bizni o‘rib ketdilar oyog‘imizdan.
Ko‘rqib ketdim qop-qorong‘i omborlardagi
tez unayotgan urug‘larning tovushlaridan.
Yetti kun deganda
paydo bo‘ldi osmon tubidan
vahimali Bosqin soyasi.
2
Og‘ir o‘tgan yozning guldiragan qaldirog‘i.
Otim chopib o‘tar
qorong‘i dalalardan yop-yorug‘ dalalarga.
Uh, tagimdagi qoraqashqa uchqur otim,
uchqunlar sachratgin tuyoqlaringdan,
yondirgil meni.
Hayvonlar to‘shagida uxlayman bu tun.
Maysalar shivirlar boshim ustida.
Unikidir moviy suvlar,
meniki — yulduz,
suvga cho‘kib o‘lgan odam fikriday
ochilmoqchi fikringizni ochguvchi yulduz.
3
To‘qqizinchi osmonda otim.
Neki eksam, ekkanimdan girya undi.
Non ustida xoch va sovuq chog‘irlar.
Osmonda ko‘rinar vahimali Bosqin sharpasi.
Yotay desam, to‘shak meni qabul qilmas,
Meni cho‘kkan odamday sevadi suv.
URUG‘ SOCHUVCHILAR
Urug‘ sochuvchilar
yomg‘irni qo‘msagan urug‘lik don-la
zanglab ketgan pluglarni yerga ko‘miboq
dam olishga o‘tirdilar xudolar kabi.
Og‘ir suvlar hansiraru
qaytadan yasar
oqimlar buzvorgan doiralarin.
Bekatda bir juvon
chiqayotgan oyni kuzatar,
dunyo bo‘ylab suzar bo‘sasi.
O‘rmonlarni chirmadim chilvirlar bilan,
buloqlardan daryolarni qo‘yib yubordim,
so‘ngra o‘pib qo‘ydim,
yashayversin homilador ayol singari.
Tepamda turibdi urug‘ Sochuvchi.
Urug‘lari achchiq bir meva yetilar,
ularni ham ekaman.
O‘sish go‘zaldir.
Egatda yotaman
sim tor uzra yotganday,
unayotgan urug‘larning kuyini tinglab.
Meni izlang —
qalin o‘rmon toqi tagida
quvvat berib yashnataman,
etilmagan har bir giyoh, har bir chechakni.
Bir zum to‘xta qarshimda
bir-birimizga uzoq-uzoq tikilmoq uchun,
bizdan tug‘iladiganni
himoya qilmoq uchun.
Bu —
to‘fonlardan keyingi birinchi bahor.
JAVDAR
Tog‘larimda ekiladigan javdarning
yopishqoq ham uzundir guli. Javdar hidini
gulduraklar yoyar va bu har yil iyunda
Bug‘doy yetilganda sodir bo‘ladi. Yashil-sarg‘ish
javdarga qarab turib vaqtning bir tekisda
to‘lqinlanib o‘tayotganin ilg‘amoq mumkin.
Pishgan javdarni, bog‘-bog‘ boylangan,
g‘aram-g‘aram javdarni
kun bo‘yi qizdirgan quyoshning tafti
pasayishi bilanoq
bolalar, xotinlar yelkalarida,
otlarda, eshaklarda eltishar
oy chiqqan chog‘ida
toshloq yo‘llardan
butun-butun oilalar, butun-butun mahallalar
jazirada ikki guldurak aro
javdar bog‘larini eltishar, bundan tashqari
ular saharmardonlardan qoq tunlargacha
o‘lim va balolar changalidan,
ona ko‘kragidan erta yulingan buvak kabi
yo‘qlik qa’ridan umrim
qanday yulib olingan bo‘lsa,
xuddi shunday tosh ustida undirilgan
hosil uchun jonlarini jabborga berar.
Endi javdar qishloq o‘rtasidagi
xirmonlarda uyulib,
go‘yo oltin uyumiday o‘sa boshlaydi.
