YOMG‘IR
Teraklarning uchida yulduz
Qalqinadi, titrab-yashnaydi.
Lahza-lahza
Yomg‘ir — sho‘x hofiz,
Yaproqlarni cherta boshlaydi.
Sen tinglaysan...
Bir ohang — yog‘du,
Quyiladi yulduzli navo.
Ammo, afsus, ketib borar u.
Qayga ketar!
Qaerlarga! Oh...
Uzoqdagi vodiylar uzra
Yelib borar
Bir parcha bulut.—
U yomg‘irlar tilida so‘zlar,
Yashil bog‘lar tursin deb kulib.
Jonim,
Mening bedor tunlarim,
Sening mayin qo‘llaringdir.
Yomg‘irli tun uchrashadi jim
Qo‘llarimiz — ikkita taqdir.
Xazon bo‘lmas
Sevgi bog‘lari!
Rasmin, ana, oynaga bitdim.
Bog‘lar
Birdan kurtak bog‘ladi,
Gulladi, yor, ko‘ngling va ko‘nglim,
Qadamingning tovushimi yo
Yong‘oq yerga tushdimi noxos,
Sukunatning bag‘ridan
Nogoh
Meni chorlar Olmami, gilos.
Nafis bo‘ylar
Ufurgan yerdan,
Sening uchun teraman meva.
Qo‘llarini yoygancha bir dam,
Peshvoz chiqar
Daraxtlar senga.
Asta-asta berar ekan jon,
Yomg‘ir tashlab ketdi dunyosin —
Xush bo‘ylardan
Bog‘lar faravon;
Barglar aro
Yulduz shu’lasi...
Xazon fasli yetgan qaydadir
Boqib kuzgi sha’n adirlarga,
O‘zga oshiq duo aytadir,
Oq yo‘l tilab oq yomg‘irlarga.
Usmon Azim tarjimasi