Nogoh bulutlar kelar adir ortidan
yopirilgan lashkar singari.
Butun qishloq derazalardan inlaridan
qaragan asalarilarday
bulutlarning metallarni, tunukalarni,
tovoqlarni,stollarni, o‘roqlarni
taraqlatib urayotganin kuzatib turar.
Yirik-yirik tomchilar shishib ketgan tomirlarga
urila boshlaydi tobora tezroq,
olov va suv aylantirar tegirmon novlarini.
Mana, javdar tortilar, yulib olindi
tabiatdan mashaqqatli yil.
TA’QIB
Bor donni yeb bo‘ldilar. Bor g‘allazorlar
xarob bo‘ldi. Tog‘larni buzdilar. Javdarni
simto‘rlardan, elaklardan o‘tkazdilar,
ammo topmadilar Don yuragini.
O‘tkazdilar to‘ylarin shoshib. Qonun oldida
bog‘ladilar er-xotinlik ittifoqini.
Qurg‘oqchilik va To‘fonni nikohladilar,
ammo topmadilar Don sevgisini.
KULOLLAR
Oynabad toshlardagi suv o‘tloqlari
tasavvurim bilan birga aylanar.
Meni endi o‘z yurtimda hech kim tanimas.
Bilmayman, ne gunoh qilgandim yerga,
Qanday oqlash mumkin bolakaylarning
yig‘isiga lim to‘lgancha oqqan,
o‘simliklarga
haqiqat eltmagan suv jinoyatini.
Ruhimni tebratmas bu suv,
tebratmaydi suvni ham ruhim —
Bu narigi dunyodagi umrimizning
o‘simligi o‘sadirgan soniyasidir.
Boshimda yig‘laydi, nega yig‘lar yer?
Unga bir shakl berishimni istaydi,
shuning uchun ham yerga qapishgan,
ko‘zga to‘lgan ochlik bo‘shatgan ko‘zalarimni —
ko‘paygan fikrlarimni qo‘llaringizda
ushlay ko‘rmang asti.
Mayli jafokash qirolligim va devonaligim
meni ham ishqimni
erning mast bo‘lagi kabi kashf etsin.
Qaysi bir moziyni tiriltirayin
jang qilmoq uchun?
Qaysi g‘orga yashirayin o‘z gunohimni?
Qaysi bir kelajakni tanlayin
qochmoqlik uchun?
Arfam bilan qaysi yerning ostida kuylay?
O, kulollar!
Uzumning ko‘k shingillari
erning mast bo‘lagiga
do‘nmagunimizga qadar
aylanadi yuzimda bazmlar aro.
TUSH PAYTIDA UYG‘ONGAN YIGIT
Qor yog‘a boshlabdi,
vujud-vujudimdan sovuq ter oqar,
derazaning tagida ham
hech kim qolmabdi,
fakatgina qora otliqlar yo‘rtar.
Ko‘zlaring
shunchalar yaqinki,
hamdardlik izlaydi qalbimdan,
ammo bunda bir o‘zim,
bog‘langanman kuzning sariq sumbasiga,
ruhim esa titraydi
qoraqayin yaprog‘i kabi.
Shimol yoqqa alangalatar
yonayotgan ohlarni sevgi.
Bir chaqmoqtosh topib o‘zingdan
uchqun sachratgin.
Quyosh seni sevadi faqat uyg‘oqligingda,
o‘, yigit,
fikran qarag‘ayday
qad rostlayotgan yigit,
olgin ushbu zamin mevasin —
bir egilgin:
pastlab esgan shamol vayron qilar bor narsani
qudratli suv bor narsani oqizib ketar.
Maysalar qoplagan so‘qmoqlar
tush payti birlashar magnit doirasida.
Qaysi quduq boshiga otimni bog‘lay
qaysi bir yulduzda kutayin tongni?
Qaysli uyda, o muhabbat, sen bilan yotay.
Yulduzlar jadvalida sayraydi qushlar,
zamin esa tor.
Shavkat Rahmon tarjimalari